Turkiston muxtoriyati nafaqat oʻzbek davlatchiligi tarixida, balki butun Sharq dunyosida ilk demokratik tizim namunasi sifatida katta ahamiyat kasb etadi. Oʻzbek davlatchilik taraqqiyotining yangi bosqichga koʻtarilishi, millat oydinlarining zamon ruhiga mos nazariy va amaliy harakatlari, xalqning ozodlik yoʻlidagi kurashlari aynan shu Turkiston muxtoriyat faoliyati bilan chambarchas bogʻliq.
Turkiston muxtoriyatiga oid koʻplab maʼlumotlar olimlar tomonidan keng koʻlamda oʻrganilgan va oʻrganib kelinmoqda. Ammo, hozirga qadar bu mavzuda oʻrganilmagan ayrim masalalar borki, ular sirasiga Turkiston muxtoriyati hukumatining rasmiy hujjatlari va ularning ijrosi masalasini kiritish mumkin.
1917-yilning kuzida hokimiyatga kelgan sovetlar darhol Toshkentda jam boʻlgan oʻzbek milliy yetakchilariga qarshi kurashga kirishadi. Yerli aholi manfaatlarini himoya qiluvchi va xalqni yagona maqsad atrofida birlashtiruvchi markaziy kuch – “Shoʻroyi islomiya” jamiyati va uning rahbarlari taʼqib ostiga olinadi.
Jamiyat aʼzolarining hayoti ham xavf ostida qoladi. Oqibatda, millat oydinlari Toshkentdan chiqib Turkistonning boshqa shaharlarida faoliyatini davom ettirishga qaror qiladi. Mustafo Choʻqay oʻgʻli bu jarayonlarni shunday xotirlagan edi: “Toshkand shahrida toʻplanmoqgʻa bizga imkon qoldirmadilar. Mening mehmonxonamga har kuni bir necha bor qurolli rus askarlari kelib ketardilar va meni doimo taʼqib ostida nazorat qilardilar. Toshkanddan ketib boshqa shaharda tashkiliy ish olib borishdan boshqa chora qolmagan edi. Noyabr boshlarida doʻstlarim bilan Samarqandga ketdik. U yerda biz xalqning bolsheviklar bayrogʻi ostida boʻlishiga rozi emasligini bilardik”.
“Shoʻroyi islom” jamiyatining nashr afkori boʻlgan “Kengash” gazetasi idorasi, ayni paytda, ushbu jamiyat rahbarlari yigʻiladigan markaz ham hisoblangan. U yerda faoliyat yuritgan xizmatchilardan birining 1917-yilning 14-noyabrida Saidnosir Mirjalilovga yozgan maktubi bolsheviklarning jadidlarga qarshi qanday kurashganini koʻrsatadi.
Maktub muallifi bolsheviklar inqilobi boʻlishidan 2 kun oldin “Markaziy shoʻro”dan 15 kunlik xizmat taʼtili olib qishlogʻiga ketgani, 8-noyabrda Toshkentga qaytganda u yerda hech kim qolmagani va hamma qochib ketgani, Tolibjon afandidan (Tolibjon Musaboyev) voqealarning tafsiloti va markaz aʼzolarining Samarqandga ketganini eshitganini yozgan.
Maktub soʻngida kelajakdagi tarixchilarga xitoban shunday deyiladi: “… millatga qoʻlimizdan kelgancha xolis xizmat qildik. Agarda tarix yozuvchi muarrixlarning koʻzlari haqir boʻlmasa yaxshi va yomondan biror narsa yozib qoldirurlar”.
Oʻsha davrda Samarqand aholisi sovetlar hokimiyati ostida boʻlishni istamagan. Mahmudxoʻja Behbudiy va uning doʻstlari atrofida uyushib milliy hokimiyatni saqlab qolishga intilgan. Hatto, viloyat Muvaqqat qoʻmita rahbarlari sovetlarga qarshi kurashda jadidlardan yordam soʻragani maʼlum. Jumladan, sovetlarning davlat toʻntarishini eshitgan Samarqanddagi Muvaqqat qoʻmita zobitlaridan 3 kishi Mahmudxoʻja Behbudiyning yaqin safdoshi va “Shoʻroyi islom” tashkiloti aʼzosi boʻlgan qozi Baqoxon huzuriga kelib dushmanga qarshi birgalikda kurash olib borishni taklif qilgan. Qozi Baqoxon oʻzi yolgʻiz bu masalani hal qila olmasligini bildirib ularni oʻsha davrdagi “Shoʻroyi islom” yoʻlboshchilaridan qozi Eson Shirinxoʻjayev huzuriga yuborgan. Ammo voqealarning keyingi rivoji bu harakatlar samara bermagani va kurashda sovetlarning qoʻli baland kelganini koʻrsatadi.
Sovetlar tazyiqi natijasida Toshkentni tark etgan jadidlar 1917-yilning 25-noyabr kuni “Shoʻroyi islomiya”ning Qoʻqondagi qarorgohida Butunturkiston musulmonlarining favqulodda IV qurultoyini oʻtkazish maqsadida yigʻiladi.
Qurultoyda quyidagi asosiy muammolarni muhokama qilishga qaror qilindi:
– oʻlkada boshqaruv tizimi va sovet hukumati bilan munosabatlar masalasi;
– general Dutovning sovet hokimiyati bilan barcha munosabatlarni uzish va rejalashtirilayotgan aksilbolshevik Janubiy-Sharqiy Ittifoq tarkibiga kirish taklifiga munosabat bildirish;
– Turkiston ijroiya qoʻmitalariga saylovlar;
– Turkiston Markaziy Musulmonlar shoʻrosini qayta saylash;
– Turkistonda qonunchilik hokimiyatini yaratish, Turkiston Taʼsis Majlisini chaqirish.
Shu tariqa 26-27-noyabrdagi muzokaralar natijasida Turkiston muxtoriyati eʼlon qilinib, bu haqida xalqqa bayonot beriladi. Unda shunday jumlalar bor edi: “Turkiston oʻlkasida boʻlgan xalqlarning xohishlari boʻyicha buyuk rus inqilobi tarafidan berilgan asoslarga binoan federatsiya asosiga qurilgan Rusiya jumhuriyati ila birlikda qolgani holda Turkistonni yerlik muxtoriyatli, yaʼni “territorialniy avtonomiya” eʼlon qiladur”.
Turkiston muxtoriyati eʼlon qilingandan soʻng qurultoy ilk hujjatni 29-noyabr kuni chiqaradi. Unda uch muhim masala: Muvaqqat hukumat va Muvaqqat Millat Majlisi aʼzolarining daxlsizligi, Janubiy-Sharqiy Ittifoqqa qoʻshilish va Toshkent hodisalari yuzasidan sovetlarga qoʻyilgan talabnoma yuzasidan qarorlar chiqarilib, ularda muxtoriyat yetakchilarining qarashlari aks ettiriladi.
Oʻsha davrga oid matbuot nashrlaridan xalqning Turkiston muxtoriyatini butkul qoʻllab-quvvatlaganini koʻrish mumkin. Ayrim tarixchilar yolgʻiz bu manbalarga qarab xalq muxtoriyat tarafdori boʻlgan, deb hisoblash mumkin emas, degan fikrda.
Xususan, Adib Xolid fikricha, “Fevral inqilobidan keyin keskin oʻzgarishlar uchun sharoit yuzaga kelgan. Jadidlar bundan unumli foydalanishga intilgan boʻlsa-da, xalq ongi ular koʻtargan keskin oʻzgarishlarga tayyor emasdi. Sovet hokimiyati sharoitida esa ular milliylikni saqlagan holda keskin oʻzgarishlarni amalga oshirishga kirishgan”.
Lekin, xalq keskin oʻzgarishlarga allaqachon tayyor edi. Zero, Turkiston xalqi Muxtoriyatni oʻzining qonuniy hokimiyati sifatida tanib, uning xavfsizligini oʻz gardaniga olgandi. 1917-yil 29-noyabr kuni eʼlon qilingan “Muvaqqat hukumat va Muvaqqat Millat Majlisi aʼzolarining daxlsizligi toʻgʻrisida”gi 3 moddalik qarorda bu jarayon shunday qayd qilingan: “1917-yil 28-noyabrda Qoʻqon shahridagi musulmon xalqi qurultoyning butun tarkibi ishtirokida Turkiston Muxtoriyatiga sodiqlik va oʻz jonlari bilan saylangan vakillarini himoya qilishga qasamyod qilganini inobatga olib qaror qiladi: 1) Qurultoy tomonidan saylangan 54 Millat Majlisi va 12 Hukumat aʼzolarining barchasi mutlaq daxlsiz deb eʼlon qilinadi. Hech kim Majlisning roziligisiz ularni hibsga olishga haqli emas. 2) Ularga qarshi har qanday xatti-harakat 10 millionlik Turkiston xalqiga qarshi harakat sifatida baholanadi. 3) ularning muqaddas huquqi boʻlgan daxlsizlikni qoʻriqlash va himoya qilish xalq qoʻliga topshiriladi”.
Ushbu hujjat Turkiston muxtoriyatini bir hovuch odamlar tuzmagani, uning manbayini xalq tashkil etgani haqiqat ekanligini tasdiqlaydi.
3 moddalik “Janubiy-Sharqiy Ittifoq toʻgʻrisida”gi qarorda esa muxtoriyat hukumatining Ittifoq bilan kelishishga harakat qilgani ifodalangan. Bu qarorda oʻsha davrda bolsheviklarga qarshi kurash olib borayotgan rus generali Dutov boshchiligidagi kuchlar bilan hamkorlik masalalari koʻzda tutilgan.
Rossiyada Taʼsis majlisi chaqirilib, yangi tuzum qaror topishi aniq boʻlguncha bolsheviklarga qarshi kurash millat yetakchilarining diqqat markazida turgan tadbirlardan biri edi. Oʻlkaning iqtisodiy jihatdan ehtiyojlari ham millat arboblarini bunga undagan. Shundan kelib chiqib muxtoriyat hukumati yuqoridagi Ittifoq bilan hamkorlik qilishga rozilik bergan: “Butunturkiston musulmonlarining IV favqulodda qurultoyi maʼlum qiladi: 1) Turkiston va Ittifoq oʻrtasidagi kelishuv masalalarini muhokama qilish uchun Janubiy-Sharqiy Ittifoq yetakchilari huzuriga Muvaqqat hukumat tomonidan zudlik bilan diplomatik hayʼat yuborilsin. 2) Muvaqqat hukumat tez fursatda chaqiriladigan Turkiston Taʼsis majlisiga Ittifoqqa qoʻshilish toʻgʻrisidagi masala yuzasidan axborot tayyorlasin. 3) Oʻlka ehtiyojlari va iqtisodiy vaziyatni inobatga olib Turkiston Taʼsis majlisi chaqirulgunga qadar Ittifoq bilan vaqtincha kelishish vakolati Muvaqqat hukumati ixtiyoriga berilsin”.
Demak, Muxtoriyat hukumati tuzilgan vaqtdan boshlaboq Turkistonni sovetlar qaramogʻidan ozod qilish uchun chora-tadbirlar koʻrishga kirishgan va bu yoʻlda diplomatik aloqalar ham oʻrnatgan. Muvaqqat hukumat keng koʻlamli vakolatlarga ega davlat hokimiyati vazifasini bajargan.
Turkiston muxtoriyat hukumatining ilk qaroridagi yana bir muhim jihat bolsheviklarga qoʻyilgan talabnoma bilan bogʻliq. Talabnomada Toshkentdagi yevropalik aholi oʻrtasidagi kurashlarga munosabat bildirilib, sovetlar oldiga 4 moddalik talab qoʻyiladi: 1) Toshkentdagi hodisalarda ayblanib aybi sud tomonidan isbotini topmagan barcha mahbuslarni zudlik bilan ozod qilish 2) fuqarolarni mulkiy va shaxsiy xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrish 3) noqonuniy hibsga olishlarni toʻxtatish 4) konstitutsiyaning asosiy prinsiplari boʻlgan soʻz va matbuot erkinligi, miting va namoyishlar oʻtkazish, shaxsiy daxlsizlik hamda yashash huquqlarini taʼminlash.
Bosqinchilarga milliy hukumat tomonidan qoʻyilgan va huquqiy jihatdan asosli boʻlgan ushbu talablar yoqmasligi tabiiy edi. Ular nafaqat Turkiston xalqining milliy muxtoriyatiga qarshi edilar, balki uning sovet hokimiyatini agʻdarib tashlashidan ham choʻchirdilar. Shu sababli milliy muxtoriyat hukumati bilan kelishib oʻtirmasdan uni qurol kuchi bilan tezda tugatish lozim, degan xulosaga kelindi. 1918-yil yanvarda boʻlgan sovetlar syezdida bu masala uzil-kesil hal qilinib, qaror chiqarildi. Syezd ishtirokchilari “Turkistonda “avtonomiya” eʼlon qiluvchilar ila Xoʻqand syezdi tarafindan saylangan muvaqqat hukumat aʼzolarini miltiq uchiga olurgʻa hozir turgʻonliqlarini yashira olmadilar. Turkiston musulmonlari tarafindan saylanib qoʻyilgʻon Millat majlisi ila Muvaqqat hukumat aʼzolarini darhol tutib hibs qilurgʻa kerak”, deb qaror qabul qildilar.
Yuqoridagi talabnoma sovetlar hokimiyati oʻzini xalqchil hokimiyat sifatida tanitganligi soxta ekani va hukmronligining ilk davridanoq xalqni har qanday huquqdan mahrum etib, qirgʻin qilganini koʻrsatib turadi.
Umuman olganda, Turkiston muxtoriyati tarixining nomaʼlum sahifalarini oʻrganishda milliy hukumatning rasmiy hujjatlari muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Ular orqali Turkiston muxtoriyati hukumatining amaliy faoliyati, yuritgan siyosati, tashqi aloqalari, sovetlar bilan munosabati, sovetlarning Turkiston xalqiga nisbatan yuritgan siyosatining mohiyatlari ochib beriladi. Boshqa manbalar bilan qiyosiy oʻrganish orqali tarixiy haqiqatni toʻlaqonli ochishga xizmat qiladi.
Asadullo Xasanov
O‘zFA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi
Tarix
Din
San’at
Ta’lim-tarbiya
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q