Nufuzli xorijiy OTMni bitirgach, mahalliy NNTlarda ishlovchilarga qoʻshimcha ustama beriladi

Saqlash
16:47 / 17.06.2026 148 0

TOP-500 talikdagi oliygohlar bitiruvchilari bakalavr darajasi uchun 5 BHM, magistratura uchun 7 BHM va PhD darajasi uchun 10 BHM miqdorida qoʻshimcha toʻlov oladi.

 

Nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalarini tamomlab, Oʻzbekistondagi nodavlat notijorat tashkilotlarida (NNT) faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislarga lavozim maoshiga qoʻshimcha ustama toʻlanadi. Bu haqda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi maʼlum qildi.

 

Qayd etilishicha, Davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi oʻrtasida qoʻshma qaror imzolangan.

 

Mazkur qarorga muvofiq, xalqaro reytinglarning eng yuqori 500 taligidan oʻrin olgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan va NNTlarda ishlayotgan yosh mutaxassislarga qoʻshimcha ustama toʻlash mexanizmi joriy etildi.

 

Unga koʻra, dunyoning TOP-200 talikdagi oliygohlari bitiruvchilariga bakalavr darajasi uchun 7 BHM, magistratura uchun 10 BHM, PhD darajasi uchun esa 15 BHM miqdorida ustama belgilanadi.

 

Assotsiatsiya maʼlumotiga koʻra, yangi tizim fuqarolik jamiyati institutlariga yuqori malakali kadrlarni jalb etish, yosh mutaxassislarning ushbu sohaga qiziqishini oshirish hamda NNTlarning intellektual salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Ustama olish uchun nomzodlar belgilangan tartibda onlayn murojaat yuborishlari mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//