Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi yopilgani aytildi

Saqlash
10:26 / 06.07.2026 759 0

Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi yopildi. Bu haqda yozuvchi va jurnalist Shukur Jabbor Facebook sahifasida Prezidentga yozgan murojaatida ma’lum qildi.

 

“Janob Prezident, sizga butun o‘zbek ziyolilari nomidan murojaat qilmoqdaman! Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi yopildi. Bu vaqtinchami yo umrbodmi – bu sizning sa’y-harakatingizga bog‘liq. Bu muzey 1968-yildan buyon ta’mirlanmagani mayli, eng dahshati – ayni paytda tarix sahnasida yashashi xavf ostida qolmoqda! O‘zi shu vaqtgacha ta’mirlanmagani, yetarli shart-sharoit yaratilmagani uchun 70 000 ga yaqin noyob ashyo xavf ostida qolgan edi. Endi esa bu xavf bugun yanada kuchaygan", deb yozgan u.

 

Jurnalistning ta’kidlashicha, noma’lum sabablarga ko‘ra Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi o‘z binosidan ko‘chirib yuborilmoqda. Ammo hali bu muzey uchun yangi joy berilmagan. Uning ko‘pgina eksponatlari esa Islom sivilizatsiya markazining yerto‘lasidan vaqtincha joy olgan.

 

Ma’lumot uchun, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi 1968-yili buyuk allomaning 525 yillik yubileyi munosabati bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi balansida tashkil etilgan. Maskan boy adabiy tariximizning noyob durdonalaridan tashqari Markaziy Osiyo madaniyati va san’atining badiiy namunalari – kitob, tasviriy san’at, xattotlik, naqqoshlik, musiqa va me’morchilik asarlari bilan ham tanishtirish imkoniyatiga ega.

 

Binosi 1933–1936 yillarda qurilgan mazkur muzey Xalqaro muzeylar kengashi IKOM tashkiloti a’zosi ham hisoblanadi.

 

Yozuvchi Prezidentdan muzeyni saqlab qolishni so‘ragan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//