“Mayoq qayda, kemamizning ahvoli nechuk?” – “So‘z” loyihasining navbatdagi konserti bo‘lib o‘tdi

Saqlash
15:19 / 04.07.2026 403 0

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan 2025-yildan boshlab “So‘z” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida o‘zbek adabiyoti, she’riyati va kitobxonlik yangi talqinlarda xalqimizga yetkazilib kelinmoqda. “So‘z”ning shu vaqtgacha 3 ta teatrlashtirilgan she’riy-konsert dasturlari tomoshabinlar e’tiboriga havola qilingandi.

 

 

Navbatdagi kecha shoir Eshqobil Shukurning “Megapolisdan Himolay cho‘qqisigacha” kitob taqdimotiga bag‘ishlandi. Bu ramziy nom zamirida oddiy dehqondan tortib yuksak manzillarda bani bashar taqdirini hal qilishga da’vo qilayotgan kishilarning taqdiri ham, gulga qo‘l cho‘zayotgan murg‘ak go‘dakning tilidan uchayotgan so‘zlardan tortib, ulug‘ donishmandning hikmatlarigacha jam bo‘lgan qadriyat, o‘zlik masalalari yoritilgan.

 

 

Bugungi globallashuv, shaharlashuv, ommaviy madaniyatlar zamonida hayotga teran boqsangiz, sohilsiz ummonda turgandekmiz. Mayoq qayda, kemamizning ahvoli nechuk? Shunday qaltis damda bu kitob hushyor kitobxonga ko‘makka kelishi shubhasiz.

 

 

Shu bois taqdimot keng ko‘lamli teatr, kuy, she’riyat birlashuvi ko‘rinishida zamonaviy, kreativ usulda o‘tkazildi. Unda markaz rahbariyati, ziyolilar, olimlar, yozuvchi-shoirlar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

 

 

Taqdimotning yozib olingan videosi tez kunlarda loyihaning Youtube tarmog‘ida e’lon qilinadi.

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//