Tarixda shunday ayollar borki, ularning hayoti birgina saroy yoki sulola doirasi bilan cheklanib qolmaydi. Ularning taqdiri ortida butun bir davrning siyosiy muhiti, hukmdorlar o‘rtasidagi munosabatlar, oilaviy rishtalar va xalq xotirasi mujassam bo‘ladi. Oychuchuk Oyim ana shunday tarixiy siymolardan biridir.
Qo‘qon xonligi tarixida murakkab taqdiri, saroydagi mavqei, saxovatpeshaligi va bunyodkorlik ishlari bilan alohida iz qoldirgan Kenagas Oyim (Oychuchuk Oyim) XVIII asrda yashab o‘tgan. Uning hayoti Shahrisabz va Qo‘qonning siyosiy-ijtimoiy muhiti, hukmdorlar o‘rtasidagi qarindoshlik rishtalari hamda saroy an’analari bilan chambarchas bog‘liq edi.
Shahrisabzning nufuzli xonadonlaridan birining qizi Qo‘qon saroyiga kelin bo‘lib keladi. Hashamatli to‘ylar, elchiliklar va saroy marosimlari bilan boshlangan bu hayot keyinchalik ayriliqlar, yangi nikohlar, farzand va nabiralar taqdiri, yurtdan yurtga ko‘chishlar bilan davom etadi. Ammo Oychuchuk Oyim taqdir sinovlari qarshisida nafaqat saroydagi mavqeini, balki insonparvarligi va bunyodkorlikka moyilligini ham saqlab qoladi.
Bugun uning hayoti haqida so‘z ketganda, ko‘z oldimizda faqat bir xon malikasi emas, balki o‘z davrining siyosiy va ijtimoiy girdobida yashab, turli sinovlarni boshdan kechirgan va ortidan yaxshi nom qoldirgan mard ayol siymosi gavdalanadi.
Oychuchuk Oyimning kelib chiqishi
Oychuchuk Oyimning kelib chiqishi haqidagi ma’lumotlar tarixiy manbalarda turlicha talqin qilinadi. Ayrim asarlarda u Shahrisabz hokimi Olimbekning qizi sifatida tilga olinsa, boshqa manbalarda otasi Ibrohimbek Kenagas ekani qayd etiladi.
Xususan, Mirza Olim Mushrif Oychuchuk Oyimni Shahrisabz hokimi Ibrohim Otaliqning qizi sifatida e’tirof etadi. Xudoyorxonzoda qalamiga mansub “Anjum at-tavorix”da esa bu ma’lumot yanada aniqlashtirilib, malika “shahrisabzlik Ibrohim Kenagasning qizi” ekani ko‘rsatiladi [“Anjum at-tavorix”, 103-b.]. Shuningdek, asarda uning nikohiga bag‘ishlangan lavhada ham Oychuchuk Oyim “Ibrohimbek valine’matning qizi” sifatida qayd etilgan [“Anjum at-tavorix”, 100-101-b.].
“Ibratul-havoqin”da esa Abdurahmonxonning Shahrisabz voliysi Olimbek valine’matning qiziga uylangani haqida ma’lumot beriladi [“Ibratul-havoqin”, 48-b.]. Garchi manbada kelinning ismi ochiq aytilmasa-da, nikoh voqeasining tafsilotlari va boshqa tarixiy asarlardagi ma’lumotlar bilan qiyoslaganda, bu yerda gap aynan Oychuchuk Oyim haqida borayotgani anglashiladi [“Ibratul-havoqin”, 48-49-b.].
Demak, manbalarda malikaning otasi ismi xususida muayyan tafovutlar mavjud. Biroq ularning barchasi Oychuchuk Oyim Shahrisabzning nufuzli hukmdorlar sulolasiga mansub malika bo‘lganini tasdiqlaydi. Bu esa uning keyinchalik Qo‘qon xonligi saroyida tutgan yuksak mavqei hamda ikki hudud o‘rtasidagi siyosiy-qarindoshlik rishtalarini mustahkamlashdagi o‘rnini anglash uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Saroydagi hashamat va taqdir sinovlari
Oychuchuk Oyimning Qo‘qon saroyidagi hayoti katta hurmat va tantana bilan boshlangan. Muhammad Yahyoxon Xo‘qandiyning ma’lumotlariga ko‘ra, malika kelinning saroyga kirib kelishi alohida hashamat bilan tasvirlanadi. Saroy mahramlari shaxzodani malika huzuriga boshlab borganlarida, mehmonlar shohona rasm-rusumlar asosida kutib olingan. Mehmondorchilik davom etgan har bir kunda ularga cheksiz izzat-ikrom ko‘rsatilib, qimmatbaho hadyalar va tuhfalar ulashilgan. Mehmonlarni kuzatish uchun esa maxsus nadimlar tayinlanib, ular to‘rt farsang masofagacha hurmat bilan kuzatib qo‘yilgan.
Ammo saroyning inshootlari kabi bu hashamatli kunlar ham uzoq davom etmadi. Kelin-kuyovning visoliga bir yil ham to‘lmay, Abdurahmonxon vafot etdi. Oychuchuk Oyim bu qisqa nikohdan bir qiz farzand ko‘rib, unga Oyjon Oyim deb ism qo‘ydi.
O‘sha davr hukmdorlari hayotiga nazar tashlasak, bir nikoh bilan cheklanish odatiy hol bo‘lmaganini ko‘ramiz. Ayniqsa, sulola davomiyligi, meros masalasi va nufuzli xonadonlar bilan qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash hukmdorlar nikohlarida muhim o‘rin tutgan. Shu bois saroy muhitida bir hukmdorning bir nechta rafiqaga ega bo‘lishi o‘sha davr ijtimoiy-siyosiy hayotining tarkibiy qismi edi.
Oychuchuk Oyimning saroydagi hayoti ham bu muhitdan xoli emasdi. Xudoyorxonzodaning “Anjum at-tavorix” asarida Abdurahmonxonning ikki xotini tilga olinadi: Abdullohbekning qizi Sharafiniso oyim va shahrisabzlik Ibrohim Kenagasning qizi – Oychuchuk oyim. Demak, malikaning saroydagi kundoshlaridan biri Sharafiniso oyim bo‘lgan. Manbada ularning farzandlari ham alohida qayd etilgan: Erdo‘nobek, Xurshid oyim va Zebuniso oyim Sharafiniso oyimdan, Oyxon oyim esa Oychuchuk Oyimdan tug‘ilgan. Bu ma’lumot saroy hayotining murakkab ichki qatlamlarini ochib beradi. Oychuchuk Oyim Qo‘qonga shunchaki kelin bo‘lib kirmagan, balki boshqa malikalar bilan bir muhitda yashab, o‘z farzandining kelajagi va saroydagi mavqei uchun murakkab munosabatlar girdobida umr kechirgan.
Taqdir uni yana bir bor sinovdan o‘tkazdi. Abdulkarimxon taxtga o‘tirgach, eski o‘zbek odatiga ko‘ra marhum akasining bevasi – Kenagas Oyimni o‘z nikohiga oldi. Garchi ular o‘n besh yildan ziyod birga yashagan bo‘lsalar-da, bu nikohdan farzand ko‘rmadilar.
Bu orada Oyjon Oyim ham ulg‘ayib, Abdurahmonxon ibn Abdulkarimxonga turmushga chiqdi va ularning nikohidan Norbo‘taxon dunyoga keldi. Qizidan ham ayrilgan Oychuchuk Oyim nabirasining taqdiridan xavotirlanib, uni o‘z himoyasiga oladi va amaldagi hukmdor Erdo‘naxondan ruxsat so‘rab, nabirasi bilan o‘z ota yurti – Shahrisabzga yo‘l oladi.
Shahrisabzda bu paytda hokimiyat almashgan bo‘lishiga qaramay, yangi hukmdor Beknazarbiy malikaning hurmatini joyiga qo‘yib, unga tegishli meros mulklarini qaytarib beradi. Oychuchuk Oyim bir muddat shu yerda yashaydi. Ammo yillar davomida uning ikkinchi vataniga aylangan Qo‘qonni sog‘inish hissi ustun keladi. Qo‘qonga qaytar ekan, yo‘l-o‘lakay Dahbedda to‘xtab, Naqshbandiya tariqatining mashhur shayxlaridan Musoxon Xoja Dahbediyni ziyorat qiladi.
Qo‘qandga qaytib kelganidan keyin uning hayotida yana bir muhim voqea yuz beradi. Samarqanddagi siyosiy beqarorlik tufayli Abdushahid Xoja Eshonning o‘g‘li (ba’zi manbalarda ukasi) Ortiq Xoja Eshon Qo‘qonga qochib keladi. Abdulkarimbiy Eshonni izzat-hurmat bilan kutib olib, uy-joy va mol-mulk bilan ta’minlaydi. Oradan vaqt o‘tib, qirq sakkiz yoshli Oychuchuk Oyim Ortiq Xoja Eshonga turmushga chiqadi. Ushbu nikohdan tarixnavis Hakimxon To‘ra Xo‘qandiyning bobosi Hakim To‘ra dunyoga keladi. Shu tariqa malikaning avlodlari Qo‘qon tarixnavisligida muhim iz qoldirgan shaxslar bilan bog‘lanadi. Kenagas Oyimning vafot sanasi esa hozircha noma’lum.
Oychuchuk Oyimning faoliyati faqat saroy va oilaviy munosabatlar bilan cheklanib qolmagan. U xayr-saxovat va bunyodkorlik ishlari bilan ham faol shug‘ullangan. Qo‘qonda uning nomi bilan bog‘liq bir qator binolar mavjud bo‘lgan. Ulardan biri “Dorulomon” xonaqohidir. Rivoyat qilinishicha, malika Qo‘qanga kelgach qattiq xastalanib qoladi. Tabiblar davo topa olmagach, Shayx Shamsiddin Kulohbardor duo vositasida uni sog‘aytiradi. Shundan so‘ng xon shayxga mukofot tariqasida yer-mulk beradi. Shayx esa bu mulkni xonaqohga aylantirib, u yerga omonlik izlab kelgan har qanday insonni xon yoki mansabdorlar ta’qibidan himoya qilish shartini qo‘yadi. Bu maskanda hatto jinoyat sodir etganlar ham jazolanmasdan, tarbiya va nasihat orqali to‘g‘ri yo‘lga solingan.
Oychuchuk Oyim nomi bilan bog‘liq yana bir muhim yodgorlik “Chilustun” xonaqohidir. Abdurahimbiy vafotidan keyin uning xotirasiga atab katta xonaqoh qurishga qaror qilgan malika hozirgi “Tolzor” mahallasi markazida bu ishga kirishadi. Hofizaga ko‘ra, qurilishga mahalliy aholi hashar yo‘li bilan yordam bergan, hatto “Olmurod” qishlog‘i aholisi o‘zlari uchun tayyorlab qo‘ygan qayrag‘och yog‘ochlarini savob umidida keltirib bergan. Qirqta ustundan iborat bo‘lgani uchun “Chil ustun xonaqohi” deb atalgan bu maskan musofir darveshlarga boshpana bo‘lib, zikri samo’ marosimlari o‘tkaziladigan yirik diniy-ma’rifiy markazga aylangan. Uning faoliyatini ta’minlash uchun vaqf mulklari ajratilib, ilk zikri samo’ marosimlaridan birini o‘sha paytda Xo‘qandda mehmon bo‘lgan Musoxon To‘ra Dahbediy boshqargan.
Oychuchuk Oyimning hayot yo‘li – bir necha nikohlar, og‘ir yo‘qotishlar, Shahrisabz va Qo‘qon orasidagi safarlar, ulamolar bilan munosabatlar va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlaridan iborat murakkab bir tarixdir. Uning nomi bilan bog‘liq “Dorulomon” va “Chilustun” kabi obidalar shunchaki diniy inshoot emas, balki jamiyatda mehr-oqibat, panoh va ma’naviy birdamlik timsoli bo‘lgan. Shu ma’noda, Oychuchuk Oyim Qo‘qon xonligi tarixida oddiy saroy ayoli emas, balki o‘z davrining ijtimoiy-ma’naviy hayotida o‘chmas iz qoldirgan yirik tarixiy siymo sifatida gavdalanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Xudoyorxonzoda. Anjum at-tavorix. / So‘z boshi, ilova mualliflari: H.Bobobekov, I.Sulaymonovlarniki, tarjima va izohlar: Vohidov Sh. – Toshkent: Fan va texnologiya, 2014. – 348-b.
2. Mulla Niyoz Muhammad Xo‘qandiy. Ibratul havoqin (Tarixi Shohruhiy). – Toshkent: Turon zamin ziyo, 2014.
3. Muhammad Hakimxon to‘ra. Muntahab at-tavorix. O‘zFAShI № 592, № 594, № 596 qo‘lyozmalar. O‘sha muallif. O‘sha asar. / Tarjima, muqaddima, izohlar va ko‘rsatkichlar muallifi: Vohidov Sh. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2010. – 716-b.;
4. Mirza Olim Mushrif. Ansob us salotin va tavorix ul – xavoqin. / Nashrga tayyorlovchilar A. Matgoziyev, M.Usmonova. – Toshkent, 1995. – 128-b.
5. Mullo Olim Maxdum Xoji. Tarixi Turkiston. – Qarshi: Nasaf, 1992. – 148-b.; O‘sha muallif. Tarixi Turkiston. / So‘z boshi va izohlar: Sh. Voxidovniki, arab yozuvidan tabdil Sh.Voxidov va R.Xolikovaniki. Ko‘rsatkichlar Sh.Voxidov va D.Sangirovaniki. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2008. – 242-b.
Tarix
Din
San’at
Ta’lim-tarbiya
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q