O‘zbekcha o‘ylamaydigan o‘zbeklarni yetishtiryapmiz – rus tilli maktablar xavflari tahlili


Saqlash
17:09 / 14.10.2026 532 0

Viloyatlarni bilmadim-u, Toshkentda farzandlari bilan rus tilida gaplashishga odatlangan, ularni rusiyzabon maktab va sinflarga berishga intiladiganlar talaygina. Eng qizig‘i, o‘zlari rus tilini mukammal bilmaydigan, oilada o‘zbekcha gaplashadigan ota-onalar ham shunga harakat qilishadi. Ularning fikricha, bu qaror kelajakda bolaning oliy o‘quv yurtiga kirish va ish topish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bir kuni ota-onalar majlisida qizi rus tilida o‘qishga qinalayotganidan kuyunib gapirgan onadan: “Nega o‘zbek sinfiga bermagansiz?” deb so‘rasam, “O‘zim rus tilini bilmaganim uchun rosa qiynalganman”, deya javob bergandi.

 

Aslida bu oddiygina tanlov emas. Mazkur jarayonga ilmiy nuqtayi nazardan qarasak, uning aniq sotsiolingvistik qonuniyatlarga bo‘ysunishini ko‘ramiz.

 

Amerikalik sotsiolingvist Joshua Fishman ma’lum bir jamoatning boshqa nufuzliroq, ustuvor til foydasiga o‘z ona tilidan asta-sekin voz kechish jarayonini “til ko‘chishi” (Language Shift) deb ataydi. Olimning ta’kidlashicha, har qanday tilning yashovchanligi va barqarorligini belgilovchi hal qiluvchi omil – bu uning eng avvalo oila va kundalik jamoatchilik doirasida uzluksiz qo‘llanilishidir.

 

O‘z tilini unutayotgan bolalar

 

Kuzatuvlarimga ko‘ra, Toshkentdagi rus sinflari o‘quvchilarining 90 foizini o‘zbek bolalari tashkil etadi. Masalaning eng og‘riqli tomoni shundaki, maktab ta’limini rus tilida olgan va uyda ham shu tilda muloqot qiladigan bolalarning aksariyati 5-6-sinfga borib, o‘zbek tilidagi oddiy kundalik so‘zlashuv layoqatidan ham mahrum bo‘lib qolishmoqda. Yaqinda o‘g‘limning sinfdoshi uyimizga mehmon bo‘lib keldi. Men ish bilan tashqariga chiqib, qaytib kirganimda o‘g‘lim “Assalomu alaykum” deb qarshimga chiqdi. Shunda o‘rtog‘i ham kutilmaganda “Assalomu alaykum” dedi. O‘g‘lim hayratini yashirolmay, “O‘zbekcha salomlashganingni birinchi marta eshitishim”, deya jilmaydi. Vaholanki, u bola o‘zbek.


– Boshqa tilli maktablarda o‘zbek tilini o‘qitish masalasi, avvalo, bog‘chadan boshlanishi kerak, – deydi filologiya fanlari doktori Hulkar Hamro
yeva. – O‘zbekistondagi bog‘chalarning aksariyatida ustuvorlik rus tiliga berilgan: she’rlar, qo‘shiqlar, tadbirlar ham asosan shu tilda. Tabiiyki, bolada dastlabki tushunchalar va borliq haqidagi tasavvur rus tilida shakllanadi. Lekin ko‘p hollarda o‘sha tilning o‘zi ham puxta o‘rgatilmaydi. Oqibatda bola na rus, na o‘zbek tilida erkin muloqot qila oladi – aralash-quralash nutq yuzaga keladi. Fikrimcha, bog‘cha tarbiyachilari uchun ham o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlovchi sertifikat joriy etish kerak. Negaki bog‘cha – davlat tiliga hurmat, buyuk ajdodlarimiz va milliy qadriyatlarimiz haqidagi ilk tasavvur uyg‘onadigan muqaddas maskandir.

 

Yana bir xavotirli jihat – til orqali millatga begona bo‘lgan qarashlarning kirib kelishi. Masalan, ayrim maktablarda hamon saqlanib qolgan vals tushish an’anasini olib ko‘raylik. O‘zbeklar qachon vals tushgan? Bu milliy qadriyatlarimizga mutlaqo yot holat. Ta’lim dargohini bitirishga “muhabbat” raqsining nima aloqasi bor? Bugungi o‘quvchilarning o‘zbek tiliga qiziqishi keskin pasaygan. Navoiy g‘azallari-yu Abdulla Qahhor hikoyalari u yoqda tursin, ularning aksariyati oddiy so‘zlashuv tilini ham bilmaydi. Bunga nafaqat maktabdagi ta’lim, balki oiladagi e’tiborsizlik, blogerlarning tilni buzib gapirishi va bolalarning kitob o‘qimay qo‘ygani sabab deb o‘ylayman.


Mening farzandlarim ham rus sinfida o‘qishadi. Ammo uyda faqat o‘zbek tilida muloqot qilamiz. Bobosi va buvasi filolog bo‘lgani uchun ularga Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ruboiylarini, Cho‘lpon, Hamid Olimjon, Abdulla Oripov she’rlarini yodlatib borishadi. Afsuski, hamma oilada ham muhit bunday emas.

 

O‘zbek tilini boshqa tilli sinflarga o‘qitish – ona tili o‘qitish degani emas

 

Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari tilning yashovchanligini ta’minlashda oila bilan bir safda turadi. Biroq boshqa tilli sinflarda o‘zbek tili qanday o‘tilayotganini o‘rganib, muammo o‘ylaganimizdan ko‘ra ancha jiddiyligiga guvoh bo‘ldim.

 

– 25 yil malaka oshirish institutida ishlab, minglab o‘qituvchilarga dars berdim, – deydi pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Gulnora Muhammadjonova. – Hozir o‘zbek tilini o‘qitish o‘ta og‘riqli masalaga aylangan. O‘quvchilar fanga qiziqmayapti, ustozlar ham o‘z ustida yetarli darajada ishlamayapti. Eng achinarlisi – amaldagi darsliklar talabga javob bermaydi.

 

Hozirgi darsliklarda qanday kamchiliklar bor? Avvalo, ular o‘quvchi yoshiga mos emas, zamon bilan hamnafas ishlanmagan. Darslik o‘quvchida to‘rtta asosiy ko‘nikmani – eshitish, gapirish, o‘qish va yozishni shakllantirishi kerak. Shuningdek, undagi mavzularni o‘quvchi mustaqil o‘rgana oshlishi lozim. Ammo 10-sinflarga dars bergan vaqtim mavzularda uzviylik yo‘qligiga, materiallar “bog‘dan-tog‘dan” berilganiga guvoh bo‘lganman. Grammatik qoidalar tizimli emas. O‘qituvchi o‘z ustida ishlab, izlanib, mavzuni ochib bera olsa xo‘p-xo‘p, aksi bo‘lsa, o‘quvchining o‘zlashtirishida bo‘shliqlar yuzaga kelishi muqarrar.

 

Men kuzatgan yana bir kamchilik, darsliklardagi tarjimalarning ba’zi jumlalari rus tilidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri (kalka) ko‘chirilgani yaqqol sezilib turadi.

 

Masalan, bir darslikda “bakalajonlar, bodringlar” degan so‘zlarni uchratib, muallifga qo‘ng‘iroq qilib tushuntirgandim: “O‘zbek tilida soni yoki miqdori ko‘rsatilgan otlarga “lar” qo‘shilmaydi, “bir kilo baklajon” deb aytiladi”. Yoki 3-sinf darsligida 43 so‘zdan iborat bitta gapni ko‘rib xunobim oshgan – bunday murakkab gapni boshlang‘ich sinf o‘quvchisi tugul, kattalar ham bir o‘qishda tushunmaydi-ku! 2-sinf “O‘zbek tili” darsligida matn va she’rlar berilgan. Hali harf o‘rganayotgan bola qanday qilib bunday matnni o‘qisin? Mualliflarga “She’rni kimga yodlatmoqchisiz, bolagami, uning ota-onasigami?” degingiz keladi.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Finlandiya va Singapur tajribasini joriy etish haqida gapirganda, bu metodika yillar davomida sinalgani va jamiyat ehtiyojlariga moslashtirilganini alohida ta’kidlagan edi. Singapurda har bir sinfda ko‘pi bilan 16 nafargacha bola o‘tiradi. Toshkent maktablarida esa bu ko‘rsatkich 50 nafargacha yetadi. O‘zbek tili darslarida sinf ikki guruhga bo‘lingan taqdirda ham, har bir guruhda 20 tadan bola o‘tirsa, haftasiga atigi 3 soat dars davomida ularga til o‘rgatishning imkoni yo‘q.

 

Qolaversa, bir guruhda bolalarning til bilish darajasi, qabul qilish usullari, xarakteri turlicha bo‘ladi. Qaysidir bola gapirishni yaxshi ko‘rsa, boshqasi tinglashni, yana biri rasm chizishni, ayrimlari esa sinfdoshlari gapirgan gaplarni umumlashtirib xulosa chiqarishni yaxshi uddalaydi. Ya’ni bola darsda o‘z imkoniyatidan kelib chiqib ishlashi kerak.


Unutmasligimiz kerak: boshqa tilli sinflarga o‘zbek tili chet tili sifatida o‘tiladi, shuning uchun uning metodikasi ona tili darslaridan tubdan farq qilishi lozim. Asosiy maqsad – o‘quvchining og‘zaki va yozma nutqini o‘stirish, ism-familiyasini imlo qoidalariga ko‘ra to‘g‘ri yoza olishi, rasmiy ariza va oddiy kundalik muloqot (masalan, hamkasbini tug‘ilgan kuni bilan tabriklash) ko‘nikmasini shakllantirishdir.

 

Afsuski, hozir bu nozik jihatlarga e’tibor berilmayapti. O‘zbek bo‘la turib ikki og‘iz gapni to‘g‘ri bog‘lay olmaydiganlar yoki shunchaki “yuqoridagi fikrlarga qo‘shilaman” qabilida “kamtarona” tabrik bilan kifoyalanadiganlar ko‘payib ketdi. Ehtimol, bu kitob o‘qishga vaqt ajratmayotganimiz, fikrlamay qo‘yganimiz oqibatidir. Tajribamda kuzatganim, ko‘p o‘qituvchilar o‘zbek tili o‘qitish metodikasini gap tahlilidan boshlashadi, vaholanki, fonetik tahlildan boshlash kerak. Yillar davomida ishlab, “noto‘g‘ri dars o‘tgan ekanman”, deya iqror bo‘lgan o‘qituvchilarni ham ko‘rganman.

 

Oldin qanday bo‘lgan?

 

O‘quvchining har qanday fanga qiziqishi ko‘p jihatdan o‘qituvchining mahoratiga bog‘liq. Gulnora Muhammadjonova boshqa tilli sinflarda o‘zbek tilidan dars beradigan o‘qituvchi nafaqat til qoidalari, balki O‘zbekiston tarixi va madaniyatini ham yaxshi bilishi kerakligini ta’kidlaydi.

 

– Men darslarimda “Chinor ostidagi duel” kabi filmlar, “Qirol Lir” singari spektakllardan parchalar qo‘yib eshittirar, mavzuga moslab o‘zbek kino va teatr aktyorlarini birma-bir o‘quvchilarga tanishtirardim. Dars paytida sho‘xlik qilgan yoki uyga vazifani bajarmay kelgan o‘quvchilarimga nisbatan o‘zbek xalq maqollarini eslardim. “Aravani quruq olib qochma”, “Eshakka to‘qim, odamga libos” kabi ibora, maqollarni qo‘llarkanman, o‘quvchilarda o‘z-o‘zidan ularning ma’nosini tushunishga bo‘lgan qiziqish ortardi. O‘tmishdagi buyuk bobolarimiz, mahoratli sportchilarimiz, san’at arboblari haqidagi jonli hikoyalarni tinglash bolalarga har doim o‘zgacha zavq bag‘ishlagan.

 

1996-yilda o‘zbek tilini qo‘shiqlar yordamida o‘rgatish metodikasini o‘ylab topganman. Darslar davomida o‘zbek tilidagi 32 ta mashhur qo‘shiq eshittirib borib, so‘ng so‘zlari tushirib qoldirilgan shu qo‘shiq matnlarini o‘quvchilarga tarqatganmiz. O‘sha paytda o‘quvchilar barcha qo‘shiqlarni yod olgan va katta ishtiyoq bilan kuylagan. Eng “xit” bo‘lgan tarona Abdulla Oripovning “Men nechun sevaman O‘zbekistonni” she’ri bilan aytilgan qo‘shiq bo‘lgan. Rus tilida ta’lim oladigan bolalarning bu qo‘shiqni jo‘r bo‘lib aytishini ko‘z oldingizga bir keltirib ko‘ring.

 

O‘zbek tilini zo‘r o‘tadigan, fidoyi o‘qituvchilar yetarli edi. Bir o‘qituvchini bilaman, o‘quvchilarini taniqli o‘zbek adib va shoirlari qabrini ziyorat qilish uchun Chig‘atoy qabristoniga olib borgan. Yo‘l-yo‘lakay ularga qabristonga kirish va ziyorat qilish odobi haqida aytib bergan.

 

To‘g‘risi, ustozning hikoyalarini eshitib, kelajakka umid uyg‘ondi, xayolimdan “mana, qilsa bo‘lar ekan-ku” degan fikr o‘tdi. Shu kungacha bir necha borgina o‘zbek tilida “toza” gapira oladigan boshqa millat vakillarini uchratganman. Ularning aksariyati tilni maktabda emas, mahallada o‘rganganini aytgan.

 

O‘z tiliga sadoqat – vataniy ishdir... 

 

Odamda tilni o‘rganishga ehtiyoj tabiiy bo‘lishi kerak. O‘zbek mahallasida katta bo‘lgan rus o‘g‘il-qizlarning aksariyati o‘zbek tilida juda ravon gapiradi. O‘zbek tili ularga tengqurlar bilan muloqotga kirishish, ma’lum jamoaga mansublikni his qilish, uyda nimadir buzilib qolsa, usta chaqirish kabi ehtiyojlar uchun zarur bo‘lgan. Bolaligidan xorijda ishlashga yoki o‘qishga “dasturlanadigan”, rus yoki ingliz tilida kontent ko‘radigan, kitob o‘qiydigan, tengdoshlari bilan muloqot qiladigan bola o‘z-o‘zidan o‘zbek tili haqida o‘ylamaydi. Va... o‘zbek tilida o‘ylamaydi.

 

Ikkinchisi – o‘zbek tilida o‘ylamasligi butunlay boshqa masala. Zero, til bu nafaqat muloqot vositasi, balki avlodlarni bir-biri bilan bog‘lovchi zanjir, milliy o‘zlik belgisi, an’ana va qadriyatlar tajassumi hamdir. O‘zbekning quvonchi, o‘zbekning qayg‘usi, orzu-umidlari va kundalik tashvishlarini boshqa tilda bor bo‘yicha ifodalab bo‘ladimi? Albatta, yo‘q.

 

Boshqa tildagi biror ibora yoki jumlani o‘zbek tiliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilsangiz, u to‘mtoq va notabiiy jaranglashi turgan gap. O‘zbekistonda yashayotgan har bir inson o‘zini shu jamiyatning to‘laqonli a’zosidek his qilish uchun o‘zbekcha hazil, muomala madaniyatini, o‘zbekcha munosabat o‘rnatish qoidalarini bilishi kerak.

 

Yana bir muhim jihat – maktab bitiruvchilarining ishga joylashish masalasi. Agar ular o‘zbek tilini yaxshi bilmasa, mehnat bozoridagi imkoniyatlari, tabiiyki, cheklanadi. Oxirgi paytlar do‘kon sotuvchisi, samolyot bort kuzatuvchilari, dastyor (ofitsiant)lardan o‘zbekcha gapirishni talab qilish holatlari ko‘paydi. Bu tendensiya davom etsa, yoshlarning o‘zida ham o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan rag‘bat tabiatan kuchayishi aniq. Ammo masalaning ildizi baribir bog‘cha va maktabda o‘zbek tilining o‘qitilish darajasi, tilga qaratilayotgan chinakam e’tiborga borib taqaladi.

 

Men maqolamni balandparvoz gaplar bilan yakunlamoqchi emasman. Xulosam qisqa: o‘ttiz yildan oshiq vaqt davomida o‘zbek tili haqida gapirdik, ammo kutilgan tub natijaga erisha olganimiz yo‘q. Keling, endi shunchaki O‘ZBEK TILIDA gapiramiz. Va farzandlarimizni ham shunga o‘rgatamiz.

 

Is’hoqxon to‘ra Ibrat aytganidek: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”.

 

Visola QARSHIBOYEVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//