Madaniyat
“Rus tilida “фамилия” so‘zi lotincha familia so‘zidan olingan. Bu atama Qadimgi Rimda oilani, uydagi barcha qarindosh-qavmni bildirgan – shu jumladan, qul, xo‘jayin va qarindoshlarni umumlashtirgan konseptga ega bo‘lgan. Rus tiliga familiya so‘zi XVII asrga yaqin davrda kirib kelgan bo‘lib, dastlab klan, oilaviy guruh ma’nosini bildirgan. Keyinchalik, XVIII asr oxiri – XIX asr boshlarida u hozirgi “nasl-nasabni ko‘rsatadigan oilaviy nom” ma’nosiga ega bo‘lgan. XIX-XX asrlarda Rossiyada familiya tushunchasi barqaror shaklga kirdi. Masalan, XVIII asrgacha shaxslarni nasab yoki oilaviy guruh bilan bog‘lash uchun maxsus so‘zlar bo‘lmagan, hatto slavyan tilida “прозвище, прозвание” (laqab) ishlatilgan. Keyinchalik familiya oilaviy nomning standart atamasi bo‘lib qoldi.” Mazkur parcha Qarshi davlat universiteti tayanch doktoranti Orasta Shodmonqulovaning “Nasl-nasab, oila identifikatori – familiya tushunchasi tarixiga nazar” maqolasidan olingan. Turli tillardagi “familya” terminining etimologiyasi va bugungi kundagi ma’noviy xususiyatlari tahlilining to‘liq matni bilan “Til va adabiyot ta’limi” jurnalining 2026-yil 3-sonida tanishing.
“Odil Ikrom she’rlarida zamonaviy insonning ruhiy iztiroblari, ijtimoiy dardlari va keskin savollarini mumtoz she’riyatning ko‘p asrlik badiiy tafakkuri bilan uyg‘unlashtiradi. Uning ijodida tashbeh, istiora, tashxis, tazod, talmeh, tanosub, mubolag‘a, takror, irsoli masal, tajohuli orif kabi badiiy san’atlar hamda tasavvufiy qarashlar keng qo‘llangan va bu shoirning yuksak poetik mahoratini yaqqol ko‘rsatadi. Ulardan har birini alohida misollar orqali emas, ikki-uch badiiy san’at uyg‘unlashgan misralar vositasida ko‘rsatgan ma’qul. Bu, bir tomondan, o‘quvchining vaqtini tejaydi, boshqa tomondan esa, shoirning obraz yaratishdagi ko‘pqatlamli uslubini ochib beradi.” “Shoir kim?” ruknida “Ko‘z yoshing ko‘zingdan qadimiyroqdir...” sarlavhasi ostida Shahriyor Shavkatning Odil Ikrom ijodiga “yurish”ini o‘qiysiz.
“Bugungi til ta’limi amaliyotida o‘qituvchilar faoliyatida ikki xil yondashuv ko‘zga tashlanadi. Ayrim pedagoglar hanuz an’anaviy qoliplardan chiqolmay, asosiy e’tiborni lingvistik kompetensiyani shakllantirishga qaratmoqda. Boshqa bir guruh esa dastur va darslik talablariga ko‘ra, nutqiy kompetensiyalarni rivojlantirishga urg‘u bermoqda. Birinchi yondashuvda o‘quvchilar nazariy bilimga ega bo‘lsa-da, uni amaliy muloqot jarayonida samarali qo‘llay olmaydi. Ikkinchi holatda esa o‘quvchilar ona tilining ilmiy asoslarini yetarlicha anglay olmaydi. Har ikki yondashuv ham ta’lim samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois lingvistik va nutqiy kompetensiyalarni o‘zaro uyg‘unlikda rivojlantirishga xizmat qiladigan samarali metodik mexanizmlarni ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish dolzarb ilmiy-metodik vazifa bo‘lib qolmoqda.” Andijon davlat pedagogika instituti professori, pedagogika fanlari doktori Valijon Qodirovning Ona tili ta’limi va nutq o‘stirish jarayonida lingvistik hamda nutqiy kompetensiyalarni birgalikda rivojlantirish haqida so‘z borgan “Ona tili ta’limida uzilgan halqa” maqolasini mazkur sonda o‘qiysiz.
Jurnalning keyingi sahifalarida “Ko‘hna jomadon boshlab bergan formula” (Shahobiddan Rasulov), “Ham oshiq, ham orif xon” (Ergash Ochilov), “Mustaqil fikrlash va nutqiy kompetensiya” (Maxsuda Obidova), “Tolipovaning tahrir maktabi” (Qunduzxon Husanboeva), “Baxt o‘zi nimadir?” (Mahmuda Valiyeva) maqolalari hamda “Fransiyada muhim kelishuvlarga erishildi” sarlavhasi ostidagi ta’lim yangiliklarini o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, rus tili bo‘limida “Аббос Саидов “Старик и его смирная собака” (Zamira Nurmanova), “По жизн с Абдулла Ариповым” (Nikolay Ilin), “Голос женщин в современной руской поэзии: творчество Веры Полозковой” (Ilina Siddikova), “Аудирование: уровни понимания и способы контроля при обучении иностранным языкам” (Saodat Ismailova, Aziza Bedilova), “Эвфемизация как универсальная стратегия эколингвистики” (Timur Alimov) kabi maqolalar o‘rin olgan.
“Sun’iy idrok dunyoni raqamlashtirar ekan, milliy o‘zliklarni ikki xil ssenariy kutmoqda: raqamli assimilatsiya (yutilib ketish) yoki raqamli renessans (qaytadan yuksalish). Hammasi global texnologiyaga qanday yondashishimizga bog‘liq. Agar ona tilimizni LLM (Large Language Model – katta tilli model)larga mukammal integratsiya qilmasak, yosh avlod SI bilan muloqot uchun inglizchaga butunlay o‘tib ketadi. Bundan bu yog‘iga faqat uy ichidagi maishiy muloqot darajasiga tushib qolgan har qanday tilni raqamli o‘lim kutadi. Folklorimiz, mumtoz adabiyotimiz, shevalardagi boyliklarimizgacha raqamli formatga o‘tkazib, global algoritmlarga oziq qilib bersakgina, o‘zbek tili global axborot maydonida teng huquqli a’zoga aylanadi. Sufiyona stratagema: o‘lmasdan turib o‘lmoq, yem bo‘lmasdan turib yem qilmoq kerak!” “Muharrir minbari”dan olingan Farrux Jabborbekning ushbu mulohazasini jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Til va adabiyot ta’limi”ni mutolaa qiling, bugungi raqamlashayotgan zamonda iste’molchigina bo‘lib qolmang.
Ilm-fan
Ilm-fan
Madaniyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
112808
Jamiyat
95482
Jamiyat
92314
Jamiyat
76626
Jamiyat
//
Izoh yo‘q