Shoira Oydinniso mutolaa qiladi.
Tushkunlik chohidan – umid zinasiga
Jaloliddin Rumiy. Ma’naviy masnaviy. Odil Ikrom tarjimasi. Toshkent, “Oydin” nashriyoti, 2022.
Men umrimni ikki qismga ajrataman: “Ma’naviy masnaviy”ni o‘qigunga qadar va uni o‘qigandan keyingi hayotim. Chunki bu asar qalban yangi bir insonni yaratdi. Yangiki, ilgari moddiyat to‘rlari ichra tipirchilagan ruh mutolaadan so‘ng asliy olamini topgandek bo‘ldi.
“Masnaviy” botinimdagi buyuk bir yolg‘izlikning, tushkunlikning mohiyatini ochib, qalbimni muntazam o‘rtagan mumtoz sog‘inchning ismini topib berdi. Nima uchun bu moddiy dunyo meni to‘liq qoniqtirmaydi? Nega ichim o‘z-o‘zidan huvillab, nimanidir qo‘msayveraman? Ruhim nega hamisha yuksaklikka, cheksizlikka talpinadi? Muhtasham asar shularning barini tushuntirdi. Ruhning vataniy sog‘inchi, nayning o‘z qamishzorini qo‘msab nola-fig‘on qilishi ekan bu! Ilk baytlarida qulog‘imga chalingan nay navosi shunchaki kuy emas, ingrayotgan o‘zligim ekaniga iymon keltirdim:
Tingla, bul nay ne shikoyat aylagay,
Ayriliqlardin hikoyat aylagay.
Men ham o‘sha nay kabi qamishzorimdan – ruhoniy manbadan uzilgan g‘arib musofir ekanimni his etdim. Ilgari faqat rang va shakllarni ko‘rgan ko‘zlarim endi ma’no va mohiyatni izlay boshladi.
Kuylamog‘i uchun nayning ichi bo‘sh bo‘lishi kerak. Qursog‘i to‘la bo‘lganlardan ham ilohiy navo taralmaydi. Men endi dunyo chiqindilari – nafs, kibr, o‘tkinchi tashvishlardan ozod, Haq nafasi bemalol oqib o‘tadigan “nay” bo‘lmakka bel bog‘ladim.
“Masnaviy” xira tortgan qalbim ko‘zlariga ko‘zoynak bo‘lib taqildi. Zulmatda filni paypaslab, uni ustun yoki yelpig‘ich deb taxmin etgan kimsalarnikiga monand tor tasavvurimni kengaytirib, botinimdagi ko‘rlikni davoladi. Mavlono qo‘limga ishq shamini tutqazgachgina borliqni va Yaratganni anglash uchun paypaslash emas, nur kerakligini angladim. Ilgari hayotni faqat barmoqlarim bilan tuygan, uning cheksiz mohiyatini faqat hissiyot ila o‘lchagan ekanman. Bu nur endigina ochilgan ko‘zlarimga Xoliqi Olam menda yashirgan buyuk sirlarni – vafoni va ilohiy qudratni shoyon ko‘rsatdi. O‘sha sham bo‘lmaganida, men hamon hayotning birgina “oyog‘i”ni ushlab, uning butun borlig‘i haqida yanglish xulosalar chiqarib yurgan bo‘lar edim.
Dunyo tashvishlari, ayriliq og‘riqlari, ruhiy charchoqlar ezgan mahalda “Masnaviy” hoziq tabib kabi yordamga keldi. Mavlono aytganidek, “Ishq barcha xastaliklarimizning tabibidir”. Bu kitobni o‘qish – tushkunlik chohidan umid pillapoyalari orqali yuqoriga ko‘tarilmoqdir. Undan men nafrat o‘rniga mehr, kibr o‘rniga tavoze topdim. U, ta’bir joiz bo‘lsa, meni ishq ila qayta yaratdi: Shod bo‘l, ey ishqi xushsavdoyimiz, // Barcha illatga tabib Ma’voyimiz. “Masnaviy” shunchaki loydan yasalgan jasad emasligim, balki Yaratganning nafasidan ruh ato etilgan, koinot sirlari yashirilgan muazzam olam ekanimni anglatdi. O‘zim bir tomchi suvman-u, ammo qalbimga ummon jo ekanini his ettirdi. Men oro berib yuradigan jism – ruhim kiyib yurgan anchayin libos ekani, kun kelib tuproqqa do‘nishi, loy ichida o‘zini bandi sezguvchi ruhim esa boqiylikka talpinishini tushuntirdi.
Har baytida ham dunyoviy, ham ilohiy ma’no mujassam bo‘lmish “Masnaviy” meni botinimdagi Fir’avn bilan tanishtirdi. Eng katta dushman tashqarida emas, ichimda ekanini shipshidi. Uning hikoyatu hikmatlarini shamshir etib, Muso (a.s.) yanglig‘ o‘shal Fir’avnga qarshi kurashmakka jazm etdim. Chin ozodlikka erishmoqning eng maqbul yo‘lini topdim. Hazrat Ali va dushman haqidagi hikoyat butun dunyoqarashimni ostin-ustun qilib yubordi. Qirq kecha-kunduz e’tiqod uchun jang qilgan Ali (r.a.) g‘animni yiqitib, bo‘yniga qilich tiraganida, mag‘lub kimsa uning yuziga tupuradi. Shu lahza insoniy nafs g‘azabga minishi, qasos o‘tida yonishi tabiiy edi. Biroq Hazrat Ali kutilmaganda qilichini tushirib dediki: “Men shu lahzagacha Olloh uchun jang qilayotgan edim, yuzimga tupurganingdan so‘ng ichimda senga nisbatan shaxsiy adovat uyg‘ondi. Agar seni hozir o‘ldirsam, e’tiqodim uchun emas, nafsim va xusumatim uchun o‘ldirgan bo‘laman”. Bu – ixlosning eng yuksak cho‘qqisidir.
Bugungi dunyoda qilichlar yo‘q, ammo tillar qilichga, so‘zlar zaharga aylangan. Mavlono “so‘z jangi”da ham Hazrat Ali kabi nafsimizni yengib, adovatni muhabbatga aylantirmoqqa undaydi. Ko‘pincha “adolat izlayapman”, “haqiqatni aytyapman” degan niqob ostida shaxsiy adovat, gina-kuduratimizni yuzaga chiqaramiz. Ibrat-u hikmatga yo‘g‘rilgan hikoyat har ishda nigohni qalbga qaratishni, o‘zimizdan “Men buni kim uchun qilyapman?” deb so‘rashni o‘rgatadi. Jonini saqlab qolish orqali dushmanning qalbini zabt etgan Ali (r.a.) mag‘lubiyati – aslida ma’naviy g‘alabadir. Kofirning iymonga kelishiga qilichning o‘tkirligi emas, balki ul zotning nafsini jilovlagan ichki qudrat sabab bo‘ldi. “Masnaviy” bu hikoyat orqali menga agar shaxsiy manfaat yoki nafs aralashsa, har ne kori xayr o‘z qiymatini yo‘qotishidan saboq berdi. O‘zimdan bot-bot so‘raydigan bo‘ldim: “Qaysi amalimda shaxsiy manfaat yo‘q? Qaysi so‘zim nafs istagidan xoli?”
Inson tabiatan baxillikka moyil, chunki nafs doimo “O‘zingga yetmaydi” deb vahima qiladi. Saxovat esa nafsning shu qo‘rquvini, qutqusini yengmoqdir.
“Masnaviy” menga qo‘rquvni yengishni, saxovatli bo‘lmoq-chun avvalo moddiyatga bog‘liqlikdan ozod bo‘lishni, mol-dunyo insonning qalbida emas, qo‘lida bo‘lishi kerakligini anglatdi.
Ko‘zaga dengizni quygan choqda ham,
Bo‘lgusi kunlik nasibang unda jam.
Mavlono saxovatni tubsiz ummonga o‘xshatadi. Agar inson o‘zini ilohiy ummonga bog‘lasa, bergani bilan kamayib qolmaydi. Idishdagi suv ishlatilsa tugaydi, ammo idish ariqqa, ariq esa dengizga ulangan bo‘lsa, u tuganmasdir. Saxovat – insonning o‘z ma’naviy bulog‘ini ilohiy xazinaga bog‘lashi. Mavlono xoh ma’naviy, xoh moddiy – boylik ehson qilingani sari ko‘payishining siri mana shunda ekanini anglatdi. Shu asno Ko‘nyoda tomosha qilib, bag‘oyat ta’sirlanganimiz – Mavlono izdoshlari ijro etgan samo’ raqsi yodimga tushdi: darveshning bir qo‘li yuksakka – Haqqa, ikkinchisi esa pastga – xalqqa qaratilgan edi. Bu harakat “Ollohdan olamiz va Uni deb xalqqa beramiz, o‘zimizda hech narsani saqlab qolmaymiz” degan ma’noni anglatadi. “Masnaviy” mening qalbimga olguvchi emas, berguvchi qo‘l bo‘lish ishtiyoqini soldi.
Yana, o‘zimga ravo ko‘rmagan narsani o‘zgalarga ham ravo ko‘rmaslikni uqtirdi. Mavlono o‘gitlari shunchaki kitob javonida turadigan, ehtirom bilan varaqlanadigan matn emas, balki har bir qadamimda, hatto farzandim bilan qiladigan muloqotimda ham yo‘l ko‘rsatuvchi rohbonga aylandi. Bir kuni o‘g‘lim “Oyi, telefoningiz eskiribdi, yaqinda ishlamay qoladi, tezroq sotib yuboring” dedi. Buni shunchaki “bozor mantig‘i” deb qabul qilishim mumkin edi, ammo endi kamina “Masnaviy” qayta yaratgan odamman, axir. O‘g‘limga bu shunchaki savdo emas, balki vijdon va mohiyat masalasi ekanini Mavlono hikoyati orqali tushuntirdim. Dedimki: “Musoni (a.s.) holi-joniga qo‘ymay hayvonlar tilini o‘rgangan o‘sha kimsani esla. U o‘z qilg‘ilig‘idan mamnun bo‘lib, o‘ladigan moli, oti va qulini bozorga chiqarib sotdi. O‘ziga ravo ko‘rmagan zavol va o‘limni boshqaga pullab, foyda ko‘rdim, deb quvondi. U mol-davlatiga kelayotgan baloni o‘zganing bo‘yniga ilmoqchi bo‘lgan edi, oxiri o‘sha balo joniga yopishdi. Buni bilib qolib, dod-faryod ko‘tardi. Endi nima qilsin? Bozorga chiqarib o‘zini sotsinmi? Afsuski, kech edi, so‘nggi pushaymonga chora yo‘q edi...” O‘g‘lim buni eshitib, biroz sukutga toldi. Nigohlarida pushaymonlik emas, anglash nuri yiltiradi: “Oyi, bu ishing xato, deganingizda tushunmasligim mumkin edi, ammo bu hikoyat menga hayotning asl mohiyatini anglatdi” dedi u. Shu lahzada yana bir bor iqror bo‘ldim: Mavlononing so‘zi – asrlar osha kelayotgan javobsiz savollarning kaliti. U bizga Inson bo‘lmoqdan dars o‘tadigan tirik murabbiydir. “Masnaviy” menga “ko‘ringanim kabi bo‘lish”ni o‘rgatdi. Murakkab falsafiy istilohlar bilan emas, yo‘q, har qanday odam tushunadigan oddiy tilda: goh Qur’oni karimga, goh hadislarga ishora qilib; goh matallar yordamida, hatto goho qo‘polroq o‘xshatishlar bilan. Ikkiyuzlamachilik avj olgan dunyoda u meni samimiyatga chorladi. Soxtalikdan uzoqlashtirdi. Yuksak ilohiy haqiqatlar oddiy timsollar orqali tushuntirilgan, Mavlonogagina xos bo‘lgan jasorat bilan yozilgan asarni o‘qir ekanman, ichimda yangi inson uyg‘onayotgani, tilim va dilim birlashayotganini his qilaman.
Aqlni lol qoldirib, qalbni so‘zlatguvchi “Masnaviy”ni o‘qigandan keyingi hayotimda men sukunatning tilini topdim. Ilgari so‘zlarim ko‘p-u, ma’nolarim kam edi. Endi “So‘zni oz ayt, ma’nosini yurakka joyla” degan o‘gitga rioya qilaman. “Masnaviy” meni yuzadagi ko‘piklar bilan olishishdan to‘xtatib, dengizning vazmin va sirli sukunatiga g‘arq qildi. Bu sukunat – tilsizlik emas, balki ruhning Haq bilan to‘yingan lahzasidir. Angladimki, to‘lqinlar va ko‘piklar – faqat shovqin, haqiqiy boylik va sokinlik – ummon tubida ekan.
Ilgari suv ustidagi ko‘pikka mahliyo bo‘lib vaqt yo‘qotgan bo‘lsam, endi dengiz tubidagi durni izlayman. “Masnaviy” tiriltirguvchi nafas bo‘ldi. Mavlono bergan sham qo‘limda ekan, hech qachon zulmatda qolmasligimga ishonaman.
Isyon va taskin
Nazar Eshonqul. Saylanma. Toshkent, “Akademnashr”, 2022.
Men bugun fikrsizlik, lanjlik, loqaydlik qamrab olgan vujudim, tobora qotib borayotgan qalbim, ko‘pdan buyon yosh ko‘rmagan ko‘zlarim haqida qayg‘urayotirman. Bu darddan, qalbimdagi odamsizlikdan qutqarguvchi, uyg‘otguvchi, yig‘latguvchi nedir bormi? Ibodatmi, muhabbatmi? Mudroq qalbga bul ikkisi sig‘armikan – ularni faqat bedor qalblar taniydilar-ku... Yana mutolaadan madad istayman, sevimli adibim Nazar Eshonqulga yuzlanaman.
“Saylanma”ni o‘qir ekanman, unga suyanib o‘zimni o‘nglab olaman. “Urush odamlari”... Eridan qora xat kelgach, bolasini o‘lim ofatidan saqlamoq uchun nomusini sotgan, tanmahrami kutilmaganda tirik qaytgan-u ko‘ngillardan quvg‘indi bo‘lib otib tashlangan Anziratning holiga achinib yig‘layman. Ham jisman, ham ruhan umrbod majruh bo‘lib qolgan, nomusga chiday olmay sevgan yorining ham, o‘zining ham joniga qasd qilib, jasadi bo‘rilarga yem bo‘lgan Normatga ko‘zyosh to‘kaman. Yetim qolgan bolalar, o‘g‘illaridan ayrilgan onalar, beva qolgan kelinlar, hayoti alg‘ov-dalg‘ov bo‘lgan urush odamlariga kuyib yonaman. Anglaymanki, boshlangan urush tugamaydi, odamlar yuragida, qismatida umrbod davom etadi! Daf’atan “Ochilmagan eshik”ka duch kelaman va beixtiyor “Seni sevaman, o‘lim!” deya hayqirgim keladi. Dunyoda sevganining ko‘ngil eshigini qoqayotgan ayoldan muhtojroq odam bo‘lmasa kerak. Xo‘sh, eshik ochilmasa nima bo‘ladi?
Hikoyani o‘qib, biz insonlar o‘limga nisbatan nohaqlik qilishimizni his etaman: nima uchun mamotni yomon ko‘ramiz? Bizni hayotning turfa nayranglari, sinovlaridan qutqargani uchunmi? Og‘ir lahzalarda najot qalqoni bo‘lib, borligini eslatib turgani sababmi? Yo bizni Yaratganning diydoriga yetkazguvchi bo‘lgani boismi? Nega o‘limdan qo‘rqamiz va bizni har ko‘yga solguvchi hayotni sevaveramiz, uning noz-u ishvalariga aldanaveramiz, uni himoya qilmoq uchun har narsaga tayyormiz?
Ramzlar asosiga qurilgan asarlar g‘amgin qo‘shiq bo‘lib qalbimga oqib kiradi. Isyon qilaman, taskin topaman... Odamning yutuq deb qabul qilgan fojialaridan, quvonch deb ko‘z-ko‘z etgan g‘amlaridan, odamiylik deb tan olingan ko‘z ilg‘amas yovuzliklaridan, yana men ifodalab berolmaydigan juda ko‘p hasratlardan naql etadi bu qo‘shiqlar. “Zanjirband”da kishanlangan eng ozod odamni ko‘raman va ozodlikda yurgan insoniyatning zanjirband ekanini tushunib yetaman. “Ozod qushlar” biz mo‘jiza kutib yashaydigan bu hayotning qadriga yetmaganimiz har daqiqasi asl mo‘jiza ekanini anglatadi. “Ajr” ham o‘sha istibdod, xudosizlik, shaxsga sig‘inish davridan so‘ylaydi. Yo mazmunni anglash, yo anglab yetganimga ishonch hosil qilish ishtiyoqi; yo lirik ohang, go‘zal tashbehlar, yoniq qalb dukuri meni unga tortaveradi. Balandroq kursini egallash uchun begunoh qishloqdoshlarini sotgan, to‘g‘anoq bo‘lmasin deb otasini qoyadan itarib yuborgan, ko‘zi ojiz qizning nomusiga tegib, ul baxtiqaroning chavaqlanishiga sababchi bo‘lgan amaldor...
“Go‘ro‘g‘li” – istibdod tuzumi haqida bir so‘z demay turib o‘sha davr zulmlaridan, fojialaridan so‘zlaydigan ijtimoiy yukli asar. Odam o‘lik, hujjatlar tirik. Hujjat gapirayotgan vaqtda odamning gapirishga nima haqi bor? Hujjat seni murda deb aytdi, tirikliging murda emasligingni isbot eta olarmidi? Idorama-idora yugurganingda ma’ni bormi? Hujjat adashgan bo‘lsa ham, hamisha haqdir. Uning buyrug‘iga bo‘ysunishga, murdaga aylanishga, o‘z janozangni tomosha qilib, o‘liging ustida o‘tirib yig‘lashga majbursan! “Tun panjaralari” va “Qora kitob” ham vijdonni so‘roqqa tutguvchi, o‘quvchini azoblab, azobdan huzur tuydirguvchi mungli qo‘shiqlardir. Javobsiz savollarim qayta tiriladi, o‘sha – bir vaqtlar meni muttasil qiynagan, qiynoqlari hayotim mazmuniga aylangan, baribir javobi yo‘qligini anglab yetgach, qalbimning pinhon yeriga ko‘mib qo‘ygan savollarim...
Bir zamon dunyoni o‘zgartirish haqida bosh qotirgan bo‘lsam, endi o‘zim haqimda o‘ylayman. O‘zgalarni so‘roqqa tutgan bu ko‘zlarim endi botinga o‘girilib, o‘zimni so‘roqqa tutadi. Yozuvchi qahramonlariga qo‘shilib o‘z mohiyatim haqida o‘ylayman. O‘zimni taftish qilaman, tanqid qilaman. Odatda, badiiy asarni oddiy kitobxon bo‘lib o‘qiy olmayman. Nigohim matndagi takrorlarga, g‘alizliklarga, harfiy xatolarga beixtiyor turtinib ketadi. Ammo bu kitobga kelganda muharrirligimni unutaman. U yangicha ifoda ortidan quvib, sun’iylashib ketgan ayrim moderncha kitoblardan butkul farq qiladi. Ham ohorli, ham zalvarli, ham quyma, ham tabiiy. Shu boismi, yo ruhiy tahlil chuqurligidanmi, ayrim dag‘allig-u takrorlar ham sirli bezakday, har qanday tahrir ularning ziynatini buzib qo‘yadiganday tuyuladi. Chamanzordagi batartib gullarning emas, tog‘dagi yovvoyi o‘simliklarning tabiiy go‘zalligini eslatadi ular.
“Saylanma”ni o‘qir ekanman, bu daryoda goh baliqday suzsam, goh to‘lqinlar bosimi ostida nafasim qaytadi. Ehtimol, shoir, olim, faylasuf, ruhshunoslikni birlashtirgan yozuvchi tafakkuri bilan bo‘ylashmoqqa quvvatim yetmaganidandir? Ehtimol, adibning o‘ziga, qahramonlariga qo‘ygan talablari o‘quvchiga ham daxldordek ko‘ringani uchundir? Ehtimol, turli timsollar ila yolg‘izlikka mahkum inson qismatini yodga solganidandir?.. Shu asno ingliz adibi Jon Raskinning gapi esimga tushadi: “Kitoblarni ikki guruhga ajratish mumkin: kun kitobi va barcha kunlarning kitobi”. Ichdan e’tirof etaman: o‘qiganim – barcha kunlarning kitobidir.
Sen mening...
Abduvali Qutbiddin. Bor. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2011.
Bugun Sizni kuzatish uchun jamoat yig‘ildi. Chorasi yo‘q axir kuzatmaslikning. Qo‘llarida ko‘tarib olib bordilar, qizg‘anibgina tuproqqa berdilar va qalblariga joylab, olib qaytdilar...
Payg‘omlar yo‘lladim, uyg‘on, hilolim,
Junun oqshomlari ochdi jamolin,
Poyalar uribman domingga sening,
Sen mening,
Sen mening,
Sen mening.
Sen mening! O‘zimniki qilib olganman bu she’rlarni va shoirni. Dugonam Dilrabo bir vaqtlar qayerdandir topib kelgan muqovasiz, titilib ketgan “Xayol kechasi”ni o‘zlashtirib oldim va Sizni o‘zimniki qilib yurdim. Tanib ulgurganim Abdulla Orif, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Usmon Azim kabi Siz ham meniki bo‘ldingiz. Axir, mening qalb qo‘shiqlarim bor edi o‘sha kitobchada.
Yo‘llarda telbavor hayqirib, darslarda ich-ichimdan shivirlab, uyqumda g‘udrangancha yig‘lab she’r o‘qirdim... Biz SamDU talabasi edik, ma’muriyatdan Siz bilan ijodiy uchrashuv uyushtirishni so‘radik. Eshitdikki, falon kuni kelar emishsiz. Mening shoirim kelarmish! Oraliqdagi kunlarni yashamadim, ulardan hatlab o‘tib, kutilgan kunga yetdim! Siz esa kelmadingiz... Ertasiga isitmalab yotib qoldim. Kechqurun eshitdimki, kelibsiz! Chidab bo‘lmas bebahralik edi bu men uchun. Yig‘ladim. Ko‘zyoshlarim hozirgiday sanchilib to‘kildilar...
Sizni izlab dugonam Dilrabo bilan hayotimda ilk bor Toshkentga yo‘l oldim. Oyoqlarim yerga tegmadi, yo‘llar uchdi men bilan birga. Shundan buyon qachonki Samarqandga borsam va qaytib Toshkentga yo‘l olsam, yo‘llar Sizni eslab qanot qoqadi. TVda ishlardingiz o‘shanda. O‘qituvchim Oygul Mamatova ichki telefondan qo‘ng‘iroq qilib chaqirdi Sizni. She’rga, So‘zga, Sizga ixlosmand o‘n sakkiz yashar ikki qizning yoniga balandlardan pastlab, tushib keldingiz... O‘sha uchrashuvdan keyin Sizni qaytib ko‘rgim kelmay qoldi. Nega? Chunki Siz bilan ko‘rishgani, suhbatlashgani ma’nan tayyor emas edim hali. Ha, sababni belgilashda adashmayapman deb o‘ylayman, shunday: tayyor emas edim. Chunki ko‘p katta shoirlarga taqlid qilardim. Ammo... sizga taqlid qilishga-da nafasim yetmadi. Yetmadi! Faqat sizdan yuqtirib olganim oshiqona hislar ila hali noma’lum muhabbatimga qarata o‘rtanib, misralaringizni o‘zimga moslab takrorlay oldim: “Qaydadir bir sanam seni deb yashar, // Faqat sen yashaysan // O‘ksinib”.
Faqat “Nega shu she’rni oldinroq men yozmadim?” degan savol qoshida chidab bo‘lmay qolgan lahzalarda o‘z-o‘zimga isyon qilib, satrlaringizni so‘zma-so‘z qog‘ozga ko‘chira oldim:
Qaydadir kapalak shafaqni ko‘rar,
Nurlanib sezadi baxtning isini.
Qaydadir bir sanam meni deb yashar,
Faqat men yashayman
O‘ksinib.
Siz omma shoiri emassiz, xoslar shoirisiz, deb yurardim. Bu qadar quyuq ranglar, o‘ziga xos quyma ohanglar, Yaratganga muhabbat ila sug‘orilgan darveshona ruh, jununvash aql... – hammasini bir manzilda tutashtira olgan, hech kimnikiga o‘xshamas yo‘l ommaga og‘irlik qiladi, yuragiga yuqtira olmasa kerak, deb o‘ylardim. Qarang, xoslar ko‘p ekan. Qarang, Sizni sevguvchilar ko‘p ekan.
Garchi vatanga mehringiz borasida gumonga borgan esalar-da, “Ozodlik” dostoningizni mukofot ilinjida yozdi, maddohlik qilmoqchi bo‘ldi, degan esalar-da, sevisharkan! So‘ralmasdan berilishi lozim bo‘lgan haqqingizni Sizga bergilari kelmagan bo‘lsa-da, sevisharkan! Yillar o‘tib, biz tasodifga ko‘ra birga ishladik. Ikkinchi kitobim “Nomsiz”ga mas’ul muharrir bo‘ldingiz. She’rlaringizning ilk tinglovchisi bo‘ldim. Tanangizga sig‘magan ruhingizni, dahlizlarda “Oho-hoy, men she’r yozdim!” deya hayqirib yurganlaringizni ko‘rdim. Keyin esa yo‘llarimiz ayro tushdi. Ammo, ishoning, Siz hamisha men bilan birga edingiz. “Bor”ni qo‘limga olsam bas, bor edingiz. “Sevganlaringni hech qachon ketmaydiganday sevarsan, ketgandan so‘ng keladigan kabi ilhaq kutarsan”, deydilar hazrat Jaloliddin Rumiy. Shunday bo‘ldi...
Bugun Sizni kuzatish uchun yig‘ildilar. Chorasi yo‘q axir kuzatmaslikning. Qo‘llarida ko‘tarib olib bordilar, qizg‘anibgina tuproqqa berdilar va... qalblariga joylab, olib qaytdilar. Men esa “Bor”ni qo‘limga oldim. Yetib keldingiz. Tiriltirdingiz o‘layotgan dardmand qalbimni. Va anglab qoldimki, Siz o‘lmagansiz. O‘lganlar tiriltira bilarmi qalbni? Siz shunchaki, asli yerlik emasdingiz, musofirlikdan ozod bo‘ldingiz, xolos. Yana anglab yetdimki, Siz haqda o‘tgan zamonda gapirib bo‘lmas! Ha, o‘lgan odamlarning faqat o‘tmishi bor, TIRIK SHOIRlarning esa ertasi hamisha oldinda.
Rizo chaylasida ohuning rozi,
Jambil xohishiga monand ovozi.
Do‘zzaxiy bo‘lsa ham kaloming sening,
Sen mening,
Sen mening,
Sen mening.
G‘ullarni parchalamoq istagi
Faxriyor. Ayolg‘u. Toshkent, “Sharq”, 2000; Geometrik bahor. Toshkent, “Ma’naviyat”, 2004.
Yuragimda bir tog‘ bor. Eng baland cho‘qqisida, eng toza parchasida bir kimsa yashaydi. U avval-boshdan shunda yaralib, shunda yashab qolgan. Hech pastga tushmagan. Hech eskirmagan. Tobora yangilangan, sir ochilgan sari cho‘qqiga mustahkamroq o‘rnashgan... Yolg‘iz qolganimda yashaydigan rost umrimdan, xayollarimdan chiqib ketmagan Shaxs va Shoir.
Men o‘zimni sendan izladim,
Izlash azobining totlari
topolmaslik singari qadim.
Men o‘zimni undan izlayman. Uning she’rlaridan ko‘nglim siniqlarini terib olaman. Goh isyon istayman: “Seni umring bo‘yi ezgan, xo‘rlagan // Hisga norozilik boradi o‘sib”. O‘zgalarga emas, o‘zimga, hislarimga, ko‘nglimga qarshi isyon. Ba’zan esa eshigini qoqqaning bir ko‘ngilga yoki qismatga qarshi isyon: “Kelganlaring yolg‘on sening, ketganlaring rost bo‘lsa, // bu dunyoning yolg‘on qolib, rostlariga kuyarman”.
Hislarimni taftish qilaman, o‘zimni so‘roqqa tutaman. Oshiqlar o‘zini, sevganini, qismatini, butun olamni va hatto Xudoni so‘roqqa tutadi. Javob yo‘qligini anglab ham, javob izlamay turib ham savol beraveradi. So‘rash “azobining totlari”dan taskin topadi: “Seni xarob etgan shu bitta gulni // Nechun sevadirsan bu qadar ayab?”
Goh umid istayman. Tan olinmoq, sevilmoq umidi: “Sen kelarsan bir kuni qaytib, // umidlaring tirnalgan, qashqa, // tatimagan bayram, hayiti, // kechagiday emas, bir boshqa”. Bu umidda son-sanoqsiz ko‘ngillarga shoh bo‘lgan shoirning bir ko‘ngilga qulligi, muhtojligi bor. Goh taskin istayman: “Faqat gunoh qilmoq erki abadiy, // Faqat yukinmoqlik imkoni mangu”. Ko‘ksimni og‘ritayotgan muhabbatga yurak dukuriga ko‘nikkandek ko‘nikib bo‘lganman. Endi o‘z holimga sokingina iqror bo‘laman: “Ko‘ksimda yurakmas, muhabbat sanchar, // Kuyguga aylanib qolgan bir tuyg‘u”.
Goh tanqid istayman. Atrofim to‘la olqish, samimiy va soxta olqishlar. O‘ziga mahliyo bo‘lganlar, o‘zini aldab sevganlar. Men esa o‘sishni, kamol topishni istagan kimsa o‘laroq bir tanqidiy
nigoh, taftish istayman. O‘zimni yer bilan yakson qilib, qayta yaratmoq istayman: “Sen kimsan – gunohin parvarish etgan, // Muhabbat o‘rniga, savob o‘rniga. // Sen kimsan – sevgisi olamdan o‘tgan, // Va lekin kelmagan kutgan xo‘rligi. // Sen kimsan – o‘zini dunyo ustiga // Kul misol ayovsiz sochgan, sovurgan...”
Goh tavba istayman. Qilgan ishim uchun emas, qilmagan yoxud qo‘limdan kelmagan ish uchun: “Yozilmagan she’rlar // o‘qilmagan kitoblar // ro‘y bermagan muhabbat // sarflanmagan ehtiroslar gunohi”. Yaratganni izlash yo‘lidagi no‘noqligim, topish-topmaslik o‘rtasidagi arosat uchun: “Men o‘zimni qildim malomat, // Senga kuduratdan asrasin”; “Na topmoqlik bo‘lar mustajob, // Na topmaslik nasib etadi”.
Goh uni tashvishga solgan o‘ylar nega meni tashvishga solmasligini o‘ylab tashvishga tushaman. Uning buyuk dardlarini o‘zimga yuqtirib, mayda tashvishlarimga qo‘l siltayman. Olomon o‘zi uchun yasab olgan qoliplarni, bog‘lab olgan g‘ullarni parchalamoq istayman: “bo‘yinbog‘dan dor yasamay turib ham // bo‘g‘ma ilon qilmay turib ham // qatl etsa bo‘lar odamni // o‘zining ashaddiy dunyoqarashi bilan”; “Modern qofiyaday // kovushi poyma-poy // va yirtiq bir millat”.
“Havo manzaralari”ni tomosha qilaman, jamiyatdagi va qalbimdagi fojialarni inkor orqali izhor etmoq, o‘z ustimdan kulmoq, yig‘lamoq istayman: “Ixtiyorin sotgan odam qancha kun ko‘rishi mumkin, // masalan, ko‘rmasligi mumkinmi shu kunlarni // ixtiyorin bermasa?”, “Zodagon hofizlar sizlar-u bizday // raiyatdan farqli o‘laroq, // bolalarin qarsak bilan boqadi”. Bolaligimda afsona, rivoyat, ertaklarni zavq-shavq bilan o‘qiganim, ularga ishonganim yodga tushadi. Olamda men ko‘rib va sezib turganimdan boshqa olamlar, sezimlar borligiga yana ishona boshlayman. Shoirning o‘ynatganlari so‘zmi yo sehrli nayning tovushi? Kuydan afsunlangan ilonday afsunlanaman. O‘z holim o‘zimga xush yoqadi: “So‘fito‘rg‘ay qiyadi nikoh. // Davom etar ko‘hna ertaklar, // Majnun bo‘lgan shu tollar guvoh”. Iskandarni sotgan qamish endi sirni tashqariga chiqarmaslik uchun quduqning bo‘g‘ziga qadalib, og‘zini yopib yotadi: “Bozingar yutgan qilich singari // Quduqning bo‘g‘ziga qamish qadalar. // Cho‘pon yo‘q bitta nay yasab olgani...”
Bu she’rlar – G‘arb modernizmiga taqlid emas, tarix lavhalari, bugungi ijtimoiy-siyosiy hodisalar, diniy hikoyatlardan oziqlangan, rivoyat, ertak, ibora, laparlarning toza daryosidan suv ichgan sof milliy adabiy hodisadir. Tasavvurni ifoda etishga so‘z ojizlik qilganida handasaviy shakllar yordamga keladi. Har bir shakl so‘z kabi, ba’zan esa so‘zdan kuchliroq ma’no tashiydi. “Faxriyorning she’rlari ko‘ngil xushi uchun, rohat qilib o‘qiydigan she’rlar emas”, degan edi Ahmad A’zam. Chindan, Faxriyorning she’rlari eskirgan, mog‘or bosgan yuraging darchalarini ochib yuborish, toza havo olib kirish, yangilanish-chun o‘qiladi. Fikrni va ko‘ngilni turtib uyg‘otish, buyuk dardlar ila yashashni o‘rganish-chun o‘qiladi. Qoliplarni sindirib, har neki mavzuni, so‘zni she’rga olib kirish mumkinligining isbotini ko‘rish-chun o‘qiladi.
Ruhni zindonidan ozod etish, unga erk berish; shoirning Odil Ikrom aytmish “junun aqli va aql jununi” birlashgan shaxsiyati, toza vijdonidan bir chimdim uyutqi olib, Shaxsga aylanish-chun o‘qiladi. Bu she’rlar... yaxshi odam bo‘lish-chun o‘qilmaydi. Chunki yaxshi odamlar ko‘pincha haqiqatni aytishga qobil emas, ular yon beradi, mamnun bo‘ladi, bo‘ysunadi... Shoir she’rlari ruhni mana shundan qutqarish, xush yoqguvchi izhorga emas, shafqatsiz inkorga qo‘l berish, kamdan-kam odamlarga nasib qilguvchi HAQIQATGO‘Y bo‘lmoqni yuqtirish-chun o‘qiladi...
Men uning she’rlaridan o‘zimning siniqlarimni teraman va butunlashib borayotganimni his etaman...
“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 2-son.
“Mutolaa – vijdon imtihoni” maqolasi
Tarix
Din
San’at
Ta’lim-tarbiya
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q