Qosh qorayadi. Osmon chetida yulduz jilmayadi. Jazirama qaytib, salqin tushadi. Bolalar uylariga ketib, huvillagan maydonda faqat biz qolamiz: uch yoshga yetib-yetmagan Ra’no singlim nam-salqin tuproqqa cho‘zilib uxlab qolgan. Mendan to‘rt yosh katta Tojiniso opam tepaga chiqib o‘tiribdi, daladan qishloqqa keladigan yo‘ldan bir zum ko‘z uzmaydi, onamni kutayapti. Men o‘rtada o‘tiraman. Rahmat ukam qo‘shni bolalarga qo‘shilib kimningdir uyiga kirgan... Hali uni izlab topish kerak... Bir kuni ukamni rosa qidirgandik. Qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar oyoqqa qalqdi. Hech qayoqdan topilmadi. Ayniqsa, onam, opalarim izillab izladi. Yarim kechasi og‘ilga suyab qo‘yilgan eski eshik orqasidan o‘zi chiqib keldi. O‘sha yoqqa berkinib, uxlab qolgan ekan. Tungi salqin kuchayganda sovuq o‘tib uyg‘onibdi.
* * *
Sog‘inch nimaligini juda erta bildim. Besh-olti yoshlarda bo‘lsam kerak, uyimizning yonida, yo‘l bo‘yida ekskavator zovur qazir edi. Lekin hali zovurda suv yo‘q. Hamma yoqni nam tuproqning isi tutgan. Uning bir yonida tuproq uyuladi. Yaqin oradagi uylardan chiqqan tengqur bolalar ekskavator ortida goh zovurga sirg‘alib tushamiz, goh tuproqtepaga hansirab chiqamiz. Quvalash o‘ynaymiz. O‘ynayotgan paytda men onamni sog‘inaman. Onam tezroq kelsa edi deyman. Chunki bu paytda kun botayotgan bo‘ladi. Ayrim bolalarning onalari uyda, qosh qoraygan sari o‘g‘il-qizlarini bir-bir chaqirib, hovliga olib kirib ketadi. Bahor xolaning sasiga mendan bir yosh ulug‘ Abdulla javob bermaydi: “Abdulla-yov, Abdulla...” Abdulla tepalik ortiga yotib berkinadi. O‘ziyam aft-angori, ozg‘in badani quyoshda shunchalik qorayganki, yerga yotsa tuproqqa qo‘shilib ketadi. Bahor xola tolxivichni o‘ynatib, yalangoyoq keladi. O‘n ikkitami, o‘n to‘rttami farzandlaridan biri Abdullani, Abdulladan kattasi-yu kichiklarini oldiga solib uyga quvadi. Kichiklari boshqa ko‘chaga qochadi, uyga kirgisi kelmaydi-da... Endi Bahor xolaning jag‘i ochiladi: “Serob, ho Serob!.. He... senga ot qo‘yganni...” Bahor xola bolalarini oddiy urishmaydi, ismlarini qo‘shiqqa solib yaniydi: “Basharangga qara, it yalasa to‘yadi... Uyga kirib, zahri-margingga ovqatingni yemaysanmi?..” Onalar bolalarini qo‘shiq bilan urishadi. Har onaning bolalarini urishadigan o‘z qo‘shig‘i bor.
...Onam dalada ishlaydigan ayollar bilan birga ketgan tong mahali biz uyquda bo‘lganmiz. Har kuni shu – ertalab onamni ko‘rmaymiz. Biz – bolalar yotgan supaga vayish orasidan quyosh nurlari tushadi, ko‘zim qamashadi, yuzim qiziydi, boshimni ko‘rpaga burkayman. Oxiri oftobdan berkingani joy topolmay, erinib uyg‘onaman. A’zoyi badanimda bolalik charchog‘i tarqamagan. Supa o‘rtasida jigarrang, quroq dasturxon o‘rovli: unda onam tongda, balki tunda tandirdan uzgan nondan ikkita, oqqand, parvarda bor. Hovli chetida jildirab oqayotgan ariqchadan yuzimni yuvib kelaman. Tip-tiniq, muzdek suv endi meni uyg‘otadi. Opam qozondan sut suzib keladi. Kosa yuzida qatlam-qatlam qaymoq ko‘raman. Ba’zida onam dasturxonga bir kosa xom qaymoq yopib ketadi. Xom qaymoq... mazza-da... atrofda tovuqlar aylanib yuradi: qo-qo-qog‘g‘g‘...
Otam... Otam onamdan avval dalaga ketgan, mol-qo‘yni haydab. Ishchilar to‘planib ish boshiga borguncha chorvani boqib to‘ydiradi. So‘ng qo‘ylarni muvaqqat qo‘raga qamaydi, sigirlarning qozig‘ini ariq, zovur bo‘yiga qoqadi. Biz – bolalar yoz bo‘yi otamni uyda topmaymiz, qachon daladan keladi, qachon ketadi – ko‘rmaymiz. Kelib-ketganini supada yoki deraza tokchasida unutib qoldirgan salmoqli qo‘lsoatidan bilaman. Soat qayishining bir bandida shisha ichida Yuriy Gagarinning surati, ikkinchi bandida ko‘rsatkichi liqillab turadigan kompas bor. Qalpoq, ko‘ylagining rangi issiqda o‘ngib ketgan, supada yonboshlab, ovqatini chala-chulpa yutib, oyog‘idagi latta etikni yechishga holi kelmasdan cho‘zilib uxlab qolgan odamni ko‘rganmisiz? Men ko‘rganman. Ha, o‘sha odam mening otam.
Otam... to‘qqiz farzandning bor tashvishini yelkasida ko‘targan otam alohida kitob... Qachon oldidan chiqib qolsam, meni ko‘tarib, bag‘riga bosadi. Ust-boshidan jazirama quyoshning hidi keladi, shunday paytlarda negadir ko‘zimdan yosh sizadi, o‘zim sezmay qolaman. Otamni sog‘inaman. Bag‘rida turib sog‘inaman...
Otam kuchli, baquvvat, mard, qahri qattiq, mehri qaynoq... Urush ko‘rgan odam. Chapayevcha mo‘ylov qo‘ygan. Mabodo mo‘ylovini burab qo‘ysa, tamom, hamma pildirpis...
Bahor. G‘o‘za ikki quloq bo‘lgan... To‘rt-beshta qo‘yimizni haydab maktab stadioni atrofida boqaman. Maydonda o‘ynayotgan bolalarga qo‘shilib yoki ularni kuzatib chalg‘iyman. Qo‘y qo‘yligiga boradi, chetdagi ko‘m-ko‘k, tizzaga uradigan o‘t qolib, aynan g‘o‘zaga tushadi. Hammaning ko‘z oldida. Agronom-hosilot yoki brigadir ko‘rib qolib, vovaylomga qaramasdan qo‘ylarni haydab ketadi va idora qoshidagi chetanga qamaydi. Kimlarningdir molini, qo‘yini shu taxlit davlatga topshirvorgan. Men qo‘rqib ketaman. Xabar berish uchun uyga chopaman. Qani endi oyog‘im yerdan uzilsa... yo‘l unsa... Bu hol kunda-kunora takrorlanadi. Uyimizga ro‘para bo‘lishim bilan qarshimda otam paydo bo‘ladi. Ustida uniqqan kulrang, yo‘l-yo‘l, rangi o‘chgan, dazmol ko‘rmagan kastim-shimi, boshda qalpoq, oyoqda mallarang g‘ijim latta etik. Meni ko‘rib uyulgan qovog‘i battar uyiladi, qo‘li bilan “uyga boraver” deb ishora qiladi. Uyimiz tepasida qop-qora bulutlar... Ko‘p o‘tmay otam mollarni oldiga solib haydab keladi, bitta ham kamaymagan. Uyimiz ustidagi bulutlar birdan tarqaydi. Men yuragimda o‘zgarish sezaman...
Keyinchalik onamdan eshitganman: otam qirq yoshida urushdan orttirgan o‘tkir odatlaridan mutlaqo voz kechib, birdan to‘liq namozga o‘tgan. Bu, demak, 1962-yilga to‘g‘ri keladi.
...Hali maktabga chiqmaganman. Anorgul opam, ikki jiyanim, pochcham uylari bitguncha biznikida turishdi. Ularga juda o‘rganib qoldim. Bir kuni uyimiz yoniga kuzovi baland mashina kelib to‘xtadi. Unga opamlarning ko‘ch-ko‘roni ortildi. Ular endi butunlay ketisharkan. Qo‘shni ayollar kelishdi. Mashina yonida to‘planib, opam bilan bag‘irlashib, yig‘lashib uzoq xo‘shlashdilar. Opam peshonamdan o‘pganida men ham yig‘lavordim. Mashina yurib, ko‘chadan chiqqanida bag‘rim o‘pirilib tushgandek bo‘ldi. Jiyanlarimgayam juda o‘rganib qolgan edim. Qayerga ko‘chib ketishayapti deb so‘rasam, tog‘dan nariga deyishdi. Keyin...
Keyin bir kun tongda qo‘y boqib turib oynaday tiniq ufqqa qaradim. U tomonda, qishloq chetida ferma – molxona bor. Undan nari paxtazor, undan nari dala, keyin to‘qay, so‘ng daryo, undan narida esa tog‘. Men tog‘dan narini, opamlarni ko‘rmoqchi bo‘ldim. Birdan... To‘satdan... ko‘rdim... Ana, ana, tog‘ bag‘rida o‘rmalab borayotgan gugurt qutidan ham kichik mashinani payqadim. Gugurt quti oqarib-yaltirab ko‘ringan tasmadekkina yo‘lga tillaqo‘ng‘iz kabi yopishib harakatlanmoqda. Bu xuddi o‘sha... opamlarni olib ketgan mashina... shunday xayol qilaman. Pildirab borayapti... Ko‘zimdan yosh chiqib ketdi, yosh emas, sog‘inch tizilladi. Beixtiyor:
Osmon tiniq ko‘k shohi,
Oq bulut kezar gohi.
Gullarga ko‘miladi
Qantak o‘rikning shoxi...
...Ra’no chiqdi gulboqqa,
Ertalab gul uzmoqqa.
Vojatiy opasiga
Gulni hadya qilmoqqa...
degan she’rlarni pichirladim, qandaydir o‘rtanib ketdim. Ular Tojiniso opam maktab kitobida o‘qiganida yodimda qolgan.
Maktabga chiqqandimmi-yo‘qmi, uyimiz to‘rida turgan televizordan “Hur qizlar” filmini ko‘rsatishdi. U yillarda urush kinolari yotvolib ko‘rilardi. Men – bola, mijja qoqmay ko‘rdim. Besh gulday qiz kinoda emas, mening yuragimda nobud bo‘ldi... O‘sha yerda bo‘lib qolishni, besh qiz uchun boshqacha qasos olishni istardim. Stadionda yoki dala chetida qo‘y boqarkanman, kino voqealari esimga tushib, ko‘zimdan yosh chiqib ketardi.
Keyinchalik “Soldat otasi” degan kinoni ko‘rganimda shunday holatga tushdim... Hali hayotimda katta voqealar ro‘y berishini, ularga hozirdan taraddud ko‘rishim kerakligini his qildim.
Bundan oldin eski uyda yashagan paytimizni, qishlar, bahorlarni eslayman. U bir aytib ado qilib bo‘lmas afsona edi. Tongda azon chaqirig‘idan uyg‘onaman – xona chetida otam namoz o‘qiyapti. Tinglab, so‘zlarni ichimda takrorlab yotaman. Birozdan keyin sandiq-radioda lappak – plastinka aylanadi, qo‘shiq yangraydi: “Har yigitning aslin bilay desangiz... Birov bilan oshno bo‘lay desangiz...”, “Ta’lim bergan ustozingdan ayrilma...”. Men otamdan “ma’rakada o‘tirib-turish” nima degani deb so‘raganimni eslayman. Otam qo‘shiq ma’nosini erinmasdan tushuntirib, menga do‘stlik xususida ilk saboq bergan edi. Endi qo‘shiqdan kelib chiqib, tengdosh do‘stlarimni taqqoslayman. Jo‘ralarimning eng sadoqatlilari men bilan to‘qayga boradiganlari bo‘lsa kerak.
Darvoqe, to‘qay...
Men Rahimboy akam bilan to‘qayga qo‘y boqib boraman. Kun bo‘yi to‘qayda yuramiz. Nonni buloq suviga bo‘ktirib yeymiz. Qo‘ziqorin izlaymiz. Tepaliklar yonboshida tuproq bo‘rtib turadi. Qo‘limizdagi yulg‘un novdasidan sindirib olingan cho‘p bilan chetga suramiz, tagidan qo‘ziqorinning oq qalpog‘i ko‘rinadi. Boshimizdan qalpoqni olib, ichiga terilgan qo‘ziqorinlarni solamiz. To‘lib ketadi. Ayniqsa chaqmoq chaqib, momaqaldiroq gumburlab, yengil yomg‘ir yog‘ib o‘tgach, o‘ngirlar, dalalar qo‘ziqoringa to‘ladi. Odamlar qo‘ziqorin momaqaldiroq bilan birga ko‘kdan tushadi deyishadi.
To‘qayda o‘tin serob. Men o‘tin terib, yalang joyga to‘playman. O‘t yoqamiz. Gulxanning ikki chetida ikkita yassi tosh. Shu toshlar ustida o‘tiramiz. Tosh olov taftida yaxshigina qiziydi. Qo‘ziqorinlarni cho‘g‘da toblaymiz, ba’zan cho‘qqa ko‘mamiz. Eng osoni qo‘ziqorinni tozalab, cho‘qqa to‘nkarib qo‘yish. U bir zumda issiqda kuyadi va vishillab suvi chiqadi. Shunda gazit parchasiga o‘ralgan tuzni qo‘ziqoringa sepaman. Havoga qo‘ziqorinning ishtahani qo‘zg‘atuvchi hidi yoyiladi. Eh, u qo‘ziqorinlarning ta’mi hali-hali og‘zimda...
Nega qo‘ziqorin deyiladi, bilasizmi? Chunki qo‘ziqorin chindan ham qo‘zining qorniga o‘xshaydi. Buni qo‘zi boqqan, so‘yilgan qo‘y qornini ko‘rganlar yaxshi biladi.
To‘qay adog‘idagi daryoga qarmoq tashlab baliq tutamiz. Miriqib cho‘milamiz. Tuproqqa ag‘nab, qumga ko‘milamiz. Quyosh issig‘ida tanib bo‘lmas darajada qorayamiz. Badanlar misdek yaltiraydi. Keyin ilondek po‘st tashlaymiz. Jasur, baquvvat yigitlar – ularning orasida katta akam, amakimning o‘g‘illari ham bor – asov daryodan suzib o‘tishadi. Ularga havas qilaman.
To‘qayda har xil jonivorlar bo‘ladi. Ancha keyin otamdan eshitgandim: otam oxirgi marta 1948-yili – oilamiz to‘ng‘ichi Shodigul opam tug‘ilgan yili to‘qayda yo‘lbars bolasini ko‘rgan ekan. Yo‘lbars 1950-yillarning o‘rtalarigacha, bo‘ri, shoqol, to‘ng‘iz asrimiz boshigacha bo‘lgan, quyon, o‘rdak, g‘oz, yumronqoziq, tipratikan, toshbaqa, tulki va burgut, kalxat kabi yirtqich qushlar hozir ham mo‘l deyishadi.
Qorong‘ida qo‘y haydab to‘qaydan qaytar ekanmiz, charchoqning zo‘ridan ertaga albatta paxtaga boraman, dala yaqinroq derdim o‘zimga o‘zim. Lekin negadir tongda yana to‘qayga qo‘y haydayotgan akamga ergashardim...
1973-yilning yozi. Ikkinchi sinfga ko‘chganman. Ta’til endi boshlangan. Iyun oyining boshlari. Tengdosh bo‘lalarim Rasul, Bahrom bilan qo‘y boqib yurib, qishloq pastidagi katta zovurda cho‘milamiz. Yer keng, jonivorlar o‘z erkida yuradi. Uydan uzoqligi uchun bizni hech kim nazorat qilmaydi. Qo‘y-mollarni “navbat-navbat qaytarish” deb e’lon qilamiz-da, kun bo‘yi suvdan chiqmaymiz. Shunda men mazam qochib, kasal bo‘lib qoldim. Isitma qilib alahlayman. Onam duxtirga olib bordi. Yigirma kun o‘sha kasalxonada bo‘ldim. Bitta palataga bir o‘zimni yotqizishgan. Bir haftadan ko‘proq otam yonimda bo‘ldi. Menga o‘rnimdan turishni, yurishni taqiqlashdi. Otam tepamda, qo‘lida ro‘mol, meni tinimsiz yelpiydi, dam-badam dokani ho‘llab, peshonamga bosadi. Issig‘im tushmaydi. Kiyimlarimni yechib otaman. Otam u yoq-bu yoqqa chiqqanda karovatning tagiga tushib yotib olaman. Taqir pol salqinroq tuyuladi. O‘shanda otam yelhaydar – ventilyator toptirib keldi. O‘sha paytdagi eng zamonaviysi. Kulrang temirdan, parraklari jigarrang qalin rezin. Otam dalaga, paxtaga chiqishi kerak ekan – ketdi. Endi onam menga qaramoqda. O‘n besh kunlarda kasalim nima ekani ma’lum bo‘ldi: xavfli! “Tezyordam” mashinasi meni katta shahardagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borayotir. Ota-onam yonimda, o‘rtada cho‘zilib yotibman. Ko‘nglim ayniydi. Alahlayman. G‘o‘ldiraganimni keyin sezaman. Tepamdagi oq xalat boshimga engashib, nimalardir deydi. Onam menga katta oq olma tutadi. Tishlab uza olmayman, uzsam chaynayolmayman. Majburlashadi, ammo faqat suvini shimiyman.
Tog‘ yo‘lidan borayapmiz. Ikki tarafni archa qoplagan. Osmonda burgut aylanayotganini oynadan ko‘raman. Katta shaharda kasalxonada salkam ikki oy yotaman. Kunora navbat-navbat onam, otam, akam kelib xabar oladi. Bozor noni – nonvoy non ta’mini o‘shanda sezganman. Onam-otamni, uyni juda sog‘inaman. Mening shu yozim kasalxonada o‘tdi. O‘sha kezlarda onamni, ayniqsa otamni o‘ylasam, ko‘zimga yosh keladi, ichim achiydi.
O‘zi bolalikdan dardga oson chalinadigan edim. Shuning uchun bo‘lsa kerak, onam bilan otam meni boshqacha yaxshi ko‘rishardi. Yana bir jihat borki, dardmandroq bo‘lgan odam o‘z-o‘zidan biroz erkaroq, xayolkashroq ham bo‘ladi. shoirlikka ochilgan yo‘lda o‘sha goh quvonchli, goh iztirobli xayollarning ham o‘rni bor...
* * *
1974-yil aprelda bag‘ri qaynoq Qiziriqqa ko‘chib keldik. Katta opam – Shodigul opam bilan ikkinchi sinf o‘quvchisi men xat yozishamiz. “Ushbu yozayotgan xatim tez kunlar ichida yetib borib ma’lum bo‘lsinki...” deb boshlayman xatlarimni. Bu iborani opamdan o‘rganganman. Opam – o‘rta maktabning oliy ma’lumotli tarix o‘qituvchisi, uch bolaning onasi – erinmasdan mening ezma xatlarimga javob yozadi. Xatda jiyanlarimni nomma-nom so‘rayman, opam ham nomma-nom javob yozadi va biz tomonni sinchiklab so‘raydi. Muallim emasmi, qizil qalam bilan xatlarimdagi xatolarni tuzatib o‘zimga qaytarib yuborgan vaqtlari ham bo‘lgan. Xat yozganimda, opamning xatlarini o‘qiyotganimda negadir ko‘zimdan yosh sizadi. Shu xatlar tufayli oq qog‘ozga yozishga qiziqdim. Shu xatlar menga xatosiz yozish kerakligini o‘rgatdi. Opamning xatlari ustoz bo‘ldi menga. Menga sog‘inchdan, oqibatdan, mehrdan dars berdi...
Yangi joyda uyimiz eng chetda edi, hali tok tortilmagan, chiroq yo‘q, besh-olti oymi, ko‘proqmi, chiroqsiz yashadik. Lampa chiroq yoqardik. Chiroq yorug‘ida dars qilardik, kitob o‘qirdik. Suvni maktab yonidagi krandan kattaroqlarimiz chelakda, bizga o‘xshagan bolalar katta temir choygumlarda tashirdik.
“Igna to‘n tikadi, lekin o‘zi yalong‘och qoladi” deyilganidek, bu yerda ham turmush oson kechmadi. Bu yerda ham ota-onamning umri dalada, paxtazorda o‘tdi. Oilamiz erta bahorda dala boshiga, poliz tepasiga ko‘chib chiqib, qamishdan chayla yoki shax-shabbadan kapa tiklar, kech kuzgacha o‘sha yerda yashardik. Yozning issig‘i ekin-tikin tugul odamniyam erta pishiradi... U issiqlarda odam tugul tosh ham pishardi. Qiziriqmisan – qiziriq!
Biz bolalar nima qilib bo‘lsa ham ro‘zg‘orga yordamimiz tegsin deb kattalarning atrofida erta-kech kuymalanamiz. Katta maydonlarda moshni o‘toq qilardik, polizda, paxtazorda ketmon chopardik, o‘rilgan o‘tni bog‘lardik. Zim-ziyo tunlarda otam, akam, opam bilan yonma-yon turib o‘t, makkajo‘xori o‘rardik, oy yorug‘ida jo‘xori sitardik, poda o‘tgan paykallardan tezak terardik. Xalta to‘la bo‘lsa, ko‘tarolmasdik, shuning uchun bo‘lalarim Sohibnazar, Olim, ukam Rahmat, men yarim xalta-yarim xalta qilib tezak tashirkanmiz, ro‘zg‘orga nafimiz tekkanidan xursand edik. Otam – tinib-tinchimaydigan odam, tush paytlaridayam bizni tindirmasdi: yantoq chopardik, qurigan o‘tlarni bog‘lardik, qo‘ylarning junini olardik, yagana, chekanka, paxta terimi... hammasida hozir-u nozir edik. Otam no‘xta, murvat, qoziqqa o‘xshash ashqol-dashqollarni o‘zi yasar, hammamizning oyoqkiyimlarimizni o‘zi ta’mirlardi. Buning uchun kerak bo‘ladigan uchi qayrilgan maxsus uskuna, qisqich, iskana, bigiz, har xil mix, ipak ip alohida temir qutida turardi. Teshilgan kirza etikning qo‘njini kesib, tagini kovush qilib berardi. Mol bog‘lanadigan kanop ipni o‘zi eshardi. U kishi yerda o‘tirib, bilagidan kanopni o‘tkazar, rosa tob berib, uchini menga tutqazardi. Men arqonning uzunligi qancha bo‘lishi kerak bo‘lsa, shuncha masofaga borib kelaverardim. Arqon eshish biz – bolalar uchun bayram edi, chunki bu yumush jarayonida chayla soyasida tursa bo‘lardi. Shu o‘rinda otamning bir-ikki gapini eslagim keldi: “Molga qarasang semiradi, bolaga qarasang odam bo‘ladi”, “Yomon odam dinga kirsa ham o‘zgarmaydi, yomonligicha qoladi”.
1974-yilning yozi. Kattalar tongdan dalaga ishga ketadi. Uyda bola-baqra qolamiz. Eng kattamiz – opam. Ayni tush payti, nafas qaytadigan issiqda qishloqdan sentr (sovxoz markazi)ga – uch-to‘rt chaqirim yo‘lga bo‘lalarimiz bilan birga piyoda boramiz. U yerda kitob do‘koni bor. Do‘kondan to‘plagan tanga-chaqalarimizni qo‘shib, kitoblar – asosan rangli, rasmli, ertak kitoblar sotib olamiz. So‘ng uyga kelib, yotvolib o‘qiymiz. Nazarimda, shu kitoblar birinchi ustozlarim bo‘ldi. Nazarimda, shu kitoblardan ilk saboqlarni oldim.
Qizg‘in yoz. Tezroq kech tushishini kutaman. Negaki, kechki ovqatdan keyin u-bu yumushlar bajariladi-da, o‘rinlarga yotiladi. Kunduz issiq bo‘lsa-da, tunlar salqin, cho‘l tunining yoqimli shabadasi esadi. Osmon to‘la yulduz, bir-biridan katta, bir-biridan yorqin, qo‘l cho‘zsa yetkudek... Borliq jahonni yoritib to‘lin oy to‘lg‘onadi. Negadir uni onamga mengzayman. Chigirtka-yu chirillovuqlarning chirillashi ham tinib bormoqda.
Taxta so‘rining o‘rtasida opam o‘tiribdi, bir yonida Ra’no singlim, boshqa yonida Zulayho, Saida bo‘lalarim, atrofda biz kabi dalaga ko‘chib chiqqan qo‘shnilarimizning qizlari, bolalar... Opam ertak aytadi. Bir pasdan keyin hamma ertakka ko‘chib o‘tadi. Hech kim qimir etmaydi, ovoz chiqarmaydi. Opamning ertaklari ayniqsa meni butkul sehrlaydi. Tosh yorilib, orasiga berkingan qizga, dev jangda oyoqlarini uzib tashlagan, kunduzlari toshlar orasiga berkinib, tunda boshqalarning poliziga tushib, odamligini bilmasliklari uchun qovun-tarvuzni jayraga o‘xshab yegan yigitga, podshoning qiziga aldangan Bunyodga rahmim keladi. Malikani qimmatbaho taqinchoqlari bilan yutib yuborgan nahangni, tikanzorga do‘ngan taroqni, dengizga aylangan oynani ko‘z oldimga keltirib hayratlanaman. Qorabotirlarni yomon ko‘raman, Tohir-Zuhralarga mehrim tovlanadi. Opam har gal yangi ertak aytadi, so‘rasakkina takrorlaydi.
Opamning ertak dengizi bormidi, tugamasdi.
Bu ertaklar mening ko‘nglimni tarbiyalagan, qalbimga mehrdan saboq bergan.
O‘n bir yoshimdan boshlab har kuni tong qorong‘isida turardim, kunchiqar oqarmagan, ko‘kda yulduzlar jimirlaydi. Boshqalarni bezovta qilmaslik uchun loysupaning chetida yotaman. Onam men yotgan tomondan kelib, pashshaxonani ko‘tarib, “Bolam, jon bolam, turaqol, qo‘ylaringni yoyib kel...” deydi, kechagi bolacharchoq to‘rida erinchoq kerishsam, otam bir og‘iz “Tur!..” deydi. Shu zahoti otilib turaman. Ko‘pincha bu chog‘da otam allaqachon katta ketmonini ko‘tarib, egatlarga suv taragani ketgan bo‘ladi. Mabodo hali ketmagan bo‘lsa, “Tur!..” degan turtkini albatta eshitardim. Zing‘illab borib qo‘ra erganagini ochaman. Qo‘ylar ham o‘rgangan: shu pallada baravariga ma’rayveradi.
Qo‘y bir qorinlab to‘yib, o‘tlamay, bir-birining soyasiga kallasini tiqqan choshgoh mahal yana uyga qaytaman. Biroz dam olib, nonushta qilib, o‘rog‘imni olib g‘o‘za ichidan o‘t o‘rishga jo‘nayman. To‘rxaltaga kichikroq qovun yoki tarvuz... O‘roqning tig‘ini o‘t bilan tozalab artib, qovunni so‘yib yeyman. Ham chanqoqni bosadi, ham qorin to‘yadi. Baland g‘o‘za dim qaytarib, nafas olish qiyinlashadi.
Tushda chaylada soyalab o‘tirganimizda otam daladan keladi. Ikki qo‘lida qovun-tarvuz. Tushlikdan so‘ng... Kun qiyomda... Endi hammamizni polizga olib chiqadi. Kechki palakning pushtasini yumshatib, bo‘g‘ziga tuproq tortib chiqish kerak. Onam choy damlab, palakning orasiga quyosh tushmaydigan qilib qo‘ygan. Choy, shabada esayotgani uchunmi, muzdek bo‘ladi. Agar choynakda suv bo‘lsa, choydek sovumaydi, aksincha, soyada ham ilib qoladi. Chaylaning tagida qalin qamish-qiyoq soyasidagi suvli chuqurga sopol ko‘za tashlab qo‘yilgan, u Sherobod ko‘zasi, uni otam atayin Sherobodga borib olib kelgan. Ko‘za suvga to‘la. Og‘ziga latta tiqilgan. Namli ko‘zada suv salqin turadi.
Sizga hikoya qilayotgan bu kechmishlarim faqat o‘zimniki emas, balki men qatori unib-o‘sgan minglab bolalarning – butun bir avlodning kechmishlaridir.
Shunday tushlik tanaffuslarida “Sharq yulduzi”, “Guliston”, “Mushtum”, “Fan va turmush” jurnallarini, “O‘zbekiston madaniyati” va boshqa gazetalarni o‘qiyman. Ularni kattalardan kimdir ish bilan qishloqqa tushganda, xatlar bilan birga pochtadan olib kelgan. Abdulla Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar”, “Sinchalak”, Lev Tolstoyning “Bolalik. O‘smirlik. Yoshlik”, Rashod Nuri Guntekinning “Choliqushi”, O‘lmas Umarbekovning “Sevgim-sevgilim...”, Mirzakalon Ismoiliyning “Odamiylik qissasi”, Odil Yoqubovning “Er boshiga ish tushsa...” kitoblarini, Hamid Olimjon, Mirtemir, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjon, Pushkin, Lermontovning she’riy to‘plamlarini va yana bir qancha kerak-nokerak kitoblarni o‘qiganman o‘shanda. O‘sha paykallar ham savodxon edi juda. Kitobga onam qiziqadi. Shu qiziqish menga ham o‘tgan. Onamga she’rlarni, “Odamiylik qissasi”ni bir necha kun davomida to‘liq o‘qib berganman. Lekin kitoblarni yoshimga qarab o‘qimayman, qo‘limga tushganini o‘qiyveraman.
Shu paytgacha o‘qiganlarimni jamlab, bugungi she’riyatning yetakchi tendensiyalarini kuzatib, aytishim mumkinki, poeziya hech qachon xonakilashtirilmasligi, ekinlashtirilmasligi, rayonlashtirilmasligi kerak. Shundagina poeziyada stixiya – o‘z erki, o‘z-o‘zicha ro‘y beradigan harakat bo‘ladi.
She’riyatda doim stixiya bo‘lishi kerak.
U paytda... Kitob, ayniqsa she’r o‘qisam, o‘zimning ham nimalardir yozgim keladi. Bir fursat avval – yanvar, fevral oylarida, quyoshli qish kunlarida hovli chetidagi g‘o‘zapoya g‘arami ustida oftobda toblanib kitob o‘qib o‘tirganimda ham shunday holatga tushganman. Qoplon itimiz g‘aram ustiga, yonimga sakrab chiqib, dam-badam qo‘limdagi kitobni hidlaydi, menga suykaladi. Kitobni o‘qiyotib, to‘xtab qolaman. Voqealarni kitobdagidek emas, xayolimda o‘zimga yoqqandek davom ettiraman. Men bo‘lganimda mana bunday yozardim deb o‘ylayman. Chiroyli muqovali kitoblarni ko‘rib, o‘zimning ham shunday kitoblarim bo‘lishini xohlayman.
Yozgi ta’tilda edik. Uyda daftarlarga (keyinchalik o‘sha birinchi daftarlar yo‘qolib ketdi) yozib yurgan mashqlarimni oq qog‘ozga ko‘chirib chiqdim. Opam meni tuman gazetasi tahririyatiga olib boradigan, yozganlarimni tahririyatdagilarga ko‘rsatadigan bo‘ldi. Ertalab uydan chiqib, avtobus bekati sari borarkanmiz, men boshqalarning hovlisida o‘sgan gullarni qo‘lim bilan ko‘rsatardim: “Qarang, qandaylar chiroyli... Qarang, uyimizdagi guldan ekan...”. Opam birovning uyi, hovlisidagi narsalarni barmog‘ing bilan ko‘rsatma dedi. So‘ng jim ketaman...
Sakkizinchi sinfda bir oqko‘ngil, a’lochi, orzulari mo‘l sinfdoshim bilan kitob almashib o‘qiydigan bo‘ldik. U badiiy kitoblar o‘qishga qiziqar, men ham kitob o‘qishni yaxshi ko‘rardim. Kitoblarning orasida xatlar bo‘lardi. Xatda bir-birimizga o‘qigan kitoblarimiz, yangi adabiy qahramonlar to‘g‘risida gapirardik, bahslashardik. Doim toza-ozoda, yoqasi oppoq kiyimlar kiyar, engil-boshini o‘zi dazmollab, o‘ziga qarab, sochlarini tarab yurardi. Adabiyotdan olimpiadada qatnashganim va yana qatnashmoqchi ekanimni bilib, menga “Adabiyot nazariyasi” degan muqovasi ko‘k, yap-yangi kitobni esdalikka berdi. Men unga Oybekning “Ulug‘ yo‘l” romanini sovg‘a qildim. O‘shanda undan ortda qolmaslik uchun ko‘p kitob o‘qiydigan, erinmasdan qog‘oz qoralaydigan bo‘ldim.
* * *
– Ana, ana, onam kelayapti! – deb baqiradi opam quvonch bilan. Salqin tuproqda uxlab yotgan singlim uyg‘onib ketadi. Qorong‘ida besh-olti ayolning sharpasi ko‘rinadi. Ularning qo‘llarida taxlangan kichik tugun-dasturxon, boshlarida bir-bir fartuk o‘t. Onalar g‘o‘za chopig‘ida egatlardan chiqqan o‘tni to‘plab boshlarida ko‘tarib kelishmoqda. Onamga qarab chopamiz. Mushtiparim engashib qiz-o‘g‘illarini bag‘riga bosadi. “Ona...” desak, ismimizni aytmaydi, “jon...” deydi. Onam bizni uyga kirmaganimiz, hanuz och-nahor o‘tirganimiz, ustiboshimiz bir ahvoldaligi uchun urishsa edi deyman. Yo‘q, onam urishmaydi.
Onam bilan kelayotgan ayollarning qadamlari tezlashadi, uzoqlashib uylariga ketishadi. Endi onam ustidagi chang-g‘uborni qoqqach, ro‘zg‘orga qaraydi: qozon, kapkir tiqirlaydi, o‘choq, tandirda o‘t yonadi. Sigir sog‘iladi. Orada katta qozonda suv isitilib, kulda kir yuviladi. Tongda bir tandir non uziladi.
Uyg‘onib, shoshib o‘ringa qarayman: men bilan ukamnikidan boshqa barcha joylar – ko‘rpa-to‘shaklar yig‘ishtirilgan. Demak, ota-onam dalaga ketib bo‘lishgan...
Shunda onam bilan otamni sog‘inganimdan yig‘lab yuboraman...
* * *
Agar men... Mabodo men... shoir bo‘lolgan bo‘lsam, meni kitoblar emas, ota-onamning taqdiri, ular chekkan zahmat-u mehnat, bu katta dunyodagi kichik oilamizning qismati shoir qilgan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Mening eng birinchi muallimlarim, ustozlarim, ustozdan ham ziyodlarim ota-onam bo‘lgan. Ular o‘qish-yozishda judayam savodli emas edi. Lekin meni mehnatga, halollikka, to‘g‘rilikka o‘rgatdilar. Ular hali hayotda yovuzlik, shafqatsizlik, xiyonat, iymonsizlik, adolatsizlik, tengsizlik qirilib bitmaganini so‘zsiz, ta’kidsiz uqtirdilar.
Ularning hayoti men uchun dars bo‘ldi. Men o‘sha bolaligim o‘tgan joylardan juda olisda yashayman. U taraflarga yo‘lim tushib qolsa ham qishlog‘imga borishga yuragim dov bermaydi. O‘sha meni ulg‘aytgan dalalar, daryo-yu to‘qayzorlar va odamlar endi yo‘qligini his qilaman. Men o‘shalarni behuda izlashimni sezib u tomonlarga borishdan qo‘rqaman. Bu qo‘rquv Rahmat ukam yo‘qolib qolgan oqshomdagidan ko‘ra kattaroq, ma’nosi teranroq...
U joylarda ham yangi zamon sarvati qad kergan albatta. Men o‘sha aziz damlarim, qutlug‘ manzillarimni buzilmagan, o‘zgarmagan holida qalbimda olib yurgim keladi.
Ha, men hayotim davomida o‘sha voqealardan chiqib ketmadim... ketolmadim... Ha, men bir umr et-u suyagimgacha, ruh-u yuragimgacha qishloq odami bo‘lib qoldim. O‘sha hayotni vatan deb tanidim. O‘sha odamlarni xalqim deb bildim...
Salim ASHUR
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2026-yil 3-son.
Jarayon
Tarix
Tarix
San’at
Jarayon
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q