Sport
O‘zbekiston futbol terma jamoasi JCH–2026 dagi tarixiy o‘yinda Kolumbiya termasiga qarshi 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Bu holatga ijtimoiy tarmoq faollari turlicha munosabat bildirmoqda. Oyina.uz ana shu fikrlardan ayrimlarini keltirib o‘tadi.
Husan Ermatov:
“O‘yin nimalarni ko‘rsatdi?”
Albatta, bu tarixiy kunni ko‘p kutdik, kurashlarga boy o‘yinni kuzatdik, ichki hayajon, hadik bilan... Bayrog‘imiz maydon uzra yoyilganda ko‘zlar yoshlandi, “Ulug‘imsan Vatanim”ni eshitib yanada his-tuyg‘ularga to‘ldi qalbimiz. O‘zi shu qo‘shiq xuddi gimndek odamni ruhlantiradi, ulug‘vorlik, millatning baland martabasini so‘zini tushunmaydiganlarga ham “aytib” turadi. Kim shu taklifni ilgari surgan bo‘lsa ham Otasiga rahmat! Ha, endi o‘yinga qaytsak, umuman yomon emas. Kolumbiya bilan o‘yin bundan boshqacha bo‘lishi ham qiyin, albatta. Gol urganimiz esa – Zo‘r! Abbosjonga tasannolar aytdik. Oxirgi gol ortiqcha bo‘ldi, albatta. Faqat o‘yinchilarni malomat qilmay turaylik, oldinda hali nazariy jihatdan bo‘lsa ham imkoniyatlar paydo bo‘lishi mumkin. Muhimi, o‘sha maydonda dunyoning ustunlariga qarshi o‘ynay boshladik, ularni shoshirib qo‘yayotganimiz, darvozalaridan to‘p olib chiqishga majbur qilayotganimiz... hozircha! Balandlarga zinama-zina chiqiladi.
Aziza Qurbonova:
“Nimaga kerak futbol” deya ko‘rmang”
Yer sharining narigi tomonida yashayotgan millionlab xalqlar bu tomondagi 40 mlnlik o‘zbek xalqi borligini bilmasdi ham ehtimol. Sevarani eshitmagandilar ham.
Bizni “stan”larning istalgan birining nomi bilan atamasliklari uchun bizning bunday hikoyalarimiz ko‘p bo‘lishi kerak.
Sport, san’atning kuchini hech kim inkor qilolmaydi.
Mana shuning uchun ham davlat bu sohalarga investitsiya qiladi. Natijasiyam boshqa sohalarga nisbatan tez bo‘y ko‘rsatadi.
Insonga shaxsiy brend o‘z manfaatlariga yetish uchun qanchalik yordam bersa, mamlakat uchun ham shunday ishlaydi. Bizni qancha ko‘p bilishsa, bozorlar, shartnomalar, bizga uzatilgan qo‘llar ko‘payadi.
Etimiz jimirlab, chumoli o‘rmalab, 2 soat o‘tirdik. Menga endi “nimaga kerak futbol” deya ko‘rmang. Yamlamay yutaman:)!
Doston Rahmat:
“Ajabmas, top klublarga qarab yo‘l olsa”
Bugungi o‘yinda hammadan ajralib turgan va yaxshiroq o‘yin o‘tkazgan yigit – Behruz Karimov. Uning bugungi juda chiroyli zarbasi afsuski gol bo‘lmay qoldi. O‘zim uchun kashf qildim shu 18 yoshli bolani. Ajabmas, top klublarga qarab yo‘l olsa.
Shahnoza Soatova:
“Bu qanday muxlislik?”
Suratdagi yigit bugun rekord o‘rnatibdi – futbol bo‘yicha jahon chempionatida boshi bilan gol urgan eng past bo‘yli o‘yinchi bo‘libdi! (tahr.: Abbos Fayzullayev). Birinchi o‘yinimizdayoq rekordimiz bor. Yoqimli!
Umuman futbolga ishqibozlik qilish bilan o‘zingning terma jamoangga Mundialda ishqibozlik qilish – boshqa-boshqa narsalar. Xuddi terma jamoamiz kabi, biz muxlislar ham Jahon chempionatida bugun debyut qildik, ya’ni o‘z jamoasiga vatandosh o‘laroq muxlislik qilish ma’nosida.
Bu qanday muxlislik? Bu yerda xolislik, ekspertlik, tashqaridan turib gap aytish birinchi o‘rinda turmaydi, hech qanday foyda bermaydi. Qolaversa, bunday qilish juda xiyonat demasak ham, do‘stning ishi emas. Biz esa shunchaki do‘st emasmiz, biz maydonda o‘zimiz o‘ynayapmiz. Shunga hozir ayrimlarning tarmoqlardagi negativ sharhlari ko‘pchilikda norozilik tug‘diryapti.
Hurmatli vatandoshlar, aziz muxlislar. Bu o‘yin, hozir o‘ynayotgan 48 jamoaning 47 tasi baribir chempion bo‘lolmaydi, oxiriga borib birgina jamoa chempion bo‘ladi. Lekin eng asosiysi, biz o‘zbekistonliklar hozirgi birligimizni, hamjihatligimizni yutqizib qo‘ymasligimiz kerak. Qo‘yinglar o‘sha “ekspertlikni” baribir maydonda hammasi boshqacha ketyapti. To‘p dumaloq, maydon tekis. Ne ne kuchli jamoalar ham qoqiladi.
Biz bugun butun dunyoga naqadar jips va buyuk xalq ekanimizni ko‘rsatadigan palla. Shu fursatni yutqazmaylik. Jamoamizni munosib qo‘llab, har qanday natijada ham g‘olibligimizni baralla namoyish etaylik. Biz axir Mundialdamiz! Hali oldinda o‘yinlar bor, hali oldinda yana ko‘p jahon chempionatlari bor. Bugun tarix yaratayotgan mana shu avlod ortidan yangi va kuchliroq yana avlodlar keladi. Bugun biz ularning motivatsiyasi, kelajakka umidi va shijoatini saqlashga ham mas’ulmiz.
Jurnalist Aziza Qurbonova sport imij va mamlakat brendi uchun naqadar foydali ekanini juda chiroyli ochib beribdi. Uning fikrlariga qo‘shilgan holda shuni aytamanki, sport bu xalqni birlashtirib, bir kuchga aylantiradigan narsa. Ya’ni nafaqat tashqi dunyoda, balki o‘zimizda ham katta pullar sarflanadigan mafkura, milliy o‘zlikni anglash, yagona va hamjihat xalq bo‘lish kabi yo‘nalishlarda uzoq yillarda erishiladigan natijani bir deganda olib keladigan kuchli ideologiyadir. Biz 34 yil shunga qarab yurdik, bugun keldik, bundan lazzatlaninglar.
Barchamizga muborak bo‘lsin! Olg‘a, O‘zbekiston!!
Sharofiddin To‘laganov:
“Yig‘lagan osmon emas, mening qalbim yig‘lagan”
“Yig‘lagan osmon emas, mening qalbim yig‘lagan” (Oxunjon Madaliyevning qo‘shig‘i). Bugun Toshkentda yomg‘ir yog‘di. Tan olish kerak, “Oq bo‘rilar” yomon o‘ynamadi. Maydon tekis, to‘p dumaloq. Kimdir yutadi, kimdir imkoniyatni vaqtincha boy beradi. Tushkunlikka o‘rin yo‘q. O‘zbekiston futboli baribir tarixga kirdi. Oldinda umid bor. Graf Monte Kristo aytganidek, “Kutmoq va umid qilmoq kerak”. Olg‘a, O‘zbekiston!
Ma’mura Zohidova:
“Aylanayin eng birinchi GOLlaringdan”
“Gol” nimadir, voz kechilgan halovatdir,
Er yigitlar shiddatiga dalolatdir,
Dunyolarni havas bilan qaratguvchi
Turonzamin qudratiga kafolatdir.
“Oq bo‘rilar”, Xudo bergan yo‘llaringdan,
Farishtalar qo‘risin o‘ng-so‘llaringdan.
Jahon futbol darvozasi kutib olgan
Aylanayin eng birinchi GOLlaringdan!
Nishona Isayeva:
Kolumbda bor alamim manim…
Bekzodbek Murodovich:
“Muhimi tarix yaratildi”
Jamoamiz JChda debyut qilyapti, bu – katta bayram, tarixiy voqea!
Shunday paytda yigitlarni qo‘llash o‘rniga, ijtimoiy tarmoqlarda turli sarlavha ostida post qo‘yish shartmi? Fikr bildirishda zarracha mas’uliyat va his-tuyg‘u yo‘q, vatanparvarlik degan tushunchasi ham yo‘q, mutlaqo befarosatlik! Ishonaylik, qo‘llab-quvvatlaylik. Muhimi tarix yaratildi.
Nozim Ashuraliyev:
“Rahmat, yigitlar!”
Jahon chempionatidagi oʻyinda “Gooool” deb hayqirish zavqini bergani uchun yigitlarga rahmat.
Adham Arslon:
“Umurtqasiz, mag‘lubiyatga ko‘nikib qolgan avloddan asrasin”
Eng muhimi, bolalarga mag‘lubiyat alam qildi. Avval yutqazsa ham tishini kavlab, samolyotda qarta o‘ynab ketaverardi. Oʻzimizning qorako‘zlardan qo‘ymasin. Hech boʻlmasa, ertaga yurtga qaytsam, mahallaning bolalariga nima deyman deb oʻylaydi. Kuchi yetguncha yuguradi. Shunisi muhim. Umurtqasiz, mag‘lubiyatga ko‘nikib qolgan avloddan Xudo asrasin.
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
113617
Jamiyat
96420
Jamiyat
93969
Jamiyat
77946
Jamiyat
//
Izoh yo‘q