Yer yuzidagi har bir el-ulus o‘zi yashagan iqlim sharoitidan kelib chiqib, kishilik jamiyati taraqqiyotiga xizmat qiladigan turfa kasb-hunarlarni yaratgan. Ming yillar davomida bu kasblar boyib, yanada takomillashib borgan. Masalan, yirik daryo yaqinida o‘troq yashagan xalqlar dehqonchilik bilan kun kechirib, qishloq va shaharlarga asos solgan bo‘lsa, dengiz bo‘ylari aholisi kemasozlik va xalqaro savdoda shuhrat qozongan. Yuksak tog‘lar va cheksiz yaylovlarda chorva boqqan el-uluslar esa ko‘chmanchi turmush tarzini tanlagan. Bu holat muayyan xalqlarning muayyan sohaga ixtisoslashuvini ta’minlagan: kimdir yog‘ochga ishlov berishda, boshqasi zargarlik, temirchilik yoki charmchilikda yuksak mahoratga erishgan.
Ko‘chmanchi turmush kechirib, chorvasini keng yaylovlarda boqqan, ayni paytda o‘troqlashib, shaharsozlikda ham ilg‘or bo‘lgan turkiy el-uluslar mazkur kasb-hunarlarning deyarli barchasini egallagan. Ular qo‘rqmas jangchi bo‘lish bilan birga, yirik davlatlarni boshqarib, yuzlab sulolalarga asos solgan. Qariyb bir yarim ming yillik yozma manbalar tahlili turklarning kundalik hayotida quyidagi kasb-hunarlar yetakchi bo‘lganini ko‘rsatadi: “beklik – boshqaruvchilik”, “bitigchilik – kotiblik”, “etchilik – qassoblik”, “etukchilik – etikchilik va teriga ishlov berish”, “ekmakchilik – novvoylik”, “yo‘nig‘chilik – yog‘ochga ishlov berish”, “bedizchilik – bezakchilik”, “bo‘yug‘chilik – bo‘yoqchilik”, “temurchilik – temirchilik”, “avchilik – ovchilik”, “satig‘chilik – savdo-sotiq”, “kemichilik – kemachilik”, “emchilik – tabiblik” va “o‘tachilik – dori-darmon yasovchilik”.
Yevrosiyo kengliklarining sharqiy qismlari – Volga-Ural bo‘ylari, Janubiy Sibir va Tyan-Shan tog‘larining shimoliy etaklarida yashagan turkiylar tabiatning injiqliklari – to‘xtovsiz yomg‘irlar va oylab cho‘ziladigan qor-bo‘ronlar bilan kurashib yashashga majbur bo‘lganlar. Ular nafaqat boshpanalarini iqlim sharoitiga moslashtirgan, balki qor ustida sirpanish, yuk tashish, ov qilish va harbiy yurishlarda ustunlikka erishish uchun turli moslamalar ham ixtiro qilganlar [Togan 1950; Yildiz. 2019: 45–48]. Qadimgi turk tilidan bugungi kunga qadar saqlanib kelgan “chana”, “chang‘i”, “kuyma”, “qizaq” kabi so‘z va atamalar ajdodlarimizning tabiat qiyinchiliklarini yengishdagi topqirligidan dalolat beradi.
Bundan 1400 yil muqaddam yozilgan O‘rxun yodgorliklaridan biri – Kul-tegin bitiktoshida shunday satrlar uchraydi: “Sungug batimi qarig‘ so‘kupan Ko‘gman yishig‘ to‘g‘a yo‘rip qirqiz bo‘dunug‘ uda basdimiz – Sungi (nayza) botimi qorni so‘kib (yorib) Qirg‘iz xalqini uyquda bosdik” [qar. Abdurahmonov, Rustamov 1982: 108–109]. Manbadagi bu bayon qo‘shinlar qorni ikki tomonga kurab yo‘l ochganini yoki oyoqlariga maxsus moslamalar taqib harakatlanganini anglatadi. Xitoy yilnomalarida turklar orasida “yog‘och oyoqli turklar” borligi, ular oyoqlariga yog‘ochdan yasalgan moslamalar bog‘lab, qalin qor ustida erkin yurishgani haqida ma’lumotlar uchrashi bu dalilni tasdiqlaydi [Bichurin 1950, I]. IX asrga oid, turk tilidan tibet tiliga o‘girilgan hujjatlarda ham “ud-adag‘lig‘ turklar” (sigir terisi va junidan tikilgan etik kiyganlar) bilan bir qatorda “yog‘och oyoqli turklar” tilga olingani tarixiy manbalarning o‘zaro uyg‘unligini ko‘rsatadi [Abduholiq Abdurasul o‘g‘li 1997: 72–77].
Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘atit turk” asarida qorda “toymoq”, “sirpanmoq” ma’nolarini anglatuvchi bir nechta so‘zlarni keltiradi. Xususan, “taymaq” fe’li bilan bog‘liq “taydï – er taydï – odam toydi” tarzida izoh berib o‘tadi [Koshg‘ariy 1963, III: 262]. Bundan ming yil muqaddam ham turkiylar sirpanchiq uchishgani, o‘zaro musobaqalashgani asardagi “ul anïӊ birlä tayïshdï – u u bilan toyishda bahslashdi” degan ma’lumotda o‘z tasdiqini topadi [Koshg‘ariy 1963, III: 204].
“Toymoq” fe’li O‘naduli (Anadolu) turkchasi kabi ayrim zamonaviy turkiy tillarda unutilgan bo‘lsa-da, o‘zbek tilida “sirpanmoq” fe’li bilan sinonim bo‘lgan “toymoq” [tåymåq] fe’lining saqlanib qolgani diqqatga sazovordir. Bu so‘z bilan bog‘liq birliklar o‘zbek xalq shevalarida ham uchraydi: “toyma” [tåyma] – “muzlagan yoki sirpanchiq yerda o‘ynaladigan o‘yin / sirpanib o‘ynamoq”; “Bolalar qishda toyma toyishadi – Bolalar qishda sirpanchiq o‘ynashadi” (Qashqadaryo viloyati, Ko‘kdala tumani Harduri qishlog‘i) va hokazo [Nafasov 2011: 291].
Quyida qadimgi turk tili va bugungi turkiy tillarda saqlangan, qorda sirpanish uchun qo‘llanilgan vositalar bilan tanishamiz:
1. Chana – “Qishda qor, muz qoplagan yo‘lda sirpanib yuradigan chang‘ili aravacha” [O‘TIL 2008: 453].
Bu so‘z o‘zbek, uyg‘ur, qirg‘iz tillarida “chana”, qozoq tilida “shana” shaklida qo‘llanadi. Ko‘pchilik tilshunoslar “chana” so‘zini mo‘g‘ulcha “cha”, “sas” (“qor”), “cha/g‘an” (“oq, oq tus”) so‘zlari bilan chog‘ishtirib, uni turkiy tillarga o‘zlashgan deb hisoblaydilar [Rybatzki 2015: 280]. Haqiqatan ham, bundan ming yil oldin yashagan buyuk leksikograf Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asarida bu yoki shunga o‘xshash atamaning uchramasligi mazkur qarashni oqlagandek ko‘rinadi.
Biroq Mahmud Koshg‘ariy lug‘atidagi “chanaq – yog‘ochdan o‘yib ishlangan tuzluq va shu kabi idishlar” deb izohlangan so‘z bilan mo‘g‘ul tiliga nisbat beriladigan “chanag” (tuvak), “chana”, “sana”, “charga” (qorda sirpanchiq uchishda ishlatiladigan yog‘och moslama) o‘rtasida o‘zaro mantiqiy bog‘liqlik borligi seziladi. Qadimgi turkiy tilda so‘z oxiridagi “q”, “g‘” tovushlarining ba’zan tushib qolishi e’tiborga olinsa, “chanaq ~ chana” so‘zlari o‘zaro yaqin ildizga ega ekanligi anglashiladi. Ikkinchi tomondan, qadimgi turk-mo‘g‘ul qavmlarida chanasimon moslamalarning ilk ko‘rinishi idish turlaridan biriga, aniqrog‘i, tog‘oraga o‘xshash bo‘lgani uchun ham qorda harakatlanish vositasi “chanaq” (chana) deb atalgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Aytish joizki, “chana” so‘zining negizida mo‘g‘ulcha “cha”, “sas” (qor) yotadi deb hisoblovchi tadqiqotchilar ham mo‘g‘ul tillarida ot yasovchi -na qo‘shimchasi mavjud emasligidan kelib chiqib, bu so‘zni sof mo‘g‘ulcha deb atashda ikkilanadilar [Rybatzki 2015: 280].
E’tiborlisi, “chana” so‘zi qadimgi turkcha “chanaq” (taxminan yassi yog‘och idish) o‘zak asosida yasalganini o‘zbek tilidagi leksik parallellar ham qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbek va boshqa ayrim turkiy tillarda “chanaq” (chanoq) so‘zi saqlanib qolgan bo‘lib, o‘zbek tilida u asosan “bosh kosasi, ko‘z kosasi, umuman, kosasimon suyaklar; paxta ko‘sagining har bir xonasi” kabi ma’nolarni bildiradi [O‘TIL 2008: 456]. Bu so‘zning hozirgi ma’nosi “Devonu lug‘atit turk”dagi “chanaq – yog‘ochdan o‘yib ishlangan tuzluq va shu kabi idishlar” ta’rifidan unchalik uzoqlashmagani quvonarlidir.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, o‘zbek tilining izohli lug‘atida “chana” so‘zi qadimgi rus tilidagi “sani” so‘zidan olingan deb izohlanadi [O‘TIL 2008: 453]. Biroq yuqoridagi tahlillar ko‘rsatadiki, bu so‘z aslida mo‘g‘ul tillari orqali, aniqrog‘i, qadimgi turkcha “chanaq”dan o‘zlashib, keyinchalik Markaziy Osiyo turkiy tillariga qaytib kelgan “chana”ning slavyan (jumladan, rus) tillariga o‘tgan ko‘rinishidir. Mo‘g‘ul tillaridan xalqa, qalmoq, buryat va oyrot tillarida “sana” so‘zining “chana, qordan sirpanish uchun yasalgan yog‘och qurilma” ma’nosini anglatishi ham ushbu farazni yanada kuchaytiradi [Rybatzki 2015: 280]. Buning ustiga, keyingi bo‘limda ko‘rib chiqiladigan “chang‘i” so‘zining ham tubdan qadimgi turkiy xarakterga egaligi bu fikrni to‘la tasdiqlaydi.
2. Chang‘i – “Qorli joylar, botqoq yerlar va suv yuzida tayanch joylarni kengaytirib, siljishni osonlashtiruvchi, oyoqlarga mahkamlanuvchi maxsus moslama” [O‘TIL 2008: 457].
O‘zbek va qirg‘iz tillarida “chang‘i”, uyg‘ur tilida “chang‘a”, qozoq tilida “shang‘i” shakllarida uchraydigan bu so‘zni ba’zi tadqiqotvchilar mo‘g‘ulcha “chana” so‘zi bilan aynanlashtirmoqchi bo‘lsalar-da, V.Ribatski uning sof turkcha so‘z ekanini ta’kidlaydi [Rybatzki 2015: 281]. Ribatski “chang‘i” so‘zining qadimgi turk tilida -ng‘u, -ngu kabi ot yasovchi qo‘shimchalar mavjudligidan kelib chiqib, uni turkiy ildizga ega deb qaragan. Ham bajaradigan vazifasi, ham yasalish asosi “chana” va “chang‘i” so‘zlarining tub mohiyatda yaqinligini ko‘rsatadi.
Boshqa tomondan, “chang‘i” so‘zini “chanoq”dan butunlay farqli o‘zakdan kelib chiqqan deb qarab, uning negizida shunga yaqin ma’nodagi qadimgi turkiy fe’l yotganini taxmin qilish ham mumkin. To‘g‘ri, qadimgi turk tilida “chan-” yoki shunga o‘xshash fe’l bevosita uchramaydi. Biroq turkiy tillarda, jumladan o‘zbek tilida keng tarqalgan “sanqimoq” (sandiroqlab, daydib bekor yurmoq; sayoqlik qilmoq), “sandiroqlamoq” (maqsadsiz ravishda tentirab yurmoq, sanqimoq) kabi fe’llar bilan bir o‘zakka ega bo‘lishi ehtimoldan xoli emas [qarang: O‘TIL 2008: 439, 443]. Ma’lumki, bugungi turkiy tillarda bo‘lgani kabi qadimgi turk tilida ham “s ~ ch” tovushlari o‘zaro o‘rin almashish xususiyatiga ega: “sanchmoq ~ chanchmoq”, “soch ~ choch”, “suchug ~ chuchuk”, “so‘zma ~ cho‘zma”, “sizmoq ~ chizmoq” va hokazo. Demak, “chang‘i” so‘zining negizida “harakatlanayotganda yo‘nalishni o‘zgartirib, tentiragan, egri-bugri holatda oldinga intilish” ma’nosini anglatuvchi yondosh fe’l yotadi deyish mantiqqa yaqinroqdir.
3. Kuyma – “Yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan usti yopiq arava – kareta”.
O‘rta asrlarda Oltin O‘rda va unga qo‘shni o‘lkalardagi turk-mo‘g‘ul elatlari orasida qorda sirpanib yurish uchun mo‘ljallangan yana bir o‘ziga xos moslama keng tarqalgan bo‘lib, u “qor kuyma” (qar küymä) deb yuritilgan. Bu so‘z xorazmlik tarixnavis O‘tamish Hojining “Chingiznoma” asarida uchraydi. 1360-yillarning boshida Chingiziy qo‘shin boshliqlaridan qo‘ng‘irot No‘g‘aday o‘g‘li Oq Husayn Xorazm viloyatini boshqargan davrda Oltin O‘rda taxti uchun kurashlarga aralasha boshlaydi. U O‘zbekxon (1312–1342)ning turmush o‘rtog‘i Toy Tug‘li begim va begim tomonidan xon ko‘tarilgan Bozorchi ismli shaxsga qarshi boshqa chingiziylarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Asarda Toy Tug‘li begim taxt uchun kurashlarga bosh bo‘lgach, unga qarshi kuchlar chingiziy Xizrxonni xon ko‘tarib, Saroy viloyati ustiga yurish qilgani quyidagicha bayon etiladi:
“Oq Husayn Xorazm lashkarin tamom ittifoq qilib, Oqko‘lga borib, Xizrxoni mazkurni xon ko‘tarib, Saroy viloyati ustunga yuridi. Saroy ustunda urush bo‘ldi. Bozorchi taqi begim qo‘lg‘a tushdilar. Begimni bir qor-kuyma (yopiq chana)ga mindurub, og‘zini mazbut qildilar. Taqi bir iylik (asov) ayg‘ir otni yekib (qo‘shib), bosh solig‘g‘a (boshi oqqan tomonga) qo‘ya berdilar. Bu iylik ot arobani olib qochib yoblarg‘a, qochularg‘a urub erdi, to begim halok bo‘ldi. O‘zbeklar Toy Tug‘li begimni Xizrxon o‘lturub turur terlar” [O‘tamish Hoji 2009: 37-38; Ötemiş Hacı 2025: 22].
Bundan ko‘rinadiki, o‘sha kezlarda usti yopiq chana “qor-kuyma” deb atalgan va uni olib yurishda ayrim o‘rinlarda otdan foydalanilgan. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, “Chingiznoma”ni o‘zbekchalashtirgan sharqshunos ustoz G‘ulom Karim
“qor-kuyma” so‘zini “qorkuyam” ko‘rinishida bergan. Asarning Anadolu turkchasidagi nashrida turk tilshunosi Ilyos Kamolo‘g‘li bu so‘zni “kar küyme” (qor kuyme) shaklida keltirib o‘tgan [Ötemiş Hacı 2024: 22]. Bugungi qozoq tilida mazkur so‘z o‘z ma’nosini saqlab qolgan bo‘lib, ular yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan usti yopiq arava – karettearni “kүyme” deb ataydilar. O‘tamish Hojining yozishicha, Toy Tug‘li begim og‘zi mahkamlanib, ichiga o‘tirg‘izib yuborilgan va ariqlar hamda to‘siqlarga urila-urila fojiali o‘limiga sabab bo‘lgan “qor-kuyma”dan tashqari, boshqa turdagi “kuyma”lar ham mavjud bo‘lgan. Bunday qurilmalar asosan usti yopiq arava ko‘rinishida bo‘lib, qorda harakatlanishga mo‘ljallanganlari maxsus ravishda “qor-kuyma” deb yuritilgan.
Demak, bundan asrlar muqaddam turli elat va urug‘larga bo‘lingan turk el-uluslari, ayniqsa ularning Yevrosiyo kengliklarining Volqa-Ural bo‘ylari, Janubiy Sibir, Oltoy va Tyan-Shan tog‘larining shimoliy etaklari kabi sovuq, qorli o‘lkalarida yashagan qismi tabiatning injiqliklari – tinimsiz yomg‘irlar va qalin qorlarga qarshi kurashib, ular bilan “til topishib” yashaganlar. Ular turli qiyinchiliklarni yengish yo‘llarini izlab topib, o‘ziga xos moslama va jihozlarni yaratishni o‘rganib olganlar. Jumladan, chanoq (chana) – tog‘ora ko‘rinishidagi yassi, pastak yog‘och idishlarni nafaqat uy-ro‘zg‘or ishlarida, balki qorli va muzli tog‘ etaklarini osonroq oshib o‘tish, bug‘u va maral kabi o‘rmon hayvonlarini ovlashda, shuningdek, qorli o‘lkalardagi raqiblarga qarshi kurashda unumli qo‘llaganlar. Qadimgi turklarning bu kabi ixtirolari va ular bilan bog‘liq leksik qatlamning qo‘shni hamda qardosh mo‘g‘ul, keyinchalik esa slavyan el-uluslariga o‘zlashgani turkiylarning Yevrosiyo makonida keng tarqalib, o‘ziga xos moddiy madaniyatini boshqa xalqlarga ham yoyganidan dalolat beradi.
G‘aybulla BOBOYOROV,
tarix fanlari doktori, professor
Qo‘llanilgan adabiyotlar:
1. Abdurahmanov G‘., Rustamov A. Qadimgi turkiy til. Toshkent: O‘qituvchi, 1982.
2. Abduholiq Abdurasul o‘g‘li. Turkiy xalqlar tarixiga oid tibetcha hujjat // O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar. Toshkent, 1997. №6. B. 72–77.
3. Бичурин Н. Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. В 3-х томах. Том I. М. - Л.: Изд. АН СССР, 1950.
4. Koshg‘ariy, Mahmud. Turkiy so‘zlar devoni (Devonu-lug‘ot it-turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.M.Mutallibov. 3-tom. Toshkent: Fan, 1963.
5. Nafasov T. Qashqadaryo o‘zbek xalq so‘zlari lug‘ati. Toshkent: Muharrir, 2011.
6. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Ch harfi. A.Madvaliyev tahriri ostida. Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2008.
7. O‘tamish Hoji ibn Muhammad Do‘stiy. O‘tamish hoji tarixi. Nashrga tayyorlovchi va so‘zboshi muallifi G‘.Karim. Toshkent: O‘zbekiston, 2009.
8. Ötemiş Hacı. Çengiz-Name. Hazırlayan İlyas Kemaloğlu. Ankara: TTK, 2024.
9. Rybatzki V. Mongolic words in Özbek (II). Words beginning with č-, j-, y-. // Acta Linguistica Petropolitana. Transactions of the Institute for Linguistic Studies. Vol. XI, part 3. St. Petersburg, 2015. P. 380-398.
10. Togan A. Zeki Velidi. Eski Türklerde Kayakçılık // Erciyes Kayseri Halkevi Dergisi, (1950). C. XII. S. 82-83, 21, 24-25.
11. Yıldız O. Eski Türklerin Kış Sporu Kayakçılık // Genç Kalemler. Tarih, Düşünce ve Kültür Dergisi. Yil 5, Sayi 6 (2019). S. 45–48.
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Tarix
Tarix
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q