Toshkentda Yevropa investitsiya banki vakolatxonasi ochildi

Saqlash
16:21 / 18.06.2026 340 0

Ochilish marosimida YIB vitse-prezidenti Marek Mora ishtirok etdi. U bankning Markaziy Osiyodagi ishtiroki va mintaqadagi investitsiya loyihalari portfeli kengayib borayotgani, transport va energetikadan tortib suv va raqamli infratuzilmagacha bo‘lgan sohalarda katta imkoniyatlarni ko‘rayotganini ta’kidladi.

 

Aytish joiz, 2025-yil aprel oyida Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Samarqandga tashrifida YIBning Toshkentda vakolatxonasi ochilishi ma’lum bo‘lgan edi. YIB Markaziy Osiyoda 2009-yildan buyon faoliyat yuritib, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda O‘zbekistonda operatsiyalarni amalga oshirib kelmoqda.

 

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning ta’kidlashicha, Toshkentda Yevropa investitsiya banki vakolatxonasi ochilishi yangi tajriba, yangi moliyalashtirish imkoniyatlari va iqtisodiyot hamda fuqarolar uchun muhim bo‘lgan murakkab loyihalarni amalga oshirishda ko‘maklashadigan uzoq muddatli hamkorlikni taqdim etadi.

 

YIB transport aloqalari, energetika, suv ta’minoti, raqamli infratuzilma va iqlimga chidamlilik sohalaridagi investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Jumladan, Transkaspiy transport yo‘lagi, Rog‘un va Qambarota-1 kabi yirik gidroenergetika loyihalari shular sirasiga kiradi. Allaqachon imzolangan loyihalar va amaldagi Anglashuv memorandumlarini hisobga olgan holda, O‘zbekistonda ko‘rib chiqilayotgan operatsiyalarning umumiy hajmi 1 milliard yevroni tashkil etadi.

 

Ta’kidlanishicha, YIBning mintaqadagi faoliyati Yevropa Ittifoqining Global Gateway strategiyasini aniq loyihalar orqali tatbiq etishga xizmat qiladi. Bu loyihalar butun Markaziy Osiyoda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, o‘zaro aloqani kuchaytirish, aholi va biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//