“Galstukli qassob” – Erkin A’zamning “Da’vo” romani bizga nimani fosh etadi?


Saqlash
18:03 / 14.09.2026 291 0

Galstukli qassob

 

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zamning yangi asari – “Da’vo” romani nashrdan chiqdi. Mutolaadan keyingi mulohazalarimni bayon qilishni kitob boshidan emas, sal oxirrog‘idan, 6-bobdagi bir holat tasviridan boshlamoqchiman. Bu holat ramziy ma’noda ham, real ma’noda ham roman mohiyatiga kirishda kalit vazifasini o‘taydi. Asar qahramoni Jamshid Bo‘ron tilidan hikoya qilinadigan bu epizod shunday:

 

“Ustoz ko‘rsatgan tomonga o‘tib, qotib qolay dedim. Pastak behining egri shoxida hozirgina terisi shilingan qo‘zi, oldiga peshband tutib, oq ko‘ylagi yengini shimarib olgan erta-indin fan doktori bo‘lajak Ramziddin Po‘latov og‘zida pichoqni ko‘ndalang tishlagan ko‘yi abjirlik bilan son go‘shtni tanadan ajratib supra ustidagi korsonga tashlamoqda. Qora kostyum bilan qizil bo‘yinbog‘ olma shoxiga osib qo‘yilgan. Kiyim-boshni almashtirib qilsa bo‘lmasmikan shu ishni?

 

– Qassobchilik qutlug‘ bo‘lsin, aka! – dedim ham taajjub, ham zavq bilan.”

 

Xuddi shu oq ko‘ylakda yeng shimarib qo‘y so‘yayotgan odam bir kun kelib o‘zining ustozini “so‘yadi”, desam ishonasizmi? Ha, bu muloyimxunuk da’vogar unga oq-u qorani tanitgan, yo‘l ko‘rsatgan o‘z muallimini qora kostyum va qizil galstukda, qo‘li ko‘ksida, beozorgina jilmayib, pichoqsiz so‘yadi. Hech narsa bo‘lmaganday, aslida “hamma vaqt shunday bo‘lishi” kerakday xijolatsiz so‘yadi. Soxta unvon, soxta shon uchun, “kimsan, akademik” degan nom uchun shunday tubanlikka boradi. U piri murshidini bo‘g‘izlayotganda ham soxta mulozamatini, o‘lik tabassumini darig‘ tutmaydi, ajabo! Bunday vaziyatda nima ham deya olasan? “Dunyosi tamom bo‘pti, Jamshid Bo‘ron, dodingni Xudoga aytasan endi!” deb ich-ichingdan faryod ko‘tarasan, xolos.

 

Holbuki, ustoz Shokir To‘laganov bu murtadni o‘z farzandiday ko‘rardi. Shu bois nekbin Jamshid Bo‘ron aynan Ramziddin-u Ruhiddin Po‘latovlar bilan bog‘liq bir muammosi haqida unga aytay deganda, ko‘nglidan shunday o‘y o‘tadi:

 

“Ustozni aralashtiray desang, u kishining nima demog‘i ayon: “Ramziddinga ayt, o‘zingning akang-ku!” Soddagina qilib, bolalarcha ishonch bilan shunday deydi, aniq.

 

O‘zimning akam?! Agar kechagi gumonlar rost chiqsa, u menga qanday aka-yu sizga qanday shogird bo‘lsin, Ustoz?!”

 

Tarki dunyo, tarki ilm

 

Mustaqillikning dastlabki yillaridagi o‘ta murakkab sharoitda ilm-fanga, olimlarga munosabat nechog‘li cho‘kib ketganini hamma biladi. Talay ilm ahli qalam-qog‘ozini shamolga tashlab, bozorga chiqib ketgani ham bor gap. Ilm maydonida sobit qolganlar esa ko‘p ovora-yu aftola bo‘ldilar. Bu fojia ham (ilimiliq so‘zlarni izlab o‘tirmay, bu holni fojia deb qo‘ya qolaylik) romanda keskirgina so‘zlar bilan o‘z narxida xolis baholangan.

 

“To‘g‘ri-da, deylik sportga qarashilsa, zo‘r-zo‘r chempionlar chiqib, jahon bo‘ylab yurtning dong‘i oshadi; san’atkor u yallachilarga nishon-pishon berib turilsa, to‘y-to‘ychig‘ingizga yaraydi; shoir-yozuvchisiga har zamonda “balli” deb qo‘ysangiz, el oldida so‘z topolmay qolganingizda osmon-u falakdan kelib joningizga ora kiradi – ilm-fandan nima naf, nima shamchiroq, xo‘sh?! O‘ttiz-qirqlab tadqiqot instituti, allaqanday markaz-u stansiya atalmish har turli muassasalar, ularda ivirsib yuradigan minglab tepakal “avliyo”… Shularning orasidan birorta Nobel sovrindori chiqdimi deng?!”

 

O‘sha yillari menga akamday qadrdon bo‘lgan taniqli fan doktori, professorning: “Yelkamdagi plashimni olganimga 22 yil bo‘ldi. Almashtirishga imkonim yo‘q” degan gapini, yana bir fidoyi, yirik biolog olimning “Men ishxonaga faqat ishimni yaxshi ko‘rganimdan, usiz yashay olmaganimdan kelaman. Yo‘qsa, berayotgan oyliklari yo‘lga yetmaydi. Bir kosa ovqatni uyimdan ko‘tarib kelaman” degan gaplarini eshitganman.

 

Adib ilm ahliga nisbatan bunday bepisandlik va zug‘umni “ilmbezorlik” degan birgina qo‘shma so‘zda ifodalab beradi. Shugina so‘zda jamiyatga baho ham, tashxis ham bor. Albatta, “miyasida nimadir g‘imirlab turgan mardum”ni istagan ko‘yga solish qiyin, chunki u fikrlayapti, fikr bormi, e’tiroz ham bo‘ladi. Bunday o‘r qavm esa “buyruq bilan ikki karra ikkini besh qilib bo‘lmaydi” deb oyog‘ida mahkam turib oladi. Ba’zilarini buldozer bilan ham o‘rnidan jildirolmaysiz. O‘zi zo‘rg‘a yuradi-yu, lekin bunday masalalarga qolganda, qattiqroq shamolga yiqiladigan jussa birdan metin bir qoyaga aylanadi. Lekin zamon ham ularning ra’yiga muloyimgina qarab turmaydi, kerak bo‘lsa, bir siltab, tutday to‘kib tashlaydi. “Shunaqami hali?! Qarab turing, kerak bo‘lsa, ikki karra ikkingizni birga aylantirib qo‘yamiz! Yoping, daf qiling, bunaqa sarkash, tekinxo‘rlar mahkamasining bizga darkori yo‘q!” degan do‘q bilan butun mamlakatni gumuburlatadi. Qarabsizki, ahli ilmning boshini qovushtirib turgan, ozmi-ko‘pmi yangi g‘oyalar nish urib turgan dargoh bir do‘q-siyosat bilan “tekinxo‘rlar mahkamasi”ga aylanadi, qoladi.

 

Bunday munosabatdan so‘ng nima bo‘ladi? Shubhasiz, haqiqiy olimlar, fidoyilar, manglayiga olimlik qismati yozilganlar chetga chiqadilar, tarkidunyo, tarki jamiyat qiladilar. Endi ilmga kirib kelayotganlar esa tarki ilmni ma’qul ko‘radilar. Oqibatda, Alining maydonini soxta ilmkashlar, xushomadgo‘ylar, “delovoylar”, karnaychilar-u pufakchilar egallaydilar. Ularga “ilm” navbatdagi karera uchun hech qursa, “ptichka” uchun kerak bo‘lib qolishi ehtimoldan uzoq emas. Kerakli toshning og‘iri bo‘lmaganday, keraksiz tosh ham kun kelib asqotishi mumkin.

 

Qisqa bir zaiflik va uzun bir da’vo

 

“Da’vo” romani jamiyatga, xususan, ziyolilar qatlamiga katta ko‘zgu tutdi. Bu ko‘zguda ko‘p narsalar ayon ko‘rinib qoladi. Yolg‘onlar, xiyonatlar, fitnalar, sotqinliklar... Ziyolilar jamiyati Tolstoy yuz o‘girgan kiborlar jamiyatiga aylanib qolmadimikin degan ishtibohlarga borasiz. Kattagina ilm dargohining inspektori Dono Inoyatovna “Bunaqasi bo‘lib turadi, Jamshidbek. Oramizdagi gap, ishingiz yuzasidan ikkita taqriz kelgan, ikkalasi ham ijobiy – o‘zim o‘qib ko‘rdim. U yog‘ini so‘rasangiz... diplomingizga imzo ham chekilgan bo‘lishi mumkin. Lekin o‘rtada birov eshikni tambalab turibdi-da. Kimligini bilarsiz – tepadagi mutasaddimiz, Ruhiddin Po‘latov. Do‘stona maslahat-da, o‘sha kishiga bitta qo‘ng‘iroq qilinsa, olam guliston. Yuqorida tanish-panishingiz bormi?

 

Jamshid o‘ylanib qoldi: Ruhiddin Po‘latov bo‘lsa, Ramziddin akaga qarindosh-parindosh emasmikan? Shunday bir gap qulog‘iga chalingandek bo‘lib edi. Biroq u nega to‘sqinlik qiladi? Kim uning arpasini xom o‘ribdi?

 

Jamshid boshini ko‘tarib ayolga qaradi, nozik bir joyiga tig‘ urilgandek ichdan seskandi, keyin nima deyarini bilmay asta burilib xonadan chiqdi”.

 

Eshikni tambalash bir zamonlar Ruhiddin Po‘latov bilan ustoz Shokir To‘laganov orasida bo‘lib o‘tgan tariqdan ham kichik bir mayda gap uchun edi.

 

Roman da’volar to‘qnashuvi, ambitsiyalar jangini tasvirlaydi. Kurashlar ochiq maydonda emas, orqavorotdan pana-panada kechadi. O‘zi ultonchaning ham iddaosi osmoncha. Hakim Termiziy “Inson nima” degan savolga “Inson bu – qisqa bir zaiflik va uzun bir da’vodir” deb javob bergan. Asarda xuddi shu “qisqa zaiflik va uzun da’vo”ning tuganmas o‘yinlari tasvirlanadi.

 

Bir kitob ichida yonma-yon yashayotganlar

 

Romanda xarakterlar qattiq ishlangan, har bir odam o‘z xarakteri, o‘z dunyosiga ega. Qatorlashib, inkubatordan chiqqan bir xil yasama personajlar emas ular. Bosh qahramon Jamshid Bo‘ronning nomzodlik dissertatsiyasi “o‘sha kezlar nisbatan yangi, ayni choqda qaltisroq – jadidlar mavzusida” ekanligi va ilg‘or olimlarning bugungi ta’lim-tarbiya borasidagi islohotlarga jadid bobolarning dasturiy ta’limotlarini asos qilish haqidagi g‘oyasiga moyilligi uning botinidan, ichki insoniy tutumlaridan darak beradi. Kimsan, hamma uchun hurmatli domla Elmurodov unga “Mavzuni o‘zgartir, ikki yilga qolmay himoyaga chiqasan, men kafil” deyishiga qaramay, u yo‘lidan qaytmaydi. U paytlar birgina shaxsning kimgadir yoqmay qolishi evaziga ham tayyor dissertatsiyalar o‘n yil orqaga surilib ketishi mumkin edi-da. Jamshid qaysar va halol darveshnamo ustozi Shokir To‘laganovning izidan boraveradi. To‘laganov esa, Vatan tarixini buzib ko‘rsatuvchilarga tish-tirnog‘i bilan qarshi turadigan, bosqinchilar istilosining ayanchli oqibatlarini chuqur biladigan, yurtining tarixi uchun ham, kelajagi uchun ham kuyinadigan haqiqiy ilm odami.

 

Romanda bu odamlardan tabiatan yiroq bo‘lgan ajab-ajab toifalar bor. Garchi bular tiynatan teskari bo‘lsalar-da, nailoj, bir kitob – bir dunyo ichida yonma-yon yashaydilar, o‘zaro munosabatlarga kirishadilar. Masalan, Junayd Jabborzoda, Shohiya Amur... Ismi shariflarning hashamatini qarang, otni hurkitadi-ya.

 

Junayd bir qarasangiz, tuman prokurori, bir qarasangiz, viloyatda mas’ul lavozimda, yana bir qarasangiz, poytaxtda nufuzli martabada. Qizig‘i, Junayd bu mansab-u martabalar bilan cheklanib qolmaydi. Goho shoirga, goho bastakorga, goho rassomga aylanadi. “...dovruq-ovozasi to‘rt tomonni tutgan: Junayd Jabborzoda she’ri, Junayd Jayhun musiqasi, Junayd Jabborlining rangtasvir asarlari... Bamisoli bir kishi emas, butun boshli to‘da tinmay she’r-u qo‘shiq yozib, musiqa bastalab, yana bir galasi dastgoh qurib rasm chizib yotgandek!” Bu jumladagi “to‘da” so‘zida vaziyat, mohiyat yashiringan. Bu so‘z o‘rnida yozuvchi “guruh” degan so‘zni qo‘llaganda, bu so‘z o‘rniga tushmasdi, mohiyat ochilmasdi. Mana, mahorat qayerda.

 

Junaydning aralashmagan narsasi yo‘q. Bu eshikdan chiqsa, boshqa eshikdan kirib kelaveradi, eshik topilmasa, devorni o‘yib ham kirib keladi. Har baloga qobiliyatli. Har ishga suyagi yo‘q. Nima duch kelsa, o‘zini bir urib ko‘radi. “Jamshid Bo‘ron bo‘lasi Junaydga hayrat bilan tikilib qoldi. Ha, buning qo‘lidan keladi partiya tuzmoq! Boshqasi ham!..”

 

 

Bunday uddaburrolar keyingi paytlarda yana ko‘paydi. Go‘yo ular hamma narsani eplaydiganday, ularning qo‘lidan kelmaydigan ishning o‘zi yo‘qday, juda faol, jonkuyarday ko‘rinishadi. Lekin oxir-oqibat uddaburroning uddalagan biron narsasi yo‘q bo‘lib chiqadi.

 

“Jamshid Bo‘ron bo‘lasining ko‘kragiga yengilgina mushtlab, “Omadingni bersin”, dedi-yu sekin burilib katta ko‘cha sari yurdi. U o‘zini allanimada g‘olib sezardi, ammo ko‘nglida Junaydga nisbatan bir achinish ham bor edi”.

 

Jamshid bekorga jingalaksoch bo‘lasi Junaydga ichida achinish hissini tuymadi. Chunki, Junayd qisqa bir zaiflikning uzundan uzun da’vosi edi. Vijdonli odam bunday tomoshalardan zavqlanolmaydi, qiynaladi, iztirob chekadi.

 

“Bir mahal qayoqdandir Shohiya Amur paydo bo‘ldi. Yengiltakroq libosda: egnida allambalo deb yozilgan qora mayka, tizzasi yirtiq shim. Boshidagi keng-ko‘lam, ola-bula kepkasini qiyshaytirib kiyib olgan. Sumkachasini yelkasiga tashlab. Beg‘am betashvish bir xirom bilan”.

 

Bunday ayollar bitta zavodda bitta qolipdan chiqarilgan qo‘g‘irchoqlarday bir-birlariga juda o‘xshaydilar. O‘zlarini tutishlari ham, gapirishlari ham, noz-u karashmalari ham, burnidan nariga o‘tmagan maqsadchalari ham bir xil, bir xil. Ularga hayotda ko‘p duch kelasiz. Bir muddat mahliyo bo‘lib turasiz-da, tezda hafsalangiz pir bo‘ladi. Maftunkor jozibaning umri tovoqdagi chiroyday qisqa.

 

“– Bilmadim, – dedi kulib Jamshid Bo‘ron. – O‘zlariyam ko‘p farishta bo‘lmasalar kerak? Anovi qiz nima qilib yuribdi bu yerda? Inessa Armanding shumi?

 

– Qaysi qiz? Ha-a, Shohimi? Shohiya Amur. Ommani jalb qilish uchun shunaqalariyam kerak-da, jo‘ram! Qayerdan taniysan uni?”

 

“Shunaqalariyam kerak-da”. Shu gapning o‘zi ko‘p narsani bildiradi. Meni falon joyga taklif qilishyapti, mensiz bu davra o‘tmay qoladi, deb hovliqib, uch soatlab makiyaj qilib, jilpanglab boradiganlar shunchaki kimlargadir ermak bo‘layotganlarini bilmaydilar.

 

Tag‘in bu kishim, aktrisa, rejissyor, ssenarist, buning ustiga, ikkita she’r kitobi chiqqan. “Voy, “Men, men, men”ning ssenariysini onamning eri yozganmi bo‘lmasa! Bilmasmidingiz she’r kitobim chiqqan-ku, ikkita!”

 

Ha, asarda har bir personaj o‘z xarakteri bilan, fazilati-yu nuqsoni, jiddiyati-yu bachkanaligi bilan manaman deb ajralib turadi. Ular yozuvchining ixtiyori-yu mayli bilan to‘qib chiqarilmagan, bu obrazlarni hayotning o‘zi romanga taqdim qilgan. Siz har qadamda ularni uchratasiz. Jamiyatning qaysidir jabhasida “javlon urib” yurgan odamlar. Hatto asar boshida yilt etib bir ko‘rinib keyin yo‘q bo‘lib ketadigan, o‘zicha “Turknoma” atlig‘ buyuk dastan yazayatgan” Selim turk ham xotirangizga muhrlanib qoladi. Hatto asarda umuman ko‘rinish bermaydigan Alikning qiyofasini ham tasavvur qilsa bo‘ladi: “Olamda yo‘q kiyim-boshni egniga ilib, siyrak soqoliga oro berib, allaqanday tayinsiz xalqaro loyihalar bahona mamlakatma-mamlakat izg‘ib yuradigan, bir polyak qiziga uylanib ajrashgan Alik ona tilidan boshqa ko‘p tilni biladi. Otaginasiga tortib juvon tiliga ham mohir. Manovi xonimchamiz bilan ham soz shekilli, “o‘zlarining tili”da chuldirashib yuradi”.

 

Junayd Jabborzoda, Shohiya Amur, Ramziddin Po‘latovlar poygasida ustoz To‘laganov, Jamshid Bo‘ronlar o‘z-o‘zidan chetga chiqadilar. Ular uyaladilar, or qiladilar. Attangki, ularning safi siyrak, sanoqli. Lekin iddaochilar maydonni hech kimga bermaydi, orini sotib bo‘lsa-da, otini chiqarsa bo‘ldi. Har narsadan bir ilinj izlab, goh u yoqqa, goh bu yoqqa, har o‘tganda bir turlanib, eng chopqir otlarni choptirib o‘taveradilar. Ba’zilari lavozim-u mol-dunyo uchun qulay kelib qolsa, hammani ulgurjisiga sotib yuboradi. Otang – bozor, onang – bozor!

 

Tili bir roviylar

 

Roman yorqin uslubda yozilgan. Matnning o‘ziga xos ohangi ohanrabodek o‘quvchini tortib ketadi. Asarda voqealar uchinchi shaxs va birinchi shaxs tilidan hikoya qilinadi. Ba’zan ikkinchi shaxs tili ham aralashadi. Lekin shunisi muhimki, mutolaa vaqtida birinchi shaxs roviyligidagi bir bobdan uchinchi shaxs roviyligidagi boshqa bobga o‘tish jarayonida hikoyachilar almashinuvi sezilmay qoladi. Chunki, asarda til yaxshi. Ravon. Tishga tegadigan joyi yo‘q. So‘zlar o‘z maromida quyilib keladi. Ayniqsa, Erkin A’zamga xos tagdor jumlalar-u iboralar alohida diqqatga loyiq: “Telefondagi ovozni ajratib bo‘lmasdi: erkak kishiga tegishli desangiz – juda ingichka, ayolmikan desangiz – allaqanday “temir” aralash”, “Qator-qator vazir-u vuzarodan tortib mashhur xonanda-yu sozanda, shoir-u shuaro, mashshog‘-u qashshoq...”, “Yangi tarix”dagi karnayvoy bola”, “o‘zaro nosamimiy lutf-u havolar”, “qo‘lyozmasining “so‘nggi xollari”, “qozonga yaqin kelsang, “kisht-kisht” deb quvishlar”, “silliqlab-siporishlab o‘tiradi”, “ikki o‘g‘il ham (o‘qishdan) ikki martadan “yiqilib berdi”, “nomi uzun o‘zi kalta film”. Bunday o‘ziga xos, shirali, badiiyat qaymog‘i bilan to‘yintirilgan jumla-yu iboralar asar sifatini oshirgan.

 

Ming xil mayda-chuyda girepmarketi

 

Romanning avj pardasida ijtimoiy tarmoqlarda ustoz haqida tarqalgan xabarlar bugungi tarmoqlar ahvolini aniq ko‘rsatib beradi. Millionlab odamlar ivirsib yuradigan bu tarmoqlarda ne ishlar, ne mish-mishlar, ne qilmishlar urchimaydi deysiz. Rosti ham bor-u, yolg‘oni undan ko‘p. Bu to‘s-to‘polon ichida yaxshi xabarlar ham suvga cho‘kkan toshday yo‘q bo‘lib ketadi. Allaqanday laykchilar, istashsa, bir odamni bir necha daqiqada badnom qilishlari ham mumkin, istashsa, bir ahmoqdan daho yasashlari ham mumkin. E’tibor qilmaslik kerak deymiz-u, lekin bu olag‘ovur ham jamiyatda katta jarayonga aylanib bo‘ldi. Endi unga ming xil mayda-chuydalar do‘koni deb qarab bo‘lmaydi. Bu do‘kon zamonning zayli bilan gipermarketga aylangan. Ustoz yo‘qolib qolgandan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga bir quloq tuting:

 

“...Kampiri bilan g‘ijillashib qolib, o‘zini jarga otgan ekan, jasadi topilmayotganmish...”

 

– “...Katta olim bo‘lgani bilan rosa icharkan deng. Dachasi tog‘da ekan, tog‘-toshda mast-alast daydib yurib, jonivorlarga yem bo‘lgandir-da...”

 

– “...Zo‘r olim bo‘lgani uchun ko‘rolmaydigan hasadgo‘ylar ustidan yoza-yoz qilib jonidan to‘ydirib yuborishgan-u boshini olib bir yoqlarga ketvorganmish...”

 

– “Unda o‘zi to‘g‘risidagi past-baland mishmishlarni o‘qiyverib... yashagisi kelmay qolibdi...”

 

Yetishmayotgan odam

 

Asarning boshidan oxirigacha nurday o‘tadigan yana bir obraz bor. Bu tog‘a obrazi. Jamshid Bo‘ronni o‘z bolasidan ham yaxshi ko‘radigan tog‘a. Xuddi shu tog‘a asarning boshidan oxirigacha ajib bir ruh berib turadi. U asardagi hamma obrazlardan balandroqda yashaydi. Unda ortiqcha da’voni sezmaysiz, yoqayirtar iddaoni ko‘rmaysiz. Tog‘a timsolida zahmatkash,sodda samimiy xalqingizning bir bo‘lagini ko‘rganday bo‘lasiz. “Choshgohga yaqin ma’raka tarqab, mozorboshiga borish taklifi chiqdi mendan. Nuqul kimdir yetishmayotgandek, halizamon kimdir darvozadan kirib keladigandek bo‘laverdi. “Jamshidboy keldima, jiyanginam keldima…” Tog‘am!”.

 

Ha, bunday odamlar hamma joyda hamisha yetishmaydi.

 

Asarda tog‘a bilan bog‘liq yana bir lavha borki, bu lavha ham o‘sha yillardagi ko‘p kechmishlarga ishora qiladi. Jamshid Bo‘ron tog‘asining ta’ziyasiga qishloqqa borganda atrofga qarab, ko‘nglidan shunday bir o‘y o‘tadi: “Bamisoli shuncha yil mobaynida biror mardum bitta daraxt o‘tqazmagandek, chiqib eshik-derazasini bo‘yamagandek, ko‘cha-ko‘y o‘nqir-cho‘nqir, kechagi zamondan bu yog‘iga asfalt ko‘rmagan, uy-tomlar-chi, past-pastqam! Hammayoqni balo urib ketgandek vayron-vayrona…

 

Odamlar-chi, odamlar? Bari allaqanday mijg‘ov, ruhsiz, zerikarli. Dasturxon atrofidagi gap-gurunglari ham ho‘-o‘ almisoqdan qolgan diydiyolar”.

 

Ikki jumla va ikki dunyo orasida

 

Maqolamizning muqaddimasini asar oxirrog‘idagi bir lavha bilan boshlagan bo‘lsak, xotimasida asar boshiga qaytamiz.

 

Roman nashriyotdan kitobi chiqayotgan Jamshid Bo‘ronning kitob boshida ustoziga bir og‘iz bag‘ishlovi mojarosidan boshlanadi va shu mojaro yakuni bilan tugaydi. Birinchi bobda nashriyot direktori Sanaqulovich: “Kitobingizni, monografiyani ustozingizga bag‘ishlabsiz-ku. Bag‘ishlaganingiz yaxshi-yu, domlaning atrofidagi keyingi gap-so‘zlar... Shundoq katta olim, salkam akademik badnom bo‘lib qoldi-da endi, a, esiz! Qayoqqa ketgani ham noma’lum, dom-daraksiz emish-a? Chet elga qochgan deyishadi, rostmi shu gap?” degan bir qop somonni pe-peshlab, bag‘ishlovni olib tashlashni talab qiladi. Jamshid Bo‘ronning ichidan zil ketib bag‘ishlovni olib tashlashga undagan nashriyot direktoriga: Kitob meniki, kimga bag‘ishlash o‘zimning ishim” degan gapi asar oxirida yanada qat’iy vijdoniy tus oladi. Shuncha, bir kitoblik voqealardan keyin Jamshidning nashriyot xodimi – kitob muharririga yuborgan xati shunday: “Muniraxon! Iltimos, kirib kattangga – Sanaku-ulovichingga ayt, bag‘ishlov qat’iyan mana bunday bo‘lsin: “Ushbu kitobimni unutilmas Ustozim, akademik Shokir To‘laganovning o‘chmas xotirasiga bag‘ishlayman”. Tamom!”

 

Romanning yaxlitligi, butunligi ham shundaki, undagi barcha hodisalar ana shu ikki jumlaning orasida bo‘lib o‘tadi. Asar boshida va oxirida aytilgan bu ikki jumla qator voqealarni birlashtiradi, cheki chegarasi yo‘q da’vo-iddaolar, xiyonatlar, bir-birini sotish mojarolaridan ma’nan butun chiqqan Jamshid Bo‘ronning Shaxsini namoyon qiladi.

 

Bu e’tirof Ustozning o‘jar, qaysar, bilganidan qolmaydigan, o‘rischa aralashtirib gapiradigan qizi Bibixonimning tilidan Jamshidni otasiga mengzab “Sizlar asli bir odamsizlar-ku...” deb aytgan gapida yanada aniq ko‘rinadi. Shokir To‘laganovning qizi haqida gap ketganda, bir vaqtlar gazetada rossiyalik bir akademikning qizi bilan bo‘lgan suhbat esga tushadi. Otasi bilan ko‘p masalalarda chiqisholmayotgan qizga muxbirlarning: “Nega otangiz bilan kelisholmaysiz, axir u mashhur akademik-ku?” degan savoliga qiz: “Hamma gap shunda, men akademikning qiziman, otam esa oddiy dehqonning o‘g‘li” deb javob beradi. Garchi Bibixonim qancha murakkab xarakterga ega bo‘lmasin, To‘laganovning ma’naviy muhiti havosidan bahramand bo‘lib o‘sgandi. Bu bahramandlik o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymasdi. Jamshid g‘oyib bo‘lgan domlasini izlab, qiz bilan birga qaytganda buni anglaydi: “Ilk ko‘rishgan kunidan buyon bir-biriga yotsirab yurgan ikki odam bugun aka singil bo‘lib qaytarkanmiz, qizning boyagi gapi xayolimdan ketmasdi: “Sizlar asli bir odamsizlar-ku...”

 

Romanda teran ramziy ishoralar bisyor. Bu ramzlarni sharhlash alohida mavzu. Ustozning yo‘qolib qolishi ham aslida ramziy ma’noga ega. Bu ishorada jamiyatda boy berilayotgan qadriyatlar, tutumlar, halol fazilatlarga ishora borday. To‘satdan g‘oyib bo‘lgan ustoz Shokir To‘laganovdan Jamshid Bo‘ronga kelgan oxirgi SMS xabar shunday yakunlangan: “Meni qidirmanglar, yer ustida qiladigan ishim qolmadi...”

 

Bu og‘ir gap. Shukur Xolmirzayevni o‘limidan oldin ko‘rgani borganimda, uning horg‘in nigohlaridan shu ma’nodagi gapni o‘qiganman. Yana bu gap Abdulla Oripovning bir she’rini eslatadi:

 

Mening Yer ustida tanishlarim kam,

Mening Yer ostida do‘stlarim ko‘proq.

 

Kibri havomi, kibri da’vo?

 

Maqolaga “Da’voning davosi ne?” deb nom berdik. Da’voda mudom xatar borligi rost. Zero, bobolarimiz to‘qigan “kibr-u havo” iborasini bizning zamonamizda “kibr-u da’vo” deb o‘zgartirsak, mantiqdan uzoqlashmaymiz. Agar da’vo haddan oshib ketsa, xiyonatlar, sotqinliklar, hasad, tubanliklarga manba bo‘ladi. Xo‘sh, xulosa nima? Taxminiy bo‘lsa-da, da’voning davosi bormi? Bu haqda bir narsa deyish qiyin. Bir shoir aytganiday: “Dardning o‘zini ko‘rsatib berish ham katta gap”. Faqat shuni qo‘shimcha qilish mumkin, uzun da’vodan oldin qisqa zaiflik bor. Har kim Hakim Termiziy uqtirgan “qisqa zaiflik”ni angladimi, bas, kibr-u da’vo o‘z-o‘zidan chekinadi. Yana yapon shoirining bir satri esga tushadi: “Men ojizman va avaylayman o‘zimning ojizligimni”. O‘zining ojizligini avaylagan odam kuchli bo‘ladi.

 

Eshqobil SHUKUR

 

“Jadid” gazetasi, 2026-yil 11-sentyabr, 37-son.

“Da’voning davosi ne?” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ta’lim-tarbiya

18:09 / 30.09.2026 0 224
Muallimga jo‘natilmagan maktub





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//