Sulh, ma’rifat va saxovat timsoli – Tarixga ta’sir ko‘rsatgan Ming Oyim


Saqlash
11:55 / 08.10.2026 3678 0

Qo‘qon xonligi tarixida ayrim nikohlar oilaviy munosabatdan ko‘ra kengroq ma’no kasb etgan. Ular ortida sulh, siyosiy murosa va hokimiyatlar o‘rtasidagi muvozanat masalalari turgan. Ming Oyimning Norbo‘taxonga turmushga chiqishi ham ana shunday tarixiy voqealardan biri edi. 

 

Asl ismi Faxrinniso bo‘lgan Ming Oyim keyinchalik saroyda nafaqat Norbo‘taxonning rafiqasi, balki “Davlat sohibi” nomi bilan e’tirof etilgan nufuzli malika sifatida tanildi.

 

Biroq Ming Oyimning tarixiy qiyofasini faqat saroydagi mavqeyi bilan belgilab bo‘lmaydi. Uning nomi bir tomonda Farg‘ona siyosiy hayotidagi muhim voqealar, ikkinchi tomonda esa madrasa, xonaqoh, Qalandarxona va muhtojlarga ko‘rsatilgan saxovat bilan bog‘langan. Shu jihatdan Ming Oyim hayotini o‘rganish – Qo‘qon xonligida ayollarning nafaqat saroydagi, balki siyosiy, ma’rifiy va ijtimoiy hayotdagi o‘rnini anglash imkonini ham beradi.

 

Ming Oyim Norbo‘taxonning ikkinchi ayoli, Olimxon va Umarxonning volidasi, shuningdek, tarixchi Hakimxon To‘raning ham buvisi edi. Muhammad Yahyoxon Xo‘qandiyning “Oltun beshik” asarida u kishi “Ming Oyim” sarlavhasi ostida alohida tilga olinadi. Manbada qayd etilishicha, Ming Oyim Oltun Beshik naslidan hamda Ming urug‘ining zodagonlaridan bo‘lgan Imomquli Bahodir Ming ibn Do‘stqulibiy Mingning qizi edi. Taxminan 1160/1747-yilda tavallud topgan [Oltun beshik, 545–549-b.].

 

Hakimxon To‘ra “Muntaxab at-tavorix”da Ming Oyim haqida yozar ekan, uning Norbo‘taxon farzandlarining uch nafari – Olimxon, Umarxon va o‘z onasining volidasi ekanini ta’kidlaydi: “Ikkinchisi amir Olimxon, keyingisi faqirning onasi, uchinchisi amir Umarxon, bularning har uchalasining onasi Irisqulibiy ibn Do‘stqul Bahodirning ukasi Imomqulibiyning qizi bo‘lmish davlat sohibi Ming Oyim edi” [Muntaxab at-tavorix].

 

Shu bir jumlaning o‘zi Ming Oyimning Qo‘qon xonligi tarixidagi o‘rnini anglash uchun kifoya. U kishi nafaqat ikki buyuk hukmdorning, balki tarixchi bir avlodning ham onasi edi.

 

Saroyga olib kelgan siyosiy bo‘ron

 

Ming Oyimning Norbo‘taxon saroyiga kelishi oddiy nikoh voqeasi emas. Uning zamirida XVIII asrning ikkinchi yarmida Farg‘ona vodiysida kechgan murakkab siyosiy jarayonlar yotardi.

 

Norbo‘taxon taxtga kelganidan keyin markaziy hokimiyatni mustahkamlashga intildi. Ammo Chust, Namangan va atrof hududlardagi nufuzli beklar, jumladan Irisqulibiy bilan munosabatlar keskinlashdi. Nihoyat, ziddiyat ochiq to‘qnashuvga aylandi.

 

Hakimxon To‘raning bayonida bu voqealar juda ta’sirchan tasvirlangan. Irisqulibiyning qarindoshlaridan ikki nafar mirbachcha Chust viloyatida Norbo‘taxonga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradi.

 

“Norbo‘tabiy bu xabarni eshitiboq, Xo‘jand lashkari bilan Sayhun daryosini kechib o‘tdi hamda tezlik va chaqqonlik bilan qo‘shinin Chust viloyatiga yetkazdi. Ikki orada shiddatli bir jang bo‘ldi”.

 

Jangda Norbo‘taxon ustun keladi. Chust qal’asi uning tasarrufiga o‘tadi, Norbo‘taxon qo‘shini Namangan tomon harakat qila boshlaydi. Ana shunda Irisqulibiy murosaga keladi va sulh taklif qiladi.

 

Sulhni mustahkamlashning eng ishonchli yo‘li esa nikoh edi. Irisqulibiy o‘z ukasi Imomqulibiy ibn Do‘stqul Bahodirning qizi Ming Oyimni Norbo‘taxonga nikohlab berishni taklif qiladi.

 

Manba bu lahzani o‘sha davrning nafis adabiy tilida shunday ifodalaydi:

 

“...Irisqulibiy ukasi Imomqulibiy ibn Do‘stqul Bahodirning qizi Davlat sohibi (Ming oyim)ni amirlikka munosib Norbo‘tabiy oliyne’matga nikohlab beradigan bo‘ldi. Norbo‘tabiy Irisqulibiyning bu taklifini qabul qildi va o‘z iffat qutisi ichidagi gavharni o‘z nikohiga qaratdi. Shundan so‘ng Irisqulibiy bilan yuz ko‘rishib, orasida saqlab yurgan gina-kuduratni dilidan butunlay chiqarib tashladi” [Muntaxab at-tavorix, 245-b.].

 

Shunday qilib, Ming Oyim saroyga oddiy kelin emas, ikki siyosiy kuch o‘rtasidagi sulhning tirik ramzi sifatida kirib keldi. Uning nikohi urushdan keyingi yarashuvning kafolatiga aylandi.

 

“Davlat sohibi” Ming Oyim

 

Manbalarda Ming Oyimning “Davlat sohibi” deya atalishi bejiz emas. Uning saroydagi mavqei nasl-nasabi, aqlu zakovati va siyosiy muhitda tutgan o‘rni bilan mustahkamlangan.

 

Tarixchi Hakimxon To‘raning ma’lumotiga ko‘ra, Norbo‘taxonning olti o‘g‘li va besh qizi bo‘lgan. Ularning Olimxon, Umarxon va “faqirning onasi” deb tilga olingan qizining onasi Ming Oyim edi.

 

Bu farzandlar keyinchalik Qo‘qon xonligi tarixida katta o‘rin tutdi. Olimxon davlat boshqaruvida yangi bosqichni boshlab bergan hukmdorlardan biri bo‘lsa, Umarxon davri Qo‘qon adabiy-madaniy muhitining yuksalishi bilan bog‘liq. Shu ma’noda Ming Oyimni nafaqat saroy malikasi, balki keyingi tarixga ta’sir ko‘rsatgan sulolaning volidalaridan biri sifatida ham baholash mumkin.

 

Zuhro Oyim

 

Ming Oyim haqidagi manbalarda uning go‘zalligi ham alohida tilga olinadi. Rivoyatlarga ko‘ra, u kishi nihoyatda ko‘hlik bo‘lgan. Shu bois Ming Oyimni Zuhro yulduziga qiyoslab “Zuhro Oyim” deb ham ataganlar.

 

Ammo tarix uning husnini emas, qilgan ishlarini uzoqroq saqlab qoldi.

 

Ming Oyimning nomi, avvalo, bunyodkorlik va ma’rifat bilan bog‘lanadi.

 

Bir malika qurdirgan ilm dargohi

 

Ming Oyimning eng yirik bunyodkorlik ishlaridan biri o‘z nomi bilan atalgan muhtasham madrasadir. Madrasai Ming Oyim ikki tomonlama qurilgani uchun “Qo‘sh madrasa” deb ham atalgan. U hijriy 1217, milodiy 1802-yilda qurib bitkazilgan. E’tiborlisi, madrasa qurilishiga Ming Oyimning o‘z bisotlaridagi zeb-ziynat buyumlari sarflangan.

 

Madrasa Qo‘qon shahridagi Chorsu maydonining sharqiy tomonida, hozirgi Alisher Navoiy ko‘chasining boshlanish qismida joylashgan edi. U xon madrasalari turkumiga kirgan. 81 ta hujrasi bo‘lgan bu ilm dargohida 1912-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra 200 nafar tolibi ilm va 24 nafar mudarris faoliyat yuritgan.

 

Bir vaqtlar ilm ahli ovozi yangragan bu maskan 1918-yilgi urushda to‘p o‘qlari ostida vayron bo‘ldi. Ammo madrasaning nomi uni qurdirgan Ming Oyim nomi bilan tarixda qoldi.

 

Xonaqoh va ma’rifat ahli homiysi

 

Ming Oyimning e’tibori madrasa bilan cheklanmagan. U tasavvuf ahliga ham homiylik qilgan. Xo‘jandda yashagan Ma’suma Otin Abrorxon Eshon xonaqohida ta’lim olib, savod chiqaradi, o‘sha davr ayoli uchun mumkin bo‘lgan ilmlarni egallaydi va keyinchalik qiz-juvonlarga saboq beradi. Tasavvuf yo‘lida kamolotga erishgach, ayollar bilan zikri samo’ marosimlarini o‘tkaza boshlaydi.

 

Bu marosimlarda malikalar, jumladan Ming Oyim ham ishtirok etgan. Abrorxon Eshon vafotidan keyin xonaqoh so‘fiy ayollar maskaniga aylanadi va unga Ming Oyim homiylik qilib turadi. Ma’suma Otin vafot etganida (1788) uning ta’ziya marosimini ham Ming Oyim munosib tarzda o‘tkazadi.

 

Saxovatning manzili – xalq

 

Ming Oyimning xalq xotirasida saqlanib qolishining yana bir sababi – uning yetim-yesir, g‘arib va muhtojlarga bo‘lgan munosabatidir. Manbalarda aytilishicha, mahr sifatida berilgan yer-mulklardan keladigan daromadni yetim-yesirlar ehtiyojiga sarflashni buyurgan. Bu saxovatning eng ta’sirli hikoyalaridan biri Ming Oyimning dahmasi bilan bog‘liq rivoyatda saqlangan.

 

Rivoyatga ko‘ra, kambag‘al bir er-xotin Ming Oyimning yerlarida mehnat qilib kun kechirar edi. Malika ularning to‘yini ham o‘z hisobidan qilib berdi. Keyinchalik er savdo bilan shug‘ullanib, ancha boyib ketdi. Biroq ishlari orqaga ketib, bor-budidan ayrildi.

 

U yana Ming Oyimdan yordam so‘radi. Malika unga yuz tilloyi buxoriy berib, “Ering ishini yurgizib olsin”, dedi.

 

Savdogar ishini qayta tiklab, yana boyib ketadi. Endi u Ming Oyimga minnatdorlik yuzasidan yuz tilloni qaytarmoqchi bo‘lganida, malika: “Men qarz berganim yo‘q edi”, deb tilloni olmaydi.

 

Ming Oyim vafot etganidan keyin o‘sha inson bu yaxshilikni unutmaydi. Malika uchun dahma qurilayotganini eshitib, o‘sha yuz tilloni dahma qurilishiga ishlatishni iltimos qiladi. Rivoyatga ko‘ra, masala Shayxulislomga havola qilinadi va u kishi mablag‘ni halol deb topib, qurilishga sarflashga ruxsat beradi.

 

Dahma va Qalandarxona

 

Katta Qabristondagi Dahmai Modari Xon ham Ming Oyim nomi bilan bog‘liq yodgorliklardan biridir. Umarxon onasi uchun qurilgan bu dahma atrofida bugungacha turli rivoyatlar yuradi.

 

Ming Oyim Qalandarxona obodonchiligida ham ishtirok etgan. Qalandarxona tasavvuf ahli istiqomat qiladigan, zikri samo’ o‘tkaziladigan va g‘ariblar uchun mehmonxona vazifasini bajaradigan maskan edi. Demak, Ming Oyim uchun obodonchilik faqat ko‘zga ko‘rinadigan imoratlar qurish emas edi. Madrasa – ilm uchun, xonaqoh – ma’rifat va ruhiy tarbiya uchun, Qalandarxona esa g‘ariblar va darveshlar uchun xizmat qilgan.

 

Ming Oyim merosi

 

Ming Oyim siymosini birgina unvon yoki mavqe bilan ifodalab bo‘lmaydi. U Norbo‘taxonning rafiqasi, Olimxon va Umarxonning onasi, Hakimxon To‘raning buvisi edi. Biroq uning tarixdagi o‘rni hukmron sulola doirasidan ancha keng. Uning hayoti siyosiy tanglikni sulhga aylantirgan diplomatik nikohdan tortib, ilm-fan va ma’rifat homiyligigacha bo‘lgan katta yo‘lni o‘z ichiga oladi. Tarix sahifalarida u ba’zan “Ming Oyim”, ba’zan “Davlat sohibi”, xalq xotirasida esa “Zuhro Oyim” sifatida tilga olinadi.

 

Jahon tarixidagi buyuk ayollar siymolari kabi Ming Oyimning ham haqiqiy merosi saroy devorlari ortida qolib ketmadi. U Xo‘jand va Qo‘qon madaniy qatlamlariga singib ketdi. Undan meros asosiy “yodgorlik” – jamiyatda tinchlikni saqlab qolgani, ilmga yo‘l ochgani va xalq xotirasida ezgu nom qoldirganidir.

 

Zumradxon XATAMOVA,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

1.                 Muhammad Yaxyo Xo‘qandiy. Oltun beshik. 2025 yil. – B. 687.

2.                 Xudoyorxonzoda. Anjum at-tavorix. / So‘z boshi, ilova mualliflari: H.Bobobekov , I.Sulaymonovlarniki, tarjima va izohlar: Vohidov Sh. – Toshkent: Fan va texnologiya, 2014. – 348b

3.                  Mulla Niyoz Muhammad Xo‘qandiy. Ibratul havoqin (Tarixi Shohruhiy). – Toshkent: Turon zamin ziyo, 2014.

4.            Muhammad Hakimxon To‘ra. Muntahab at-tavorix. O‘zFAShI № 592, № 594, № 596 qo‘lyozmalar. O‘sha muallif. O‘sha asar. / Tarjima, muqaddima, izohlar va ko‘rsatkichlar muallifi: Vohidov Sh. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2010. – 716 b.;

5.            Mirza Olim Mushrif. Ansob us salotin va tavorix ul – xavoqin. / Nashrga tayyorlovchilar A. Matgoziev, M.Usmonova. – Toshkent, 1995. – 128 b

6.            Mullo Olim Maxdum Xoji. Tarixi Turkiston.– Qarshi: Nasaf, 1992. – 148 b.; O‘sha muallif. Tarixi Turkiston. / So‘z boshi va izohlar: Sh.Voxidovniki, arab yozuvidan tabdil Sh.Voxidov va R.Xolikovaniki. Ko‘rsatkichlar Sh.Voxidov va D.Sangirovaniki. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2008. – 242-b.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//