Biz qachon adashdik?


Saqlash
11:56 / 15.10.2026 454 0

O‘n yildan buyon savdo sohasidaman, ba’zan o‘zim ham usta sifatida ishlayman. Boshqa sohalarni aniq bilmayman-u, santexnikada ko‘rganlarim ko‘nglimni qattiq og‘ritdi. Usta bilan mijoz o‘rtasida yolg‘on va o‘g‘rilik odatiy holga aylangan. Ishlab chiqaruvchidan dillergacha butun zanjir halol mehnatga emas, o‘zaro manfaatga, ya’ni bir-birining cho‘ntagiga qarab qurilib qolgan.

 

Poraxo‘rlik faqat amaldorlar va davlat idoralarining kasali emas. Bu virus jamiyatning har bir tarmog‘igacha tomir otgan. Pora bermasang ish bitmaydi, pora bermasang savdo yurmaydi. Oqibatda halol savdo qilayotgan, halol ishlayotgan odam ham shu tuzumning zarbasini o‘z yelkasida ko‘taryapti.

 

Diller do‘konchi ustalarga xotiniga ham ravo ko‘rmagan iltifotni ko‘rsatadi. Bonus, haftada bir marta osh, choyxonada davra, oylik pul mukofoti, yilda bir marta xorijiy sayohat. Tabassum bilan kutib oladi, aytmasdan choy-kofe tutadi. Lekin usta baribir kattaroq haq to‘laganning ortidan ketadi. Unga qandli choy ham, hurmat ham, asbob-uskuna ham kerak emas, unga faqat pul kerak.

 

1971-yilda suratga olingan “Uchrashuv” filmida Ergash Karimov ikki mehmonga tinmay murabbo, qaymoq, sariyog‘ olib chiqaveradi, mehmonlar esa aroq kutib o‘tiradi. Aroq chiqavermagach, juftakni rostlashadi. Aksar ustalar ham xuddi shunday, ularga iltifot emas, axcha kerak.

 

Endi mijozning ahvolini ko‘raylik. Usta unga qimmat detallar oldiradi, mijoz esa ustaga ishonadi. “Arzonroq va sifatliroq do‘kon bor ekan-ku” desa, usta o‘ziga bonus beriladigan do‘konga yetaklaydi. Ba’zan atayin ortiqcha yozdirib oladi, ortganini mijozga bildirmay do‘konchiga qaytarib sotadi.

 

Bir kuni bir usta menga qo‘ng‘iroq qildi.

 

– Uka, issiq pol shlangining metri necha pul?

 

– 10 ming so‘m.

 

– Menga-chi?

 

– Uyingizga olyapsizmi?

 

– Yo‘q, mijozga.

 

– Unda nega menga deyapsiz?

 

U gapni darrov boshqa tomonga burdi. Maqsadi aniq edi, mendan 9 ming so‘mga olib, mijozga 10 ming so‘mdan o‘tkazish.

 

Bu illatning ildizi ustalarning o‘zida emas, ularni shu yo‘lga solganlarda. Ishlab chiqaruvchilar va dillerlar ustalarning miyasini bonus bilan zaharlaydi, “yil oxirigacha shuncha millionlik mahsulot olsang, mashina sovg‘a”, “umra sayohati” bor. Shundan keyin mijozning ehtiyoji, mahsulotning sifati, narxning adolati ustaning nazarida ahamiyatini yo‘qotadi. Maqsad bittagina, bonusni olish. Qancha ko‘p savdo – shuncha ko‘p mukofot.

 

Ishlab chiqaruvchilar dillerlarning, dillerlar ustalarning miyasini zaharlaydi, bonus, pul mukofoti, mashina deb, ustalar shunda mijozlarning haqiga xiyonat qilishni boshlaydi.

 

Qo‘qonda olti-yetti yil avval bu illat yo‘q edi, bo‘lsa ham pinxona edi. Toshkentda avjiga chiqqandi. Poytaxtga borib uch-besh oy ishlagan ustaning psixologiyasi o‘zgarib qaytardi. Bugun esa chekka qishloqda do‘kon ochsangiz ham, ustaga manfaat tegmasa, sizdan bir so‘mlik narsa olmaydi.

 

Ilgari usta mijozga ro‘yxat yozib berardi, “mana bu firmalarniki yaxshi, shulardan birini olavering” deb. Mijoz o‘zi tanlab, o‘zi olib kelardi. Hozir esa ustaning mashhur bitta gapi bor, “falon firmadan olmasangiz, men javob bermayman”. Mijoz esa “bor-e” deb, mas’uliyatni ustaga tashlab qo‘yadi. Shu tarzda ishonch ham, nazorat ham, halollik ham qo‘ldan ketdi.

 

Bunday yo‘l tutganlarning ko‘pi shu dunyodayoq jazosini olganini ko‘rdim. Birining boshi kasaldan chiqmadi, biri gemorroy bilan uzoq yotib qoldi, biri jigar, yana biri buyrak yetishmovchiligi bilan azob chekdi. Ko‘plari hali shu yo‘lida yuribdi. Tavba qilmasa, holiga voy.

 

Ammo eng og‘ir savol boshqa – biz qachon adashdik?

 

Hamma narsani foydaga, bonusga, “menga nima tegadi” degan hisobga bo‘ysundirgan kunimiz adashdik. Sifat, halollik va mijozning haqi orqaga chekindi. Har bir bo‘g‘in o‘z foydasini “ish” ustiga qo‘shaverdi, oxirida hammasini oddiy odam to‘ladi. Narx-navo shunday oshdi.

 

Endi ko‘raylik, bugun nima bo‘lyapti. Biz tinmay tanqid qiladigan xitoyliklar o‘zlari kelib zavod va fabrika quryapti, bizga teng narxga emas, undan ham arzonga sotyapti. Tarjimonsiz, qo‘lidagi smartfonda bemalol gaplashib, o‘z mashinalarida mahalliy tadbirkorning eshigi oldigacha mol olib kelib beryapti.

 

Ya’ni o‘zimiz yomon ko‘rgan “ish”ni o‘z qo‘limiz bilan oldimizga olib keldik. Katta foyda qilamiz deb, undan ham katta raqobatni chaqirdik. Foyda muammoga aylandi.

 

Bu faqat santexnika dardi emas. Elektrchidan qurilish mollarigacha, tibbiyotdan oliygohgacha – manfaatlar to‘qnashuvi degan virus – hamma joyni zaharlagan. Samimiyat, manfaatsiz yaxshilik, rostgo‘ylik va halollik asta-sekin yo‘qolib bormoqda.

 

Raqobat aslida sifat va narx bo‘yicha bo‘lishi kerak edi. Biz bir-birimizni sindirishni tanladik. Tashqaridan kelgan raqib aynan shu zaiflikdan foydalanib, bozorni o‘z qo‘liga olib turibdi.

 

Ertaga mana shular barcha maishiy va ijtimoiy tarmoqlarni egallab o‘zimizni qul qilib ishlatsa shunda tavba qilamizmi? Hozir to‘xtab, do‘ppini yechib o‘ylab ko‘rishning ayni vaqti, ertaga kech bo‘ladi, tovoni juda og‘ir bo‘ladi.

 

Abdulloh ZIYO

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//