Toshkent metrosida elektron panduslar nega ishlamayotgani haqida izoh berildi

Saqlash
12:00 / 09.06.2026 171 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metro bekatlarining kirish va chiqish qismlariga oʻrnatilgan elektron koʻtargich qurilmalari (panduslar) ishlamayotgani hamda ulardan foydalanish bilan bogʻliq noqulayliklar yuzasidan turli xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan metropoliten maʼmuriyati rasmiy munosabat bildirdi.

“Toshkent metropoliteni” DUKning maʼlum qilishicha, elektron panduslar imkoniyati cheklangan fuqarolar va keksalar uchun qulay hamda xavfsiz sharoit yaratish maqsadida oʻrnatilmoqda.

Qayd etilishicha, loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida amalga oshirilmoqda. Elektron panduslarni oʻrnatish ishlari Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmasiga asosan olib borilayotgan boʻlib, qurilish-montaj ishlari “Texnopark” MCHJ tomonidan bajarilmoqda.

Hozirda qurilmalarni oʻrnatish, sozlash va sinovdan oʻtkazish jarayonlari davom etmoqda. Shu sababli elektron panduslar boʻyicha ishlar hali toʻliq yakunlanmagan va qurilmalar foydalanishga topshirilmagan.

Metropoliten maʼmuriyatining bildirishicha, elektron panduslarni imkon qadar tezroq ishga tushirish maqsadida masʼul tashkilotlarga bir necha bor rasmiy murojaatlar yuborilgan. Shuningdek, yaqinda Toshkent shahar hokimligida oʻtkazilgan yigʻilishda ham qurilish-montaj hamda sozlash ishlarini jadallashtirish boʻyicha tegishli topshiriqlar berilgan.

Taʼkidlanishicha, elektron panduslar hozircha “Toshkent metropoliteni” DUK balansiga qabul qilinmagan. Ular barcha qurilish-montaj ishlari yakunlanib, belgilangan texnik talablar hamda qabul qilish tartib-taomillari toʻliq bajarilgandan keyingina metropoliten tasarrufiga oʻtkaziladi.

Shuningdek, har bir oʻrnatilgan elektron pandus yonida undan toʻgʻri va xavfsiz foydalanish tartibi boʻyicha yoʻriqnomalar hamda tushuntirish materiallari joylashtirilayotgani maʼlum qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//