Naqd pul o‘rniga jo‘xori – Qo‘qon xazinasining yashirin daftarlaridagi sirlar


Saqlash
17:13 / 09.09.2026 8984 0

Qo‘qon xonligida moliya tizimining shakllanishi va boshqaruv siyosati

 

Qo‘qon xonligida moliya tizimining yuzaga kelishi bevosita davlatchilikning qaror topishi bilan bog‘liqdir. 1709-yilda Buxoro xonligidan ajralib chiqqan yangi davlat oldida hokimiyatni mustahkamlash, qo‘shinni ta’minlash va boshqaruv tizimini yuritish kabi vazifalar turardi. Bu esa xazina daromadlarini shakllantirish va ularni maqsadli tasarruf etish zaruratini keltirib chiqardi.

 

Xonlikda moliyaviy masalalar markazlashgan boshqaruv orqali tartibga solingan. Xazinani shakllantirish va sarflashda xonga yaqin nufuzli amaldorlar muhim o‘rin tutgan. Davlat ahamiyatiga molik masalalar otaliq, mingboshi, parvonachi, g‘aznachi va mehtar kabi mansabdorlar qatnashchiligidagi doimiy kengashda hal etilgan.

 

Manbalarga ko‘ra, xonlik moliya tizimining o‘ziga xos jihati shunda ediki, xarajatlar zamonaviy davlatlardagidek oldindan yillik byudjet asosida qat’iy rejalashtirilmagan. Mablag‘lar ko‘proq muayyan ehtiyojlar va yuzaga kelgan zaruratlarga qarab taqsimlangan.

 

Davlat moliyasi faqat ichki ehtiyojlarga emas, balki quyidagi muhim yo‘nalishlarga ham yo‘naltirilgan:

 

Xo‘jalik va infratuzilma: Yangi yerlarni o‘zlashtirish, kanallar (Umarxon davrida Yangi ariq, Madalixon davrida Xonariq, Xudoyorxon davrida Ulug‘nahr) qazish hamda suv inshootlarini qurish.

 

Harbiy ta’minot: Qo‘shinning janggovar salohiyatini saqlash. Harbiy xizmatga kiruvchilarga ot va ot-abzal berilib, safar oldidan martabasiga qarab (yuzboshiga 2 tilla, ellikboshiga 1,5 tilla, askarga 1 tilla) mukofotlar ajratilgan.

 

Yillik maoshlar (1851-yil hisobida): Yuzboshilarga 147 so‘m, ellikboshilarga 98 so‘m, o‘nboshilarga 65 so‘m va oddiy askarlarga 43 so‘m miqdorida kumush tanga berilgan.

 

Shu tariqa, Qo‘qon xonligida moliyaviy manbalar va xazina mablag‘lari nafaqat kundalik saroy ehtiyojlarini qoplagan, balki mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, suv xo‘jaligini yuritish va markazlashgan harbiy kuchni saqlab turishning asosiy vositasi bo‘lib xizmat qilgan.

 

Xazina mablag‘lari qayerga sarflangan?

 

Qo‘qon xonligi xazinasiga kelib tushgan mablag‘lar va ularning sarf-xarajat yo‘nalishlari arxiv hujjatlari asosida quyidagicha tadqiq etiladi:

 

Xazina mablag‘larining asosiy yo‘nalishlari

 

Arxiv manbalari xonlik xazinasi faqat joriy saroy ehtiyojlarini emas, balki muhim iqtisodiy va ijtimoiy maqsadlarga ham sarflanganini ko‘rsatadi. Bu jarayonlar asosan quyidagi yo‘nalishlarni qamrab olgan:

 

Investitsion xarajatlar va mulk xaridi: Kelgusida barqaror daromad keltiruvchi yerlar va bog‘larni sotib olishga alohida e’tibor qaratilgan. Masalan, Xudoyorxon davrida Oqmasjid yaqinidagi 10 tanob mevazor (4 tanob uzumzor va 6 tanob anorzor) 50 tillaga sotib olingani qayd etilgan (bunda 1 tanob yerning narxi o‘rtacha 5 tillaga to‘g‘ri kelgan).

 

Saroy va xo‘jalik ta’minoti: Tanobonadan tushgan mablag‘lar saroy o‘rdasining kundalik xarajatlarini qoplagan. Bu xarajatlar qat’iy nazoratda bo‘lib, maxsus tayinlangan amaldorlar tomonidan kuzatib borilgan. Masalan, 1870–1871-yillarda Oltiariqdagi Dalailxon madrasasiga ajratilgan mablag‘lar va g‘alla, paxta, o‘rik hamda o‘tindan olingan soliqlar Muhammad Sodiq qo‘riqchi nazorati ostida maqsadli sarflangan.

 

Natural to‘lov tizimi: Xazinada hisob-kitoblar faqat naqd pul (tilla, tanga, chaqa) orqali emas, balki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari vositasida ham amalga oshirilgan.

 

1875-yilgi hisob-kitob daftari va natural moliya tizimi

 

Xonlikda pul va natural qiymatning o‘zaro bog‘liqligini 1875-yilga oid maxsus arxiv daftari asosida yaqqol ko‘rish mumkin. Qizilmush hududidagi yerlarni xarid qilish jarayoni bunga yaqqol misol bo‘la oladi:

 

Mahsulot va pul uyg‘unligi: Yer egalariga (Abdujalilboy, Muhammad Xoliqboy, Mulla Umar Uzoq va boshqalar) naqd pul o‘rniga jo‘xori, mosh, guruch, paxta va qovun pullari berilgan. Hujjatda bu mahsulotlarning miqdorigina emas, balki ularning bozor qiymati ham tilla va tanga hisobida aniq ko‘rsatib o‘tilgan.

 

Qamrovi va vaqf yerlari: Hisob-kitoblar faqat xususiy mulklarni emas, balki Dovud xo‘ja eshon darveshlarining xonaqohi va qishloq masjidi kabi vaqf yerlariga tegishli xarajatlarni ham o‘z ichiga olgan. Jumladan, vaqf yerlari bo‘yicha hisoblangan mahsulotlar ham alohida qayd etilgan (masalan, xonaqoh vaqfi bo‘yicha 39 tilla 7 tanga).

 

Yakuniy hisob: Mazkur daftardagi umumiy jamlanmaga ko‘ra, 240 choriq jo‘xori (80 tilla), 86,5 choriq paxta (66,5 tilla), 3 choriq g‘alla (1,5 tilla), 3 choriq mosh (1 tilla 13 tanga), qovun pullari va 679 choriq guruch (320 tilla) jami 500 tillalik umumiy qiymatni tashkil etgan.

 

Arxiv hujjatlari Qo‘qon xonligi xazinasi faqat pul to‘plash yoki sarflash vositasi bo‘lmay, balki mulkdorlik munosabatlarini kengaytirish, iqtisodiyotni mustahkamlash va ta’lim-ma’rifot muassasalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilganini ko‘rsatadi. Moliyaviy hisob-kitoblarda pul va natural mahsulotlarning bir tizimga keltirilishi xonlikda murakkab va puxta o‘ylangan xo‘jalik hisobi yuritilganidan dalolat beradi.

 

O‘zMA 1043-fond 497-hujjatning tarjimasi:

 

1875-yil Robbi avval oyining 8-sanasi. Qizilmushdagi yerlarga 500 tilla hisobidagi g‘alla ajratildi. Uchta chek-yer – Abdujalilboy, Muhammad Xoliqboy, Mulla Umar Uzoq. 64 choriq jo‘xori, (bozor narhi bilan xisoblaganda 3 choriq jo‘xoriga bir tilla 6 yarim tanga); 2 yarim choriq 100 paysa mosh – (bozor narxida 1 choriq 16 chaksa mosh uchun bir tilla), hisoblangan qovunlar uchun 3 tilla, 34 choriq 12 chaksa guruch –  2 choriq 2 chaksasiga – 16 tilla 6 tanga, yana ombordan 5 choriq 4 chaksa paxta – 5,25 tilla. Ja’mi 47,25 tilla (choragi bilan) .

 

Ikki yarim chek-yer. Do‘st Muhammadboy va Hasanboy. 11 choriq 9 chaksa jo‘xori – 3 tilla 16 tanga, 4 choriq shishak paxta (bir chorig‘iga – 1 tilla) 4 tilla 0,25. (Четири тилла с четвертю) 57 choriq guruch – 27 tilla, yana ombordan 4 choriq 6 chaksa paxta  – 4 tilla 7 tanga. Ja’mi 39 tilla 8 tanga.

 

Bir chek-yer. Muhammad Nazarboy sariq. 15 yarim choriq jo‘xori – 5 tilla 3 tanga bir miri, 3 choriq 14 chaksa paxta 3 tilla 17 yarim tanga,  qovun pulidan 15 tanga, 8 choriq 12 chaksa guruch – 10 tilla 15 tanga, , yana ombordan 1 choriq 12 chaksa paxta – 1 tilla 3chorak. Jami 15 tilla 3 chorak bo‘ldi.

 

Ikki yarim chek-yeri. Shaharlik Muhammadalimboy. 3 choriq paxta – 3 tilla, qovun puli – 2 tilla 4 tanga, 63  choriq 5 chaksa guruch – 29 tilla 15 tanga, yana ombordan 4 choriq 6 chaksa paxta – 4 tilla 7 tanga ja’mi 39 tilla 8 tanga.

 

Bir chek-yeri. Xakim to‘ra. 4,5 choriq paxta – 4,5 tilla, 2,5 choriq jo‘xori – 16 tanga, 18,5 choriq guruch – 8 tilla 13 tanga, yana ombordan 1choriq 12 chaksa paxta – 1 tilla 3 chorak,  ja’mi 15 va 3 chorak tilla.

 

Bir yarim chek-yeri. Eslatib o‘tilgan Raxmatulloh arqonfurush va Muhammad Nazarboy amin, Do‘stmuhammad, Abdujalil. 44  choriq 10 chaksa guruch – 21 tilla, yana ombordan 2 choriq 10 chaksa paxta – 2tilla 12 tanga ja’mi 23 tilla 12tanga[5.4.].

 

3 tartib) Bir chek-yeri. Muhammad Azim. 3 choriq 4 chaksa jo‘xori – 1 tilla 2 tanga, 3 choriq 3 chak 20 choriq 10 chaksa guruch – 9 tilla 13 tanga, yana ombordan 1 choriq 12 chaksa paxta – 1 tilla 3 chorak,  ja’mi 15 va 3 chorak tilla. Ja’mi 15 tilla 3 chorak tilla[4.5.].

 

Bir chek-yeri. Mullajon maxzum (Usta Ibodulloh va Mulla Ismatullohlarning sag‘irasi – yetimi) 2,5 choriq paxta – 2,5 tilla, 24 choriq 7 chaksa guruch – 11,5tilla, yana ombordan 1choriq 12 chaksa paxta – 1 tilla 3 chorak,  ja’mi 15 va 3 chorak tilla[5.6.].

 

3 chorak chek-yer. Said so‘fidan qolgan meros. 4 choriq jo‘xori – 1 tilla 6 tanga, 1 choriq paxta – 1 tilla, qovun puli – 23 tanga, 14 choriq 14 chaksa – guruch – 7 tilla, 1 choriq 5 chaksa – 1 tilla 6 tanga. Ja’mi 11 tilla 16 tanga[5.7.1.].

 

Ikki yarim chek-yer. Dovud xo‘ja eshon darveshlarining xonaqohi vaqfi. 3 choriq 12 chaksa jo‘xori – 1 tilla 6 tanga, qovun puli – 30 tanga, 3 choriq bug‘doy – 1,5 tilla, 12 chaksa mosh – 8 tanga, 60 choriq 2 chaksa guruch – 30 tilla 2 tanga, yana ombordan 4 choriq 6 chaksa paxta – 4 tilla 8 tanga. Ja’mi 39 tilla 7 tanga [5.7.2.].

 

Bir chek-yer. Qishloq masjidining vaqfi. 2 choriq jo‘xori – 13 tanga, 11 choriq paxta – 13 tanga, 26 choriq12 chaksa guruch – 12 tilla 12 tanga, yana ombordan  choriq 12 chaksa paxta – 1tilla 3 chorak. Ja’mi 15 tilla 3 chorak.

 

Bir chek-yer. Mulla Abduvali oqsoqol. 29 choriq 12 chaksa guruch – 14 tilla, yana ombordan 1choriq 12 chaksa paxta- 1 tilla 3 chorak. Ja’mi 15 tilla 3 chorak.

 

Yarim chek-yer. Mulla Muhammad Zokir domla.14 choriq 14 chaksa guruch – 7 tilla, yana ombordan  14 chaksa paxta – 17 tanga. Ja’mi – 7 tilla7 tanga.

 

Ja’mi: 240 choriq jo‘xori – 80 tilla, 86,5 choriq paxta – 66,5 tilla, eski xosil paxtasidan 55,5 choriq olindi. 3 choriq g‘alla – 1,5 tilla, 3 choriq mosh – 1 tilla 13 tanga, 164 tanga qovun pullari, 679 choriq guruch – 320 tilla. Ja’mi 500 tilla. [5.3].

 

Mazkur arxiv hujjatlarining maqolaga kiritilishi o‘quvchiga faqat tadqiqotchining tayyor xulosasini beribgina qolmay, balki xonlik davridagi moliyaviy hisob-kitoblarni o‘z tasavvurida gavdalantirish va mustaqil ilmiy xulosa chiqarish imkonini beradi. Raqamlar, mahsulot turlari, yer maydonlari va ularning bahosi bevosita hujjat tilidan yetib kelgani fikrlarni umumiy mulohazadan aniq arxiv dalili darajasiga olib chiqadi. Yer xaridi bilan bog‘liq hisob-kitoblarda mahsulot miqdori, bozor narxi va umumiy qiymat o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lgan.

 

Xazina mablag‘lari faqat tayyor mulklarni sotib olishga emas, balki xon yerlarida dehqonchilikni tashkil etish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga ham sarflangan. Bu holat O‘zbekiston Milliy arxivining 1043-fond, 511-hujjati bilan to‘liq tasdiqlanadi. Xususan, Marg‘ilon beki va Xudoyorxonning tug‘ishgan ukasi Sulton Murodbekning Dadxoh sarkorga yo‘llagan eslatma-pattasida Xonaboddagi yerlarga ekish uchun g‘alla urug‘i hamda ho‘kiz sotib olishga mablag‘ ajratish so‘ralgan:

 

“Hurmatli Dadxoh sarkorga: Xonaboddagi yerlarga ekish uchun g‘alla urug‘i bering. Shu bilan birga, ho‘kiz sotib olish uchun 6 tilla 10 tanga ajratib, imkoni boricha Do‘st Muhammadni tezroq qaytarib yuboring. Holatni tasdiqlangan deb hisoblang. 1288/1871–1872-yillar”[5.8].

 

Xulosa

 

Qo‘qon xonligi moliya tizimiga oid manbalar tahlili shuni ko‘rsatadiki, xazina mablag‘lari shunchaki joriy xarajatlarni qoplash vositasi bo‘lib qolmagan. U yangi yerlarni o‘zlashtirish, urug‘lik va ish hayvonlari bilan ta’minlash orqali qishloq xo‘jaligini yuritish va kelgusida barqaror daromad olishga qaratilgan xo‘jalik ishlarini ham bevosita moliyalashtirgan.

 

Saroy devonxonasida yuritilgan daftarlar va moliyaviy hujjatlarda xazina mablag‘larining harakati muntazam qayd etib borilgan. Bu esa xonlik moliya tizimining amaliy mexanizmini, xarajatlarning maqsadli yo‘naltirilishini va davlat boshqaruvining iqtisodiy asoslarini chuqur anglashda muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi.

 

Zumradxon XATAMOVA,

CAMU xalqaro tibbiyot universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Moliya-arab tilidan olingan so‘z bo‘lib, pul mablag‘lari degan ma’noni anglatadi. Batafsil ma’lumot uchun qarang: O‘zbek tilining izohli lug‘ati: J.2.Ye-M // Tahrir hay’ati: T.Mirzayev (rahbar) va boshqalar, – T.: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti, 2006. – 611-b.

Moliya atamasi dunyoda birinchi marta 1577-yilda “Respublika xususida olti kitob” asarida fransuz olimi J.Boden tomonidan ishlatilgan. Ba’zi adabiyotlarda moliya finansi  lotin tilidan olingan degan ma’lumotlar ham uchraydi. Batafsil ma’lumot uchun: Vahobov A., Malikov T. Moliya. Toshkent, 2011. – B.30.

2. Bobobekov X. N. Qo‘qon tarixi. T.: Fan, 1996. – B. 238.

3. Хорошхин А.П. Сборник статей касающихся до Туркестанского края. СПб, 1876.  С.31.

4.Иванов П.Очерки по истории Средней Азии.  – С.182.; Троицкая А.Л. Материалы по истории Кокандского ханства XIX в. Москва, 1969. – С.16.

5. O‘zMA 1043-fond, № 15-daftar, №497, №497, 2t, №497, 3t, №497, 3t, №497. 3 t, №497. 3t, № 497.3t

6. Xatamova Z.  Qo‘qon xonligida soliq tizimi. Farg‘ona, 2022.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ta’lim-tarbiya

18:09 / 30.09.2026 0 224
Muallimga jo‘natilmagan maktub





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//