Eron dunyosidagi Turon malikasi – Asna


Saqlash
17:38 / 09.10.2026 357 0

Tarixda Turk xoqonlarining qizlari boshqa mamlakatlarga kelin bo‘lib ketgach, Asna, Ashina, Asena xotun kabi nasab nomlari bilan atalgan. Bu esa xoqonlikning bosh urug‘i – Ashina nomidan kelib chiqqan. Ular boshqalardan ajralib turish uchun ham faxrli urug‘ nomi bilan o‘zlarini tanishtirgan bo‘lishi mumkin, chunki Eronda ham, Xitoyda ham ular shu ism bilan ulug‘langan. 

 

VI asrda Turon va Eron saroyi taqdirida katta o‘rin tutgan Malika Asna Turk xoqoni oilasidan o‘zlarining mavqeidagi shohona xonadonga kelin bo‘lgan. Gʻarbiy Turk xoqoni Istemining qizi – Asna ilk o‘rta asrlarda Sharqning qudratli davlatlaridan biri – Sosoniylar davlatidagi ilk turkiy malika edi. U Turkzodaning onasi, Xusrav Parvezning buvisi bo‘lgan. Turk xoqonlarining turli aslzoda va shohona oilalarga kelin bo‘lgan qizlari ko‘p edi, ammo bu malikaning dovrug‘i tillarda doston bo‘lgan. Malikaning oqilaligi qudratli davlatlarning qarindoshlik aloqasini mustahkamlagan, harbiy to‘qnashuvlarni to‘xtatgan, “nasli va asli toza” shahzodalarning tug‘ilishiga sabab bo‘lgan, harbiy-siyosiy ittifoqlarni yanada kuchli qilgan, dushmanlarga birlikda zarba bergan.

 

O‘rta asr manbalarida turli nomlar bilan tilga olingan Asna ham turkiy tarixda, ham fors tarixida ulkan iz qoldirgan. Uni Turonning ilk xoqoni Afrosiyob – Alp Er To‘nganing qizi Qazga o‘xshatish mumkin. Asna nomi oddiy kelin yoki shahanshohning sevimli xotini sifatida emas, balki ilk o‘rta asrning mashhur siyosiy voqealari sabab tilga olinadi. Onasi, tug‘ilgan yili, asl ismi haqida ma’lumotlar mavjud emas. Uning Eronning taniqli malikasi darajasiga qanday ko‘tarilgani haqida faqat yozma manbalarda qisqa ma’lumotlar bor, xolos. Tadqiqotchi S.G.Klyashtorniy uning Erondagi Sosoniylar saroyiga yuborilishiga Muqan xoqonning siyosiy qarorlari sabab bo‘lganini ilgari suradi, garchi u Istemining qizi bo‘lsa-da. Shu davrdagi eftaliylar, sosoniylar va Turk xoqonligi manfaatining to‘qnashuvi kabi voqealarga ushbu malikaning taqdiri ham birlashib ketgan edi.

 

Ilk o‘rta asrlarda Turon hududi eftaliylar, sosoniylar va Turk xoqonligining siyosiy manfaatlari to‘qnashgan mintaqaga aylanib qolgan edi. Ma’lumki, V asr oxiri – VI asr boshlarida eftaliylar davlati tarkibiga Sharqiy Turkistondan tashqari Markaziy Osiyo davlatlari – O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hamda Afg‘oniston, Pokiston va Shimoli-Gʻarbiy Hindiston yerlari ham kirgan. Ular Shimoli-Gʻarbiy Hindistondan to Yettisuvgacha va Xo‘tondan to sosoniylar Eroni yerlarigacha cho‘zilgan ulkan hududda yirik imperiyani tuzishga muvaffaq bo‘lganlar.

 

Bu davrda Erondagi sosoniylar davlati Xurosonda yetakchi mavqeini saqlab turish maqsadida eftaliylarning asosiy raqibiga aylangan. Ayniqsa, Xusrav I Anushervon davrida sosoniylar Eroni favqulodda rivojlangan bir pallaga ko‘tarilib, eftaliylarga tovon to‘lash majburiyatidan xalos bo‘lish uchun qulay vaziyatni kutayotgan edi. Ikkinchi tomondan 552-yilda tashkil topgan Markaziy Yevroosiyoning katta imperiyasi bo‘lgan Turk xoqonligi ham geopolitik jarayonlarda oldingi o‘rinlarga chiqib olib, eftaliylar davlatiga jiddiy xavf tug‘diruvchi yirik siyosiy kuchga aylangan.

 

Turklarning 550-yillar atrofida juan-juanlarga zarba berishi natijasida eftaliylar eng yaqin hamkorlaridan mahrum bo‘ladi. Sosoniylar Turk xoqonligining paydo bo‘lishini xayrixohlik bilan kutib oladi. Chunki umumiy dushman bo‘lgan eftaliylarga qarshi kurashish uchun ittifoqchi topilgan edi. Qisqasi, sosoniylar o‘z manfaatlariga turklar vositasida erishishni maqsad qilgan edilar. Eftaliylarga qarshi turk-sosoniy ittifoqi tuzilgan. Muqan xoqon taxminan 554 – 557-yillarda Eronga elchi yuborib, ikki tomonlama aloqa va ishonchni mustahkamlash maqsadida amakisi Istemi yabg‘uning qizi Asna (arab manbalarida Asna yoki Fakim)ni sosoniylar shohi Xusrav I Anushervonga turmushga bergani haqida yozadi. Bu yerdagi Asna ismida “Ashina” sulolaviy nomi yaqqol ko‘rinib turadi.

 

Arman tarixchisi Sebeos o‘z asarida ushbu malikaning ismini “t’yetaliylarning buyuk hukmdori – Xoqonning qizi Kayen” deb keltirgan. L.N.Gumilyev bu masala yuzasidan ikki xil fikrni bildirgan. Bir o‘rinda “...Tabariy bo‘yicha esa nikoh ham, ittifoq ham eftaliylar bilan urushdan bir yil avval (ittifoq va nikohning tuzilishi 554-yilga to‘g‘ri keladi demoqchi) bo‘lib, bu urush xitoy manbalariga muvofiq 555-yilda boshlangan” deya ta’kidlaydi. Boshqa bir o‘rinda “forslar va turklar o‘rtasida ittifoq 560-yillar atrofida tuzilgan bo‘lib, uni tuzishdan maqsad forslar uchun “Pero‘z uchun xun olish”ga intilish bo‘lsa, turklar esa Sug‘diyonaning gullab-yashnagan shaharlarini egallash niyatida bo‘lgani edi”, deb yozadi.

 

Firdavsiyning “Shohnoma” asarida esa bu nikohning birmuncha keyinroq tuzilgani aytiladi, ya’ni eftaliylar turklar tomonidan tor-mor qilinganidan so‘ng Turk xoqoni No‘shiravon (Anushervon)ga o‘z qizini xotinlikka berish taklifi bilan elchi jo‘natgan. Firdavsiy Asna haqida ko‘p ma’lumot bermagan. Xullas, Asnaning Sosoniylar shahanshohiga turmushga chiqqan sanasi ko‘pchilik tadqiqotchilarni qiziqtirgan. Chunki u orqali sosoniy-turk ittifoqining sanasini aniqlash mumkin bo‘lgan. L.N.Gumilyev Firdavsiyning ma’lumotiga asoslanib, bu nikoh 569-yildan keyin tuzilgan, deb xulosa qilgan. Biroq bunday kech sanani boshqa tadqiqotchilar inkor etadi. Chunki, ushbu nikohdan tug‘ilgan shahzoda Xurmazd IV otasi Xusrav I Anushervon vafotidan so‘ng taxminan 579-yilda taxtga o‘tirgan va o‘g‘li o‘spirin bo‘lgan chog‘da, ya’ni 590-yilning 6-fevralida taxtdan tushirilgan. Asna Turkzodaning onasi edi, shuning uchun ham Xurmazd IV ni turklar, ya’ni tog‘a tomon qo‘llab-quvvatlagan.

 

Tadqiqotchi Sh.Adilov fikricha, Xusrav I Anushervonning Xurmazd IV dan oldin tug‘ilgan o‘g‘il farzandlari bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shahanshoh haramidagi barcha xotinlardan faqat turklar malikasigina unga aslzodalik jihatidan teng bo‘lganligi uchun uning o‘g‘li “Turkzoda” Xurmazd IV qonuniy ravishda taxt vorisi qilib tanlangan, ehtimol.  Xurmazd IV ning yoshi masalasi yuqoridagi xronologiyaga shubha uyg‘otadi. Ko‘plab olimlar fikricha, ushbu nikoh 554-yili forslarning turklarga jo‘natilgan elchiligi jarayonida tuzilgan. Agar o‘sha yilda tuzilgan bo‘lsa, taxminan 20 yoshlardagi Asna 535-yillarda tug‘ilgan, deb hisoblash mumkin. 

 

Shuningdek, tadqiqotchi Sh.A.Adilov ham Xusrav I ning turkiylar malikasiga uylanishi va Xurmazd IV ning tug‘ilishi davri VI asrning 50-yillariga to‘g‘ri keladi, deb hisoblagan. Mazkur voqealardan keyin turklarning eftaliylarga qarshi kurashi boshlanib ketgan. Demak, yuqoridagi ma’lumotlardan kelib chiqadi-ki, taxminan 554-yillarda turklar va sosoniylar o‘rtasida ittifoq tuzilib, nikoh yo‘li bilan yanada mustahkamlangan va shu yilning o‘zidayoq turklar eftaliylarga qarshi kurashni boshlab yuborgan. Xusrav I Anushervon turklarning eftaliylarga hujum qilishi natijasida Toxaristonni eftaliylardan qaytarib olishga muvaffaq bo‘ladi. V.P.Mokrinin fikricha, Xusrav I Anushervon va Istemi yabg‘u xoqonning qizi o‘rtasidagi nikoh 554-yilda forslarning turklarga yuborgan elchiligi jarayonida tuzilgan.

 

Biroq bu Turkzodaning onasi – Asna va fors-turk qarindoshlik aloqasi eronshunos Shapur Shahboziy tomonidan rad etilgan. U buni xronologik jihatdan muammoli deb hisoblagan, chunki manbalarda Xurmazd IV otasi tomonidan eftaliylar hududlari sosoniylar va turklar o‘rtasida taqsimlanganidan keyin Istemining tahdidini jilovlash uchun yuborilgani qayd etiladi. Ayrim tarixchilarning fikricha, Xurmazd IV taxminan 540-yilda tug‘ilgan bo‘lishi mumkin; uning o‘g‘li Xusrav II esa taxminan 570-yilda tug‘ilgan. Ammo bu xronologiyalar ko‘pchilikni chalg‘itadi.

 

VII asr arman tarixchisi Sebeos Xurmazd IVning onasini “turklar xoqonining qizi” deb ataydi va uning ismini Kayen deb keltiradi. Mas’udiy esa uni Fakum deb atab, turklar, ya’ni xazarlar hukmdorining qizi bo‘lganini ta’kidlaydi. Shahboziy nemis sharqshunosi Yozef Markvartning fikrini qo‘llab-quvvatlagan. Markvartning taxminiga ko‘ra, Xurmazd IVning ona tomondan bobosi xazarlar xoqoni bo‘lgan; boshqa manbalarda xazarlar ko‘pincha “turklar” deb atalgan. Shu fikr haqiqatga yaqin, chunki VI asrda xazarlar hali qudratli davlat emasdi. Turk xoqoni Muqan xoqon ham Ashina ismli ikki malikani birini Eronga, birini Xitoyga kelin sifatida yuborgani ma’lum. O‘rta asr eroniy geografi Ibn Xo‘rdodbek ham Xusrav I va xazarlar xoqoni o‘z qizlarini bir-biriga turmushga berish haqida kelishganini qayd etadi va bu yerda ham anaxronizmni ko‘rish mumkin.

 

Shunday qilib, Xurmazd IV ning nafaqat Sosoniylar sulolasidan bo‘lgan Xusrav I Anushervonning avlodi, balki ona tomondan turkiy xoqon sulolasi bilan ham qarindosh bo‘lgan, degan qarash mavjud. Sebeosning ta’rifiga ko‘ra, bu nasab Turkoda Xurmazd I ni ota tomondan ajdodlaridan ham ulug‘roq, ona tomondan qarindoshlari kabi qudratli va shiddatli qilgan. Biroq zamonaviy tarixchi Maykl Bonner Xurmazd IV ning onasi aslida eftaliylar sulolasiga mansub malika bo‘lganini, keyinchalik esa u yanglish ravishda kelib chiqishi turkiy yoki xazar deb talqin qilinganini taxmin qiladi. Ammo bu ham to‘g‘ri emas, sosoniylar va turklar ittifoqi qudalik orqali aynan eftaliylarga qarshi tuzilgan edi.

 

Xullas, Sosoniylar sulolasiga kelin bo‘lgan Asna haqida shu ma’lumotlar ma’lum. U Erondagi keyingi ayol malikalar uchun ilhom manbai va namuna bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Chunki Beruniy o‘z asarida Sosoniylar sulolasi hukmdorlari shajarasi haqida ma’lumot berar ekan, Buranduxt va Ozarmiduxt ismli Sosoniylar sulolasining VII asr boshlarida taxtga chiqqan ikki ayol hukmdorining nomini keltiradi. Qizig‘i ulardan oldin birorta ayol ushbu shajaradan o‘rin olmagan. Ular Sosoniylar shohi Xusrav II Parviz (590–628)ning qizlari bo‘lgan. Ushbu ikki opa-singil Asnaning chevarasi edi.

 

Xusrav II vafotidan keyin Sosoniylar davlatida siyosiy beqarorlik kuchayib, taxt uchun ichki kurashlar avj olgan davrda mazkur ikki malika ham davlat boshqaruvida muhim o‘rin egallagan. Ular ushbu jasoratni momosi Asnadan olgan bo‘lsa ajab emas. Buran (Bӯron, Pūrān) taxminan 630-yilda Sosoniylar taxtiga o‘tirgan, uning ismi aslida Turon bo‘lishi ham mumkin. Buranduxt nomi tushirilgan Sosoniy tangalari ham saqlanib qolgan bo‘lib, ular uning rasmiy hukmdor sifatida tan olinganini tasdiqlaydi. Uning hukmronligi uzoq davom etmagan va taxminan 631-yilda vafot etgan. Ozarmiduxt (Āzarmīgduxt) esa Buranning singlisi bo‘lib, Xusrav II Parvizdan keyingi og‘ir siyosiy inqiroz davrida Sosoniylar taxtiga chiqqan. Uning hukmronligi taxminan 630-yilda boshlangan va manbalarda bir necha oy davom etgani qayd etiladi. Ozarmiduxtning ham nomi tushirilgan tangalar mavjud bo‘lib, bu uning Sosoniylar davlatining rasmiy hukmdori bo‘lganini numizmatik jihatdan tasdiqlaydi. Malika Asna Eron dunyosidagi Turon chechagi edi, u “Shohnoma”da ham tilga olindi, arab va arman tarixyozarlari tomonidan bir necha asrlar keyin ham eslandi.

 

Feruza JUMANIYOZOVA,

 

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

 

 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

 

1.      Адылов Ш.Т. Из политической истории Западного Согда (в свете проблемы «тирании Абруя» и тюрко-сасанидского конфликта) // История материальной культуры Узбекистана.

2.      Адылов Ш.Т., Мирзаахмедов Д.К. Из истории древнего города Вардана и владения Обавия // История материальной культуры Узбекистана. – 2001. – Вып. 32. – С. 150–157.

3.      Артамонов М.И. История хазар. – Ленинград: Издательство Государственного Эрмитажа, 1962. – 523 с.

4.      Аскаров А.А. Ўзбек халқининг келиб чиқиш тарихи. – Тошкент: Ўзбекистон НМИУ, 2015. – 690 б.

5.      Гумилев Л.Н. Древние тюрки. – Москва: Наука.

6.      Гумилев Л.Н. Қадимги турклар. – Тошкент: Фан.

7.      История народов Узбекистана. С древнейших времен до начала XVI века: в 2 т. Т. I. – Ташкент: Издательство Академии наук Узбекской ССР, 1950.

8.      Литвинский А. The Hephtalite Empire // History of Civilizations of Central Asia. Vol. III. The Crossroads of Civilizations: A.D. 250 to 750. – Paris: UNESCO Publishing, 1996. – P. 135–162.

9.      Массон В.М., Ромодин В.А. История Афганистана. Т. I.

10.    Мокрынин В.П. Сирийские и армянские источники о становлении Тюркского каганата // Источниковедение Кыргызстана с древности до конца XIX в. – Бишкек: Илим, 2004. – С. 64–73.

11.    Нёльдеке Т. Geschichte der Perser und Araber zur Zeit der Sasaniden: aus der arabischen Chronik des Tabari übersetzt und mit ausführlichen Erläuterungen und Ergänzungen versehn. – Leiden: E.J. Brill, 1879.

12.    Тер-Мкртичян Л.Х. Армянские источники о Средней Азии V–VII вв. / Отв. ред. С.Т. Еремян. – Москва: Наука, 1979. – 98 с. (NYU Faculty Digital Archive)

13.    Фирдоуси. Шахнаме. Т. VI. От начала царствования Йездгерда, сына Бахрама Гура, до конца книги / Пер. Ц.Б. Бану-Лахути и В.Г. Берзнева. – Москва: Наука, 1989.

14.    Chavannes E. Documents sur les Tou-Kiue (Turcs) occidentaux. – Saint-Pétersbourg, 1903.

15.    Chavannes E. Notes additionnelles sur les Tou-Kiue (Turcs) occidentaux // T’oung Pao. – Leiden, 1904. – Série II. – Vol. II. – P. 1–109.

16.    Chavannes E. Çin yıllıklarına göre Batı Türkleri / Çev. M. Koç. – İstanbul: Selenge Yayınları, 2007.

17.    Litvinsky B.A. The Hephtalite Empire // History of Civilizations of Central Asia. Vol. III. The Crossroads of Civilizations: A.D. 250 to 750. – Paris: UNESCO Publishing, 1996. – P. 135–162.

18.    Nöldeke Th. Geschichte der Perser und Araber zur Zeit der Sasaniden. – Leiden: E.J. Brill, 1879.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//