Xun tili jumbog‘i – Xitoy iyerogliflari ortidagi turkcha o‘zaklar


Saqlash
18:01 / 12.10.2026 280 0

Yevrosiyo o‘tmishida chuqur iz qoldirgan bo‘lsa-da, keyinchalik o‘z dovrug‘ini butkul yo‘qotgan oz sonli elatlardan biri “xun”lardir. Miloddan avvalgi III–II asrlardan boshlab xitoy yilnomalarida “Hsiung-nu” ko‘rinishida tilga olinib, milodning ilk asrlarida lotincha yozma manbalarda “Hun”, “Un”, III–IV asrlarga tegishli sug‘dcha bitiklarda “Xun” o‘laroq eslatilgan ushbu elat bugungi turkiy ellarning ilk ota-bobolaridan biri sanaladi. Deyarli 1000 yilcha Yevrosiyo kengliklarida yetakchilik qilgan xunlar tilidan bir necha yuzlab so‘z va atamalar yetib kelgan bo‘lsa-da, ular bo‘yicha keng qamrovli izlanishlar olib borilmagan. Ayniqsa, o‘zbek tilida xun tilini tanituvchi ishlar ko‘ngildagidek emas.

 

Bundan 1,5–2 ming yil ilgari turk el-uluslariga beshik bo‘lgan bugungi Mo‘g‘uliston yerlaridagi keng dalalarda yashagan ko‘plab elat va urug‘larning birlashuvidan tug‘ilgan bu ulug‘ ko‘chmanchi elat “Xan-shu” (Xan sulolasi o‘tmishi), “Shi-ji” (O‘tmishdan esdaliklar) kabi xitoycha yozma manbalardan anglashilishicha, miloddan avvalgi 209-yilda xunlar yetakchisi Touman Shanyu (Tuman Yabg‘u)ning o‘g‘li Maodun Shanyu (Bahodur Yabg‘u) boshchiligida qattiq intizom ostida Oltoy, Sayan, Sibir va O‘rxun yaylovlarini birlashtirgan yirik kuchga aylandi.

 

Ushbu xunlar o‘z boshqaruvining eng yuqori cho‘qqiga chiqqan kezlarida Xitoyning yuqorisidagi Ordos o‘lkasi (bugungi Ichki Mo‘g‘uliston), Manjuriyaning sharqi bilan Oltoydagi turk ellarigacha cho‘zilgan keng yerlarga 500 yilcha egalik qilib, o‘nlab yirik ko‘chmanchi uyushmalarni o‘z qo‘l ostida birlashtirdi. G‘arbga yurish chog‘ida Yettisuv – G‘arbiy Oltoy oralig‘idagi Yuechji, ularning g‘arbida – Tyan-Shan (Tangritog‘) etaklaridagi Usun uyushmalari bo‘ysungach, Sharqiy Turkistondagi o‘troq boshqaruvlar Xun yabg‘usiga qaram bo‘ldi. Yettisuv tegralaridagi yerlar – Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idagi hududlar, ayniqsa, Sirdaryoning yuqori oqimidagi Farg‘ona (Dovon), o‘rta oqimlaridagi Qang‘, Zarafshon – Qashqadaryo qirg‘oqlaridagi Sug‘d o‘lkasi Xun boshqaruvini tan oldi.

 

Xunlar bosimiga chiday olmagan Yuechji boshqaruvchilari yangi yurt izlab g‘arbga ko‘chib, Amudaryoning yuqori oqimidagi Baqtriyani qo‘lga kiritdilar va bu yerda Yuechji – To‘xor eli, keyinroq esa Kushonlar atamasi ostida tanildilar. Shu yo‘sin Xun eli yolg‘iz Sharqiy Osiyo emas, butun Yevrosiyo geosiyosiy qiyofasini o‘zgartirdi.

 

Miloddan avvalgi II–I asrlarda Xitoydagi Xan eli bilan uzoqqa cho‘zilgan urushlardan so‘ng, oradan ko‘p o‘tmay, miloddan avvalgi 53-yilda Xun boshlig‘i Xuhanye xitoyliklarga bo‘ysundi. Oradan 5 yil o‘tib, miloddan avvalgi 48-yilda Xun boshqaruvi ikkiga – Shimoliy (Oltoy – Sayan Sibir – O‘rxun) va Janubiy bo‘lakka bo‘lindi. Janubiy xunlar Xan yurti yerlari ichida, Ordos tegrasida o‘rnashib, asrlar o‘tgach xitoyliklarga singib ketdi. Xitoylasha boshlagan ushbu qatlamdan 304-yilda Liu Yuan boshchiligida Xan-Chjao elati, so‘ngra Jie (Qir) urug‘idan bo‘lgan Shi Lo boshchiligida Chao elati yuzaga keldi. Ushbu elatlar tilidan bir necha o‘nlab so‘z va atamalar yetib kelgan bo‘lib, quyida to‘xtalib o‘tiladigan xuncha so‘zlarning bir bo‘lagi o‘sha davrga tegishlidir.

 

Xun eli tarqalib, ko‘pchiligi g‘arbga – Sharqiy Yevropaga, sezilarli bir bo‘lagi esa Gansu o‘lkasi – Sharqiy Turkiston orqali janubdan g‘arbga, bundan 500 yilcha ilgari Yuechji – To‘xorlar borib yerlashgan Amudaryoning yuqori oqimiga yo‘l oldilar. Xunlarning bu ko‘chishiga turtki bo‘lgan qardosh el – Syanbi (Sarbi, “Sabir / Suvor”) elatlar birlashmasi Oltoy bilan Ordos o‘lkalarida yetakchi kuchga aylandi. Ushbu ko‘chmanchi uyushma ichidan ajralib chiqqan T’opa (Tabg‘ach) elati 386–534-yillar oralig‘ida Shimoliy Xitoyda hukmronlik qilib, Shimoliy Vey ulusini qurdi va “Toba” (To‘ba) atamasi ostida tanila boshladi. “Tabg‘ach” so‘zi orqali O‘rxun bitiklarida tilga olingan bu elat tiliga tegishli so‘zlar shuni ko‘rsatadiki, Syanbi – Suvorlar, ularning bir tarmog‘i bo‘lmish Toba – Tabg‘achlar tili, hech bo‘lmaganda ularning bir bo‘lagi turk tilida so‘zlashgan.

 

Xun, O‘g‘ur, O‘n-O‘g‘ur, Avar, Suvar, Bulg‘or kabi etnik atamalar ostida g‘arbga – Qora dengiz bo‘ylari va Sharqiy Yevropaga ko‘chgan el-uluslarning bir bo‘lagi, ayniqsa, Suvar va Bulg‘orlar Volga bo‘yida o‘rnashdilar. Keyinchalik chuvashlarning tub-bobolari sanalgan bulg‘orlar Ordos tegrasidagi turk ellari bilan yaqin qarindosh edilar. Dunay bo‘yiga ko‘chib borgan bulg‘orlar bilan Panonniyagacha yetib borgan Attila hunlari Oltoy tegralaridagi xun elatining izdoshlari edilar.

 

Xunlar va ularning tarmoq ellari tiliga oid so‘zlarga to‘xtalishdan oldin, bugungi izlanuvchilar orasida keng tarqalgan metodologik yondashuvlardan biriga e’tibor qarataylik.

Ayrim tilchilar Xunlarni turkiy emas, Sibirning qadimgi elatlaridan biri – ket (paleosibirlik)lar bilan tenglashtirib, xitoy yilnomalaridagi o‘nlab so‘zlarni boshqa ildizlardan qidiradilar. Biroq ular tayga va sovuq o‘lkalarda yashab, tirikchiligi asosan bug‘uchilik va baliqchilikdan iborat bo‘lgan, keng ko‘lamli migratsiyalarga unchalik aralashmagan paleosibirliklar Ordos o‘lkasiga, hatto Xitoy ichkarilariga qanday qilib kirib borganini izohlay olmaydilar. Eng muhimi, ular Gansu, Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Sirdaryo va Amudaryo oralig‘i, Volga-Uralbo‘yi, Qora dengiz shimoli hamda Sharqiy Yevropa kabi ulkan hududlarni qanday siyosiy kuch va qudratga tayanib boshqarganini mantiqan asoslab berolmaydilar.

 

Qolaversa, xunlar turk ekaniga qarshi chiquvchilar nega xitoyliklar turk el-uluslarining ilk ota-bobolari bo‘lmish “Di”, “Dingling”, “Tele”, “Gyangun” (Qirg‘iz), “Gaoche” (Uyg‘ur) tillarining bir-biriga yaqinligini ta’kidlaganligi haqidagi ma’lumotlardan ko‘z yumishadi? Shuningdek, ular eski chog‘larda xunlarni, ilk o‘rta asrlarda Ashina turklarini yaqindan tanigan sug‘dlar nega har ikkala elatni “Xun” atamasi ostida tilga olganliklariga e’tibor qaratishmaydi?!

 

Bizningcha, bu kabi chigalliklar o‘z yechimini topmay kelayotganining bir necha sabablari bor:

 

1.                 Xun tili bo‘yicha o‘zimizdan yetuk izlanuvchilar yetishib chiqmagan;

2.                 Tilchilar tarixda bo‘lib o‘tgan voqeliklarni yetarlicha tushunib yetishmagan;

3.                 Turli tillardagi bilgilar o‘zaro solishtirilmagan;

4.                 Xunlarning turk ekanligi ataylab yashiriladi.

 

Xunlarday yirik elatning o‘z tilida yozgan biror bitik bugungacha aniqlanmagani uchun bunday chigalliklar yechimsiz qolmoqda. O‘z vaqtida Xitoy – Xan elini titratgan bu elatning tili ularga kuchli yov bo‘lmish xitoylik yilnomachilar qoldirgan iyerogliflar ichiga “qamalib” qolgan. Eng achinarlisi shundaki, biz o‘z dovrug‘ini yitirgan elning so‘zlarini butunlay boshqa tuzilishga ega til orqali tiklashga urinamiz.

 

Bugungi kunda xun tili bo‘yicha o‘ndan ortiq bir-biriga qarshi qarash keng yoyilgan. Ular orasida “Turkiy qarash” eng ko‘p qo‘llovchiga ega [Doerfer 1973]. Tilchilar qo‘lida xun tilini tiklash uchun bor-yo‘g‘i xitoy yilnomalaridan ajratib olingan 190 taga yaqin so‘z bilan milodning 329-yiliga tegishli atigi 10 belgili bitta xuncha to‘rtlik bor [Pulleyblank 1962].

 

Jo‘mboqning tub o‘zagi esa xitoy iyeroglif tizimining tuzilishiga borib taqaladi. Eski xitoy yozuvi ko‘chmanchi elatlar tiliga tegishli /l/–/r/, /ö/–/ü/ kabi kerakli tovushlarni ajratib olishga yo‘l bermaydi, ularni bir-biriga qorishtirib yuboradi. Shuning uchun yilnomalardagi belgilar turli izlanuvchilar tomonidan butunlay boshqacha o‘qilib, turlicha ochiqlangan. Ushbu til jumboqini yechish, iyerogliflar ortiga yashiringan o‘zaklarni erkin qilish uchun bugungi tilshunoslikda ikki yirik oqim yuzaga keldi.

 

Ulardan biri – Rossiyaning taniqli tilshunos olimasi Anna Dybo bo‘lib, u qadimgi xitoy tilining eng qattiq tovushlari (Starostin oqimi) negizida so‘zlarning tovush ko‘rinishini qayta tiklashga intiladi. Dybo xun so‘zlarini qattiq tovush qoliplari negizida qatlamlarga ajratadi va unda turk, qadimgi eroncha, mo‘g‘ulcha, to‘xor izlari borligini ham ko‘rsatadi. Shu bilan birga, u Pulleyblank ilgari surgan “Xunnu = Yenisey tili” qarashiga qattiq ishonchsizlik bilan qaraydi.

 

Ikkinchisi – taniqli turk tili bilimdoni Talat Tekin bo‘lib, u xun tilini to‘g‘ridan-to‘g‘ri eski turkcha va chuvash tillari orqali ichki o‘zak so‘zlar solishtiruvi yo‘lidan boradi. Tekin o‘zidan oldingi Shiratori, Ramstedt, Bazin, Gabain, Boodberg, Doerferlarning o‘qishlarini bittalab ko‘zdan kechirib, yangicha o‘qishni o‘rtaga tashlaydi. O‘z tekshiruvlarini kuchaytirish uchun Tekin T’opa (Toba) atamalarini ham ko‘rib chiqadi.

 

Har ikkala yetuk tilchi – Tekin va Dyboning qarashlaridagi yaqinlik shundaki, ular bir-biridan ayri, butunlay boshqa yo‘l tutgan holda deyarli bir to‘xtamga keladilar: xun tilining so‘z boyligida kuchli, ko‘z yumib bo‘lmaydigan darajada turkcha qatlam bor. Izlanuvchilar butun xun tilini “tub turkcha til” deb atashdan tiyilishsa-da, uning tayanch so‘z boyligi turkiy o‘zakka egaligiga urg‘u berishadi. Quyida biz ushbu izlanuvchilarning qarashlaridan kelib chiqib, xun tilining eng ishonchli 10 ta so‘z ko‘rsatkichini, shuningdek, 329-yilgi xuncha to‘rtlikning bugungi turk tillarida, ayniqsa, o‘zbekchada saqlanganiga to‘xtalgan holda ko‘rib chiqamiz.

 

1.                 tängri – “ko‘k, tangri”. Xitoycha yozuvi: 撐犁 ç’eng-li (< t’eng-li). Xun boshlig‘ining to‘liq atog‘i “ç’eng-li ku-t’u şan-yü” bu so‘zni eski turkiy tängri “ko‘k – osmon, ko‘k yuzi, tangri” bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydi [Tekin 1993]. Doerfer so‘z ichidagi -ñr- tovush birikmasiga ishonchsizlik bilan qarab, bu holat uning turkiy bo‘la olmasligini ko‘rsatishini ilgari surgan edi. Tekin esa bu e’tirozga yoqut (saxa) tilidagi tañara, chuvashcha turı (< tañrı > tağrı > turi) o‘rnaklarini keltiradi. Unga ko‘ra, bu o‘zgarish tizimli va izchil. Dybo bu so‘zni turkiy qatlamga kiritadi va uning deyarli barcha turk tillarida uchrashiga urg‘u beradi. O‘zbek tilida bu so‘z “tangri” (täŋri) ko‘rinishida eski turkchaga uyg‘un shaklni saqlab qolgan.

 

2.                 sü – “qo‘shin, cherig”. Bu so‘z uch ayri yilnomada yozib qoldirilgan bo‘lib, eng ko‘p uchraydigan xuncha so‘zlardan biridir. Birinchisi, Jie (Qir) urug‘ining 310-yilgi to‘rtligida uchrab, Ramstedt bilan Doerfer o‘qishida “šaw” ko‘rinishida tiklanib, eski turkcha “sü” (qo‘shin) bilan tenglashtirilgan [Dybo 2007]. Ikkinchisi, Tekin tekshirgan 329-yilgi xuncha qo‘shig‘ining birinchi belgisi – 秀 siu. Tekin buni sü:kä “qo‘shinga” deb o‘qiydi [Tekin 1993]. Uchinchisi, Pulleyblank tomonidan xitoychada uchraydigan o‘zga tillarga tegishli so‘z va atamalar tizmasida ko‘rsatib o‘tilgan. O‘rxun bitiklarida, eski uyg‘urcha va qoraxoniylar davri qo‘lyozmalarida sü so‘zi “qo‘shin, urush” ma’nosida keng ishlatilgan.

 

3.                 qut / qutı – “qutlug‘, tangri qo‘llovi, in’omi”. Xitoycha yozuvda: 孤塗 ku-t’u (< kuo-d’uo). Tekin bu so‘zni F.W.K.Müllerning tushuntirishiga tayanib, eski turkiy “qut” so‘zi bilan bog‘laydi [Tekin 1993]. Clauson ham bu o‘qishni to‘g‘ri deb biladi. O‘rxun va uyg‘urcha bitiklarda “qut” so‘zi xonlar bilan beklarga yuzlanish yo‘sinida ishlatilgan: qang-ım qut-ı “qutlug‘ otam” yoki “otam ulug‘i”. Bundan kelib chiqib, tängri qut-ı yabgu – “Yabg‘uning tängri (bergan) quti (ulug‘ligi)” ko‘rinishida qayta tiklanadi. Bu so‘z barchasidan ham salmoqli bo‘lib – xun unvonlar tizimi bilan eski turkiy el boshqaruvi tushunchasi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlikning yorqin o‘rnaklaridan biridir.

 

4.                 yabg‘u – unvon (atoq). Xitoycha yozuvda: 單于 şan-yü (< d’ian-giwo = d’abgu/jabgu). Doerfer boshqa yozuvlarini ham keltiradi: 翕侯 hiep-ho (< ğiep-gu) bilan 葉護 çe-hu (< jebgu) [Doerfer TMN IV]. Xitoy yozuvida keltirilgan turlichalik ushbu so‘zning ikki o‘tmishdagi bosqichini – “jabgu” bilan “yabgu” bosqichlarini ko‘rsatadi. Arman, arab va fors yozma manbalarida “yabgu”, “jabgu”, “jebu”, “jibu” ko‘rinishlari ham saqlanib qolgan. So‘zning turli tillardagi ko‘rinishlari bir-birini qo‘llab-quvvatlab, uning eski turkcha tovush tizimi o‘tmishini yoritishda qo‘l keladi.

 

5.                 qing‘iraq – “qing‘ir, egri pichoq, yo‘sin qilichi”. Xitoy yozuvida: 徑路 keyh-räh. Bu so‘z Hirth tomonidan 1900-yillarda ilgari surilib, Mahmud Koshg‘ariy lug‘atidagi “qıngıraq” – ikki yoqlamali egri pichoq bilan tenglashtirilgan [Dybo 2007]. 徑路 king-lu (< king-lak) so‘zi teleutcha kıngırak “ikki yuzli pichoq”, qirg‘izcha kıngırak va Karlgrenning “king-lak” qayta tiklashi bu so‘zning eng eski turkcha so‘zlardan biri ekanini ko‘rsatadi [Tekin 1993]. Tekin va Dybo bu so‘zni “qıngır” – egri, qiyshiq o‘zagiga bog‘laydi. O‘zbekchadagi “qing‘ir” (egri) so‘zi ham shu negizdan kelib chiqqan.

 

6.                 äpçi / äbçi – “xonning xotini, xotun”. Xitoycha: yen-çi (< yem-çi = ebçi). Tekin bu so‘zni yapon tilshunosi Shiratori izohiga tayanib, uyg‘urcha äpçi / ävçi “xotun, urg‘ochi” bilan bog‘laydi [Tekin 1993]. Codex Cumanicus’da epçi – frau (urg‘ochi/xotin), bugungi qirg‘izcha epçi, xakascha ipçi ko‘rinishlarida shu o‘zak saqlanib qolgan. Tekinga ko‘ra, bu so‘z keyinchalik eski turkchadagi “qatun” (“el boshlig‘ining xotuni”)ga o‘rnini bo‘shatib bergan.

 

7.                 ordu / ordo – “o‘rda, turg‘oq yer”. Xitoy yozuvida: eu-ta, wo-lu-to, ao-t’ot (mil. avv. II asr). Tekin bu so‘zni chuqur tekshirib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tub turkcha so‘z deb biladi [Tekin 1993]. Codex Cumanicus’dagi or – “o‘r, chuqur”, “Qutadg‘u bilig”dagi oro – “qorong‘i o‘ra”, Oltoy turklaridan shorchada ora – “teshik, quduq”, xakascha ora – “yer osti uyi” – bularning barchasi bitta o‘zakka borib taqaladi. Tekinning fikricha, ordu / ordo “o‘rda” so‘zining tub ma’nosi “yer osti boshpana, uy” bo‘lib, u keyinchalik ko‘chma ma’noda “el boshlig‘ining o‘rdasiga” aylangan. Bu so‘z so‘ng Yevropa tillariga ham o‘tgan – nemischa “Horde” shu o‘zakdan olingan. O‘zbek tilidagi “o‘ra” (chuqur, sabzavot saqlash uchun qazilgan yer) so‘zi ham shu negizga borib taqaladi.

 

budurçin – “bedana”. Xitoycha yozuvi: 佛圖澄 bwit-dö-dhiy. Dybo bu otni eski turkiy budurçin “bedana” so‘zi bilan bog‘laydi [2007]: chuvashcha pŭrjăgan, xakascha pudurçun / püdüçün, qoraxoniylar davridagi buδursin (Mahmud Koshg‘ariy). Bu so‘z xuncha va eski turkchani solishtirishda eng qo‘l keladigan atamalardan biridir. Atoqli ot emas, kundalik nom (atama) bo‘lgani uchun ma’no jihatidan tub ko‘rsatkichlardan biri sanaladi. Qadimgi turklarda shomonlar “qam” deb yuritilgan. “Buduçin” so‘zining ularning laqabi o‘rnida qo‘llanilishi qamlarning o‘z alqovlarini qo‘shiq yo‘sinida kuylaganidan, qolaversa, ularning ovozi bedananing sayrashiga o‘xshatilganidan dalolat beradi.

 

8.                 tämir – “temir”. Xitoy yozuvida: 鐵伐 t’ieh-fah (< tiet-bat / tieba = tebär). Dybo va Tekinning qarashlari bu so‘zda bir-biridan biroz farq qiladi – ikki tilshunos orasidagi kamdan-kam uchraydigan qarama-qarshi tutumlardan biridir. Dybo bu so‘zni qadimgi xitoycha “tiet-mhwit” orqali turkcha “temür”ga bog‘laydi. Tekin esa bu so‘zni eski turkcha tämir (temir) bilan solishtirib, shor va lebed dialektlaridagi täbir, sagaycha tebir ko‘rinishlari tämirdan emas, balki undan-da eski täbär ko‘rinishidan kelib chiqqanini ilgari suradi. Ikkala izoh ham bu so‘zning turkcha o‘zakka egaligini inkor etmaydi. O‘zbekcha “temir” so‘zi O‘rxun bitiklaridagi “temir”, “tämir” negiziga borib taqaladi.

 

9.                 Xuncha to‘rtlik (329-yil)

秀支 替戻岡 僕谷 劢禿當

siu-k’i – t’i-li-kang – puh-koh – kü-t’u-tang

Bu to‘rtlik milodiy 329-yilda Chin-shu yilnomasida keltirilgan bo‘lib, Shimoliy Xitoyda xun avlodidan chiqqan Shi Loning budist shoiri Fotuçeng tilidan aytilgan. Shiratori (1902), Ramstedt (1922), Bazin (1948), Gabain (1950) va Doerfer (1973) bu to‘rtlikni turlicha o‘qishgan: Doerfer hatto hazil yo‘li bilan uni “akkadcha ham o‘qisa bo‘ladi” degan. Tekin barcha oldingi o‘qishlarni birma-bir ko‘zdan kechirgach, o‘zining to‘liq grammatik tizimga ega yangi o‘qishini o‘rtaga qo‘yadi [Tekin 1993]:

 

sü:g(i)ti tılıkang, bugukgı tuktang.

 

“Qo‘shinni saflantirib tashiqing (chiqing), Bugukni tuting!”

 

Grammatik ko‘rsatkichlar: tıl-ıkang – taşı- (“chiqmoq”) fe’lining l-shevadagi ko‘rinishi + 2-shaxs ko‘plik buyruq qo‘shimchasi -ang; -gı – belgili to‘ldiruvchi kelishigi; tuk-tang – tut- (“tutmoq”) fe’lining buyruq shakli. Bu to‘rtlik shunchaki so‘zlar yig‘indisi emas, balki mukammal grammatik tuzilishga ega butun bir matndir. Shu bois u Xun tilining turkiy tillar oilasiga mansubligini isbotlovchi eng salmoqli ilmiy dalillardan biri sanaladi.

 

Huncha

xitoycha oʻqilishi

oʻzbekcha koʻrinishi

tılıkang

t’i-li-kang

Tashiqing (chiqing)! (buyruq)

tuktang

kü-t’u-tang

tutib oling

Şanyü

şan-yü 

Yabg‘u; keng va ulug’

qut

ku-t’u

Qutlug‘, hazrat, ilohiy ulug’lik

sü:kä

siu-k’i   

qo‘shinga

Tängri

ç’eng-li

koʻk, tangri

Orun

roy/lung

O‘rin, joy, taxt (toponim)

Sü

šaw / siu-k’i

qo‘shin, lashkar

qingraq

keyh-räh

egri pichoq, qing‘ir

güd-tüg

 

suruv, to‘da

budurçin

bwit-dö-dhiy

Bedana, bitbildiq

qarsaq

kwan cjí

dasht tulkisi, qarsoq

duruk/durak (turoq)

d(h)wäh räk

qabr, dafn joyi

äpçi/äbçi

yen-çi    

xonning xotini, xotun

 

Yuqorida ko‘rib chiqilgan so‘zlar va 329-yilgi xuncha to‘rtlik bir narsani aniq ko‘rsatadi: xun tili to‘g‘risidagi jumboq to‘la-to‘kis yechilmagan bo‘lsa-da, uning so‘z boyligida turkcha o‘zakka ega qatlam mavjudligi aniq va bu holat xun tili bo‘yicha ilgari surilgan boshqa qarashlarga qaraganda ancha asosliroqdir.

 

Ikkala tilshunos olim – Anna Dybo (Rossiya solishtirma tilshunoslik maktabi) va Talat Tekin (turkologiya oqimi) butunlay boshqa-boshqa uslubiy yo‘nalishlar va tadqiqot metodlaridan foydalangan holda bir xil to‘xtamga kelishgan. Bu oddiy tasodif emas, balki ikki mustaqil ilmiy yo‘lning bir nuqtada kesishuvi bo‘lib, ilmiy ishonchlilik uchun eng kuchli dalil sanaladi. Tängri, sü, qut, yabg‘u, qing‘iraq, äpçi, ordu, budurçin, tämir kabi so‘zlar yagona til ildizlariga borib taqalishini yaqqol ko‘rsatadi.

 

Shu bilan birga, Dyboning izlanishlari xuncha so‘z boyligida yolg‘iz turkiy izlar emas, balki eroncha, to‘xor va mo‘g‘ulcha qatlamlar ham borligini ko‘rsatadi. Bu holat xun elining “bir til – bir elat” shaklida emas, balki ko‘plab elatlar va tillarni o‘z ichiga olgan yirik siyosiy uyushma bo‘lganini tasdiqlaydi. Shuning uchun “xun tili” deyishdan ko‘ra, “xun birlashmasi tili” atamasini qo‘llash ilmiy jihatdan to‘g‘riroqdir.

 

Milodiy 329-yilga oid xuncha to‘rtlik ushbu tadqiqotlarning cho‘qqisi hisoblanadi. U shunchaki alohida so‘z yoki unvon emas, balki mukammal grammatik tuzilishga ega butun bir matndir. “Sü:g(i)ti tilikang, bugukgi tuktang” – ya’ni “Qo‘shinni saflantirib chiqing, Bugukni tuting!” – deb tarjima qilinuvchi mazkur misradagi buyruq shakllari, belgili tushum kelishigi va fe’l o‘zaklari turkiy tillar qoidalariga to‘la mos keladi. Fonetik va morfologik jihatdan yaxlit turkcha tuzilishga ega ushbu to‘rtlik xun tilining turkiy tabiatini isbotlovchi eng salmoqli dalillardan biri bo‘lib qolmoqda.

 

Xun eli shonli dovrug‘i bilan tarix tub qatlamlariga singib ketgan bo‘lsa-da, xitoy iyerogliflari ortida yashirinib qolgan tängri, sü, qut, ordu kabi so‘zlar aslo unutilgani yo‘q. Ular bugungi turkiy tillarda, O‘rxun bitiklarida, Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘ati turk”ida, hatto Yevropa tillaridagi “horde” so‘zida ham o‘z hayotini davom ettirmoqda.

 

Alparslon BOBOYOROV

 

Qo‘llanilgan adabiyotlar ro‘yxati

 Birlamchi manbalar:

Shi-ji (史記) – Sima Szyan. Qadimgi Xitoy tarixi (O‘tmishdan esdaliklar).

Xan-shu (漢書) – Xan sulolasi tarixi.

Chin-shu (晉書) – Chin sulolasi tarixi.

Ikkilamchi manbalar:

1.                 Bazin, L. (1948). Un texte oghouz du IVe siècle.

2.                 Boodberg, P. A. (1936). The Language of the T'o-pa Wei.

3.                 Clauson, G. (1972). An Etymological Dictionary of Pre-Thirteenth-Century Turkish. Oxford University Press.

4.                 Doerfer, G. (1973). Zur Sprache der Hunnen. Central Asiatic Journal.

5.                 Doerfer, G. (1963–1975). Türkische und mongolische Elemente im Neupersischen (TMN). Band IV. Wiesbaden: Harrassowitz.

6.                 Dybo, A. V. (2007). Lingvisticheskie kontakty rannikh tyurkov: Leksicheskiy fond. Pratyrkskiy period. Moskva: Vostochnaya literatura.

7.                 Gabain, A. von (1950). Alt-Hunnisches.

8.                 Hirth, F. (1900). Die Ahnentafel der Attila-Hunnen. München.

9.                 Mahmud Koshg‘ariy (XI). Devonu lug‘atit-turk.

10.             Pulleyblank, E. G. (1962). The Hsiung-nu Language / The Consonant System of Old Chinese. Asia Major.

11.             Tekin, T. (1993). Hunların Dili. Ankara: Türk Dil Kurumu Yayınları.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//