Tarix nega kerak? – “O‘zlik” kurslari javob berishni boshladi

Saqlash
13:11 / 13.06.2026 641 0

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oyina.uz sayti tomonidan o‘tkazilayotgan “O‘zlik” loyihasining ilk darsi bo‘lib o‘tdi.

 

 

Har bir xalqning kuchi, avvalo, uning o‘z tarixini, madaniyati, san’ati, qisqa qilib aytganda, o‘zi kimligini bilishi bilan belgilanadi. “O‘zlik” kurslaridan bugungi auditoriyaning o‘zbek xalqining ma’naviy merosi, tarixi, tili va madaniyati haqidagi bilimlarini mustahkamlash ko‘zlangan. Loyiha davomida rejalangan darslar nafaqat shaxsiy rivojlanishga, jamiyatning ma’naviy taraqqiyotiga ham xizmat qiladi.

 

 

“O‘tmish va bugunni anglash – Tarix nega kerak?” mavzusida tashkil etigan birinchi darsni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov ochib berdi. U ushbu loyiha ziyolilar uchun yana bir minbarligini ta’kidladi. Shuningdek, loyiha doirasida besh oy davomida tarix, folklor, adabiyot, til, dramaturgiya va falsafa yo‘nalishlarida seminarlar tashkil etilishini, darslarni o‘z sohasining yetuk mutaxassislari va taniqli olimlari – G‘aybulla Boboyor, Feruza Jumaniyozova, Bahrom Irzayev, Shomirza Turdimov, Anvar Bo‘ronov, Jo‘ra Xudoyberdi, Sanobar To‘laganova va boshqalar olib borishini bildirdi.

 

 

Shundan so‘ng asosiy qismga o‘tildi. Birinchi darsni taniqli etnograf, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Eldor Asanov olib bordi.

 

 

Vatan, millat, tarix, insoniyat bosib o‘tgan rivojlanish bosqichlari, O‘zlikni tashkil qiluvchi “elementlar” haqida so‘z borgan seminar qizg‘in savol-javoblarga, bahs va munozaralarga boy bo‘ldi.

 

 

Eslatma: imkon qadar keng auditoriyani qamrab olishi uchun barcha darslar “Oyina uz” YouTube kanali sahifasiga joylashtirib boriladi.

 

 

Yaqin kunlarda “O‘tmish va bugunni anglash – Tarix nega kerak?” mavzusidagi darsning videoyozuvini  “Oyina uz” YouTube kanalida ko‘rishingiz mumkin.

 

 

Shuningdek, joylashtirilgan videolar asosida har oyda bir marotaba Oyina.uz platformasi orqali quiz-testlar tashkil etiladi.

 

 

Loyiha yakunida eng yuqori natijalarni qayd etgan ishtirokchilar munosib rag‘batlantiriladi. Xususan, birinchi o‘rin sohibi uchun Turkiyaning, ikkinchi o‘rin egasi uchun Ozarboyjonning, uchinchi o‘rin g‘olibi uchun esa yurtimizning diqqatga sazovor maskanlari bo‘ylab sayohat sovg‘a qilinadi.

 

 

Shuningdek, har oy yakunida eng faol va eng yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//