Kema radiouzeli: “Diqqat, lyuklar yopilmoqda. Reallikdan uzilish jarayoni boshlandi. Sho‘ng‘ish chuqurligi – 50 metr...”
Ko‘chada ketayotganingizda, qahvaxonada yolg‘iz derazaga termulib o‘tirganingizda yoki yomg‘ir ostida quloqchinlarda mungli musiqa tinglab ketayotganingizda... hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega o‘zimizni go‘yoki qandaydir ko‘rinmas kamera suratga olayotgandek tutamiz? O‘z azobimizdan, charchog‘imizdan yoki yolg‘izligimizdan qandaydir estetik go‘zallik qidiramiz. Zamonaviy psixologiyada bu “Bosh qahramon sindromi” deb ataladi. Biz hammamiz ongimizda o‘z hayotimizning rejissyori, ssenariynavisi va yagona yulduzimiz.
Richard Ayoadening “Submarine” (Suvosti kemasi) filmi aynan shu shirin va xavfli illyuziya haqidagi o‘ta nozik, kinoyali, ammo tag-zaminida chuqur fojia yashiringan asardir. U orqali nega reallikdan bunchalik qo‘rqishimizni va og‘rig‘imizni nima uchun romantizatsiya qilishimizni tushunib yetamiz.
Ongimizdagi “Yangi to‘lqin” kinosi
Kema radiouzeli: “Avtopilot yoqildi. Obyektiv reallik signali yo‘qotildi. Biz to‘liq sun’iy illuziyalar hududiga kirdik...”
Film qahramoni – 15 yoshli Oliver Teyt. Lekin u o‘zini o‘smir deb hisoblamaydi. Zerikarli, kulrang hayotini qandaydir fransuz “Yangi to‘lqin” kinosining murakkab, intellektual dramasi deb tasavvur qiladi. Ota-onasining nikohi darz ketayotganini epik fojia sifatida ko‘radi. G‘alati, sovuqqon sinfdoshi Jordana bilan munosabatlarini esa buyuk romantik asar darajasiga ko‘taradi. Oliver har bir holatni vizual tarzda “kadrga” oladi: “Agar men hozir o‘lsam, butun maktab yig‘laydi, hamma motam tutadi”, deb o‘ylaydi u.
Lekin nima uchun Oliver (va uning timsolida hammamiz) o‘z hayoti(miz)ni kinodek tasavvur qilishga bunchalik o‘ch(miz)?
Javob inson ruhiyatining himoya mexanizmida yashiringan. Aslida hayot juda zerikarli, noqulay, qofiyaga tushmaydigan va ko‘pincha ma’nosiz jarayon. Ota-onaning ajrashishi – bu fonda yomg‘ir yog‘ib turadigan chiroyli kadr emas, u shunchaki asabiy tortishuvlar va yuvilmagan idishlar to‘la oshxonadagi sukunatdir. O‘smirlikdagi ayriliq esa oq-qora fondagi dramatik monolog emas, shunchaki navbatdagi raddiya.
Biz real hayotning mana shu jo‘nligi va xunukligini qabul qila olmaganimiz uchun ham, o‘zimizning boshimizga tushgan voqealarni estetik tomondan “pardozlaymiz”. Fojiaga musiqiy fon berilsa (Oliverning xayolidagi Aleks Tyorner qo‘shiqlari kabi), uni yashab o‘tish osonlashadi. Biz jabrdiyda bo‘lishni chin dildan sevamiz, chunki qurbon rolini chiroyli o‘ynash – hech kim bo‘lmaslikdan ming karra afzalroqdek tuyuladi.
Reallikning musiqasi yo‘q
Kema radiouzeli: “Xavf signali! Korpusga tashqi bosim ortmoqda. Fikrlar radarida shafqatsiz reallik bilan to‘qnashuv xavfi bor...”
Oliver o‘z hayotini tinimsiz “montaj” qiladi. U xohlamagan sahnalarini (masalan, Jordananing onasi saratonga chalingani kabi sovuq va xunuk haqiqatni) miyasidan qirqib tashlashga urinadi. Ammo kadrlar uning ssenariysiga bo‘ysunishdan bosh tortadi. Qiz uni tashlab ketadi, ota-onasi esa uning epik ssenariylariga tupurib, o‘zlarining noqulay muammolari bilan o‘ralashib qolishadi.
“Submarine” bizga beradigan eng katta dars shuki, hayotning saundtreki yo‘q. Fojialar yuz berganda osmondan mungli musiqa taralmaydi. Hayot shunchaki rangsiz sukut va noqulayliklardan iborat.
Yakun: Kamerani o‘chirish san’ati
Ulg‘ayish – bu hayotingizdagi ko‘rinmas kamerani o‘chirish, o‘zingizning “maxsus” va “tanlangan” insonligingiz haqidagi illuziyadan voz kechishdir. Oliver plyajda Jordana bilan qayta uchrashganda, u o‘zining daho ssenariynavis emas, balki shunchaki adashgan, xatolar qiladigan oddiy bola ekanini tan oladi. Va aynan shu lahzada – barcha filmlar va niqoblar yechilgan lahzadagina u chinakamiga sevish va yashashni boshlaydi.
Biz o‘z og‘rig‘imizni kino kabi bezashni bas qilganimizdagina, uni davolash imkoniga ega bo‘lamiz. Ssenariyni yirtib tashlang. Hech qanday “bosh qahramon” yo‘q. Faqat siz va yashab o‘tilishi kerak bo‘lgan qip-yalang‘och bugungi kun bor, xolos.
Kema radiouzeli: “Suv osti kemasi manziliga yetib keldi. Dvigatellar o‘chirildi. Yer yuzi sari eshikni oching”.
Samandar ERKINJONOV
Jarayon
Tarix
Tarix
San’at
Jarayon
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q