“Yomonlik oldida qoʻrquvga berilsang,
qoʻrquvning yomonligini seza boshlaysan”.
Bomarshe
Soʻzimizni bir muhim eʼtirof bilan boshlasak, har jihatdan toʻgʻri boʻlsa kerak. U ham boʻlsa, biz nihoyat muhokamasiga jazm etganimiz murakkab masala fidoyi shoir Shavkat Rahmonning bir sheʼrida gʻoyat taʼsirli tasvirlangani haqidagi eʼtirofdir. Oʻsha sheʼr shunday boshlanadi:
Titroq sezdingmi hech
bir shum lahzada –
xatar-la yuzma-yuz turgan chogʻingda.
Tubsiz jar labida oniy larzadan
titrab kelganmidi joning ogʻzingga...
* * *
“Qoʻrqitish – qoʻrquv ostida turganlarning quroli”.
J.Bokkachcho
Ingliz adibi Jorj Oruell (asl ismi Erik Bleyr)ning “1984” romani bosh qahramoni Uinston Smit bu “shum lahzadagi oniy larza”ni Okeaniya atalmish saltanatning yer ostidagi jazo makoni – 101-xonada boshdan oʻtkazadi. U shunga qadar jism-u joniga yetkazilgan jamiki azoblarga – jismoniy qiynoq va xoʻrlov, ochlik hamda tashnaliklarga dosh bergan, hatto koʻzga koʻrinmas Katta ogʻa siyosatini bekami koʻst oʻtkazuvchi OʻBrayen bilan yuzma-yuz tortishishga ham oʻzida kuch topgan edi. Biroq barcha fuqarolarning nafaqat tashqi hayoti tafsilotlari, balki ichidagi eng yashirin sirlaridan ham toʻla voqif boʻlmoq yoʻllarini kashf etgan bu tuzum Uinstonning ham nozik yerini – nimadan qoʻrqishini yaxshi bilardi. Va uning aynan shu nozik joyidan tutadilar. Natijada, agar qafasdan chiqarib yuborilsa, ozgʻin va rangpar yuzini hash-pash deguncha tishlab-uzib yeb, qontalash boshchanogʻinigina qoldirishi tayin boʻlgan och kalamushlar qarshisida taqdirga tan bermoqdan oʻzga chorasi qolmaydi uning. Mana shu qoʻrquv – “ogʻizga titrab kelgan jon” talvasasi uni inson qilib tutib turgan ruhiy umurtqasini sindirib, majaqlab tashlaydi: Uinston qalbining tubida sevib asragani Juliyani oʻzining oʻrniga shu ochofat kalamushlar hukmiga berilishini soʻrashga majbur boʻladi...
Holbuki, u shu kunga qadar aqlining taslim boʻlganini tan olsa-da, qalbini daxlsiz saqlashdan umidvor edi. Biroq OʻBrayen muxtor vakili boʻlgan hukmron partiya uchun bu yetarli emasdi: ular fuqarolarning Katta ogʻaga nafaqat soʻzsiz itoat qilishlarini, balki uni sidqidildan sevishlarini istashardi. Ularning nazarida “Hokimiyat keyin undan voz kechish, birovga berish uchun egallanmaydi. Hokimiyat – vosita emas, hokimiyat – maqsaddir. Individning individualligi oʻlgandagina hokimiyat sohibi boʻla oladi. Hokimiyat odamlar ustidandir. Vujudlar va, eng asosiysi, ong ustidan hokimiyatdir. Hokimiyat odamlarning ongini parchalab, yana oʻzingizga maqbul tarzda tiklamoqdir”.
Oʻzini mana shunday hokimiyat sohibi hisoblaydigan OʻBrayen uchun Uinstonning aqli va jismi taslim boʻlishidan muhimroq masala – uning qalbidagi javharni mahv etish, bu qalbni ham xuddi uning hilviragan jismi-yu joni singari abgor holga solish edi. U ayni maqsadini qatʼiy ohangda bayon qiladi: “Biz sizni shunday bukib qoʻyamizki, avvalgidek boʻlolmaysiz. Siz bilan shunday narsa yuz beradiki, ming yil yashasangiz ham oʻzingizga kela olmaysiz. Siz hech qachon oddiy insoniy tuygʻularni his etishga qobil boʻlmay qolasiz. Ichingizdagi hamma sezgilar oʻladi. Muhabbat, doʻstlik, hayot quvonchlari, tabassum, qiziquvchanlik, jasorat, halollik – sizda bularning hech biri hech qachon boʻlmaydi. Siz gʻovakka aylanasiz. Biz ichingizni boʻshatib, keyin oʻzimiz bilan toʻldiramiz”.
Va ular ayni maqsadiga toʻla erishadilar! (Qarang: Jorj Oruell. “1984”. Tarjimon: Karim Bahriyev. – T.: “Nihol” nashriyoti. 2020-y.)
* * *
“Zolimlik va qoʻrquv bir-birining qoʻlini siqishadi”.
Balzak
Afsuski, insoniyat jamiyatini shaxslarsiz, mustaqil fikrlashdan qoʻrquv tuyadigan, qay manzil sari yetaklansa soʻzsiz itoat ila olgʻa boradigan poda holiga solishni hamma zamonlarning mustabid hukmdorlari oʻzining bosh aʼmoli deb bilganlar. Frans Kafkaning “Jazo koloniyasida”, “Evrilish” asarlarida ham, Gabriel Markesning “Mustabidning poymonasi” romanida ham, Dino Butsatining “Taqiq” hikoyasi, Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani-yu Xurshid Doʻstmuhammadning “Oromkursi” qissasida ham ayni shunday maqsad-muddao egalarining qilmishlari va bu kirdikorlarning ayanchli oqibatlari turli rakurslardan, oʻziga xos ramzlar shaklida talqin etiladi.
Chingiz Aytmatov suhbatlarining birida shoʻroviylar davlatida oʻrnatilgan boshqaruv tabiati xususida quyidagi mazmundagi mulohazani aytgan edi: Stalin xalqni xuddi tirik turib pati yulib olingan tovuqqa oʻxshatib qoʻygan edi. Davlat va jamiyat boshqaruvini toʻliq oʻz ixtiyoriga olgan “dohiy”ning bir qoʻlida sevimli trubkasi boʻlsa, boshqa qoʻlida tovuq ochdan oʻlmasligining kafolati – don yigʻilgandi. Bu ahvolida har qanday xavfdan qoʻrqib-titraydigan tovuq mana shu – changalida don tutgan kimsa qay tomon burilsa, oʻsha yoqqa yurardi. Hammaning nazarida gʻoyat zabardast, millionlarning boshini silovchi, marhamatli bu qoʻl obdon zoriqtirgach, tovuq ochlikdan oʻlmasligi uchun, keyingi manzillarga olib boradigan yoʻllarga uchta-toʻrttadan don sepib qoʻyardi. Bu “Xoʻjayin”dan (Stalinning yugurdaklari orasidagi mashhur laqablaridan biri – “Xozyain” edi!) uzoqlashishga boʻlgan har qanday harakat ochlik va sovuqdan, egasizlik va himoyasizlikdan keladigan halokatdek qoʻrqinchli tuyulardi...”
(Shu tufayli ham Stalin oʻlgan kunlari millionlab odamlarning chin dildan qaygʻuga botib yigʻlagani, hatto “Endi nima boʻladi?” degan oʻy ularning qanchasini vahima va qoʻrquvga solgani – tarixiy bor gap!)
Chingiz Aytmatovning ham bir qancha asarlari qahramonlarini inson sifatida abgor qilgan mudhish tuygʻuga ham aynan qoʻrquv nomi berilsa, har jihatdan toʻgʻri boʻladi. Jumladan, oʻzini dunyoga keltirgan otasi – Kazangapni qadimiy Onamayit qabristoniga eltib koʻmishga jon-jahdi bilan qarshi turgan Sobitjonni zamonaviy – partbiletli manqurtga aylantirgan ham zoʻrgʻa yetishgani amal-u eʼtiborni yoʻqotib qoʻyishdan ich-ichdan titrab-qaqshab qoʻrqish hissi edi...
Postsovet davlatlaridagi mutaxassislarning koʻpi aholi tabiatida siyosatdan qoʻrquv hissining paydo boʻlishini avvali Vladimir Lenin, keyinchalik esa Iosif Stalin tomonidan haddi aʼlosiga chiqarilgan siyosiy terror natijasi sifatida talqin etishadi. Darhaqiqat, bu nuqtayi nazarning isboti uchun ham biri biridan dahshatli koʻplab hayotiy misollar, hujjatlarni keltirish mumkin. Jumladan, shoʻroviy tuzumning “tongotari”dayoq uning “koʻchada yetishgan” mafkurachilaridan biri M.Latsis GPU (Bosh siyosiy boshqarma)chilarga koʻrsatma sifatida quyidagilarni uqtirgan edi:
“Ishda ayblanuvchining shoʻro hukumatiga qurol yoxud soʻz bilan qarshi chiqqan-chiqmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni izlab oʻtirmang. Birinchi navbatda siz undan soʻrashingiz kerak: u qaysi sinfning vakili, kelib chiqishi qanday, uning maʼlumoti qanaqa va kasbi nima? Mana shu savollarning oʻzi ayblanuvchining taqdirini hal etish uchun yetarlidir” (Qarang: gazeta “Krasniy terror”. 1918 god, 1-noyabrya).
Mana shunday koʻrsatmalar natijasida yuzaga kelgan xunrezliklar, jumladan, Turkiston frontida oʻz koʻzi bilan koʻrgan vahshiyliklarga chidamay, rus yozuvchisi Boris Lavrenev 1923-yilda kommunistik partiya safidan chiqib ketgan edi. M.Gorkiyning “Bemavrid mulohazalar” (1918-yil), I.Buninning “Laʼnatlangan kunlar” (1919-yil), V.Korolenkoning “Lunacharskiyga maktublar” (1920-yil) asarlarida keltirilgan faktlar stalinizmning qonli poydevori aslida leninchilar tomonidan toʻshalganini yaqqol isbotlaydi. (Bu ziyolilar nafaqat Rossiya kengliklarida kechayotgan dahshatlarni qoralashgan, balki bunday tuzum va uning “ijodkorlari” yuziga tupurib, yurtni tark etishga majbur boʻlishgan!)
Biroq bu singari misollar har qancha koʻp boʻlmasin, odam ich-ichdan his qilasanki, oʻzbekning “Oʻynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan” degan maqoli faqat shoʻro davri mahsuli boʻlmay, bu hisning ildizlari ancha chuqurroqqa borib taqaladi. Gʻafur Gʻulomning mashhur “Shum bola”sidagi, Hoji bobo tomonidan tashkil etilgan takyaxonadagi “portlash hodisasi” boʻladimi, A.Qahhorning “Oʻgʻri”, “Bemor”, “Dahshat” hikoyalari, “Oʻtmishdan ertaklar” qissasining qator boblaridagi voqealar tag zamirida ham millatimiz ruhiyatidagi mana shu mutelik, qullik, qoʻrquv hissi achchiq suzmaning sariq zardobidek sizib, chakillab tomib turadi. Axir, bu davrlarda shoʻroviylar davlat tepasiga hali kelmagan edilar-ku. Demak, aytilganidek, bu mudhish hisning unish ildizlari ancha teranda.
Xususan, A.Yudinning 1905-yilda chop etilgan “Vzyatiye Ak-mecheti kak nachalo zavoyevaniye Kakandskogo xanstva” nomli kitobida Qoʻqon xoni saroyidagi tadbir-tamoyillar qatori gunohkorlardan koʻrsatmalar olish, aybini boʻyniga qoʻyishning turfa usullari ham sanab oʻtiladi. Ularning eng “beozori” – odamning qoʻl tirnogʻi va goʻshti orasiga zirapchalari archa novdasidek sachrab turgan yogʻoch ponasini tiqish boʻlgan...
Faqat Qoʻqon xonlari emas, Buxoro amirlari, Xiva xonlari oʻylab topgan “gap olish” usullari, shundoq masjid va madrasalar qatorida, ochiq maydonlarga qurilgan jazo uskunalarini eslaylik. (Betakror shoir Omon Matjonning “Qirq birinchi xotinlikka, Asiljon, Seni keltirdilar Isfandiyorga...” deb boshlanuvchi sheʼri yodingizdami?)
Bularning bari odamlar ruhiyatining ich-ich qatlamlarida oʻzgarish yasamasligi, davlatdan, uning siyosatidan, bu siyosatni oʻtkazuvchilardan hayiqish, qoʻrquv hissini uygʻotmasligi mumkin emas edi, albatta.
Agar adabiyot ahli bu hisning maʼnaviy, axloqiy, ruhiy jihatlariga koʻproq urgʻu berishsa, faylasuf va jamiyatshunos olimlar uning vujudga kelishida ijtimoiy-siyosiy omillar taʼsiriga eʼtiborni qaratishadi.
Jumladan, XX asrning taniqli faylasuflaridan biri Erix Fromm oʻzining “Inson qalbi. Uning ezgulik va yovuzlikka moyilligi” nomli tadqiqotida odam zotida kuzatiladigan bir-biriga zid ikki xil tabiatni chuqur talqin etgandi. Olim ularning birini “biofiliya” – “hayotsevarlik”, ikkinchisini esa “nekrofiliya” – “oʻlimsevarlik” atamalari bilan nomlaydi. Faylasuf har ikki tabiat egalarining dunyoqarashi, yurish-turishi, qiziqish va qadriyatlar olamini batafsil bayon etar ekan, tarixda oʻtgan va zamonaviy hayotda yangicha shakllarda oʻzini namoyon qiladigan barcha tiranlar, yakkahokimlikka daʼvo qilgan diktatorlar aynan nekrofil – oʻlimsevar xarakter egalari ekanini koʻplab universal dalillar bilan asoslaydi. (Qarang: Misliteli XX veka. E.Fromm. “Dusha cheloveka”. Moskva. Izdatelstvo “Respublika”, 1992. str. 14-108.)
* * *
“Qul boʻlish oson, ozod boʻlish esa
qiyinligi uchun ham kishi qul”.
N.Berdyayev
Albattaki, hamma zamonlar va makonlarda ham nekrofil “dohiy”ning oʻzi singari nekrofil tarafdorlari, shaydolari koʻplab topilgan. Ular oʻz ichidagi qoʻrquvni daf etish (toʻgʻrirogʻi, uning taʼsiridan qochish!) uchun “xalqlar otasi”ni, “dohiy”ni, “fyurer”ni, “dyuche”ni, “ulugʻ yoʻlboshchi”ni oʻzlaridan kechib olqishlashadi, xizmatiga shoshishadi. Ularning hayoti mazmunini toʻliq shu faoliyat tashkil etadi, shundan keladigan daromad evaziga kun koʻrishadi, oʻzlarini ovutguvchi ruhiy ragʻbatlar – qoʻrquv, qullik, mutelik oʻrnini toʻldiruvchi kompensatsiya tizimini oʻylab topishadi.
Ularning oʻzlaridan boshqacha fikrlaydiganlar, har kimning yetovidan xalos boʻlishni xohlovchilarga qarata keltiradigan vajlari ham, bundoq qaraganda, mantiqli va toʻgʻridek tuyuladi: “Nima yetmayapti oʻzi sizlarga? Ochlikdan oʻlmayotgan boʻlsak, ust-boshimiz but boʻlsa, dunyoda shunchalik hayotga ham yetisha olmayotganlarning son-sanogʻi boʻlmasa? Boriga shukr qilib, yoʻgʻiga qanoat qilsak boʻlmaydimi? Siyosatga aralashib, kim nima foyda koʻrdi? Shuncha karillab, nimani oʻzgartira oldi? Zarar qilsa, faqat oʻziga, bolalariga zarar qildi. Siyosat hech bir izini qoldirmay yoʻq qilib tashlagan Kirov, Troskiy, aka-uka Kennedilar, ona-bola Gandilar oldida siz bilan biz kim boʻpmiz? Mana, och qornim – tinch qulogʻim, deb biz kam boʻlmayapmiz-ku!..” va hokazo.
Biroq shoir, avvalo oʻziga, qolaversa, siz-u menga ham mana bu singari ogʻir savollarni berishda davom etadi:
Nopoklar poklarga qilganda tuhmat,
titramay aytdingmi keskir soʻzingni.
Bolangning yodiga ne qilding tuhfa,
asrab qololdingmi oʻzing oʻzingni?!
Va mana shu savollar qarshisida, xohlaymanmi-yoʻqmi, beixtiyor tarzda yodimga turli arxivlarda oʻqiganim, sahifalari sargʻayib ketgan tarixiy hujjatlarning guvohliklari, ijodiy uyushmalarda oʻtgan yigʻilishlarning stenografiyalaridagi gaplar tushaveradi.
Deylik, hali qirq yoshga bormagan Abdulla Qodiriy shaharning Samarqand darvoza deparasidagi hovlisida ekinlar tagini yumshatib, yovvoyi oʻtlardan tozalash asnosida yaqinda yoza boshlagani “Amir Umarxonning kanizi” nomli asari voqealarini xayolida jonlantirib turgan bir paytda, oʻsha hovlidan besh-olti chaqirim narida joylashgan Yozuvchilar uyushmasida bu yozuvchining qachon, kim bilan nima haqda gaplashganini oʻz qavmdoshlari – qalamkashlar jiddiy muhokama qilishadi, bir-birlarini soʻroq-savolga tutishadi. Jumladan, Qodiriyning Qozon shahriga qilgan safari davomida hamroh boʻlgan yozuvchilardan oʻsha safar paytidagi oʻzaro suhbatlar chogʻida adib qaysi yozuvchi haqida nima gap aytganigacha soʻrab surishtiriladi. Va bu jarayonda Qodiriyning xayoliga ham kelmagan gaplar unga nisbat beriladi, yozuvchining sinfiy dushmanligiga “dalillar” yigʻiladi...
Yoxud A.Qahhorning “Sarob” romani muhokamasi payti oʻz millati, mamlakati gʻamida boshini kundaga qoʻygan Fayzulla Xoʻjayev, Akmal Ikromov singari “xalq dushmanlari va ularning dumlari” nomiga aytilmagan tuhmat qolmaydiki, zalda oʻtirgan biror kimsa yurak yutib bu gaplarga qarshi bir ogʻiz soʻz demaydi, hech qursa ularning oldini olish harakatini qilmaydi. Aksincha, yigʻilish qahramoni “Endi bilayotibsizmi uni?...” deya siyosiy hushyorligini namoyish etadi. (Bular haqda batafsil qarang: Rahmon Qoʻchqor. “Men bilan munozara qilsangiz”. Toshkent, “Maʼnaviyat”, 1998-yil. 43-45-betlar.)
Osmondan kelganda tuban odamlar –
biri chinorkesar,
biri kesar til.
Butun qilmishlarin qarasang jamlab,
Namoyon boʻladi suvrati qotil.
Nega shunday? Nega yagona tur, yagona zot vakili boʻla turib odam bolalari bir-birovini mahv etmoqqa, biri ikkinchisini ezib-yanchmoqqa bunchalar ishtiyoqmand? Axir biz “yirtqich” deb nomlaganimiz yoʻlbars, sirtlon, boʻri, ilon, hatto chiyaboʻrilar – shoqollar muhitida ham ahvol bunday emas-ku. Ular bir-biroviga shunday munosabatda boʻlishmaydi-ku, biri ikkinchisi oldida titrab-qaqshamaydi-ku! Yo bu hol odam zotining oʻzgarmas yashash tarzi, peshonasiga to qiyomat qadar bitgan tavqi laʼnatmi? (Ch.Aytmatovning “Kassandra tamgʻasi”ni eslaylik!)
Bu savolga javob berishdan avval, endi ochigʻiga koʻchib, boshqa bir savolni oʻzimizga berib koʻraylik: hamma zamon va makonlarda omma orasida haq gapni aytishga oʻzida jurʼat topadiganlar koʻp boʻlganmi yoki “faqir kishi panada”, “koʻzni yumsang – boy boʻlasan” singari “hayotiy qoidalar”ga amal qilganlarmi?
Bu savolga, hech boʻlmaganda, oʻzimiz hozirga qadar qatnashganimiz eng tinch tadbirlar – katta-kichik anjuman-u majlislarni koʻz oldimizga keltirib javob aytaylik.
Nazarimda, agar vijdonga xilof ish qilmay ochiq tan oladigan boʻlsak, ikkinchi toifa odamlar hamma zamon va makonlarda koʻpchilikni tashkil etgani – achchiq haqiqat!
Demak, uzoq zamonlar mobaynida odamzodning tabiatida qoʻrquv hissi dominant – boshqa his va tuygʻularning bosh koʻtarishi, “namoyishga chiqishi”ga yoʻl qoʻymagan his sifatida hukmronlik qilgan. Qanchalik parodoksal eshitilmasin, bu his koʻpchilikning “yashash uchun kurashi”da bosh omil, jon saqlashning asosiy sharti boʻlib keldi. Bizning milliy tariximiz va taqdirimizda koʻp kuzatilgan bu alamli haqiqatni teran anglagan Erkin Vohidov ham, taassuflar boʻlsinki, oʻzining mana bu savollariga javob koʻrmay dunyoni tark etdi:
Mudom kurash azobini fidoyilar koʻrganlar,
Inqiloblar hosilini muttahamlar oʻrganlar.
Siz ham bugun panadasiz, jangga bizni qayraysiz,
Biz bu jangda shahid boʻlsak, avvalo, siz yayraysiz.
Gʻofil xalqim! Tinglarmanmi sening naʼra – uningni,
Koʻrarmanmi zuluklardan ozod boʻlgan kuningni?..
Xoʻsh, bugungi dunyoning hamma makonlarida ham ahvol hamon shundaymi?
Bu savolga koʻnglimizning bir chetida umid uchqunlarini yoquvchi YOʻQ degan javobni aytsak boʻladi, nazarimda.
Chunki insoniyatning oʻz taqdiriga befarq boʻlmagan bir qismi, aksariyat ilgʻor Gʻarb jamiyatlaridagi aholi davlat boshqaruv tizimi, bu tizim oʻtkazadigan siyosat va siyosatchilar qarshisida avvalgidek qoʻrquv hissini tuyishdan deyarli qutilishgan, deyishga barcha asoslar bor. Albatta, bu oʻlkalardagi odamlar ham oʻlim, bedavo kasalliklar, turli tabiiy hamda texnogen ofatlar qarshisidagi tabiiy qoʻrquvni muntazam tuyadilar. Biroq bular, aytilganidek, tabiiy instinkt bilan bogʻliq hislar boʻlib, ular to oʻlimiga qadar inson ruhiyatiga oshno boʻlishi aniq. Hatto, aytish mumkinki, bu tabiiy hislar odam bolasini juda koʻplab nafsiy qutqular, pala-partish hayot ortidan keladigan turfa xil illatlardan oʻzlarini goh bilib, goho esa hatto bilmay ihota qilishida muhim rol ham oʻynaydi. Zero, donishmand Aristotel bekorga “Agar kishi hech narsadan qoʻrqmasa, u ehtimol quturganroq yoki tentakdir” demagan.
Biroq siyosat va rahbarlar qarshisidagi ojizlik, siyosiy tuzumga mutelik singari orttirilgan qoʻrquv hissini biz eslayotgan jamiyat aʼzolari deyarli unutishgan. Holbuki, bu xalqlar ham turli imperatorlar, qirollar va podsholar hukmronligi paytlari Sharqdagidan-da vahshiyroq, qoʻrqinchliroq va noinsoniy siyosiy tuzumlarni, ularning zulm-u istibdodini boshlaridan koʻp oʻtkazishgan. Birgina inkvizitsiya davri vahshatlari erkin fikrlashga moyil kishilar boshiga ne-ne azoblarni solmagan, siyosatdan qoʻrquv hissi ulkan maydonlarda uyushtirilgan qatllar namoyishiga haydab chiqilgan odamlar qon-qoniga, gʻayrishuuriy (bessoznaniye)ga qadar ongli tarzda singdirilgan. Bu xususda guvohlik beruvchi tarixiy manbalar, badiiy va publitsistik asarlarning ham son-sanogʻi yoʻq. Ayni oʻrinda, hech qursa, Sharl de Kosterning “Till Ulenshpigel qissasi”, Viktor Ferealning “Inkvizitsiya” asari, Viktor Gyugoning “Parij Bibi Maryam ibodatxonasi”, Paulo Koelyoning “Alif” romani voqealarini yoxud hurfikrlilik fidoyilari Jordano Bruno, Galileo Galiley hamda faranglarning jasur qizi Janna dʼArkning ne azoblarga mubtalo qilinganini eslash kifoyadir.
Ayni dahshatli hodisalar yuz bergan, shular orqali ajdodlari qon-qoniga hukmronlardan, davlat siyosatidan qoʻrquv hissi asrlar osha singdirilgan mazkur oʻlkalarning bugungi aholisi ruhiyatidan, aytilganidek, bu his deyarli oʻchib borayotir.
Demak, siyosatdan, hukmron doiralar taʼsir-u tahdididan qoʻrquv hissidek orttirilgan tuygʻudan nafaqat bir-ikki individning, balki butun xalqning ham xalos boʻlish imkoniyati bor ekan-da.
Xoʻsh, bunga erishmoqning, xalqimiz, ayniqsa, bizning millatimiz ruhiyatiga chuqur oʻtirib qolgan, siyosat qarshisidagi qoʻrquv hissidan qutilmoqning ne yoʻl-yoʻriqlari bor-u, bu jarayon qanchalar vaqtni talab qiladi?
* * *
“Xulqlarni oʻzgartirib millatni ulugʻlash
yoki obroʻsizlantirish hukumatga bogʻliq”.
Volter
Biz bugun havas-la qarayotgan ilgʻor Gʻarb jamiyatlari ushbu – chinakamiga yuksak insoniy mavqega, avvalo, oʻz turmush tarzlariga demokratik qadriyatlar, erkinlikning eng muhim meʼyor va talablarini joriy etish tufayli erishganlar.
(Yuqorida eslangan omillarning har biri alohida bir maqolani talab qiladiki, biz hozir ularning hammasi xususida emas, balki mavzuimizga taalluqli boʻlgan eng muhim jihatlar haqidagina qisqacha toʻxtalamiz, xolos.)
Demokratiyaning bosh talabi – davlat va jamiyat boshqaruvini amalga oshiruvchi organlar rahbarlarining saylanishi hisoblanadi. Faqat shu yoʻl bilangina “demos” – xalqning “kratos”i – boshqaruviga rostakamiga erishish mumkin. Bu boradagi hamma gap, bizningcha, dunyo oʻlkalarida kuzatiladigan, mana shu masaladagi bir qaraganda koʻzga koʻrinar-koʻrinmas, mohiyatan esa nihoyatda muhim va jiddiy tafovutdadir.
Chinakam demokratik mamlakatlarda davlat va jamiyat boshqaruviga masʼul eng kichik amaldorlardan tortib prezidentlar, kanslerlar, bosh vazirlar-u kongresslar va parlamentlar aʼzolariga qadar – barchasini saylash deganda ularni saralab tanlash tushuniladi. Yaʼni u yoxud bu lavozimga oʻz nomzodini koʻrsatgan koʻplab daʼvogarlarning maʼlumoti va mehnat faoliyati, ayni jabhalarda erishgan real yutuqlaridan tortib oilaviy holatiga qadar, ular ilgari surayotgan gʻoyalar, amalga oshirmoqchi boʻlayotgani rejalar odamlar hayotiga konkret nima yangilik va yengilliklar olib kirishigacha sinchiklab oʻrganish, ularning “siyosat maydoniga qilgan yurishi”ni ancha avvaldan kuzatish imkoni yaratiladi. Hozirga qadargi faoliyatida nedir shubhali hodisalarga aralashib qolgan nomzodlar bu saralov – tanlov – saylov jarayonining yarmiga ham yetmay roʻyxatdan tushib qolishlari ham aniq. Mabodo, kimdir oʻtmishiga doir shunday tafsilotlarni ommadan yashirishga urinsa, uning yangi lavozimda emas, avvalgi ish joyida ishlashi ham katta soʻroq ostida qolishi-da tayin.
Mazkur jarayonning ayni shunday oshkora, shaffof sharoitda kechishining muhim vositasi boʻlib esa maydonga erkin, mustaqil ommaviy axborot vositalari chiqadi. Ularga u yoxud bu nomzod yoki uning komandasidan nedir bosim, taʼsir oʻtkazishga harakat sodir etiladigan boʻlsa, bu hol ham darhol oshkor qilinadi: bu nomzod ham, oʻzbekcha qilib aytganda, “oʻziga oʻzi qiladi” – “arqonni tilimga boyla!”lab qolaveradi, marafondan chiqib ketadi. Bu jarayonlarning hammasi toʻla qonuniy aurada – huquqiy makonda, uning barcha talab va qoidalariga qatʼiy amal qilingan holda kechadi.
Endi ayting: mana shu sharoitda, shuncha talab va tanlovlardan soʻng u yoxud bu lavozimga (bu yerda vazifaga desak oʻrinliroq boʻladi!) saylangan odam oʻzini saylagan aholining yuziga oyoq qoʻyishi, ulardan oʻzini yuqori tutishi, xalqni mensimasligi mumkinmi? Qoʻl ostidagilarni haqorat qilish bir yoqda tursin, birovni senlab gapirishga jurʼat etadimi? Umuman, shu tanlov, saralashlardan ishonch qozonib oʻtgan odam ishni mana shu usulda olib borishi mumkinmi? Oxir-oqibat, ommani, bu jamiyatlarda esa aksariyati shaxs maqomidagi mustaqil kishilardan tashkil topgan xalq boshqaruvini shunday olib borishni oʻsha odam va atrofidagilarning tasavvuri oʻziga sigʻdiradimi?
Eng muhimi esa, jamiyat aʼzolari oʻzi saralab saylagani bu odamlardan, oʻzlari singari insonlar va ular yuritadigan siyosatdan nega qoʻrqishlari kerak? Modomiki, siyosat deganlari xalq taqdiriga daxldor qonunlar, qarorlar, nizomlar, buyruqlar va hakozo huquqiy hujjatlar orqali amalga oshirilar ekan, lavozimga saylangan odamlar oʻzlarini xizmatchi sifatida tanlagan kishilar manfaatlariga zarar yetkazadigan, ayniqsa, ularni qoʻrquv va vahimaga soladigan shunday hujjatlar qabul qilishi, kimlargadir shu ruhdagi topshiriq yoki buyruq berishi sogʻlom aqlga qanchalik mos keladi? Yoxud yuqorida taʼkidlangan oshkoralik, ommaviy axborot vositalarining tezkorligi va shaffofligi sharoitida har qanday noqonuniy harakat, inchunun, inson hayoti va erkinligiga daxl qilish bilan tahdid solish ortiqcha kuttirmay oshkor boʻlishi ehtimoli yuqori muhitda qaysi amaldor shunday kirdikorni oʻziga ep koʻradi? Ayniqsa, bunday harakat, birinchi navbatda, shu qilmishga yoʻl qoʻygan amaldorlarning oʻzining taqdiriga oʻta salbiy taʼsir qilishini hamma juda yaxshi bilsa.
Bu davlatlarda, har qancha katta mansab egasi boʻlmasin, yakka shaxs qosh-qobogʻiga qarash, ichki va tashqi siyosatni uning istaklariga moslash, bir soʻz bilan aytganda, volyuntarizm illatiga mutlaqo yoʻl qoʻyilmaydi. Barcha muammolar yechimi kollegial tarzda, koʻpchilikning fikri va taklifi inobatga olingan holda hal etiladi. Eng muhim, mamlakat kelajagi va millat taqdiriga daxldor masalalar yuzasidan esa butun xalq fikrini soʻrab – referendumlar oʻtkazish orqaligina bir toʻxtamga kelinadi.
Agar Gʻarbning jiddiy mavzulardagi badiiy va hujjatli filmlariga eʼtibor bersak, politsiyachi boʻladimi yoxud maxsus xizmatlar xodimlari boʻladimi, biror fuqaroning erkinligini cheklashga harakat boshlagani zahoti aksariyat fuqarolar davlatning bu odamlariga qarata: “Janob (yoki xonim), marhamat qilib, mening saylovchi va soliq toʻlovchi ekanimni yodingizdan chiqarmang!” deya jiddiy ogohlantirib qoʻyishiga guvoh boʻlamiz.
Bu nima degani?
Bu shu deganiki, “Bilib qoʻying, parlament aʼzolari-yu prezidentdan tortib sizga rahbarlik qilayotgan vaziringizgacha oʻzining lavozimiga mening bergan ovozim tufayli saylangan yoki men saylagan odamlar ularni shu ishga tayinlagan. Bunga qoʻshimcha, ularning barchasi va sizlarning barchangizning tirikchiligingiz asosi boʻlmish oylik maoshingiz men toʻlaydigan soliqlardan shakllanadigan byudjetdan beriladi. Shunday ekan, men bilan obdon oʻylab, qonunga muvofiq muomala qilishingizni talab qilaman!”
Asosan mehnatkash xalq toʻlaydigan soliqlar hisobiga vujudga keladigan byudjet mablagʻlari sarfi haqida ham bu mamlakatlarda tiyin-tiyinigacha xalqqa muntazam hisob berib boriladi. Bu borada uzoqqa bormay, yaqindagina ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan bir faktni eslash kifoyadir.
Korrupsiyaga barham berish borasida dunyoda eng oldingi oʻrinda borayotgan Daniyaning bosh vaziri Mette Frederikse xonim mamlakat byudjetida koʻzda tutilmagan bir chiqim xususida parlament oldida hisob bermoqda. Gap shundaki, bir yil avval Daniyada ekzotik hayvonlardan sirklarda foydalanish maʼn qilinishi munosabati bilan fillarni egalaridan byudjet hisobidan sotib olishga qaror qilinadi. Ittifoqo maʼlum boʻladiki, bir sirkdagi Ramboline laqabli urgʻochi fil Ali laqabli tuya bilan qalin doʻst tutingan ekan. Mutaxassislarning aytishicha, ularni bir-biridan ayirish har ikkisiga zarar keltirishi munosabati bilan hukumat filga qoʻshib boyagi tuyani ham sotib olishga majbur boʻladi. Bir yillik yalpi ichki mahsuloti hajmi qariyb 350 milliard dollarni tashkil etadigan davlatning Bosh vaziri byudjetdan sarf etilgan mana shu arzimagan mablagʻ xususida ham parlament huzurida hisobot berishni oʻzining funksional vazifasi, deb bilmoqda...
Nazarimizda, ham mamlakat rahbariyati, ham fuqarolar ommaviy tarzda mana shunday darajaga yetganida – oʻzining davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita va bilvosita ishtirokini yaxshi bilganidagina odamlar siyosatchilar-u ular oʻtkazadigan siyosatdan qoʻrqish hissidan xalos boʻlishi mumkin.
* * *
“Podadagi eng namunali qoʻy boʻlish uchun,
eng avvalo, qoʻy boʻlish lozim”.
Albert Eynshteyn
Ana endi mana bu savol oʻrtaga tushadi: bizda ham saylovlar amaliyoti joriy etilgan-ku, biz ham davlat boshligʻini, qonun chiqaruvchi organlar aʼzolarini, mahalliy kengashlarni mustaqil saylay boshlaganimizga qariyb oʻttiz yil boʻldi-ku, natija-chi, natija qani?
Bu savolga javobni, yana haqiqatning yuziga tik boqib, birgalikda izlashimizga toʻgʻri keladi.
Agar demokratik, erkin fuqarolik jamiyatlari barpo etilgan davlatlarning yuqorida eslatilgan saylov jarayoni bilan bizdagi holat solishtirilsa, ancha-muncha narsaga oydinlik kiradi.
Avvalo, biz oʻzimiz saylashimiz lozim boʻlgan nomzodlar haqida nimalarni bilamiz? Saylov komissiyalari va nomzodlarning oʻzlari tomonidan tayyorlab tarqatiladigan, saylov uchastkalariga qoʻyiladigan saylovoldi tashviqot varaqalarida ularning qachon, qayerda tugʻilgani, oʻqigan va ishlagan joylari, agar boʻlsa ilmiy darajasi-yu, olgan unvonlari xususidagi maʼlumot boʻladi, xolos. Siz bilan bizning kamida besh yillik hayotimizga daxl qiladigan qarorlar qabul qilinishida bevosita ishtirok etishi lozim boʻlgan (ayni talab koʻpincha ideal holida – xomxayolligicha qoladi!) bu odamlarning real bilimi, tafakkur darajasi, intellektual quvvati, hayotiy va kasbiy koʻnikmalari, xarakter xususiyatlari, insoniy fazilatlari saylovga qadar ham, saylanganidan keyin ham aksar holda nomaʼlumligicha – qorongʻiligicha qoladi. Beistisno barchasi oʻz nizomlarida ilimiliq gaplarni boshqacharoq shakl-u shamoyilda oʻnlab yillar davomida takrorlayveradigan partiyalar tomonidan koʻrsatiladigan bu nomzodlarning aksariyati
siyosat deganlari oʻzi nima;
davlat va jamiyat boshqaruvining qanday usul-uslublari bor-u ularning qay biri zamon sinovidan qanday oʻtgan;
har bir konkret davlat tuzumida siyosatga bosh qoʻshayotgan odamdan mazkur soha qanday fazilatlarni talab etadi-yu uni ne yoʻqotishlarga majbur qiladi... singari yuzlab savollarning javobini bilish u yoqda tursin, dunyoda mana shunaqa masalalar ham bor ekanidan bexabar boʻlishadi.
Goh bevosita, aksariyat hollarda esa televideniye orqali namoyish etiladigan turli darajadagi majlislar, yigʻilishlar, tadbirlarni kuzatib, someʼlarning ahvol-ruhiyasiga boqib, kishi yodiga beixtiyor betimsol Hamza Hakimzodaning 1917-yilning birinchi yarmida – Turkiston xalqlari oldida istiqlolga erishishning noyob imkoniyati paydo boʻlgan kunlari yozgan “Muxtoriyat yoki avtonomiya” nomli pyesasidagi manzaralar tushadi. Muallifning cheksiz nafrati va gʻazabini qoʻzgʻagani tufayli ham insoniy ismga noloyiq topilib, “T.domla”, “J. domla”, “S. domla” singari nomlar bilan atalgan, muxtoriyat – avtonomiya bilan haftabil – avtomobilning farqiga bormaydigan, millat va mamlakat taqdiri muhokamasidan koʻra Abdurasulboynikidagi ulamo oshini afzal biladigan “el peshvolari”ning shiori ham yakrang: “Biz nima xayolda-yu, falak qanday xayolda, nima boʻlsa boʻlaversin!”...
Bu vaziyatda eʼtibor talab qiladigan jihat shuki, hamma zamonlarda xalq noiblarining ayni mana shunday shakl-u shamoyilda boʻlmoqlarini har narsadan koʻra koʻproq xohlaydigan bir hovuch siyosatdonlar ushbu manzara iloji boricha uzoqroq oʻzgarmay qolmogʻidan manfaatdordirlar. Ular bu maydonda biror-bir “oq qargʻa” paydo boʻlib qolishining oldini olish uchun ne usullarni, siyosiy-mafkuraviy jazavalarni oʻylab topmaydi, deysiz.
* * *
“Agar uni saqlash uchun kishilarning terisini shilish
zarur boʻladigan boʻlsa, unday sivilizatsiyaning manfaatiga,
hatto uning oʻziga ham laʼnatlar boʻlsin”.
F.M.Dostoyevskiy
...Koʻpchilik biladigan bir gap bor: har bir xalq oʻz hukmdorlariga loyiq boʻladi, degan. Agar masalaga sal boshqacharoq rakursdan qaraydigan boʻlsak, demak, hukmdorlarning risolaga muvofiq boʻlmogʻining eng muhim talabi – oʻsha xalq darajasining har tomonlama yuksalishi hisoblanadi.
Demak, muammo yechimi, xohlaymizmi-yoʻqmi, oʻzimizda, oʻzimizning saʼy-harakatimizda qolgan. Zero,
Qaltis lahzalar yoʻq,
qaltis umr bor,
moʻr-malax nom aro yolgʻiz noming bor.
Lahzada titroqqa aylanib tursang,
demakki, ichingda bitta xoin bor.
Oʻldir,
ichingdagi xoinni oʻldir,
volida koʻziga boqishdan avval,
maʼshuqa qoʻynida yotishdan avval,
zulmat ummoniga botishdan avval.
Yoʻldir bu,
nafsning botqogʻi emas,
qilichning damiday chaqnagan yoʻldir.
Bu yoʻlga yuzingni burishdan avval,
Oʻldir, ichingdagi xoinni oʻldir.
(Shavkat Rahmon)
Darhaqiqat, bu dunyoga kelib-ketishiga shunchaki qaramaydigan, avvalo oʻzi, hech boʻlmaganda kelgusi nasllari mana shu dunyoda hur va erkin hayot kechirishini jiddiy oʻylaydigan har bir inson “moʻr-malax nom aro” uning ham yolgʻiz nomi borligini ich-ichdan his qilmogʻi, butun umrini, har qancha qaltis boʻlmasin, hayotni yaxshi tomonga oʻzgartirishdek eng zoʻr kurash jabhasiga baxsh etmogʻi talab etiladi. Shundagina uning volida koʻziga uyalmay qarashga, maʼshuqa qoʻynida berkinmay yotishga haqqi boʻladi, yolgʻiz nomi zulmat ummoniga botmaydi. Buning dastlabki va muhim talabi esa ichdagi xoinni – QOʻRQUV HISSIni oʻldirmoqdir. Zero, shu ayanchli, uyatli, gʻoyat xijolatli hisdan qutulgan qalbdagina boshqa jamiki insoniy hislar, ozod tuygʻular bor tarovati bilan bosh koʻtaradi, ular bu qalbni ruhiy yuksakliklarga olib chiqadi.
Rahmon QO‘CHQOR,
filologiya fanlari nomzodi
“Tafakkur” jurnali, 2021-yil, 2-son.
“Ichimizdagi xoin” maqolasi
Tarix
Din
San’at
Ta’lim-tarbiya
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q