“O‘z siniqlarimdan qayta tiklandim” – “Oskar”ga da’vogarlik qilgan o‘zbek qizining sabot yo‘li


Saqlash
11:11 / 11.09.2026 522 0

Britaniya kinosanoatida Nodira Aliyeva (Myurrey) nomi bilan tanilgan, qator nufuzli xalqaro mukofotlar sohibi bo‘lgan prodyuser – asli o‘zbekistonlik, hamyurtimiz. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bitiruvchisi bo‘lgan Nodira oddiy o‘qituvchilik va repetitorlikdan tortib, London teatrlarida aktrisalik, qisqa metrajli filmlarda rejissyorlik hamda ssenariynavislikkacha bo‘lgan murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Bugun esa u yirik xalqaro kinoloyihalarga bosh-qosh bo‘lib, o‘zbek kinoijodkorlarining jahon maydoniga chiqishiga turtki bermoqda.

 

Hozirda Nodira Aliyeva Britaniya kino sanoatining yetakchi vakillaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Uning dastlabki yirik ishi – “G‘oliblar” (“Winners”) badiiy filmi BIFA (Britaniya mustaqil filmlar mukofoti)ning “Breakthrough Producer” hamda “Discovery Award” nominatsiyalarida g‘olib bo‘ldi, shuningdek, BAFTA “Scotland Awards” tomonidan “Eng yaxshi badiiy film” mukofoti bilan taqdirlandi. Mazkur kartina 95-“Oskar” mukofotida Buyuk Britaniya nomidan “Eng yaxshi xalqaro to‘liq metrajli film” yo‘nalishida da’vogarlik qildi va Edinburg xalqaro kinofestivalida tomoshabinlar mehrini qozonib, “Audience Award” mukofotiga sazovor bo‘ldi.

 

2023-yilda kinosanoatga dadil ovozi bilan kirib borgan ijodkor sifatida Britaniya film instituti (BFI) hamda Shanelning hamkorlikdagi mukofoti (Chanel Filmmaker Award – 20 000 funt sterling) bilan taqdirlandi. 2024-yilda esa kino olamidagi nufuzli “Screen International” nashri Nodira Aliyevani “Rising Star Scotland” (“Shotlandiyaning porlayotgan yulduzi”) deb e’lon qildi.

 

U asos solgan “Sylph Productions” prodyuserlik kompaniyasi so‘nggi 2-3 yilda yaratgan lentalar Berlinale, Kann va Edinburg kabi nufuzli festivallarda namoyish etilmoqda. Xususan, “Jeyn Kamming ta’limi” filmi Britaniyaning “The Guardian” nashri tomonidan Edinburg festivalida ko‘rish shart bo‘lgan eng sara o‘nta film safiga kiritildi. 2025-yilda esa “Sylph Productions” Shotlandiyaning “Focus Award” mukofotiga loyiq ko‘rildi.

 

 

Bir qarashda yetib bo‘lmasdek tuyulgan bu muvaffaqiyatlar zamirida ulkan mehnat, iroda va mashaqqatli sabot yotibdi. Quyida imkonsizlikni imkonga aylantirgan hamyurtimizning ana shu murakkab hayot va ijod yo‘li haqida so‘z yuritamiz.

 

Oilaviy teatr truppasidan boshlangan qadamlar

 

Nodira Aliyeva Jizzax shahrida, Yunus Rajabiy nomidagi viloyat teatri ijodkorlari oilasida dunyoga kelgan. Uning bolaligi sahna ortida va pardalar orasida kechdi. Turli obrazlarni talqin qilib ulg‘aygan o‘spirin qiz kelajakda albatta aktrisa bo‘lishiga, butun umri teatr bilan bog‘lanishiga zarracha shubha qilmasdi. Rejissyor va yozuvchi ota hamda aktrisa ona qiziga san’at mohiyati, sahna madaniyati va obraz yaratish sirlarini yoshligidanoq singdirib, unga haqiqiy mahorat maktabini o‘tab berishdi. Shahar markaziy teatridan tashqari, oilaviy tarzda jamoa bilan birgalikda Baxmal va Zomin kabi tumanlarga ham gastrollarga chiqishardi.

 

U paytlarda ham teatr katta daromad manbayi bo‘lmagan, ro‘zg‘or tebratish ko‘pincha amal-taqal kechgan. Ammo san’atga bo‘lgan fidoyilik moddiy qiyinchiliklardan hamisha ustun keldi va bu muhabbat tabiiy ravishda farzandlarga ham ko‘chdi.

 

Biroq sho‘rolar davri tugab, mustaqillikning dastlabki murakkab yillari boshlanganda ko‘plab sohalar qatori teatr san’ati ham og‘ir bo‘hronga yuz tutdi. Qizinign “O‘zimni teatrsiz tasavvur qilolmayman”, degan holatini to‘g‘ri tushungan ona tirikchilik uchun muqim bir kasb tanlashni, hech bo‘lmaganda o‘qituvchilik ortidan ketishni maslahat beradi. Shu tariqa Nodira O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga o‘qishga kirib, ingliz tili yo‘nalishini tanlaydi. Vaqt ko‘rsatdiki, taqdir uni sahnadan shunchaki uzmagan, balki ingliz tili orqali yanada kengroq maydonga tayyorlagan edi.

 

Oilaning moddiy ahvoli hamon og‘ir bo‘lgani sababli qahramonimiz talabalik va undan keyingi yillarda ham turli sohalarda ishlashga majbur bo‘ldi. Ammo aynan shu mashaqqatli kunlar uning hayotida burilish yasadi: ish jarayonida u kelib chiqishi britaniyalik bo‘lgan bo‘lajak umr yo‘ldoshi bilan tanishdi va shu tariqa uning hayot yo‘li Buyuk Britaniya sari burildi.

 

Orzu orzuligicha qolmasin

 

Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tgach, Nodiraning qalbida hech qachon so‘nmagan orzu – teatr san’ati yana bosh ko‘tardi. U 2004–2007-yillarda London drama studiyasi (Drama Studio London) hamda Yevropa teatr san’ati yo‘nalishida aktyorlik mahorati bo‘yicha ta’lim oldi. Ayni shu davrda u o‘zining ilk mustaqil loyihasini sahnalashtirdi. “Bir aktrisa teatri” (monospektakl) janridagi ushbu asarga qiziqish shu qadar yuqori ediki, namoyish boshlanishiga bir oy qolganda barcha chiptalar sotib bo‘lingandi. Rejissyorlik va bosh rolni o‘zi ijro etgan ijodkor bir paytlar ota-onasi bilan Jizzax qishloqlari bo‘ylab yurgani kabi, endilikda butun Buyuk Britaniya bo‘ylab gastrol safarlarini uyushtirdi. Teatr tahlilchilari keyinchalik ushbu loyiha mamlakatda monospektakl janrining qayta ommalashishiga kuchli turtki bo‘lganini e’tirof etishdi.

 

 

Bu davr ijodkor uchun inson psixologiyasi va kechinmalarini teranroq anglash pallasi bo‘ldi. Ta’lim jarayonida u milliy va g‘arb teatr maktabi o‘rtasidagi nozik farqlarni idrok etdi. Ayniqsa, ingliz tilida his-tuyg‘ularni ifodalovchi tushunchalarning g‘oyat boyligi, har bir ruhiy holatning aniq differensiatsiyasi borligi uni hayratga soldi. Aktyordan har bir ichki tuyg‘uni aniq ajratib, nomlab sahnaga olib chiqish talab etilardi. O‘zbek tili va turmush tarzida ko‘plab nozik hissiyotlarning, xususan, ayol ichki kechinmalarining ochiq nomlanmaganini tahlil qilarkan: “Nega bu tuyg‘ular bizda so‘z bilan ifodalanmagan, yo o‘zbek ayoliga bunday kechinmalarni boshdan kechirish ruxsat etilmaganmidi?” degan savol unga tinchlik bermasdi. Ichki hissiy cheklovlardan xalos bo‘lish jarayoni Nodira Aliyevaning ham inson, ham ayol, ham ijodkor sifatida o‘zligini qayta kashf etishiga turtki berdi. Natijada u o‘zida faqat aktyorlik emas, balki dramaturgiya va rejissyorlik salohiyati ham mujassamligini angladi.

 

Nodira Aliyeva teatrda hamisha yuqori marralarni ko‘zladi: Shekspir vatanida uning murakkab ayol qahramonlarini gavdalantirishni niyat qildi. U tinimsiz o‘z ustida ishladi, mahoratini charxladi, til ko‘nikmalarini mukammallashtirdi. Biroq Britaniya sahnasida unga asosan stereotip obrazlar – muhojir yoki “sharqona qiyofaga ega g‘arblik” rollari taklif etilardi. Bunday personajlar aktyorning ichki mahoratiga emas, faqat tashqi qiyofasi va etnografik mansubligiga tayanar, dramatik yuki esa juda yuzaki edi. Buning ustiga, bu kabi rollar muttasil emas, qalam haqi ham kun ko‘rishga zo‘rg‘a yetardi – bu holat Jizzax teatrlaridagi tanish moddiy muammolarni esga solardi.

 

Shekspir yurtida uning buyuk qahramonlarini ijro etish imkoniyati til va madaniy to‘siqlar sabab cheklanganini anglagan Nodira Aliyeva nigohini kino sanoatiga qaratdi. Bu aktyorlikdan batamom voz kechish emasdi. Ammo ba’zan hayot yanada kattaroq missiyani ochib berishi uchun eng katta orzulardan vaqtincha chekinishni talab etadi...

 

Prodyuserlik sari

 

2014-yilda Nodira Aliyeva kinosanoatning ichki qonuniyatlari va biznes mexanizmlarini chuqur o‘rganish maqsadida nufuzli “Media Business School”da tahsil oldi. Bu dargohni tamomlagach u “Locked In” nomli ilk qisqa metrajli filmida suratga tushish orqali ham aktrisalik, ham ssenariynavislik salohiyatini namoyish etishni rejalashtirgan edi. Mazkur lenta Britaniyadagi birinchi avlod muhojirlarining hayoti va kechinmalariga bag‘ishlanishi lozim edi. Nodira Britaniya kinematografiyasida bu qatlam dunyoqarashi va ichki ovozi deyarli aks ettirilmayotganini payqadi va aynan shunday noyob ovozlarni qo‘llab-quvvatlashni o‘z oldiga strategik maqsad qilib qo‘ydi. Uning nazdida, muhojirlarning o‘zgacha nigohi ingliz kinosiga yangi nafas olib kirishi mumkin edi. Aynan shu ichki ishonch keyinchalik uning prodyuserlik faoliyatidagi muvaffaqiyatlariga mustahkam tamal toshi bo‘ldi.

 

 

Loyihaga investorlarni jalb etish, biznes vakillarini filmning manfaatiga ishontirish, aktyorlarni saralash (kasting), operatorlik va montaj ishlarida ishtirok etish – xullas, filmning boshlanishidan to tayyor holatga kelguncha bo‘lgan har bir bosqichida mas’ul bo‘lish jarayoni Nodira Aliyevada kuchli mehr uyg‘otdi. Ayniqsa, post-prodakshndan so‘ng film to‘la yakunlanib, namoyish zalida butun ijodiy jamoaning quvonchiga sherik bo‘lgan lahzalarida u o‘z haqiqiy chaqiruvini topdi: odamlarga, xususan, o‘zi kabi ijod ahliga muvaffaqiyat va baxt ulashish uchun prodyuser bo‘lishga qat’iy ahd qildi.

 

Buyuk Britaniyada rejissyor yoki aktyor bo‘lishga intiluvchilar, xususan, birinchi avlod muhojirlari orasida noyob iste’dod sohiblari talaygina edi. Ammo ularning iqtidorini ko‘rsatish va g‘oyalarini amalga oshirish uchun ishonchli ko‘prik kerak – bu mas’uliyat esa birinchi navbatda prodyuser zimmasiga tushadi. Nodira Aliyeva o‘zidagi kuchli analitik tafakkur yordamida film konsepsiyasini rivojlantirish va uni umuminsoniy qadriyatlarga bog‘lashda ijodkorlarga aniq yo‘nalish bera olishini tushundi. Jizzaxdagi ijodkor oilasidan olgan poydevor, London sahnalaridagi tajriba, inson ruhiyatini tahlil qilish qobiliyati va muhojirlik kuzatuvlari uyg‘unlashib, unga yangi bir eshik – prodyuserlik maydonini ochdi. Kinematografiyada mutaxassislar ko‘pincha o‘z sohasining tor burchagidan fikrlasa, haqiqiy prodyuser loyihani 360 graduslik to‘liq panoramada ko‘ra bilishi shart. Nodira Aliyeva ana shu mas’uliyatni o‘z zimmasiga ola bildi.

 

U bugun ham izlanishdan, zamonaviy bilimlarni egallashdan to‘xtagani yo‘q. Hozirda u “Creative Europe” tomonidan moliyalashtiriladigan va sohada katta nufuzga ega bo‘lgan EAVE (Yevropa audiovizual tadbirkorlari) prodyuserlik ta’lim dasturida tahsil olmoqda.

 

 

Nodira Aliyevaning har bir to‘siq qarshisida tushkunlikka tushmasdan, o‘z qobiliyatlarini qayta kashf etishi, faqat bitta orzuga bog‘lanib qolmay, zamon va muhit talablari bilan hisoblasha olgani katta ibratdir. O‘z qiziqishini davr chaqirig‘iga mos ravishda evrilta olish mahorati har qanday ijodkor, jumladan, bugun jahon maydoniga intilayotgan o‘zbek kinoijodkorlari uchun ham namuna bo‘la oladi.

 

Kinosanoat, mukofotlar va O‘zbekiston

 

Bugun Nodira Aliyeva xalqaro kinosanoatning faol harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylanib ulgurdi. Atigi 3-4 yil oldin uning kartinasi BFI yoki BAFTA tanlovlarida sovrin uchun kurashgan bo‘lsa, bugun prodyuserning o‘zi ushbu nufuzli mukofotlar hay’ati a’zosi sifatida filmlarni baholamoqda. Buning o‘ziyoq uning Britaniya kinematografiyasida erishgan yuksak mavqeini ko‘rsatadi.

 

U Buyuk Britaniya Qiroli va Bosh vaziri nomidan soha vakillari uchun tashkil etiladigan oliy darajadagi qabullarning doimiy mehmoni. Bunday e’tirof va yutuqlar har qanday yurtdoshimizda haqli ravishda faxr uyg‘otadi. Ammo Nodira Aliyeva o‘zini “yulduz” deb emas, balki “siniqlaridan qayta tiklangan inson” sifatida tasvirlaydi. Bu ta’rif zamirida prodyuserlik kasbining beshafqat mashaqqati hamda uning shaxsiy va ruhiy matonati mujassam. Prodyuser vazifalarining o‘n bosqichli murakkab siklini (har bir bosqich kamida 10-15 ta qaltis amaliyotdan iborat) izohlar ekan, u: “Filmim xalqaro festivalga chiqdimi, bilingki, 9-bosqichgacha o‘lmasdan yetib kelgan bo‘laman”, deydi. Bu chidam va sabot qiymatini esa faqat kino sanoatining ichki “oshxonasi”dan xabardor insongina to‘la his eta oladi.

 

 

“Siniqlarimdan tiklandim” deganda u, eng avvalo, o‘z ichki, ma’naviy dunyosini butlaganini nazarda tutadi. Postsovet hududidan borgan inson sifatida G‘arb muhitiga moslashish, o‘z shaxsiyati va qarashlarini tan oldirish oson kechmadi. Uning ustiga, katta bolalik orzularidan chekinishga to‘g‘ri keldi. Muhojirlikning dastlabki yillarida hatto oilaviy masalalar ortidan media bosimi va nohaq tuhmatlarga ham duchor bo‘ldi. Biroq bu zarbalar uni ruhan sindirmadi, “qurbon” roliga tushirib qo‘ymadi; aksincha, o‘z g‘oya va ijodiy maqsadlari yo‘lida kurashish uchun iroda berdi. U hech kim ishonmagan paytlarda ham o‘ziga o‘zi mustahkam tayanch bo‘la oldi.

 

Nodira Aliyeva bugun Shotlandiya kinosining yorqin vakili sifatida e’tirof etilsa-da, uning ildizlari va tafakkurining muhim bir qismi O‘zbekistonga daxldordir. Aynan boshqa madaniy muhitda ulg‘aygani unga yevropalik hamkasblaridan ajralib turuvchi noyob rakurs va toza nigoh ato etdi. Britaniyadagi birinchi avlod muhojirlarining ovozini sharqona dunyoqarash va g‘arbcha erkin fikrlash bilan uyg‘unlashtirgani uni muvaffaqiyatga olib keldi (BFI va “Chanel Filmmakers Award” mukofoti ham aynan shu jasur nigoh uchun topshirilgan edi).

 

Endilikda kino mexanizmini ipidan ignasigacha o‘zlashtirgan tajribali prodyuser Markaziy Osiyo, xususan, o‘zbek kinosini xalqaro maydonga olib chiqishda hamkorlik qilish niyatida. Dastlabki qadamlar tashlab bo‘lingan: u asos solgan “Sylph Productions” kompaniyasi qozog‘istonlik rejissyorlar bilan bir qatorda Germaniya, Shveysariya, Ozarboyjon, Eron, Hindiston va AQSh ijodkorlari bilan hamkorlikda “A” toifasidagi festivallarda qatnashgan filmlarni ishlab chiqardi.

 

Yaqin kelajakda Nodira Aliyeva va o‘zbek kinoijodkorlarining qo‘shma loyihalari dunyo yuzini ko‘rishi shubhasiz. Uning 22 yil davomida global kino maydonida to‘plagan boy tajribasi o‘zbek milliy hikoyalari va ovozlarini jahon ekranlariga dadil olib chiqishda mustahkam ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi.

 

Tillaniso ESHBOYEVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ta’lim-tarbiya

18:09 / 30.09.2026 0 224
Muallimga jo‘natilmagan maktub





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//