Yurtdoshimiz, jahon adabiyoti maydonida o‘zining salmoqli asarlari bilan e’tirof etilgan yozuvchi va tarjimon Hamid Ismoilning 2026-yilgi Nobel mukofoti nomzodlari qatorida borligi adabiyotimiz tarixidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi. Xo‘sh, bu ijodiy parvoz boshlanishi qanday kechgan?
Taniqli jurnalist Pahlavon Sodiqning bundan o‘ttiz yil muqaddam – 1995-yil bahorida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida chop etilgan, adib bilan qilgan suhbati aynan shu savolga javob beradi. Unda Hamid Ismoilning G‘arb va Sharq qutblari, shaxsiyat erkinligi, mumtoz meros va ijodiy izlanishlar haqidagi o‘sha paytdagiyoq teranlashgan qarashlari aks etgan. Bugun ushbu gurungni qayta o‘qish orqali yozuvchining yillar davomida qanday estetik evolyutsiyani bosib o‘tganiga guvoh bo‘lasiz.
Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan mazkur suhbat o‘quvchiga Hamid Ismoil shaxsiyati va ijod laboratoriyasini yaqindan tanishtiradi.
(Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, Oyina.uz Hamid Ismoilning “Jinlar bazmi yoxud katta o‘yin” romani haqida avvalroq ikki qismli tahliliy maqola e’lon qilgan edi.)
Ikki qutb orasida
– Hamid aka, siz dunyo ko‘rgan shoirsiz. Ayni paytda o‘zbek va butun umumturkiy she’riyatni g‘arbda targ‘ib qilayotgan qalam ahllaridan birisiz. Ijodingizda ko‘pincha bir jihatni kuzataman: “O‘zdan qochish”. Siz biz ko‘nikib qolgan adabiy va nafaqat adabiy, balki hayotiy qoliplarni ham inkor qilishga tirishasiz. Ayting-chi, bu “qochish”, falsafiy ma’noda “musbat” qochishmi yoki “manfiy”mi?
– Bilasizmi, “o‘zdan qochish” degani, “o‘zingizni tekshirish” degani. Ya’ni butun umr qilib yurgan ishim – “o‘zimni tekshirish”dan iborat. Masalan, o‘zimni o‘zimdan ajratib ko‘rishim. Aslida bu tabiatan mumkin bo‘lmagan narsa. Istasam ham bu narsadan ajray olmayman. “Qochish”ga harakatlar qilganman. Yoshlikda “qochish”ga harakatlar qilasiz. G‘arb adabiyotini avaylaysiz. O‘zingizcha yangi narsalar topishga urinasiz.
Men ham rus tilida ko‘p yozdim. Bir tomondan turg‘unlik deymiz, boshqa ba’zi narsalar... Odam o‘zgargisi keladi. Biroq xamirturushing, butun vujuding o‘zbek bo‘lganidan keyin qocholmas ekansan. Yoshlikda juda g‘arbga berilib, o‘ta syurrealistlarni o‘qib yurgan paytlarimizda, ruscha she’rlarda “uh, shu narsani topdim” deb o‘ylaganmiz, keyin qarasak, Navoiyda ayni shu narsa boshqacharoq shaklda ifoda etilgan ekan. Istaysizmi, istamaysizmi, bu sizning tabiatingizdan kelib chiqqan.
Bir misol: daraxt o‘sar ekan, uning ichida qancha daraxtlar birga o‘sayotganini xayolimizga ham keltirmaymiz. Holbuki, bu katta daraxtning ichida o‘tgan yilgi, undan avvalgi yilgi, qo‘yingki, yigirma besh yil oldin o‘tqazilgan nihol bor. Shunga o‘xshab, bizning shakllanishimizda ham, istaymizmi, yo‘qmi, ota-bobolarimiz ichimizdan “o‘sib chiqishadi”. Bu yerda bir mas’uliyat bor. Ular sizni yaratishgan ekan, ruhiy dunyongizni shakllantirishgan ekan, siz ham ular uchun bir ko‘priksiz. Bu masalada ikki xil qarash bor. Biri “odam o‘z-o‘ziga xo‘jayin, o‘z-o‘ziga sohib” degan g‘arbona qarash; ikkinchisi esa, odam Olloh bilan boshqa odamlar o‘rtasidagi, aytaylik, bir ko‘prik” degan sharqona qarash. Menga qonimdan, kelib chiqishimdan ikkinchi nuqtayi nazar yaqinroq. Ya’ni haqiqat bo‘lsa, boshqa narsalar bo‘lsa, unga biz sohib emas, balki shu narsalarni yetkazib beruvchi bir vositachimiz. Shu jihatdan, o‘zimning shaxsiy biografiyamga qaraydigan bo‘lsam ham, men bir vositachiman. Ya’ni mening orqamda qancha insonlar o‘tib ketishgan. Kimlardir yashagan, kimlardir ulgurmagan. Shularning mas’uliyati sifatida bugungi kunda men yashab yuribman. Men bugun Hamid Ismoil sifatida faqat o‘zim uchun javobgarmasman, ayni paytda butun boshli shajara uchun mas’ulman. Shundan xulosa qilishim mumkinki, o‘zim mas’ul bo‘lgan millatga – o‘zbeklarga munosabatim mening o‘z-o‘zimga munosabatimdir.
– Nazarimda, suhbatimiz o‘z-o‘zidan “men” tushunchasiga borib taqalyapti. Sharq adabiyotida “men” yo‘q. Ya’ni “fard” tushunchasi istisno, balki “umma”, ya’ni “biz” bor, degan qarashlar mavjud. “Men” g‘arb tafakkurida hokim bo‘lgan bir narsa va g‘arbdagi butun g‘oyaviy kurashlarning asosida ana shu “men” yotadi, degan da’volar, sizningcha, to‘g‘rimi?
– Bu ancha murakkab savol. Bir tomondan biz aytamizki, o‘zbekchilik, bu – qavmchilik, yoki Islom bu – qavmchilik, deymiz. Islomda umma bor, lekin shaxs yo‘q, deymiz. Ummaning shaxs ustidan ustuvorligi hamisha ta’kidlanadi. Bu bizning ongimizga singib ketgan. Hattoki, deylik, she’riyatimizda. An’anaviy she’riyatimizda hamisha jumlaning bir so‘z ustidan ustunligi keladi. Jumla, “umma” sifatida, deylik, “shaxs” yoki bir so‘z ustidan hamisha ustun. Shuning uchun o‘zbek she’riyati odatda satrlar bilan yoziladi. So‘zlar bilan emas-da, satrlar bilan.
Lekin harakatlar bo‘lgan. Islomning o‘zida: Tasavvuf. Mansur Hallojni olasizmi, kimni olmang, bu – Shaxsiyat. Bevosita “Men”ga qaytish. Shuning uchun buni Islomga yo‘yish mumkin ham, mumkin emas ham. Ikkinchidan: Cho‘lpon she’riyatini olaylik, yoki shu asr boshi she’riyatini. Cho‘lponning o‘zbek she’riyatidagi eng katta xizmati – so‘zga so‘zligini qaytarib bergani, alohida so‘zlar bilan yozganligidir. Cho‘lponning she’rlari haligacha yurak-yuraklarimizga, deylik, bizning qo‘shiqchi shoirlarimiz bor-u, shular qadar singimagan. Chunki bu mutlaqo shaxs nuqtayi nazaridan yaratilgan she’riyat.
Aytmoqchi bo‘lganim, harakatlar bo‘lgan. Menimcha, haqiqat na u yoqda, na bu yoqda. Na “men”da, na “biz”da. O‘sha “biz” “men”lardan tashkil bo‘ladi. Lekin “men” “biz”lardan ajralib “men” bo‘ladi. Biz hamisha o‘zimizni chegaralashga o‘rganib qolganmiz. Yo u haqiqat, yo bu haqiqat, deb. “Qars ikki qo‘ldan chiqadi” deymiz-u, aslida qars – bir shapaloq ham, ikkinchi shapaloq ham emas, ikkalasining orasidan chiqqan ovoz. Shunga o‘xshab “haqiqat” ham “u” yoki “bu” emas, balki o‘rtadagisidir.
Mana, Sharq falsafasini olib ko‘ring: Attordagi Semurg‘ obrazi. Haqiqat – Semurg‘ mujassam bir shakl emas, balki o‘ttizta qushning bosib o‘tgan yo‘li (tariqat). Bu yerda ham haqiqat bir nuqta emas, balki yo‘l, jarayon sifatida ko‘rsatiladi. Lekin buni ana shu “nuqta”da anglaysiz. Yana yuqoridagi mavzuga qaytyapmiz. Siz o‘zgarasiz. Siz endi eski “men” emassiz, boshqa “men”siz, ayni paytda Sizning ichingizda ilgarigi “men” ham bor. Daraxtning ichida boshqa daraxt bo‘lgani kabi.
– G‘arb Uyg‘onish (renessans) madaniyati haqida ko‘p gapiriladi. Bu madaniyatga shubha bilan qarovchi ba’zi tadqiqotchilar, biz tushungan ma’nodagi renessans G‘arbda paydo bo‘lgan emas, u atay o‘ylab chiqarilgan, renessans bir mafkuradir va bu mafkura bo‘lmasa, G‘arb madaniyati ostin-ustun bo‘ladi, deyishadi. Sizning bu masaladagi qanoatingiz qanday?
– Umuman, G‘arb bilan Sharqning orasidagi bo‘linishga keladigan bo‘lsak, hozir aytganimday, siz sohiblikka egasiz, ya’ni shaxs o‘zini sohib deydi, bu – G‘arb qarashi. Musulmon Sharqida esa hamma narsa – Ollohga molikdir. Biz ijarachilarmiz xolos. Aslida odamzod shu ikki qutbning orasida yashaydi. Lekin moyillik, tendensiya doim bir tomonda bo‘ladi yoki ikkinchi tomonda. G‘arb haqiqatan ham shaxsiyat tomoniga o‘tib ketgan. Buning natijasida ancha-muncha narsalarni yo‘qotgan, g‘urbatlarga ham duchor bo‘lgan. Lekin shaxsiyatingizni butunlay yo‘qotib yuborishingiz ham mumkin emas, chunki Olloh sizni shaxs sifatida yaratgan. Olloh har bir insonning zimmasiga bir mas’uliyatni yuklab qo‘ygan. Bo‘lmasa hammamizni bir xil, aytaylik, gidralarga o‘xshatib yaratishi mumkin edi-ku? Nima uchun bizni turli qilib yaratdi? Demak, bunda ham qandaydir hikmat bor. Biz shundan kelib chiqishimiz kerak. Shaxs ekanmiz, shaxsiyat haqida ham o‘ylashimiz kerak.
Ayni paytda bir butun odamzod ekanmiz, odamzodga xos xususiyatlar bizni bir-birimizga bog‘lab turadi, bunga ham mahkummiz. Shu yerda bir narsani aytib o‘tmoqchiman: G‘arb bilan Sharq orasidagi farqni chuqurlashtirish ham mumkin. Biroq ayni paytda ularni birlashtiruvchi talaygina nuqtalar bor. “Faust”ni olaylik. “Faust” G‘arb adabiyotining mahsuli. Asarning kompozitsiyasiga e’tibor bering. Faustning bosib o‘tgan yo‘li ayni “Mantiq ut-tayr” yoki “Lison ut-tayr”da bosib o‘tilgan yo‘l. Yoki “Xamsa”. Nima uchun Nizomiy alohida-alohida yozgan beshta doston birlashtirilib, keyin unga naziralar yozila boshladi. Chunki ularning asosida insonni inson qilib turgan beshta asosiy g‘oya yashiringan: Ya’ni, go‘zallik, ezgulik, ishq, hokimiyat, adolat g‘oyalari.
“Iskandarnoma” hokimiyat, adolat g‘oyasi bilan sug‘orilgan. “Layli va Majnun” – ishq va hokazo... Jahon adabiyotiga nazar soladigan bo‘lsak, har bir adabiyotning yetuk namoyandalari ayni shu shaklni qaytarishadi. Masalan, Pushkinda to‘rtta kichik fojia bor. Shulardan biri – “Mis chavandoz”. “Mis chavandoz” – “Iskandarnoma”dan boshqacha emas. Ya’ni odamning hokimiyatga munosabati, adolat masalasi va boshqa masalalar.
Shekspirni oling. Uning asarlaridagi g‘oyalar ham “Xamsa”dagi g‘oyalarning o‘zginasi. U bu chegaradan chiqolmaydi. Odamzodning asli, tabiati bor. Shuning uchun ham u “odamzod” deyilgan. Bu Rumiyning “Ma’naviy masnaviy”idagi mashhur rivoyatni eslatadi. Ya’ni bir bosh uzumni har xil tilda aytib yuribmiz. Chuqurroq qarasak, hammasining zamiri bir. Intilish bir – ezgulikka, go‘zallikka, eng oxirida, agar ta’bir joiz bo‘lsa, Ollohga deyishimiz mumkin.
– Hatto Dantening “Ilohiy komediya”dagi she’riy shaklni Islomdan keyingi Andalusiya she’riyatidan olgani haqida fikrlar yuradi...
– Shunday. Insoniyat doim bir-biridan o‘rganadi. Sharqdan G‘arb oladi, G‘arbdan Sharq, chunki biz ikki qutb orasidamiz. Mohiyatga qaytadigan bo‘lsak, bola – inson ikki qutb – ayol va erkak orasida tug‘iladi. Demak, hammasi tabiiy bir jarayon.
– Ijodiy intelligensiya har qanday tuzumda sotsialist bo‘lib qolaveradi, degan fikr bor. Ya’ni kapitalizmda ham, kommunizmda ham u haqlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan, u ezilib qaraydigan mazlum bir qatlam bo‘ladi. Mana, siz anchadan beri Londonda yashayapsiz. Shubhasiz, u yerda inson va inson, inson va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar bizdagidan farq qiladi. Ammo bizdagidan mukammalroq deb ayta olasizmi?..
– Albatta, men ham hayotimda ko‘p narsalarni ko‘rdim, ko‘p narsalardan xulosa chiqardim, nimalargadir intildim. Ba’zi yerlarda burnimni qonatdim, ba’zi yerlarda bir narsalarga erishdim. Ertangi fikrim o‘zgarishi mumkin. Biroq hozir o‘ylayotganim, xulosa qiladigan bo‘lsam, shundan iborat: odamning butun dunyoni baxtli qilaman, deb urinishi behuda. Bilasizmi, bu biroz safsatabozlikka o‘xshab ketadi. Albatta, bunday fikrlar bo‘lishi kerak. Masalan, butun dunyoning bir burchagida “MacDonalds” paydo bo‘layotgan bo‘lsa, ikkinchi bir burchagida “MacDonalds”ning kartoshkasini yetkazib berish hisobiga o‘rmonlar kamayib ketyapti. Kimdir qayg‘urishi kerak bu haqda. Hammamiz qayg‘urishimiz kerak. Inson eng avval o‘zidan boshlashi kerak. Xalq, deymiz. Siz ham xalqsiz, men ham xalqman. Xalq degan ibora, bo‘sh ibora. Uni to‘ldiruvchi bizlarmiz. Olloh bizni barkamol qilib yaratishi mumkin edi. Yaratmaganiki, bizlarning barkamollikka intilishimizga asos bo‘lsa kerak. Barkamollikka intilishni esa “men”dan boshlash kerak. Chunki “biz”ga to‘nkab qo‘yishdan osoni yo‘q. Ba’zan hamma aybni tuzumga yoki zamonga to‘nkaymiz. Eng oxirida odam o‘ziga to‘nkay boshlaydi. Aksincha bo‘lishi kerak. Biroq bunga erishish juda qiyin.
– Yaqinda qo‘limga bir kitob tushib qoldi. “Yo‘l” deb nomlangan mazkur kitobning muallifi o‘zbek kitobxonlariga mutlaqo notanish bo‘lgan ism – BELGI. Kitobni o‘quvchilarga taqdim qilar ekan, Siz (so‘zboshisi – Hamid Ismoilniki – P.S.) o‘zbek she’riyatida uch yo‘l borligi, bulardan birinchisi Navoiy, ikkinchisi Cho‘lpon va uchinchisi Belgining yo‘li ekanini qayd etgansiz. Bu yerda mubolag‘a yo‘qmi?
– Mubolag‘a bor. Lekin bilasizmi, Belgi holatida bir xususiyat bor. Aslida, u o‘sha, biz bilgan o‘zaklardan chiqib keladi. Intilishlari ham o‘sha o‘zaklardan. Ulardan uzilib qolgan emas. Yana haligi savollarga qaytib kelyapmiz. Menimcha, hammasi ongdan boshlanadi. Ya’ni xamirturush ongda paydo bo‘ladi.
Yozuvchi va jamiyat deymiz, shu munosabatlarni siyosatga aralashish, siyosat qilish, deymiz. Yozuvchining kuchi, menimcha, siyosatchining kuchidan ancha buyukroq. Masalan, Abdulla Qodiriy hech qachon siyosat bilan shug‘ullanmagan. Lekin uning 20-yillarda mahkamada aytgan so‘zlarini eslang: “Men hammasiga chidashim mumkin. Modomiki, shu qora ko‘zlar mening o‘limimni istayotgan ekan, menga o‘lim jazosini beringlar”. Bu so‘zlar bizning ongimizni ag‘dar-to‘ntar qilib yuboradi. Odamni ag‘darib tashlaydi. Vaholanki, Qodiriy siyosiy pamflet yozib ham bizning ongimizni bunchalik larzaga sola olmagan bo‘lur edi. Shunday holatga tushadigan bo‘lsak, ko‘z oldimizga Abdulla Qodiriy keladi. Uyalamiz, sharmanda bo‘lamiz uning oldida. Shunday holatlar insonni tarbiyalaydi. Shu nuqtayi nazardan hozir ongimizda qandaydir siljishlar bo‘lyapti. Bir tomondan, biz “o‘zbekchilik”ka haddan tashqari bog‘lanib qolayotgandaymiz. Aslida bunday emas. Aslida hayot siz bilan biz o‘ylagandan ancha murakkabroq. Yoki tarix faqat bizning tariximiz der ekanmiz, boshqalarning ham tarixi borligini unutib qo‘yamiz. Biz boshqalarga bog‘liqmiz. Aytaylik, Aflotun bo‘lmaganda, Ibn Sino bo‘lmas edi yoki Ibn Sino bo‘lmaganda Hegel bo‘lmas edi.
Albatta, o‘zbekchilikning o‘ziga xos tomonlarini targ‘ib qilish kerak, milliy ongni shakllantirish kerak, men bunga qarshi emasman. Lekin unutmaslik kerakki, biz odamzodmiz. Odamzodning boshqa qavmlaridan ayri holda bor bo‘lolmaymiz.
Hozirgi zamon she’riyatimizda xuddi shu jihatdan siljishlar bor. O‘zimiz o‘zbek bo‘la turib, o‘zbekchiligimizdan hech qachon voz kechmagan holda, dunyoga ko‘zlarimizni kattaroq ochishimiz kerak. Shu Belgida bor, menimcha. Shuning uchun men uni o‘quvchiga biroz mubolag‘a qilishdan o‘zimni tiyolmadim. O‘zim ham bir paytlar shunday harakatlar qilganman. Lekin mening harakatim ko‘proq eksperiment tariqasida bo‘lardi. Ya’ni ularda tabiiylik yetishmas edi. Belgida esa tabiiylik bor. Kuchanish yo‘q, unda avvaldan “shu she’rni ashula qilib yozaman” degan maqsad yo‘q. Hammasi tabiiy. Menimcha, bu juda muhim. Belgi bir qarashda an’analarimizdan uzoqqa o‘xshaydi. Aslida unday emas. Esingizda bo‘lsa, biz yaqin-yaqingacha ba’zi shoirlarimizni an’analarimizdan uzoqlikda ayblab keldik. Lekin sal kengroq qaraganimizda ko‘rdikki, ular ham butun vujudi, mushohada tarzi bilan an’analarimizga bog‘liq va bir o‘zbekning ongi o‘sha shoirlarda yoki Belgida bo‘lgani kabi farqli bir to‘xtamga kelishi mumkin ekan.
– Kelgusi rejalaringiz haqida gapirib bersangiz.
– O‘ylab qo‘ygan niyatlarim talaygina. Keyingi paytda asosan nasr bilan shug‘ullanyapman. Hozirgi holatim, bilasizmi, sal tinish jarayoniga o‘xshaydi. Hilvatnishinlik jarayoni. Adabiy munozaralarga ko‘pam ehtiyojim yo‘qdek. Hozirgi nasllardan yoshligim biroz uzoqlashib qolganidanmi, ba’zi narsalarga mas’uliyatsizlik, havoyilik bilan qarashga o‘rganib qolganman. Ana shu havoyilikdan qutilib, biroz ishlash niyatidaman...
Suhbatdosh Pahlavon SODIQ.
Toshkent, 1995-yil.
Jarayon
Tarix
Tarix
San’at
Jarayon
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q