Hukmdorni Buxoroga qaytargan o‘n ikki misra she’r


Saqlash
17:18 / 15.09.2026 471 0

Nizomiy Aruziy Samarqandiyning 12-yuzyillikda yozib qoldirgan ma’lumotlariga ko‘ra, Somoniylar sulolasining yosh amiri Nasr ibn Ahmad qishni, odatdagidek poytaxt Buxoroda emas, balki Xuroson hududidagi Hirot atrofida joylashgan Bodg‘is yaylovlarida o‘tkazishga qaror qiladi. Bahor kelgach, u ortga qaytish o‘rniga: “Bundan go‘zalroq joy qayerda bor, yozni ham shu yerda o‘tkazamiz”, deydi. Yoz o‘tib, kuz fasli yetib kelganda esa yana: “Hirotning kuzini ham bir ko‘raylik”, deb qoladi. Shu tariqa fasllar almashaveradi. Orada – sarkardalar hayratda, oilalar esa sog‘inchda qolib – to‘rt yil vaqt o‘tib ketadi.

 

Hukmdorning tabiat go‘zalligiga chalg‘ib, davlat poytaxtini unutib qo‘yishidek bir qarashda noodatiy tuyulgan bu holat – aslida Sharq adabiyoti va tarixidagi eng mashhur voqealardan biriga sabab bo‘lgan. Chunki bu tarixiy lavhaning muhim davomi bor: qanday qilib atigi o‘n ikki misradan iborat birgina sheʼr amirni taxtdan tushirib, poyabzalini kiyishga ham ulgurmasdan yalangoyoq otga minib, Buxoro sari yo‘l olishga majbur qildi? Bu satrlarni yozgan kishi – o‘sha davrning yetuk so‘z ustasi Abu Abdulloh Ja’far Rudakiy edi.

 

Nasr ibn Ahmad 914-yilda, sakkiz yoshida taxtga o‘tirgan va 943-yilgacha – qariyb o‘ttiz yil hukmronlik qilgan. Uning davri Somoniylar sulolasi tarixidagi eng barqaror va farovon bosqich sanaladi. Turon bilan Xuroson yagona hokimiyat ostida birlashgan, savdo yo‘llarida xavfsizlik ta’minlangan, iqtisodiy holat mustahkamlangan edi. Ammo Somoniylar sulolasining haqiqiy boyligi moddiy xazinada emas, balki Buxoro saroyi atrofida to‘plangan olimlar va ijodkorlar muhitida edi. Aynan shu yillarda va shu hududda sheʼriyat o‘z tarixidagi dastlabki cho‘qqiga ko‘tarildi. Bu yuksalishning boshida esa Rudakiy turar edi.

 

Panjrud qishlog‘idan bo‘lgan Rudakiy taxminan 858-yilda tug‘ilgan. U umrining asosiy qismini Nasr ibn Ahmad saroyida – amirning eng yaqin suhbatdoshlaridan biri sifatida o‘tkazgan. Rivoyatlarga ko‘ra, uning devonida yuz mingdan ortiq bayt bo‘lgan. Biroq bizgacha shundan atigi bir necha ming misragina yetib kelgan, qolgan asarlari saqlanib qolmagan. U faqatgina yetuk so‘z ustasi emas, balki mohir musiqachi ham bo‘lgan. Rudakiy chang chertib, she’rlarini o‘zi kuylagan va aynan shu iste’dodi tufayli saroyda yuksak e’tibor qozongan.

 

Bu tarixiy voqeani bizgacha yetkazgan asosiy manba – Nizomiy Aruziy Samarqandiyning “To‘rt maqola” (“Chahor maqola”) asaridir. Muallifning asl ismi Ahmad ibn Umar ibn Ali bo‘lib, “Nizomiy” uning sheʼriy taxallusi bo‘lgan. O‘sha davrda yana ikki shoir xuddi shu taxallus bilan tanilgani uchun uni boshqalardan ajratib turish maqsadida “Aruziy” – aruzning yetuk bilimdoni deb atashgan. Tadqiqotlarga ko‘ra, u mazkur kitobni 1156-yilning oxiri – 1157-yilning boshlarida, markaziy Afg‘onistonning baland tog‘lari orasida joylashgan Bomiyon vodiysida, yirik kutubxonalar va madaniy markazlardan yiroqda yozib tugatgan. Muallif asarni to‘rt qismga bo‘lib, har bir maqolani hukmdor uchun zarur bo‘lgan to‘rtta kasb egasiga – kotib, shoir, munajjim va tabibga bag‘ishlagan. Rudakiy haqidagi voqea, tabiiyki, shoirlarga atalgan ikkinchi maqolada keltiriladi. Nizomiy Aruziy 1110–1111-yillarda Samarqandda bo‘lganida, bu voqeani mahalliy bir dehqondan eshitganini alohida ta’kidlaydi (bu haqda keyinroq batafsilroq to‘xtalamiz).

 

“Toʻrt maqola”da yozilishicha, amir qishni poytaxt Buxoroda, yozni esa Samarqandda yoki Xurosonning boshqa bir shahrida o‘tkazishga odatlangan edi. Biroq bu safar navbat Hirotga keladi. U bahorni Bodg‘isda o‘tkazadi – muallifning ta’rifiga ko‘ra, bu joy Xuroson va G‘arbiy Eronning eng xushmanzara yaylovlaridan biri bo‘lib, u yerdan mingga yaqin sersuv soy oqib o‘tgan. Bu suvlarning har biri butun boshli qo‘shinni ta’minlashga yetarli bo‘lgan. Bahor bo‘yi yaylovda o‘tlab, jangga tayyor holatga kelgan otlarni ko‘rgach, amir Hirotga yo‘l oladi va shahar darvozasi yaqinidagi Margʻi Safed mavzesida qarorgoh quradi.

Aynan shu davrda hududdagi Molin va Karux (Hirot atrofidagi mashhur bog‘dorchilik qishloqlari) mevalari pishib yetiladi – bunday ne’matlarni boshqa hech qayerdan, hech qanday boylikka topib bo‘lmas edi. Hirot hududiga kuz kech kelib, sovuq tushmagani sababli, uzumlarning ta’mi o‘zgacha mazali edi. Shahar atrofida yuz yigirmata uzum navi o‘stirilgan bo‘lib, ular orasida butun yer yuzining boshqa biror burchagida uchramaydigan ikki nav – parniyon va qalanchariy alohida ajralib turardi. Qora, deyarli urug‘siz, shakardek shirin bu uzumlarning birgina boshi besh mangacha (“man” — qadimiy og‘irlik o‘lchovi bo‘lib, o‘rtacha bir necha kilogrammga teng kelgan) tosh bosar edi. Atrofda nargis gullaydi, Molin qishlog‘ida kishmish tayyorlanadi, uzumlar bandidan tizib osilib, omborlar to‘ldiriladi. Bunga qo‘shimcha ravishda, amir dasturxoni uchun Sakistondan norinj (apelsinga o‘xshash nordon-shirin sitrus meva), Mozandarondan esa turunj (limon turiga kiruvchi yirik, qalin po‘choqli xushbo‘y meva) keltiriladi. Garchi saroy poytaxtdan yiroqda o‘ziga xos “surgun”da bo‘lsa-da, hech qanday hashamatdan cheklanmagan edi.

 

Amir tabiat manzaralariga shu qadar maftun bo‘ladi-ki, qo‘shini bilan G‘ura va Darvoz nomli ikki qishloqqa borib o‘rnashadi. Bu qishloqlarning bog‘lari shamol yo‘nalishini hisobga olib shunday barpo etilgan edi-ki, muallifning ta’rifiga ko‘ra, har biri naq jannatning o‘zginasiga o‘xshardi. Qishni o‘sha yerda o‘tkazadilar. Bahor kelganda yana o‘sha gap takrorlanadi, yoz o‘tib, kuz fasli kelganda ham shu holat davom etadi. Shu tariqa fasllar almashib, orada naqd to‘rt yil o‘tib ketadi. Muallifning ta’kidlashicha, bu davr Somoniylar sulolasining eng gullab-yashnagan chog‘i edi. Mamlakat obod, dushman yo‘q, qo‘shin sadoqatli, omad esa hukmdorga yor edi. Hech narsa amirni Buxoroga qaytishga majbur qila olmasdi – na urush, na ichki isyon va na biror xavf-xatar. Faqatgina bir narsa – yurt sog‘inchi yetishmasdi, ya’ni amirning ko‘ngli bu tuyg‘udan mosuvo edi.

 

Amir bilan birga Hirotda yurganlar, xususan, to‘rt yil davomida poytaxtdagi oilasidan uzoqda yashayotgan sarkardalar va mulkdorlarning sabr kosasi to‘lib toshadi. Ular hukmdorni ortga qaytishga ochiqdan ochiq ko‘ndirishga jur’at qila olmasdilar. Chunki amirning yuragida Hirot ishqi shu qadar chuqur ildiz otgan edi-ki, u suhbat chog‘ida bu joyni jannatga, hatto xalq tasavvurida o‘ta go‘zal sanalgan afsonaviy “Bahori Chin”dan (Xitoydagi betakror go‘zallikka ega afsonaviy bog‘ va ibodatxona) ham ustun qo‘yib ta’riflardi.

 

Shunda sarkardalar saroydagi eng obro‘li, so‘zi o‘tkir shaxs – Rudakiyga yordam so‘rab murojaat qilishga qaror qiladilar. “Agar amirni shu yerdan qo‘zg‘alishiga va Buxoroga qaytishiga ko‘ndira olsang, senga besh ming dinor hadya qilamiz”, deydi ular shoirga, “Chunki farzandlar sog‘inchidan yuragimiz qon bo‘ldi, jonimiz Buxoro ishtiyoqidan xalakdir”.

 

Rudakiy taklifni qabul qiladi. U amirning tabiati va ruhiyatini juda yaxshi bilardi. Muallifning ta’biri bilan aytganda, u “amirning nabzini ushlab turadigan” inson edi. Bu tajriba unga muhim bir haqiqatni anglatadi: masalani nasr, ya’ni ochiqdan ochiq oddiy so‘z yoki quruq nasihat bilan hal qilib bo‘lmaydi. Shu sababli Rudakiy nazmga – sheʼriyatga murojaat qiladi. U bir qasida yozadi, ammo uni darhol o‘qib bermay, qulay fursat poylaydi. Kunlarning birida, amir tongda kayfiyati ko‘tarinki bo‘lib turgan pallada Rudakiy saroyga kirib, o‘z joyiga o‘tiradi. Cholg‘uchilar navoni to‘xtatishi bilanoq, u qo‘liga chang cholg‘usini oladi va o‘n ikki qadimiy maqomdan biri bo‘lgan “Ushshoq” ohangida o‘z qasidasini kuylay boshlaydi.

 

She’rning dastlabki misralaridayoq Vatan sog‘inchi va yurtga bo‘lgan mehr ramzi sifatida Buxoro qal’asi yaqinida joylashgan, Somoniylar sulolasining xususiy bog‘idan oqib o‘tuvchi Moʻliyon anhori tilga olinadi:

 

Mo‘liyon anhorining bo‘yi kelmoqda,
Mehribon yorimning hidi kelmoqda.

Amu qumi, yo‘lining tosh-tog‘i bilan,
Oyog‘im ostida ipakdek jilolanmoqda.

Jayhun suvi do‘stimning yuzidan shod bo‘lib,
Otimning beligacha ko‘tarilib kelmoqda.

Ey Buxoro, shod bo‘lgin, uzoq umr ko‘r,
Amiring senga shod bo‘lib qaytmoqda.

Amir – oy, Buxoro esa osmon,
Oy o‘z osmoni sari kelmoqda.

Amir – sarv, Buxoro esa bo‘ston,
Sarv o‘z bo‘stoni sari kelmoqda.

 

Fors tilida:

 

Bo‘yi jo‘yi Mo‘liyon oyad hamiy,

Yodi yori mehribon oyad hamiy.

Rigi Amuy va durushti rohi u,

Zeri poyam parniyon oyad hamiy.

Obi Jayhun az nishoti ruyi dust,

Xangi moro to miyyon oyad hamiy.

Ey Buxoro, shod bosh va dir ziy,

Mir zi tu shodmon oyad hamiy.

Mir moh astu Buxoro osmon,

Moh sui osmon oyad hamiy.

Mir sarv astu Buxoro buston,

Sarv sui buston oyad hamiy

 

Bu – she’rning so‘zma-so‘z emas, balki mazmuniy tarjimasidir. Forscha asl matnda har bir misra “oyad hame” (“kelmoqda” yoki “kelaveradi”) iborasi bilan tugaydi. Ushbu takror sheʼrga jozibali qo‘shiq ohangini baxsh etgan va ehtimol, aynan shu xususiyati sababli ham uni chang jo‘rligida kuylash oson kechgan. Yana bir muhim jihatni alohida ta’kidlash lozim. Yuqorida keltirilgan o‘n ikki misra Nizomiy Aruziy o‘z asarida yozib qoldirgan matn bo‘lib, aslida bu – mashhur qasidadan bugungi kungacha yetib kelgan yagona parcha bo‘lish ehtimoli yuqori. Voqeaning o‘zi Muhammad Avfiyning “Lubob ul-albob” asarida ham (biroz farqli tafsilotlar bilan) qayd etilgan, biroq sheʼrning ushbu matni bizgacha faqatgina “Chahor maqola” orqali saqlanib qolgan, deb taxmin qilinadi.

 

Nizomiy Aruziyning yozishicha, Rudakiy qasidaning aynan mana shu baytiga yetganida, amir shu qadar hayajonga tushadi-ki, taxtdan sakrab tushadi-yu, poyabzalini kiyishga ham ulgurmasdan shay turgan otning uzangisiga oyoq qo‘yib, to‘g‘ri Buxoro sari yo‘l oladi. Xizmatkorlar amirning oyoq kiyimini naqd ikki farsax – taxminan o‘n ikki-o‘n uch kilometr yo‘l davomida uning ortidan ko‘tarib borishga majbur bo‘ladilar. Hukmdor poyabzalini faqatgina Baruna nomli manzilga yetgandagina kiyadi, otning jilovini esa to Buxoroga yetib borguncha biror marta ham tortmaydi, ya’ni, yo‘lda umuman to‘xtamaydi.

 

Voqea shu bilan tugamaydi. Sarkardalar Rudakiyga va’da qilingan besh ming dinorni mamnuniyat bilan ikki barobar qilib to‘laydilar. Nizomiy Aruziy o‘z asarida bu voqea doirasida yana bir qiziq tafsilotni keltiradi. Bu o‘rinda u ma’lumotni kimdan eshitganiga alohida to‘xtalib o‘tish lozim.

 

1110–1111-yillarda Samarqandda bo‘lganida, muallif Abu Rijo Ahmad ibn Abdussamad Obidiy ismli bir dehqon bilan suhbatlashadi. Dehqonning aytishicha, bu voqeani unga xuddi shu ism bilan atalgan bobosi – qari Abu Rijo hikoya qilib bergan ekan. Unga ko‘ra, Rudakiy o‘sha safardan qaytib Samarqandga kirib kelganida, uning yuk-taqasini naqd to‘rt yuzta tuya tashigan. To‘g‘ri, bu ma’lumot Nizomiy Aruziyga ikki bosqichda – avval bobodan nabiraga, so‘ng nabiradan muallifga og‘zaki tarzda yetib kelgan, ammo u baribir shoirning naqadar boy va izzat-hurmatli shaxs bo‘lganini ko‘rsatuvchi yorqin dalildir.

 

Yana bir tafsilot bundan-da qiziqroq. Oradan ikki yuz yilcha vaqt o‘tib, Saljuqiylar sultonlari saroyining rasmiy shoiri, “amir ush-shuaro” (shoirlar amiri) unvoniga sazovor bo‘lgan va o‘z davrining eng nafis, ravon uslubli ijodkori sanalgan Mu’izziydan (11-yuzyillik oxiri – 12-yuzyillik boshi) Zaynulmulk Abusaid Hindu ibn Muhammad Isfahoniy ismli bir amaldor shu qasidaga javob sheʼri (nazira) yozib berishni so‘raydi. Mu’izziy avvaliga “Bunga qurbim yetmaydi”, deb rad etadi. So‘ng zo‘rma-zo‘raki bir necha bayt bitadi. Ulardan biri Rudakiy she’ridagi o‘sha takrorlanuvchi so‘zga (radifga) – “kelmoqda” iborasiga taqlid qilib, shunday yozilgan edi: “Mozandarondan Rustam kelmoqda, Isfahondan Zaynulmulk kelmoqda”.

 

Afsonaviy pahlavon Rustamni oddiy bir saroy amaldori bilan yonma-yon qo‘ygan bu satrlar Rudakiyning asari oldida naqadar g‘arib va zaif ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Nizomiy Aruziy o‘z yashab turgan davrigacha, ya’ni voqeadan ikki yuz yil o‘tgach ham, hech bir ijodkor bu qasidaga munosib javob yoza olmaganini alohida ta’kidlaydi.

 

Qizig‘i shundaki, ushbu mashhur voqea Rudakiy hayotidagi eng yuksak davrni aks ettiradi. Biroq shoir umrining yakuni unchalik baxtli kechmagan. Taxminan 937-yilda uning uzoq yillik homiysi bo‘lmish vazir Abulfazl Bal’amiy mansabidan chetlashtiriladi. Katta homiysidan judo bo‘lgan Rudakiy ham asta-sekin saroydagi nufuzini yo‘qota boshlaydi (garchi bu jarayonning aniq tafsilotlari bo‘yicha tarixiy manbalarda qarashlar turlicha bo‘lsa-da). Shoir umrining so‘nggi yillarini yo‘qchilik va muhtojlikda, o‘zining tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ida o‘tkazadi hamda 940 yoki 941-yilda vafot etadi.

 

Xo‘sh, bu tarixiy qissani qanchalik jiddiy qabul qilish mumkin? “Chahor maqola”ning 1963-yilda rus tilidagi ilmiy nashrini tayyorlagan sharqshunos olim Aleksandr Boldirev bu savolga alohida to‘xtalib o‘tgan. Uning ta’kidlashicha, asardagi Rudakiy, Firdavsiy va Umar Xayyom haqidagi hikoyalar mazkur ijodkorlar to‘g‘risida bizgacha yetib kelgan eng qadimgi ma’lumotlar hisoblanadi. Boshqacha aytganda, bu voqeani tasdiqlovchi yoki inkor etuvchi bundan-da ishonchliroq boshqa biror yozma manba yo‘q.

 

Shu bilan birga, Boldirev yana bir muhim jihatni qayd etadi: zamonaviy tadqiqotchilar Nizomiy Aruziyning boshqa ko‘plab hikoyalarida sezilarli tarixiy xatoliklarni – voqealar, shaxslar ismlari va sanalarning o‘zaro aralashib ketganini aniqlaganlar. Buning sababi tushunarli. Muallif o‘z kitobini yirik kutubxonalar va bilimdon kishilardan yiroqda, Bomiyon tog‘lari orasida yashab, ko‘p o‘rinlarda faqat o‘z xotirasiga tayanib yozishga majbur bo‘lgan.

 

Hatto voqea bo‘lib o‘tgan manzil borasida ham olimlar o‘rtasida yakdil fikr yo‘q. Ba’zi zamonaviy tadqiqotchilar qasida aynan Hirot atrofida emas, balki Nishopur yoki Marv shaharlari yaqinida bitilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishadi. Shunga qaramay, Boldirevning xulosasiga ko‘ra, bu kitob o‘z davri odamlari orasidagi munosabatlarni, turmush tarzini hamda adabiy siymolar qiyofasini tasvirlashda yorqin, haqqoniy va o‘ziga xos noyob hujjat bo‘lib qolmoqda.

 

Demak, Rudakiy va amir Nasr ibn Ahmad haqidagi bu hikoyani ham aniq bir kunning quruq hujjatli bayoni sifatida emas, balki Somoniylar davrida shoir shaxsiga qanday munosabatda bo‘lingani hamda sheʼriyat qanday qudratli kuchga ega deb hisoblanganini ko‘rsatuvchi ishonchli ko‘zgu sifatida qabul qilish to‘g‘riroq bo‘ladi.

 

Nizomiy Aruziy ushbu voqeani shoirlarga bag‘ishlangan maqolasiga bejiz kiritmagan. Aslida, uning bu kitobi hukmdor uchun shoir naqadar zarur shaxs ekanligini isbotlashga qaratilgan edi. Buni dalillash uchun esa bundan yaxshiroq misol topish mushkul. Butun boshli qo‘shin ham, oila sog‘inchi ham, hatto to‘rt yillik kutish ham ortga qaytara olmagan amirni – atigi o‘n ikki misra she’r Buxoro sari yo‘lga solgan edi.

 

 

Ulugʻbek OLIMOV, 

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ta’lim-tarbiya

18:09 / 30.09.2026 0 224
Muallimga jo‘natilmagan maktub





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//