Ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga ijara pulining bir qismi to‘lab beriladi

Saqlash
12:51 / 17.06.2026 162 0

“Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalar endilikda turar joy ijarasi xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan qoplatish uchun onlayn ariza topshirishi mumkin. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, kompensatsiya 12 oygacha bo‘lgan muddat davomida har oy ijara to‘lovining 50 foizigacha miqdorda ajratiladi. Bunda Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyat markazlarida bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) uch baravarigacha, boshqa hududlarda esa BHMning ikki baravarigacha bo‘lgan qismi qoplanadi.

 

Kompensatsiya mablag‘lari har oy ariza beruvchining ijtimoiy kartasiga o‘tkazib beriladi. Arizalar my.gov.uz portali hamda uning mobil ilovasi orqali qabul qilinadi.

 

Shuningdek, uy egasi va ijarachi o‘zaro yaqin qarindosh bo‘lsa, kompensatsiya tayinlanmaydi.

 

Mazkur yordamdan foydalanuvchi yosh oilalar 12 oy davomida volontyorlik loyihalarida ishtirok etishi, “Mutolaa” loyihasi doirasida har oy kamida bitta kitob o‘qishi hamda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi kamida bitta sport yoki san’at tadbirida qatnashishi lozim.

 

Ma’lumot uchun, ushbu xizmat yosh oilalarning uy-joy bilan bog‘liq xarajatlarini kamaytirish va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//