Navoiyni o‘qi(ma)gan shoirlar – Yoshlar she’riyatida Hazrat obrazi bormi?


Saqlash
11:03 / 09.09.2026 707 0

Yosh shoirlar ijodida shunday obrazlar borki, ular bevosita Alisher Navoiy merosiga bog‘lanadi. Shu ma’noda ulug‘ mutafakkirning nafaqat shaxsi, balki yaratgan obrazlari ham she’riyatimizga mavzu va tashbeh bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

Navoiydan tortib Mashrab bobomgacha

Shoirni siylagan elni sevaman, –

 

deydi shoir Bek Ali.

 

Muallif nazdida Alisher Navoiy shoirlikni belgilovchi asosiy kategoriyaga aylangan. Xalqning ma’rifatga oshnoligi, she’rni qadrlashi ham Navoiyga nisbatan baholanmoqda. Ushbu qarash Shahriyor Shavkat she’rlarida ham ko‘rinadi:

 

Shamshirlar tirnamish qanotimizni,

Bo‘ronlar chorlamish girdibodiga!

Birga-bir tikkanmiz hayotimizni,

Bobo Alisherning qutlug‘ yodiga.

 

Ayni shu ruhdagi misralar Alibek Anvariyning “Taskin manzillari” asarida ham ko‘zga tashlanadi:

 

Kelsa yuragim sezadi...

inkormi, imdodmi – nima farqi bor?

Yozar... o‘chiradi... yozadi...

Termizmi, Hirotmi – nima farqi bor?

 

Yuqorida tilga olingan ijod konsepsiyasiga daxldorlik ushbu she’rda avtobiografik ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, “Navoiy – shoirlik maqomining cho‘qqisi, Hirot esa she’riyat poytaxti”, degan fikrga ishora qilingan. Ya’ni, o‘sha she’riyat poytaxtidagi oliymaqom Alisher bo‘ladimi, yoki Termizda yashayotgan Alibek bo‘ladimi, nima farqi bor, ijod konsepsiyasi bir xil (“Yozar... o‘chiradi... yozadi...”) ekani haqida xulosa yasaladi. Shahar orqali insonga ishora etish – sinekdoxa usulida ko‘chim yuz bergan. Bunga she’riy san’at sifatida majoz deb qarasak, alohida xususiyatiga ko‘ra majozi mursol san’ati deb baholash mumkin. Metafora – istioradan farqli majozi mursolda ikki obyekt o‘rtasida qiyosiy aloqa emas, real bog‘liqlik muhimligini hisobga olsak, Hirot butun mavjudligi bilan Navoiyni bildirmoqda.

 

Akmal Nur. “Qays”, 2018. Mato, moybo‘yoq.

 

Yana bir shoir Sirojiddin Ibrohim Alibek Anvariyga bag‘ishlangan she’ri yakunida:

 

She’r degan bu ilohiy qayg‘u,

Bizga boqmas boqqandek yotga.

Zuvalamiz qorgan balki u,

Axir, Termiz yaqin Hirotga, –

 

deya “Termiz-Hirot” adabiy-geografik tandemiga qo‘shimcha poetik bo‘yoq beradi. Bu misrada Hirotga geografik yaqinlik adabiyotga ma’naviy yondoshlik sifatida talqin qilinmoqda. Alisher Navoiyga geografik jihatdan yaqin bo‘lish shoirlarga g‘urur bag‘ishlashi she’rning original badiiy xulosasi bo‘lgan.

 

Shoir Mansur Jumayev esa hazrat Mir Alisher Navoiyga boshqa tengdoshlari bergan “status”ni yana bir pog‘onaga ko‘taradi.

 

Momo alyor, bobo she’rim,

pir to‘zitgan qabo she’rim,

hazrat Amir Alisherbek

bobom kiygan abo she’rim.

 

Bunda “hazrat Amir Alisherbek” deyish orqali shoirning nafaqat adabiy, balki milliy-ijtimoiy ahamiyati ham urg‘ulanmoqda. Tarixiy-madaniy tahlil usuliga ko‘ra, ikkinchi misradagi “pir” timsoli ham Navoiyga ishora qilmoqda va uning ma’naviy-tasavvufiy darajasini ko‘rsatmoqda.

 

Mansur Jumayev “Majlisi uns” she’rida Ozarboyjonning Qorabog‘ida o‘tgan turkiy adiblar anjumani haqida yozar ekan:

 

Ishq emas bu, sabab bu,

She’r emas bu, shabab bu:

Navoiyga nazira,

Fuzuliyga tatabbu, –

 

deya mushoirada ishtirok etgan barcha turkiy shoirlarning butun ijodini Navoiyga nazira ekanini bildiradi.

 

Shoirning “Kitobsevar qizga” she’rida Alisher Navoiy siymosiga yangi poetik qiyofa beriladi:

 

Bugun esa tavallud ayyom,

siz tug‘ilgan bu kun ham oniy.

Talpinaman sizga bu oqshom,

qo‘llarimda –

Hazrat Navoiy!

 

Navoiy – muhabbat, ishq izhori timsoli. Oshiq yigit uchun kitobsevar sevgilining tug‘ilgan kuniga eng katta sovg‘a – Navoiy, metonimik ma’no ko‘chishida Navoiy qalamiga mansub kitob.

 

Malik Nabiyev. “Navoiy ish ustida”, 1969. Mato, moybo‘yoq. O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida saqlanmoqda.

 

Qofiya ortidan quvgancha gohi

Ma’nini qo‘ltiqlab, yuguramiz zir.

Qofiya – she’rlarning qo‘g‘irchoq shohi,

Ma’no – Navoiydek donishmand vazir, –

 

deydi Mansur Nazarov O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida chop etilgan “So‘roq” kitobida. Bunda Navoiy badiiy obraz darajasiga chiqmagan bo‘lsa-da, tashbeh tarzida uning ijtimoiy faoliyatiga urg‘u berilgan. Muallif “She’rda qofiya bo‘lsin, usiz she’r bo‘lmaydi, lekin qofiya davlat rahbari bo‘lsa ham, ma’no degan bosh vazirga bo‘ysunsin, shunda she’r davlati barqaror bo‘ladi”, deya nazmda “parlamentar respublika” o‘rnatishga urinadi.

 

Yoshlar she’riyatida Alisher Navoiyga lirik qahramon sifatida murojaat qilingan o‘rinlar ham uchraydi. Shahriyor Shavkatning “Vahima” she’ri metrodagi izdihomda shoirning paydo bo‘lishi bilan boshlanadi:

 

Kimdir birdan chinqirdi og‘ir,

Payqaganlar o‘tishdi chetroq.

“Bu nimasi?

Metroda shoir!”

Aslida-chi?

Shoirda metro!..

 

Shoirning olomon ichida ham alohida ekani, yakka shaxs ekani chiroyli ifoda qilingan. Biroz mubolag‘ali “shoirda metro” jumlasi bilan shoir qamrovi jihatdan shu metro to‘la olomonni o‘ziga sig‘dira olishini aytmoqchi bo‘ladi. She’r davomida esa:

 

Davomimi?

Bundan-da dahshat!

Bir xabar jaranglab ketadi:

“Eshiklar yopilar,

keyingi bekat –

Alisher Navoiy bekati...”

 

Metrodagi poyezdlar va olomonni o‘ziga sig‘dirganini iddao qilgan shoir metropolitenda “vahima” ko‘targani bilan g‘ururlanib ketar ekan, birdan ovoz yangraydi: “Alisher Navoiy bekati”. Ya’ni, bunday poyezdlar, bunday izdihom, ular orasida “shoirda metro” deguvchilar ham o‘tib ketaveradi. Navoiy esa o‘tguvchi emas, u bekat. Shu poyezdlar, olomon, uning ichidagi shoirlarning necha mingini qabul qila oladigan bu dunyo metropolitenining bir ulug‘ bekati! Shahriyor Shavkat mazkur she’rida Alisher Navoiyning adabiyotdagi darajasini poetik talqin qilar ekan, unga to‘laqonli badiiy obraz sifatida yondashadi.

 

Xurshid Abdurashid bugungi insonning, xususan, zamon ziyolisining ahvolini istehzo ila tasvirlashda Alisher Navoiy obrazidan foydalangan:

 

Avtobuslar o‘tar, ana, bekatda –

Navoiy o‘ltirar, chehrasi horg‘in.

Ishda o‘tirmog‘i zarur bir paytda,

Kechikib turibdi, birpas olib tin.

 

Xurshid “O‘zimga tanbeh” she’rida ham Alisher Navoiy va uning adabiyotdagi o‘rni haqidagi qarashlarini ochiqlab o‘tadi:

 

Boshdin baland sakray olmadik nuqul,

Ko‘p borsa, bosh tegdi daraxt shoxiga.

Alisher Navoiy ochdi bir yo‘lkim,

Ul yo‘l olib chiqur falak toqiga.

 

Husan Maqsudning “Hirotdan kelgan maktub” she’rida esa Navoiy tom ma’noda lirik qahramonga – roviyga aylanadi va bu orqali muallif bugungi millatning ma’naviy qiyofasiga uning rakursidan nazar tashlashga urinadi:

 

Oramizda besh yuz yillik yo‘l

(uzoqlashar tobora u ham...),

Ammo menga uzatgancha qo‘l,

talpinasan mudom, nabiram.

 

O‘zbek jamiyatini kemirayotgan dabdababozlik, ko‘zbo‘yamachilik va boshqa illatlarga e’tibor qaratiladi, yoshlar she’riyati ham chetda qolmaydi:

 

Maqtovlarga o‘chsan, bolajon,

minbarlarga o‘zni urasan.

Bitganlaring ruhsiz, chalajon

va ularni she’r deb yurasan.

 

Lirik qahramon millat bolalarini uyg‘otish, ularga haqiqatni anglatishni istaydi. Eng so‘ngida “Cho‘p holicha qolmasin qalam, jaholatga qarshi tig‘ bo‘lsin”, deya duo qiladi. Bu she’r yoshlar ijodida dunyoga Navoiy rakursidan qarashga urinish borligini ko‘rsatishi bilan ahamiyatga ega.

 

Alisher Navoiy asarlari qahramonlari xalqimiz orasida shu darajada ommaviyki, umummilliy timsolga aylanib ketgan. Layli va Majnunni eslaylik, bugun bu ikki nom tilga olinganda odatda badiiy obrazlar nazarda tutilmaydi.

 

Loyimga shoirlik maqomin berib,

Qorgansan halollik taomin berib,

Meni rafiqlikda Majnun etgansan,

Laylimga qovurg‘am davomin berib, –

 

deb yozadi Bek Ali Yaratganga murojaat qilingan she’rida. Sal avval ta’kidlanganidek, bu yerda “Xamsa”dagi “Layli va Majnun” sujetiga ishora ham yo‘q. Lekin mashhur oshiq-ma’shuq nomlarining o‘ziyoq she’rga talmeh sifatida rang bergan. Umuman, shu kabi timsollarni she’rda qo‘llash Alisher Navoiy ijodidan xabardorlikni yoki ta’sirlanishni bildirmaydi. Ular adabiyotda va xalq orasida muhabbat arxetipiga aylanib bo‘lgan. Ammo bilvosita baribir hazratga olib borishini ta’kidlash lozim deb o‘ylaymiz.

 

Junun dashtlarini kezganim diqqat,

Sho‘rlik laylilar ham inkor etolmas...

 

***

Menman sahrolarda adashgan Majnun,

Bir ism ayturman, tillarda doston...

 

Bek Alining yuqoridagi misralarida Layli va Majnun obrazlari bilan dasht va sahro xronotoplari ham birga kelgan. Ammo birinchi baytdagi “sho‘rlik laylilar” ifodasi shoirning o‘z sezimlaridan o‘sib chiqqan, o‘z lirik kayfiyatiga bog‘liq birikma ekani bo‘rtib ko‘rinadi. Ikkinchi baytda ham lirik qahramon Majnun siymosida o‘zini ko‘radi va tillarda doston bo‘lgan o‘sha ism – Laylini yodga oladi.

 


Yosh ijodkorlar: Akmal Murod, Islomjon Qo‘chqorov, Suhrob Ziyo, Najmiddin Ermatov, Mansur Jumayev.  Rustam Nazarmat olgan surat. Toshkent, 2018.

 

Xotin-qizlar ijodida ham ayni tendensiya ko‘zga tashlanadi. Misol uchun, Gulrux Xudoyorovaning:

 

Yig‘lasam, yoshimning qasdiga

Go‘ro‘g‘li minadi G‘irotga.

Laylolar yig‘labmi qoldi deb,

Majnunlar boradi Hirotga... –

 

deya boshlanadigan she’rini olaylik. Aytilishicha, lirik qahramon yig‘lasa, Majnun “Layli yig‘layapti, shekilli”, deb Hirotga yo‘l olar ekan. Bizningcha, shoira qadim dostonlardan afsonaviy oshiq-ma’shuq arab o‘lkasida yashab o‘tganini bilgani holda Alisher Navoiy “Xamsa”ni qayerda yozganiga ustuvorlik berib ishora qilmoqda.

 

Yana Mansur Jumayev she’riga e’tibor qilamiz:

 

Bunday qaramang, deysan,

men shunday qaradimmi?

Laylosiga mubtalo

Majnunday qaradimmi?

 

Yana “Layli-Majnun”lik kayfiyatidagi satrlardan biri. Muallif boshqa she’rida ushbu sevgi tarixini Navoiy kuylagan oshiqlik mojarosi tariqida tilga oladi:

 

Majnun topgan kabi Laylini

behush edim,

aytdim ko‘ngil maylini:

poyingga yiqilsam kunda besh mahal,

chehrang sog‘inchidan chalg‘itmaydimi?