(2019-yil voqealari aks ettirilgani bois muassasa nomi va harbiy murojaat shakli o‘sha davrga xos tarzda talqin etildi.)
Tonggi quyosh nurlari Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtining naqshinkor darvozasiga urilib, atrofga o‘zgacha viqor baxsh etardi. Darvoza oldida turgan ikki soqchining ko‘zlari atrofga hushyor boqadi. Harbiy libosdagi bir kishi og‘ir, ammo ikkilanib tashlayotgan qadamlari bilan darvozaga yaqinlasha boshladi. Kapitan unvonidagi bu zobit atrofdagi binolarga va tevarakka sinchkovlik bilan tikilar, qayerga kelib qolganini anglashga urinardi.
U yaqinlashib, soqchiga yuzlandi:
– Soqchi, uchilishe mashimi?
Soqchi chaqqonlik bilan harbiycha salom-alikni joyiga qo‘ydi-da, jarangdor ovoz bilan dona-dona qilib javob qaytardi:
– Salomatlik tilayman, o‘rtoq kapitan! Bu yer Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti.
Kapitanning yuzida norozilik ifodasi zohir bo‘ldi, ensasini qotirdi. O‘ng cho‘ntagini kovlab-kovlab izlanini topolmadi chog‘i, chap cho‘natigini kovlashga tushdi. So‘ng harbiy guvohnomasini istar-istamas chiqarib ko‘rsatarkan, ming‘irladi:
– Shu-da, nima farqi bor... Men kapitan Radjabovman. Shu yerga rotatsiya qilindim, – u yana bir bor atrofga ko‘z tashlab chiqdi. – Bugundan xizmatni boshlashim kerak. Ichkariga xabar qil.
Soqchi ratsiya tugmasini bosib, navbatchi qismga vaziyatni tushuntirdi. Shundan so‘ng biroz nari ketdi.
Bilim yurti boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Sobirov o‘z xizmat xonasida hujjatlarga ko‘milib o‘tiribdi. Uning nigohida esa o‘ziga yarashgan xotirjamlik aks etib turardi. Xonadagi har bir buyum – javondagi kitoblar ham, stol ustidagi qalamdon-u qog‘ozlar ham go‘yoki qat’iy harbiy nizomga bo‘ysunganday, did va tartib bilan joy-joyiga qo‘yilgan. Polkovnik bir qarashda zerikarli ko‘ringan qog‘ozbozlik ishlarini maroq bilan bajarardi. Shu payt eshik taqilladi. Qiya ochilgan eshikdan bir mayor va uning ortidan kelayotgan haligi kapitanning sharpasi ko‘rindi.
Mayor ichkari kirarkan, bosh kiyimsiz bo‘lgani uchun ikki oyog‘ini juftlab, harbiycha salom berdi. Uning ortidan kirgan kapitan esa o‘ng qo‘lini chakkasiga olib borib, bu safar ham o‘z odatiga sodiq qoldi:
– Razreshite...
Polkovnik Sobirovning qalami qog‘oz ustida to‘xtab qoldi. U bosh ko‘tarib, ostonada turgan zobitga sinovchan va o‘tkir nigoh bilan tikildi:
– Ruxsat beraymi? Keling, o‘rtoq kapitan.
Kapitan bu sovuqqon muomaladan o‘zini yo‘qotib qo‘yib, tirjaygannamo shosha-pisha gapirishga tushdi:
– Tovarish polkovnik...
Sobirov unga yana bir bor yalt etib qaradi. Shundan keyin xona bo‘ylab uning keskin ovozi yangradi:
– O‘rtoq polkovnik!
Kapitanning peshonasini sovuq ter bosdi, qaddini g‘oz tutib, taraddud ichida o‘zini arang qayta o‘nglab oldi. Agar boshqa vaziyat bo‘lganida polkovnikka qarashga, uning o‘tkir nigohlariga dosh berishga o‘zida kuch topolmasdi. Ammo hozir vaziyat boshqacha edi. Nima bo‘lgan taqdirda ham “tildan qolmaslik”, rahbariyat oldida birinchi taassurotni yaxshi tomonga o‘zgartirishga tirishardi. Ammo bu tanishuv qaysi tomonga qarab ketayotganini, polkovnikning e’tirozlari sababini o‘zi hali to‘liq anglab yetmayotgandi.
– Ie, uzr, o‘rtoq polkovnik... Kapitan Radjabov Mudofaa vazirining tegishli buyrug‘iga binoan xizmatni davom ettirish uchun Nukus garnizonidan yetib keldi.
Sobirov stul suyanchig‘iga yastandi. Uning ochiq deraza tomon qadalgan nigohi o‘sha tomonda biroz vaqt qolib ketdi. Bu jimlik esa xonaning havosini yanada og‘irlashtirayotgandek edi. Mayor vaziyat yaxshi tomonga qarab ketmayotganini sezar, kapitan birinchi kunning o‘zidayoq xato ustiga xato qilayotganini ko‘rib, uni xonaga boshlab kelgani uchun aybdordek o‘ng‘aysizlanardi. Axir polkovnikning qo‘l ostida xizmat qilayotganiga yaqinda uch yil to‘ladi. Uning hozir nima deyishini, qanday reaksiya qilishini taxminan bilib turardi.
– Xo‘sh, o‘rtoq kapitan, ismingiz nima? – so‘radi polkovnik dona-dona qilib u tomonga tikilarkan.
– Akrom, o‘rtoq polkovnik!
– Otangizning ismi-chi?
– Abbos.
– Bobongizning ismi?
– Rajab.
– Rajab deng? – Polkovnik yonida turgan mayorga ma’noli qarab qo‘ydi. Mayor hamon o‘sha o‘ng‘aysiz holatda so‘zsiz turardi. So‘ng nigohini yana kapitanga qadadi.
– Unda nimaga familiyangizni “Radjabov” deb aytyapsiz?
Xonaga go‘yo tosh tushgandek jimjitlik cho‘kdi. Bunday savolni kutmagan kapitanning yuziga qizillik yugurdi, nima deyishini bilmay, harchand ko‘zlarini olib qochishga urinmasin, biror pana joy topolmasdi. Uning bu qadar dovdirab qolganini ko‘rgan Sobirov vaziyatni biroz yumshatdi.
– Safimizga xush kelibsiz, o‘rtoq kapitan. Qani, o‘tiring. Yaqindan tanishib olamiz, – dedi u kursiga ishora qilib.
Hamma joylashib o‘tirgach, Sobirov so‘zida davom etdi.
– Demak, men bilim yurti boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Sobirov bo‘laman. Siz bugundan boshlab mana shu bo‘limda xizmatni davom ettirasiz. Bugunoq lavozim yo‘riqnomangiz bilan jiddiy tanishib chiqing, – u shunday degancha mayorga qaradi. Mayor “xo‘p bo‘ladi” deganday boshini silkib ishora qildi. – Yaxshi vaqtda keldingiz, ertadan keyin bilim yurtimizning tashkil topgan kuni, o‘rtoq kapitan. Har yilgiday katta bayram qilib nishonlashga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Mehmonlarimiz shunga yarasha bo‘ladi. Siz ham o‘z hissangizni qo‘shing, Akromjon, – u shunday deguncha ro‘parasida o‘tirgan kapitan tomon biroz boshini yaqin olib bordi.
Kapitan shartta o‘rnidan turdi-da, beixtiyor javob qaytardi:
– Yest!
Polkovnikning qoshlari chimirilib, qarashlarida yana o‘sha talabchanlik paydo bo‘ldi.
– O‘rtoq Rajabov, hozirgina qaysi bo‘limda xizmat qilishingizni eslatib o‘tdim. Qolaversa, armiyamizdagi harbiycha buyruqlar, savol-javoblar davlat tilida olib borilayotganiga ancha bo‘lgan. Aynan o‘zbek tilida, – Sobirov bu gapga alohida urg‘u berdi. – Yo xabaringiz yo‘qmi?
Rajabov xatosini tushunib, past ovozda to‘ng‘illadi:
– Tushunarli, o‘rtoq polkovnik.
– Unda ishga kirishinglar. Ruxsat.
Mayor va kapitan o‘rinlaridan qo‘zg‘aldi. Ular endi chiqib ketay deganida Sobirovning yodiga nimadir tushib qoldi.
– Aytganday, kapitan Rajabov, ertaga siz uchun mas’uliyatli kun. Bilim yurtimiz boshlig‘i kasalxonada davolanayotgan bir faxriy o‘qituvchimizni ko‘rgani boradi. Hozir boshliqqa yetib kelganingiz va xizmatni boshlaganingiz haqida bildirgi bering. So‘ng ertaga ertalab yana bir ofitser bilan birgalikda ularga hamrohlik qilasiz. Bahonada tanishib ham olasiz. Kechikmasdan keling, boshliq bunday odamlarni yoqtirmaydi.
Sobirov samimiy gapirardi. Ammo ba’zi so‘zlarga ortiqcha urg‘u berib yuborish odati ko‘pincha unga pand berardi. Shuning uchun ham unvoni va mavqeyi teng safdoshlari uning ma’ruzalariga ko‘p toqat qilolmas, ilojsizlikdan, ba’zan esa “yuzing-ko‘zing” deb jim eshitardi. Hozir ham Rajabovning xayolidan shunga o‘xshash o‘ylar o‘tdi. U asabiylashganidan o‘zini nazorat qilolmay, yana o‘sha eski odatiga ko‘ra baland ovozda tasdiqladi.
– Yest!
Polkovnik bosh silkib “bo‘pti, ketavering” degandek ishora qildi. Ular chiqib ketgach, stol ustidagi hujjatlarni qayta tartibga keltirarkan, o‘z-o‘ziga pichirladi:
– Yest, tak tochno, razreshite... Ehhh!
U ko‘ksining tub-tubidan kelgan og‘ir, iliq nafasni chiqarib yubordi. Quloqlari ostida bir paytlar eski ittifoq kazarmalarida yangragan tushunarsiz va qo‘pol buyruqlar qayta jaranglab ketgandek bo‘ldi. Til bilmay qisinib-qimtinib turgan, ma’nosini yaxshi anglamagani uchun boshiga haqoratomuz so‘kishlar yog‘ilayotgan qorako‘z o‘zbek yigitlarining mung‘aygan ko‘zlari ko‘z o‘ngida bir-bir jonlandi. Sovuq saf maydonlarida hayqirib aytilgan, ichi g‘ovak, mafkuraviy yolg‘onga yo‘g‘rilgan o‘sha bema’ni saf qo‘shiqlarining sovuq aks-sadosi quloqlari ostida jaranglaganday bo‘ldi.
Sobirov beixtiyor seskanib ketdi. O‘sha azoblar, o‘sha tahqirlar boshqa birovning emas, o‘z yoshligining, o‘z umrining bir qismi edi. U kunlarni ko‘p qatori Sobirov ham yashab o‘tgan-ku, qandoq unutsin?
* * *
Shahar allaqachon uyg‘onib, kundalik shovqin-suronini boshlab yuborgan, ko‘chalardagi mashinalar oqimi piyodalar shoshma-shosharligiga qorishib ketgan edi. Katta yo‘l bo‘yida turgan kapitan Rajabovning sabri esa tugab borardi. Oldidan zuvillab o‘tayotgan mashinalarga jahl bilan qo‘l ko‘tarar, changini to‘zg‘itib ketgan haydovchilar ortidan g‘udranib so‘kinib qo‘yardi.
U soatining yugurik miliga qarayverib, pastki labini qon chiqqudek tishladi. Vaqt esa g‘izillab o‘tib borar, har bir soniya kechikish unga qimmatga tushishini bilardi. Nihoyat, bir “Neksiya” tormozini chiyillatib, tumshug‘ini uning yoniga burdi.
Kapitan eshikni ochdi-yu, o‘zini ichkariga urdi:
– Ukam, yaxshimisiz? Uchilishega haydang tez!
– Assalomu alaykum. Mayli, aka, – dedi haydovchi xotirjam.
Biroz vaqt o‘tib mashina manzilga yetib keldi. Kapitan tashqariga otilib chiqdi-yu, joyida qotib qoldi. U yo‘l bo‘yi telefonidan boshini ko‘tarmagani uchun yo‘nalishga e’tibor ham bermagan edi. Qarshisida esa kechagi viqorli harbiy dargoh emas, fuqarolik kiyimida kulishib kirib-chiqib yurgan yigit-qizlar bilan to‘la oddiy ta’lim muassasasi turardi. Uning ko‘zlari kosasidan chiqqudek bo‘ldi. So‘ng jonholatda mashinaning ochiq old oynasiga egildi. Hali qo‘zg‘alishga ulgurmagan mashina haydovchisi hayron bo‘lib qoldi.
– Ukam, nima qilganingiz bu? Qayerga olib keldingiz meni? Xizmatga kechikdim-ku! – Rajabov qo‘lini paxsa qilgancha o‘shqirar, bechora haydovchi esa hech narsani tushunmay unga qarab turardi. Oxiri chidolmadi.
– Iye, aka, qiziqmisiz? O‘zingiz “uchilishe” dedingiz. Mana, shahardagi bitta-yu bitta uchilishe shu-da. Yana nima xohlaysiz mendan? Ichkariga ham opkirib qo‘yaymi yoki? – u ham zarda qilishda kapitandan qolishmas ekan. Rajabov biroz hovuridan tushdi.
– Nimaga bunaqa qilasiz axir? – og‘irroq bo‘lishga harakat qilardi u. – Men Chirchiq bilim yurtini aytgandim, uka!
– Unday deb mana endi aytyapsiz, aka, – endi haydovchi ham hovurini bosib olgan, o‘ta bosiqlik bilan javob qaytarardi. – O‘sha yoqqa borishingiz kerakmi? O‘tiring, oborib qo‘yaman.
Nazorat-o‘tkazish joyidan hansirab kirib kelgan kapitan Rajabov kutilmaganda bilim yurti hovlisidagi keng yo‘lak bo‘ylab u tomon kelayotgan Sobirovga ro‘baro bo‘lib qoldi. Kapitan mutlaqo ilojsiz ahvolda edi. Qo‘lini chakkasiga olib borgan payt boshini zo‘rg‘a ko‘tardi-yu, tag‘in yana aybdorona bosh eggancha turib qoldi.
– O‘rtoq polkovnik, gap shundaki... – nimadir deyishi kerak edi, ammo o‘sha “nimadir”ni topolmadi.
– O‘rtoq kapitan, gap shundaki, siz aytilgan vaqtga yetib kelolmadingiz. – shu lahzada Sobirovning ovozida g‘azabdan ko‘ra ko‘proq umidsizlik ohangi yaqqol sezilib turardi. – Afsuski, endi uning sabablarini muhokama qilgandan foyda yo‘q.
Rajabovning yelkalari tushib ketdi. O‘rganib qolgan tili bo‘lsa yana o‘zidan oldin ish ko‘rsatdi.
– Kelganimdan vigovor olamanmi?..
– Vigovor emas, ogohlantirish, o‘rtoq Rajabov, – dedi Sobirov bosiqlik va qat’iyat ohangida. – Ammo baxtingiz shuki, yangi lavozimda xizmatni boshlab, “xol qo‘ygan”larga harbiy nizom bo‘yicha olti oygacha intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilmaydi. Buni og‘zaki ogohlantirish deb qabul qilishingiz mumkin.
Shu payt yo‘l bo‘ylab gursillagan qadam tovushlari eshitildi. Qaddini tik tutgancha shahdam qadam tashlab kelayotgan bir guruh kursantlar ancha yaqin kelib qolgandi.
Ular yaqinlashishi bilan boshlovchining o‘ktam va jarangdor ovozi yangradi:
– Gu-uruh, o‘ngga qarab rostlan!
Bo‘lajak ofitserlar bir maromda qadam tashlab, o‘zbekcha saf qo‘shig‘ini baralla kuylagancha o‘ta boshladi. Ularning ovozida, so‘zlarida qandaydir mardonavorlik, o‘ziga yarashgan shijoat, yoshlikning kuch-g‘ayrati bor edi. Polkovnik Sobirov kursantlarga qarab harbiycha salom berib turar, so‘ng yuzida iliq tabassum paydo bo‘lib, hozirgina kursantlar baralla aytib o‘tgan qo‘shiqni xirgoyi qilgancha yo‘lida davom etdi. Kapitan Rajabov esa joyidan jilay demasdi. Uzoqlashib borayotgan saf qo‘shig‘ining jarangi uning quloqlari ostida gumbirlardi.
Islomjon QO‘CHQOROV
Jarayon
Tarix
Tarix
San’at
Jarayon
Adabiyot
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q