16–18-sentyabr kunlari Xivada o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston mushoirasi” adabiyot ahli uchun kutilmagan damlarni tuhfa etdi. Birinchi kun – poyezddan qolib ketib, o‘n to‘rt soatlik masofani taksida bosib o‘tish dastavval og‘ir tuyulgani rost, lekin yo‘l davomida o‘lkaning kengliklarini tomosha qilib, ichimni tartibga keltirib ham bordim.
Poyezdga ulgurganimda Xorazm tuprog‘iga safarim buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi nomi bilan atalgan vokzaldan boshlangan bo‘larkan. Shu nomdagi mehmonxonada qo‘nim topishim ham o‘tmish va bugun uyg‘unligini yaqqol his ettirdi.
Xiva – shunchaki qadimiy shahar emas, u tirik tarix. Badiiy kitoblarda o‘qib, XVIII asrning osoyishtaligini his qilishni orzu qilgan inson uchun bu maskan chinakam ruhiy terapiyaga aylandi. Ichanqal’aning qalin devorlari orasida vaqt go‘yo o‘z oqimini sekinlashtiradi. Shovqin-suronsiz ko‘chalar, milliy arxitektura namoyishidagi imoratlar, odamlarning xotirjam nigohlari zamonaviy dunyoning charchoqlarini bir zumda yuvib yuboradi. Yana bir e’tiborli jihati, Toshkentdan yo‘lga chiqqan taksimdan tortib to yemakxonalar, do‘konlar-u ichki transportlargacha yangragan musiqalarning bari Xorazm navolaridan iborat bo‘ldi. Milliy taomlarining turi, mazasi esa alohida mavzu.
Bu tuproqqa qadam qo‘ygan har bir ijodkor Xorazm adabiy muhitining boy va salmoqli tarixini eslaydi. Mazkur maskan o‘tmishda dunyoga ko‘plab mutafakkirlarni bergan: buyuk tarixnavis va shoir Munis Xorazmiy, qomusiy adib, tarjimon va shoir Ogahiy, Xiva xoni va shoir, o‘z davrida san’at va adabiyot ahlini atrofiga to‘plab, butun bir adabiy maktabga asos solgan Feruz (Muhammad Rahimxon II), shoir, tarjimon va mashhur sozanda, o‘zbek nota tizimini yaratuvchilardan biri Komil Xorazmiy, ma’rifatparvar shoir Avaz O‘tar. Shuningdek, keyingi davr adabiyotimizda o‘z o‘rni va betakror ovoziga ega bo‘lgan marhum shoirlardan Omon Matjon, so‘z san’atining fidoyisi Oshiq Erkin, falsafiy she’rlari bilan qalblardan joy olgan Matnazar Abdulhakim hamda yozuvchi va dramaturg, tarixiy romanlar va dramalar yozgan Erkin Samandar kabi buyuk ijodkorlarni adabiyotga shu zamin bergan. Bu sehrli shaharni kezarkansiz, ularning ruhi hamon shu ko‘chalarda, qadimiy devorlar orasida aylanib yurgandek tuyuladi. U ijodkorlarning nafasi singgan bu maskan hamisha yangi avlod shoirlariga ilhom baxsh etib kelishi shundandir.
Asosiy tadbir 17-sentyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Turli avlod vakillari bir davrada jam bo‘lishi esa loyihaning eng muhim jihatlaridan biri bo‘ldi. Odatdagi katta adabiy kechalardan farqli o‘laroq, avlodlar vakillari tarozi posangisini teng ushladi. Turkiya va Turkmanistondan kelgan qardosh ijodkorlarning qatnashishi tadbirga xalqaro ruh berdi, deyish mumkin. 60 nafar shoir qatnashgan bu bayram chinakam adabiy muloqot maydoniga aylandi.
Usmon Azimning “Hali butun ro‘yi jahon she’r bo‘lajak” degan xitobini Mahmud Toir, Xosiyat Bobomurodova, Minhojiddin Mirzo, Salim Ashur, Rustam Musurmon, Ibodat Rajabova, Zebo Mirzo, Farida Afro‘z, Munavvara Usmonova kabi ustoz shoirlar va keyingi avlod vakillari davom ettirdi. To‘rt soat davom etgan mushoirada zaldan biror kishi chiqib ketmadi. Tomoshabinlar oyoqqa turib, shoirlarga jo‘r bo‘lgan holda she’rni birgalikda o‘qidi. Sokinlik va jo‘shqinlik uyg‘unlashgan bunday manzara adabiyotning kuchi barhayotligini ko‘rsatdi.
Mushoira Xorazm viloyat hokimi tomonidan tashkillashtirilgan kechki tadbirda ham davom etdi. Kuy-qo‘shiqlar, qizg‘in suhbatlar, shoirlardan she’r tinglash zavqi keyingi kunga ulanib ketdi.
Muhtasham shaharga borishimizga sabab bo‘lgan tadbir tarixi, Prezidentimizning 17-avgust kuni Xivaga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyidga bildirgan tashabbusi bilan boshlanib, oradan bir oy vaqt o‘tmay amalga oshibdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zSanoatqurilishbank hamkorligida tashkilllashtirilgan “Xiva oqshomlari” mushoirasi adabiyotda o‘ziga xos yangi sahifa bo‘ldi, deyish mumkin. Mushoiraning respublika bo‘ylab davom etishi adabiyot ahlini quvontiradi, albatta.
18-sentyabr kuni safarimiz yakunlandi. Joriy yil 5-may kuni Toshkent – Xiva yo‘nalishida ilk qatnovini amalga oshirgan “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar elektropoyezdida serharakat shahrimizga qaytdik. Bu gal poyezddan qolib ketmasligimni safardoshlarimning barchasi nazorat qildi.