Oʻzbekistondan turk-run bitiklari topilganmi?


Saqlash
19:34 / 06.10.2026 446 0

Qadimgi turkiy til yodgorliklari haqida so‘z ketganida, birinchi navbatda bugungi Mo‘g‘uliston hududidan topilgan, Ikkinchi Sharqiy Turk xoqonligi va Uyg‘ur xoqonligiga oid O‘rxun yodgorliklari – To‘nyuquq, Kultegin, Bilga xoqon, Moyun chur, Ongin va monumental bitiktoshlar esga olinadi. Mavzuga biroz chuqurroq kirganlar Qirg‘iz xoqonligi va qo‘shni qabilalarga tegishli Enasoy bitiktoshlarini, shuningdek, bugungi Qirg‘iziston hududidan topilgan Talas bitiktoshlarini eslashi mumkin.

 

Albatta, bu yodgorliklar, ayniqsa O‘rxun bitiktoshlari turk tarixi, tili va madaniyatini o‘rganishda beqiyos ahamiyatga ega: qadimgi turklarning o‘zi, o‘z tilida, kattakon qilib yozib qoldirgan bu manbalar bizga u davr haqida bitmas-tuganmas ma’lumot beradi. Enasoy va Talas bitiktoshlari turkiy qabilalar she’riyati, marosimlari, ijtimoiy tuzilmasi, oilaviy munosabatlari va onomastikasini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, O‘rxun bitiktoshlarining topilishi o‘z vaqtida katta shov-shuvga sabab bo‘lib, Yevropa olimlarining diqqat markazida bir necha yil turgan. Shuning uchun turkologlar butun diqqatini shu yodgorlik guruhlariga qaratishini tushunsa bo‘ladi. Lekin boshqa hududlar biroz e’tibordan chetda qolib ketgandek tuyuladi.

 

Aslida qadimgi turkiy til va yozuv jo‘g‘rofiyasi yanada kengroq hududlarni qamrab oladi. Mo‘g‘ulistondan boshlab, bugungi Rossiyaning eng janubi-g‘arbiy chegaralarigacha bo‘lgan kengliklardan yuzlab yozma yodgorliklar aniqlangan. So‘nggi yillarda turk runikasi jo‘g‘rofiyasi yanada kengayib ketdi – bugungi Suriyaning Raqqa shahri yaqinidan Janubiy Enasoy runik alifbosida yozilgan bitiktosh topildi (Kizlasov 2020, s. 219–230).

 

Turk qadimiyatlarining o‘zbekistonlik havasmandlarini bir savol qiziqtirsa kerak: bizning mamlakat hududidan ham qadimiy turk-run bitiklari topilganmi? Ular ilmiy adabiyotda va mediada juda kam tilga olinadi. Qadimgi davr va ilk o‘rta asrlar bilan shug‘ullanuvchi ba’zi o‘zbekistonlik olimlar ham ba’zida bu haqda hech narsa bilmasligini meni ko‘p hayron qoldiradi. Mamlakat hududida yozma madaniyat tarixi haqida suhbatlar bo‘lganida, yoki bu borada umumlashtiruvchi kitob va maqolalar yozilganida, muzey ekspozitsiyalari tayyorlanganida ayrim hamkasblar O‘zbekiston tarixidagi yozma an’analar qatoriga turk-run alifbosini kiritmagani haqida ham eshitganman. Buni ular “O‘zbekiston hududida bunday yozuv ishlatilmagani” bilan tushuntirgan. Vaholanki, O‘zbekistondan ilk runik namunalar o‘tgan asrning 40-yillaridayoq aniqlangan. Lekin ularning ham o‘ziga yarasha argumentlari bor – ular haqda quyiroqda gaplashamiz.

 

Maqola O‘zbekistondan turk-run yozuvi namunalarining topilishi tarixiga bag‘ishlanadi.

 

Toshkentdan tashlangan ilk qadamlar

 

Markaziy Osiyo hududidagi ilk yozma yodgorliklar O‘rxun bitiktoshlari topilishidan bir necha yilgina o‘tib aniqlangan. Ularning hech biri bugungi O‘zbekiston hududiga to‘g‘ri kelmasa-da, lekin topilmalarning aniqlanishi va o‘rganilishida o‘sha paytda Turkistonning siyosiy va madaniy markazi bo‘lgan Toshkentning alohida o‘rni bor.

 

1895-yil dekabrida V.V. Bartoldning taklifiga binoan Toshkentda Turkiston arxeologiya havaskorlari toʻgaragi tashkil etildi. Oʻrta Osiyoda ilk turk-run bitiklarining topilishi va ilmiy oʻrganilishi shu ilmiy tuzilma faoliyati bilan bogʻliq: toʻgarak aʼzosi V.A. Kallaur 1896-yildan boshlab Talas vodiysidagi qadimgi yozuvlarni qayd etdi, ularning nusxalari Toshkent orqali Sankt-Peterburgga yuborildi, topilmalar haqidagi maʼlumotlar esa toʻgarak majlislarida muhokama qilindi. Yuqorida aytilganidek, bu ilk yodgorliklar bugungi Oʻzbekiston hududiga oid boʻlmasa-da, ularning ilmiy muomalaga kirishi Toshkentda shakllangan arxeologik muhit bilan chambarchas bogʻliq edi (Массон 1936, s. 5–15; Германов 1996, s. 90–97).

 

Toʻgarak faoliyatining ayrim arxiv materiallari keyinchalik yoʻqolib ketgani, dastlab topilgan Talas yodgorliklarining bir qismi oʻz vaqtida toʻliq nashr qilinmagani tufayli XX asr boshida bu yoʻnalishdagi tadqiqotlarda maʼlum uzilish yuz berdi.

 

1919-yilda Samarqandda V.L. Vyatkin va O.K. Tatevosyan boshchiligida tarixiy yodgorliklarni asrash boʻyicha ikki komissiya tashkil etildi. 1921-yil 22-mayda bu tuzilmalar Turkiston Respublikasi Xalq maorif komissarligi qoshidagi Qadimgi madaniyatni oʻrganish komissiyasi bilan birlashtirilib, Turkomstaris tashkil etildi. 1923-yilda u Sredazkomstaris nomini oldi. Milliy-hududiy chegaralanishdan keyin, 1926-yildan boshlab komissiya resurslari yangi tashkil etilgan respublikalar oʻrtasida taqsimlandi va Oʻzkomstaris faoliyat boshladi (Горшенина 2012, s. 52–68).

 

Bu ilmiy muhitda M.Y. Masson Turkiston arxeologiya havaskorlari toʻgaragi materiallarini qayta oʻrganib, oʻz ekspeditsiyalarida yigʻilgan maʼlumotlar bilan birlashtirdi. Natijada 1936-yilda “Materiali Uzkomstarisa” toʻplamida uning “K istorii otkritiya drevneturetskix runicheskix nadpisey v Sredney Azii” nomli ocherki chop etildi. Bu Oʻrta Osiyo turk-run yozuvlarining topilish tarixiga maxsus bagʻishlangan dastlabki umumlashtiruvchi ish boʻlib, keyingi izlanishlar uchun muhim tarixiy manbaga aylandi (Массон 1936, s. 5–15).

 

Farhod GESidan Quvagacha: Oʻzbekiston hududidagi dastlabki topilmalar

 

Oʻzbekiston hududidan dastlabki muhim topilma 1947-yilda Farhod GESi qurilishi vaqtida aniqlandi. Oʻsha paytda Bekobod tumaniga qarashli boʻlgan, bugungi kunda esa Sirdaryo viloyati hududiga toʻgʻri keladigan Farhodqurilishda muhandislardan biri poydevor uchun ochilgan qatlamdan angob bilan ohorlangan sopol idish topdi. Idish yuzasida bir qator yozuv boʻlib, uning bir qismi arab, boshqa qismi turk-run harflarini eslatadigan belgilardan iborat edi. Topilma S.K. Kabanovga yetkazildi. U idishni K.V. Treverga koʻrsatdi, tadqiqotchi esa dastlab yozuvni kushon xati bilan bogʻlashga moyil boʻldi (Кабанов 1948, s. 77–78). Topilmaning oʻzi 1948-yilda S.K. Kabanov tomonidan eʼlon qilindi (Кабанов 1948, s. 71–81).

 

1950-yillarda Fargʻona vodiysida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar Oʻzbekiston va umuman Markaziy Osiyo turk-run bitiklari korpusining shakllanishida yangi bosqichni boshlab berdi. 1951-yilda Y.A. Zadneprovskiy Fargʻona shahridan janubda, Avval qishlogʻi yaqinidagi Oshxona manzilgohida bir qator qilib tushirilgan toʻrtta belgili sopol parchasini qayd etdi. Parallel ravishda Farg‘ona vodiysining Tojikistonga tegishli qismidan, xususan, Isfara tumanidan ham xuddi shunday bitiklar topildi. Dala qaydlaridan qaysi yozuvlar birinchi bo‘lib topilganini aniq aytib bo‘lmasa-da, Tojikiston topilmalari O‘zbekiston topilmalaridan bir yil oldin – 1955-yilda nashr etilib, ilmiy iste’molga kiritildi. Shu bois Farg‘ona vodiysi turk-run yodgorliklarining ilk topilishi bugungi kunda ko‘proq Tojikiston bilan bog‘lanadi, paleografiya tadqiqotlarida esa runik yozuvlarning bu guruhi ba’zan Isfara yozuvlari deb ataladi.

 

1950-yillar mobaynida Fargʻona vodiysining boshqa hududlaridan (shu jumladan Qirg‘izistonga to‘g‘ri keluvchi qismlaridan ham) ham shunga oʻxshash qisqa yozuvlar topila boshladi. Ularning aksariyati sopol buyumlar yuzasiga yozilgan kichik hajmdagi matnlar edi.

 

Toʻplangan materialning dastlabki filologik tahlili A.N. Bernshtam nomi bilan bogʻliq. U Fargʻona vodiysidan aniqlangan bir qancha qisqa matnlarni toʻplab, ularning oʻqilishi boʻyicha dastlabki farazlarini “Drevnetyurkskiye runicheskiye nadpisi iz Fergani” maqolasida eʼlon qildi (Bernshtam 1956, s. 54–58). Farg‘ona vodiysining O‘zbekiston qismidan topilgan yozuvlar ham ilk bor shu maqolada e’lon qilinib, ilmiy iste’molga kiritildi.

 

A.N. Bernshtam taklif qilgan o‘qishlarning ko‘pi dastlabki harakatlardan iborat edi va keyinchalik boshqalar ularni qayta ko‘rib chiqdi. Olimning o‘zi esa bir muddatdan so‘ng olamdan o‘tgani bois uning bu yo‘nalishdagi tadqiqotlari oxiriga yetkazilmadi.

 

1965-yilda V.A. Bulatova ko‘hna Quva shahri xarobalaridan topilgan xum yuzasidagi runik yozuvni maxsus maqolada eʼlon qildi (Булатова 1965, s. 60–62). Bu haqiqiy turk-run bitiklari xazinasining ochilishi bo‘ldi – keyingi yillarda Quvadan ko‘plab yangi yodgorliklar aniqlandi. Bugun Quva turk-run xatidan juda keng foydalanilgan yirik madaniy markaz bo‘lgani ma’lum.

 

1967-yilda Y.A. Zadneprovskiy oʻsha vaqtga qadar Fargʻona vodiysidan aniqlangan barcha turk-run bitiklarini jamlab, umumlashtiruvchi maqola e’lon qildi, ularning tarixiy-geografik tavsifi va arxeologik xaritasini yaratdi. Bekobod topilmasi ham qoʻshib hisoblanganda, uning roʻyxatiga 13 ta yodgorlik kirdi. Zadneprovskiy Fargʻona materiallarini oddiy tasodifiy topilmalar yigʻindisi emas, balki muayyan tarixiy-madaniy areal mahsuli sifatida koʻrib chiqdi. U hatto Fargʻona vodiysi qadimgi turk-run yozuvi shakllangan hududlardan biri boʻlishi mumkinligi haqidagi farazni ilgari surdi (Заднепровский 1967, s. 270–274). Bunday qarashning asosi Farg‘ona bitiklari alifbosining paleografik nuqtayi nazardan O‘rxun, Enasoy, Talas alifbolaridan soddaroqligi va qadimiyroqligi edi. Lekin bugungi kunda bu borada boshqa qarashlar ham bor, ularga keyingi qismlarda to‘xtalib o‘tamiz.

 

1973-yilda E.R. Tenishev Quvadan topilgan turk-run yozuvli sopol parchasiga maxsus maqola bagʻishladi (Tenishev 1973, s. 263–265). D.D. Vasilyevning 1976-yilda tuzilgan turk-run namunalari ro‘yxatida Fargʻonadagi topilmalar, jumladan, Quva va Andijon yodgorliklari ham hisobga olindi (Васильев 1976, s. 71–81).

 

Oʻzbekistondagi topilmalar jo‘g‘rofiyasi 1976-yilda yanada kengaydi. A.V. Oskin Navoiy viloyatida, Qizilqum choʻlining ichkarisidagi Quljuqtov togʻlarida Toʻzbuloq qoyatosh bitigini aniqladi va tavsiflab berdi (Оськин 1978, s. 166–173). S.G. Klyashtorniy ushbu topilmaga alohida kichik tadqiqot bagʻishlab, uning xususiyatlarini tahlil qildi (Кляшторный 1978, s. 173–174). Shu bilan Oʻzbekistonda turk-run yozuvining tarqalishi faqat Fargʻona vodiysi bilan chegaralanmasligi, balki mamlakatning ichkari hududlarida ham ushbu yozuv an’anasi tarqalgani ayon boʻldi.

 

Shunday qilib, 1940-yillarning oxiri – 1970-yillarda Oʻzbekiston hududidagi turk-run yodgorliklari haqidagi tasavvur tubdan oʻzgardi. Farhodqurilishdagi birgina yozuvdan boshlangan topilmalar ketma-ketligi Fargʻona vodiysi va Navoiydagi arxeologik obyektlardan aniqlangan kichik epigrafik korpus shakllanishiga olib keldi.

 

Mustaqillik davriga oid yangi topilmalar

 

1990-yillarda Oʻzbekistonda turk-run bitiklarini oʻrganish yangi bosqichga kirdi. Bir tomondan, Fargʻona vodiysida G.P. Ivanov, B. Abulgʻoziyeva, B. Matboboyev kabi arxeologlar faoliyati natijasida yangi epigrafik materiallar qayd etildi. Ikkinchi tomondan, ularni oʻqish va talqin qilish bilan Oʻzbekistonning oʻzida faoliyat olib borayotgan turkolog va manbashunoslar shugʻullana boshladi.

 

1993-yilda M. Ishoqov va Q. Sodiqov yangi aniqlangan bitiklar talqinini eʼlon qildi (Ishoqov, Sodiqov 1993, b. 3). 1999-yilda N. Rahmonov va B. Matboboyev Quva bitiklariga bagʻishlangan maqola chop etdi (Rahmonov, Matboyev 1999, b. 4), oʻsha yili N. Rahmonov yana bir Quva bitigini alohida koʻrib chiqdi (Rahmonov 1999, b. 4). 2000-yilda N. Rahmonov va B. Matboboyev Munchoqtepadagi (Namangan viloyati) qadimgi sagʻanadan topilgan turkiy yozuv haqida navbatdagi maqolani eʼlon qildi (Rahmonov, Matboyev 2000, b. 3). Bu maqolalar gazetalarda chop etilgani yangi topilmalarni tezkor ravishda ilmiy muomalaga kiritishda va jamoatchilikka tanitishda muhim rol oʻynadi.

 

Keyingi yillarda Qashqadaryo viloyatidan ikki epigrafik yodgorlikning qo‘lga kiritilishi turk-run yozma an’anasining O‘zbekistondagi jo‘g‘rofiyasini mamlakatning janubiy hududlarigacha kengaytirib yubordi. Arxeologik hisobotlarda Toshkent viloyati hududidan ham ikki yodgorlik topilgani ma’lum qilinganiga qaramay, ular haligacha nashr qilingani yo‘q.

 

Yangi namunalar bugungi kunda ham topilmoqda. 2020–2022-yillarda OʻzR FA Milliy arxeologiya markazi mutaxassislari Namangan va Jizzax viloyatlarida olib borgan arxeologik tadqiqotlar jarayonida sopol buyumlarga tushirilgan yana ikki qisqa yozuv qayd etildi.

 

Ana shulardan biri – Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi Qorabogʻ qishlogʻidan topilgan sopol buyumlar orasida orqa qismiga toʻrtta belgi tushirilgan qadah alohida eʼtiborni tortdi. Topilmaning arxeologik konteksti M. Saidov va Sh. Nasriddinov tomonidan eʼlon qilindi (Saidov, Nasriddinov 2022, b. 89–96). Keyinchalik T. Tombuloğlu va Gʻ. Boboyorov ushbu matnni turk-run yozuvi bilan qiyoslab, uning dastlabki oʻqilishini va paleografik talqinini taklif qildi (Tombuloğlu, Babayar 2022, s. 395–417).

 

Yozuvlarning o‘rganilishi

 

Endi yuqorida sanab o‘tilgan topilmalarga nega ayrim olimlar shubha bilan qarashiga to‘xtalib o‘tsak. Gap shundaki, O‘rxun, Enasoy va Talas yodgorliklari nisbatan bir-biriga yaqin alifbolarda yozilgan – harflar miqdori va paleografiyasi juda yaqin, deshifrovka paytida matnlar jiddiy qiyinchiliklarsiz qadimgi turkiy tilda o‘qiladi. Qirg‘iziston hududiga oid boshqa ba’zi guruh yodgorliklar ham borki, ularning o‘qilishida muammo yo‘q. Ammo O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Janubiy Enasoy, Don, Kuban kabi hududlarga mansub turk-run yodgorliklari yuqoridagilardan farq qiladi. Birinchidan, ularda notanish belgilar ko‘p uchraydi yoki, aksincha, O‘rxun-Enasoy alifbosiga xos ayrim belgilar uchramaydi. Ikkinchidan, ularni o‘qishda katta qiyinchiliklar mavjud. Ayrimlar buni bitiklarning o‘zi juda qisqaligi bilan izohlasa, ayrimlar bularni turkiy tilda gapirmagan boshqa qabilalarning shaklan turk-run alifbosiga o‘xshaydigan yozuv tizimi deb hisoblaydi. Aynan shu sababdan, yuqorida tilga olinganidek, ayrim olimlar O‘zbekistonni turk-run xati tarqalgan zonaga qo‘shishdan bosh tortadi. O‘zbek olimlari Farg‘ona topilmalarining aksariyatini o‘qigan bo‘lsa ham, yozuvlarning qisqaligi tufayli bu o‘qishlar doim ham uzil-kesil qabul qilinmaydi. Nihoyat, shu sababga ko‘ra Y.A. Zadneprovskiy Farg‘ona vodiysini turk yozuvining vatani deb hisoblashi keng qabul qilinmagan – bu o‘xshash, ammo boshqa alifbo bo‘lishi mumkin.

 

Yuqoridagi sabablarga ko‘ra tadqiqotlarda Farg‘ona, Janubiy Enasoy, Don, Kuban alifbolari ba’zida “runikka o‘xshash” deb ataladi. Boshqalar “turk-run” emas, “runik” deyishni ma’qul ko‘radi.

 

1990-yillarda I.L. Kizlasov Yevrosiyo dashtlaridagi runik yozuv tizimlarini paleografik jihatdan tasniflashga urindi. Uning tasnifida Fargʻona vodiysi materiallari Isfara yozuvi deb talqin qilindi. Toʻzbuloq bitigi esa Talas vodiysidagi Achchiqtosh tayoqchasi va Sirdaryo deltasidagi Oltinosor topilmasi bilan bir guruhga kiritilib, Achchiqtosh yozuvi namunasi sifatida talqin qilindi (Кызласов 1994, s. 279–284, 288).

 

2000-yilda R. Alimov Istanbul universitetida “Kırgızistan, Kazakistan ve Özbekistan’daki Göktürk Yazıtları” mavzusida magistrlik dissertatsiyasini himoya qildi. Unda Oʻzbekiston hududidagi yodgorliklar umumiy Markaziy Osiyo korpusiga kiritilib, tavsif berildi (Alimov 2000, s. 131). Bu ish yangi topilmalarni mamlakatlar boʻyicha inventarizatsiya qilishga qaratilgan dastlabki keng qamrovli urinishlardan biri bo‘ldi.

 

Q. Sodiqovning 2004-yilda chop etilgan “Koʻk turk bitiklari: matn va uning tarixiy talqini” kitobida Oʻzbekiston hududidan aniqlangan bir qator yodgorliklar qayta koʻrib chiqildi. Unda Fargʻonadagi Loʻmbitepa yozuvi bilan bir qatorda Qashqadaryo viloyatining Podayotogʻ va Chashmimiron hududlaridan topilgan bitiklar ham tadqiq qilindi (Sodiqov 2004).

 

2006-yilda N. Rahmonov va B. Matboboyevning “Oʻzbekistonning koʻhna turkiy-run yozuvlari” risolasi nashr etildi. Bu Oʻzbekiston hududidan aniqlangan turk-run yozuvlariga maxsus bagʻishlangan dastlabki alohida kitob edi. Mualliflar Quvadan topilgan bir necha matnning deshifrovkasini taklif qildi, Munchoqtepa nekropoli va Loʻmbitepadan chiqqan yozuvlarni koʻrib chiqdi (Rahmonov, Matboyev 2006, b. 16–19, 33, 37–39). Kitob Oʻzbekiston turk-run materiallarini birinchi marta alohida milliy korpus sifatida jamlab taqdim etgani bilan ahamiyatlidir.

 

O.F. Sertkaya 2008-yilda dunyodagi turk-run yodgorliklarini inventarizatsiya qilish masalasiga bagʻishlangan maqolasida Oʻrta Osiyo topilmalarini ham alohida hisobga oldi. U avvalgi kataloglarni yangi nashrlar bilan toʻldirib, Oʻzbekiston va Tojikiston hududidagi bitiklar soniga aniqlik kiritishga harakat qildi (Sertkaya 2008, s. 7–34).

 

2011-yilda A. Kubatin “Özbekistan’da Bulunan Bazı Eski Türk Yazıları Üzerine” maqolasida Oʻzbekiston hududidan maʼlum boʻlgan bir qator bitiklarning oldingi oʻqilishlarini qayta koʻrib chiqdi. Muallif Quvadagi qisqa epigrafik matnlarning ayrimlarini yangicha talqin qildi, oldingi tadqiqotchilar taklif qilgan oʻqilishlarni tanqidiy qiyosladi (Kubatin 2011, s. 465–466). Oʻsha yili F. Maqsudov va Gʻ. Boboyorov turk-run yozuvining kelib chiqishi masalasiga bagʻishlangan tadqiqotlarida bu alifboni soʻgʻd yozuvi va qadimgi turkiy tamgʻalar bilan qiyosladi (Maksudov, Babayar 2011, s. 473–488).

 

2013-yilda Gʻ. Boboyorov Qozog‘istonda chop etilgan “Zapadniy Tyurkskiy kaganat. Atlas” kollektiv kitobda Oʻzbekistonning qadimgi turk yozuvlariga maxsus bob bagʻishladi. Unda Fargʻona, Qizilqum va mamlakatning boshqa hududlaridan topilgan bitiklar jamlandi (Babayarov 2013, s. 567–578). Ushbu maqola muallifi Fargʻona vodiysidan topilgan turk-run yozuvlarini qayta koʻrib chiqib, yangi o‘qilish va talqinlarni taklif qildi, ularning ayrimlari ilmiy hamjamiyat tomonidan qabul qilindi (Asanov 2020, b. 49–55). Keyingi tadqiqotlarda Markaziy Osiyo bitiklarini faqat bugungi siyosiy chegaralar yoki anʼanaviy guruhlarga boʻlish oʻrniga tarixiy, jo‘g‘rofiy va paleografik belgilarni birgalikda hisobga oluvchi tasnif taklif qilindi. Bu tasnifda Oʻzbekiston hududidagi bitiklarning asosiy qismi Fargʻona, Choch va Soʻgʻd kabi tarixiy-madaniy areallar bilan bogʻlab koʻrildi (Asanov 2022, b. 40–56).

 

Xulosa

 

Yuqorida keltirilgan maʼlumotlar Oʻzbekistonda turk-run yozuvlarini oʻrganish boʻyicha mavjud ilmiy anʼanalarni toʻliq aks ettirmaydi. Bu maqolada faqat Oʻzbekiston hududidan topilgan yodgorliklar tilga olindi. Ayni paytda oʻzbek olimlari Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlari boʻyicha ham tadqiqotlar olib bormoqda. Bu bitiktoshlar, shuningdek, qadimgi turkiy tilning qator yirik yodgorliklari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, chop etilgan. Bu Oʻzbekistonda yaxshi turkologiya maktabi shakllanganini koʻrsatadi.

 

Afsuski, Oʻzbekistonning oʻzidan topilgan yodgorliklar hozircha ancha qisqa matnlardan iborat. Bunday matnlar asosida bugungi Oʻzbekiston hududida VI–IX asrlarda turkiy tilning qanday oʻziga xosliklari boʻlganini tiklash, ulardan muhim tarixiy, ijtimoiy va madaniy maʼlumotlar chiqarib olish juda qiyin. Ammo bunday yodgorliklar borligining oʻzi Oʻzbekiston ham dasht runik alifbolari tarqalgan keng hududga kirishini isbotlaydi.

 

Eldar Asanov, PhD

O‘zR FA Antropologiya instituti

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

 

1. Alimov R. Kırgızistan, Kazakistan ve Özbekistan’daki Göktürk Yazıtları (tavsif, transliterasyon, transkripsiyon, tercüme ve sözlük). Yüksek lisans tezi. – İstanbul: İstanbul Üniversitesi Sosyal Bilimler Enstitüsü, 2000.

2. Kızlasov İ. L., Buteyev B., Yıldırım S. Fırat Nehri Kıyısındaki Türk Runik Yazıt. Dini Gerçekleri Denetlemede Güney Sibirya Yöntemi // Türk Dünyası İncelemeleri Dergisi. 2020. 20/1. S. 219–230.

3. Kubatin A. Özbekistan’da Bulunan Bazı Eski Türk Yazıları Üzerine // Ötükenden İstanbul’a. Bildiriler. İstanbul, 2011. S. 465–466.

4. Maksudov F., Babayar G. Eski Türk Yazısının Menşei Üzerine Bazı Düşünceler // Ötükenden İstanbul’a. Bildiriler. İstanbul, 2011. S. 473–488.

5. Sertkaya O.F. Göktürk (Runik) Harfli Yazıtların Envanter, Alfabe ve Bibliyografya Problemleri Üzerine // Dil Araştırmaları. 2008. Cilt 2. Sayı 2. S. 7–34.

6. Tombuloğlu T., Babayar G. Fergana Bölgesi’nde Yeni Bulunan Köktürk Yazıtı Üzerine // Uluslararası Sosyal Bilgilerde Yeni Yaklaşımlar Dergisi. 2022. 6 (2). S. 395–417.

7. Асанов Э. Ўрта Осиё туркий-руник битикларининг тили. Фил. PhD дисс. – Т., 2022.

8. Асанов Э. Фарғона водийсидан топилган турк-рун ёзувлари ҳақида // Фарғона водийси тарихининг долзарб муаммолари. Конференция материаллари. – Наманган, 2020. Б. 49–55.

9. Бабаяров Г. Древнетюркские надписи Узбекистана // Западний Тюркский каганат. Атлас / Отв. ред. А. Досымбаева, М. Жолдасбеков. – Астана: Service Press, 2013. С. 567–578.

10. Бернштам А.Н. Древнетюркские рунические надписи из Ферганы // Эпиграфика Востока. 1956. Вып. XI. С. 54–58.

11. Булатова В.А. Руническая надпись на хуме из Ферганы // Общественные науки в Узбекистане. 1965. № 8. С. 60–62.

12. Васильев Д.Д. Памятники тюркской рунической письменности азиатского ареала // Советская тюркология. 1976. № 1. С. 71–81.

13. Германов В.А. Туркестанский кружок любителей археологии: примат науки или геополитики? // Вестник Каракалпакского отделения АН РУз. 1996. № 1. С. 90–97.

14. Горшенина С. Туркомстарис – Средазкомстарис – Узкомстарис: формирование институций и этноцентрический раздел культурного наследия Средней Азии // Этнографическое обозрение. 2012. № 1. С. 52–68.

15. Заднепровский Ю.А. Тюркские памятники в Фергане // Советская археология. 1967. № 1. С. 270–274.

16. Исҳоқов М., Содиқов Қ. Янги топилган битиг талқини // Ўзбекистон адабиёти ва санъати. 1993. № 27. Б. 3.

17. Кабанов С.К. Археологические находки на Фархадстрое // Известия АН УзССР. 1948. № 5. С. 71–81.

18. Кызласов И.Л. Рунические письменности Евразийских степей. – М.: Восточная литература, 1994.

19. Кляшторный С.Г. Наскальная руническая надпись в Кызылкумах // Полевые исследования Института этнографии, 1976. М., 1978. С. 173–174.

20. Массон М.Е. К истории открытия древнетурецких рунических надписей в Средней Азии // Материалы Узкомстариса. Вып. 6–7. М.–Л., 1936. С. 5–15.

21. Оськин А.В. Новые находки петроглифов в Кызылкумах // Полевые исследования Института этнографии, 1976. М., 1978. С. 166–173.

22. Раҳмонов Н. Яна бир Қува битиги // Ўзбекистон овози. 1999. № 34. Б. 4.

23. Раҳмонов Н., Матбобоев Б. Кўҳна Қува битиглари // Ўзбекистон овози. 1999. № 14. Б. 4.

24. Раҳмонов Н., Матбобоев Б. Кўҳна сағанадан топилган туркий ёзув // Ўзбекистон овози. 2000. № 86. Б. 3.

25. Раҳмонов Н., Матбобоев Б. Ўзбекистоннинг кўҳна туркий-рун ёзувлари. Т.: Фан, 2006.

26. Саидов М., Насриддинов Ш. Наманган вилоятидаги янги археологик топилмалар // Ўзбекистон археологияси. 2022. № 1 (26). Б. 89–96.

27. Содиқов Қ. Кўк турк битиглари: матн ва унинг тарихий талқини. – Т.: Тошкент давлат шарқшунослик институтининг кичик босмахонаси, 2004.

28. Тенишев Э.Р. Тюркская руническая надпись из Кувы // Восточная филология. Вып. 3. Тбилиси, 1973. С. 263–265.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

15:11 / 10.11.2026 0 238
Gʻelon qishlogʻida kuz manzaralari (Fotojamlanma)





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//