“Kam gapirishni o‘rganish kerak” – Ibrohim Haqqul saboqlari


Saqlash
12:45 / 06.10.2026 269 0

Yaxshi so‘z ustida mushohada qilishdan zavqlanadiganlar bor. Shunday jumlalar bo‘ladiki, uni o‘zingniki qilib olging keladi. Mutafakkir Yusuf Qoplon: “Xotira qalbning xotirlashidir. Shu sababdan xotiralar qalbni titratar. Xotirani yo‘q etish demak, insonning qalbini yo‘q etish demakdir”, degan edi.

 

Bu bitiklar ham bir xotira haqida. Xotirlaydiganimiz esa – ustoz Ibrohim Haqqul. Bir vaqtlar muhim kitoblar ro‘yxatini tuzib berganlari hamon yodimda, bugun shu kitoblarni ham eslaymiz.

 

Do‘rmon – o‘zgacha adabiy muhit. Atrofda hayotni ko‘rgan, so‘z ta’mini biladigan zotlar ko‘p. Ilmga qiziqishim uyg‘onishida bu muhitning ta’siri katta. Bolaligim Ibrohim Haqqul domlaning uyida o‘tgan. Ko‘pincha “Madaniyat va ma’rifat” telekanalini kuzatardik. Undagi sara tarjima filmlar, ilmiy-ma’rifiy ko‘rsatuvlar xotiramda chuqur iz qoldirgan. Ayniqsa, “Professor va talaba” nomi bilan tanilgan “Le Brio” filmi eng ta’sirli xotiralardan biri (barchaga ko‘rishni tavsiya qilaman).

 

Ehtimol, ilmdan zavqlanish tuyg‘usini ilk bor ana shu muhitdan tuygandirman. Eduard Kreygning “Falsafa: o‘ta qisqa tanishtiruv” kitobida shunday fikr bor: “Biz biror ish qilganimizda go‘yo boshqalarga ham xuddi shunday qilishga ruxsat bergandek bo‘lamiz, shuning uchun faqat o‘z harakatimizni emas, balki uning oqibatlarini ham o‘ylashimiz kerak”.

 

Shu o‘rinda bir xotira yodimga tushadi. Chet elga o‘qishga ketganimdan keyin Ibrohim Haqqul domla ammamga: “Yoshlarni ko‘proq yonimda olib yurishim kerak ekan”, debdilar. Demak, ustozning o‘sha muhit, jiddiy masalalardagi suhbatlar va ularning kelajakka daxli haqida ezgu o‘ylari bo‘lgan ekan.

 

Domla menga: “Kam gapirishni o‘rganish kerak, ko‘proq fikrlash lozim”, der edilar. Shunday ekan, yuqoridagi xotiralar baribir kitobga borib taqaladi – gapni shu yoqqa buray.

 

Kitob ko‘p. O‘qish uchun kitobni to‘g‘ri tanlashning o‘zi bir ilm. Universitetning birinchi bosqichida “Tarix falsafasi” degan dars bor edi. Tizimga yuklangan maqolalardan birining ilk sahifalaridayoq kitob tanlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan: qaysi nashriyotda chop etilgan, tarjimoni, muharriri kim – mutolaa oldidan shu savollarga javob izlash kerakligi uqtirilardi. Ibn Xaldunning “Muqaddima” asarini esa bir semestr davomida alohida o‘rganganmiz. Nima o‘qish kerakligi bejizga doim muhim sanalmagan. Masalan, Yusuf Qoplonning maxsus “100 kitob” ro‘yxati bilan tanishib chiqqanman. Bu ro‘yxat besh bosqichga ajratilgan bo‘lib, undagi kitoblar ketma-ketligi tasodifiy tuzilmagan – har bir bosqich keyingisiga tayyorgarlik vazifasini bajaradi. Dastlabki mutolaalar esa insonning tayanch tushunchalarini shakllantirishga qaratilgan.  

 

Gapni uzoqdan olib kelganimning sababi ham shunda.

 

Do‘rmonda Ibrohim Haqqul domla o‘qishim kerak bo‘lgan kitoblar ro‘yxatini tuzib berganlarida sakkizinchi sinf edim.. Domla aytib turdilar, men telefonimga yozib bordim. 2017-yil 8-yanvarga tegishli o‘sha eski qayd telefonimda hanuz saqlanib qolgan.

 

Aslida, bu ro‘yxatning tartibi uning o‘zidan qiziqroq. Domla menga darrov Tolstoy yoki Dostoyevskiyni tutqazmagan. Avval o‘zimizning ona so‘zimiz, dostonimiz, mumtoz adabiyotimiz va XX asr o‘zbek tafakkuri bilan tanishtirishni lozim ko‘rgan. Shundan keyingina jahon adabiyotiga yo‘l ochilgan.

 

Mana o‘sha ro‘yxat.

 

I. Xalq og‘zaki ijodi va mumtoz meros:

1.                 “Alpomish”; 2. “Go‘ro‘g‘li”; 3. O‘zbek xalq maqollari; 4. O‘zbek xalq qo‘shiqlari; 5. Yusuf Xos Hojib, “Qutadg‘u bilig”; 6. Ahmad Yassaviy, “Devoni hikmat”; 7. Alisher Navoiy, “Xamsa”; 8. Alisher Navoiy, “Mahbub ul-qulub”; 9. Alisher Navoiy, “Lison ut-tayr”; 10. Bobur, “Devon”; 11. Bobur, “Boburnoma”; 12. Abulg‘ozi Bahodirxon, “Shajarayi turk”; 13. Mashrab, Devon va she’rlar; 14. Ogahiy, “Firdavs ul-iqbol”; 15. Ogahiy, “Ta’viz ul-oshiqin”; 16. Abdurauf Fitrat, maqolalar; 17. Abdurauf Fitrat, “Abulfayzxon”, “Hind sayyohi”.

 

II. XX asr va zamonaviy o‘zbek adabiyoti:

18. Cho‘lpon, “Kecha va Kunduz”, she’rlar to‘plami; 19. Abdulla Qodiriy, “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”; 20. Oybek, “Qutlug‘ qon”, “Navoiy”; 21. Sadriddin Ayniy, “Sudxo‘rning o‘limi”, “Esdaliklar”; 22. Abdulla Qahhor, “Sarob”, “O‘tmishdan ertaklar” asarlari, “Boshsiz odam” hikoyasi; 23. Odil Yoqubov, “Muqaddas”, “Ulug‘bek xazinasi”; 24. Pirimqul Qodirov, “Yulduzli tunlar”, “Til va el”; 25. Said Ahmad, “Ufq”; 26. Shukur Xolmirzayev, hikoyalar, 2 jild; 27. Ne’mat Aminov, “Yelvizak”; 28. O‘tkir Hoshimov, “Ikki eshik orasi”; 29. Abdulla Oripov, she’rlar, “Jannatga yo‘l”; 30. Erkin Vohidov, Saylanma; 31. Rauf Parfi, Saylanma; 32. Xurshid Davron, she’rlar va Najmiddin Kubro haqida; 33. Shavkat Rahmon, Saylanma; 34. Usmon Azim, Saylanma; 35. Usmon Azim, she’rlar; 36. Murod Muhammad Do‘st, “Lolazor”; 37. Tog‘ay Murod, qissalar; 38. Omon Matjon, Saylanma; 39. Jamol Kamol, Saylanma; 40. Matnazar Abdulhakim, Saylanma; 41. Tilak Jo‘ra, Saylanma; 42. Erkin A’zam, qissalar, maqolalar to‘plami va “Shovqin” romani.

 

III. Jahon adabiyoti:

43. Lev Tolstoy, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Urush va tinchlik” romanlari, “Hoji Murod” hikoyasi; 44. Anton Chexov, hikoyalar to‘plami; 45. Nikolay Gogol, “O‘lik jonlar”, “Taras Bulba”; 46. Fyodor Dostoyevskiy, “Xo‘rlanganlar va haqoratlanganlar”.

 

Ochig‘i, bu kitoblarning barini o‘qishga ulgurmadim. Jahon adabiyotiga oid ro‘yxatning davomi ham bor edi. Ibrohim Haqqul domla keyinroq uni ham yozib berishini aytgan edilar.

 

Menimcha, yillar o‘tgan sayin inson qalbida “koshki” degan so‘zning ma’nosi og‘irlashib borarkan. Go‘yo hamma narsaga, savollarga javob topishga, suhbatlashishga ulguradigandek yashaymiz-u, vaqt shiddatini sezmay qolamiz. Domla olamdan o‘tganlaridan keyin o‘sha tugallanmay qolgan ro‘yxat ham, har bir so‘z ham nazarimda boshqacha ma’no kasb etdi.

 

Ibrohim Haqqul domlaning hayotimga, dunyoqarashimga ta’siri ulkan bo‘lganini, ehtimol, ularning vafotlaridan keyin yanada teranroq angladim. Ayrim insonlar borki, shunchaki ustoz emas, butun bir dunyoqarashingizning mustahkam qismiga aylanib qolar ekan.

 

Domlaning oxiratlari obod bo‘lsin.

 

Jamshid JAVLON

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

15:11 / 10.11.2026 0 161
Gʻelon qishlogʻida kuz manzaralari (Fotojamlanma)

Tarix

17:11 / 06.11.2026 0 675
Arib Barmakiyya – turonlik ilk şaxmatçi ayol





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//