Ehtiros emas – dalil bilan baholaylik: Alifbo islohoti muhokamalariga munosabat


Saqlash
15:30 / 08.09.2026 304 0

Millatlar tarixida shunday qarorlar bo‘ladi-ki, ularning ahamiyati bir kun yoki bir yil bilan emas, balki keyingi o‘nlab yillar, hatto asrlar taqdiri bilan o‘lchanadi. Shubhasiz, milliy alifbo masalasi ham shular jumlasidandir. Chunki alifbo – bu shunchaki harflar yig‘indisi emas, u millatning yozma tafakkuri, ilmiy salohiyati va raqamli kelajagini o‘zaro bog‘lab turuvchi mustahkam poydevor hisoblanadi.

 

Joriy yil 7-iyul kuni Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan alifbo loyihasi qisqa fursatda paydo bo‘lgan emas. U qariyb o‘n yil avval respublikaning taniqli olimlari ishtirokida tuzilgan ishchi guruh, uning izchil izlanishlari, o‘zaro bahs-munozaralar va ilmiy muhokamalar mahsulidir. Bu jarayonda tilshunos olimlar bilan bir qatorda, pedagoglar, axborot texnologiyalari mutaxassislari, huquqshunoslar, noshirlar, dasturchilar, jurnalistlar va boshqa soha vakillari faol ishtirok etdi.

 

Shu yillar davomida ishchi guruh tomonidan alifboning beshta turli loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Xususan, 2021-yil 16-mart kuni takomillashtirilgan alifbo loyihasi rasman e’lon qilinib, mamlakat miqyosida keng muhokama qilingan edi. Olimlar, mutaxassislar va fuqarolar tomonidan bildirilgan yuzlab taklif va mulohazalar sinchiklab o‘rganildi, har bir yechimning ilmiy, amaliy va texnik jihatlari tahlil qilindi. Natijada ilmiy bahslardan o‘tgan, turli qarashlarni o‘zida uyg‘unlashtirgan yakuniy loyiha shakllantirildi.

 

Eng muhimi, taklif etilayotgan alifbo amaldagi yozuv tizimida yillar davomida saqlanib kelayotgan asosiy imloviy va texnik muammolarni bartaraf etadi, shu bilan birga, yozuvni sun’iy ravishda murakkablashtirmaydi. U ta’lim tizimida ham, davlat idoralari faoliyatida ham, noshirlik faoliyatida ham, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ham oson qo‘llaniladigan, izchil va zamonaviy yechimni taklif etadi. Boshqacha aytganda, bu loyiha harflarni shunchaki almashtirish emas, balki o‘zbek yozuvini yaxlit tizim sifatida takomillashtirishga qaratilgan.

 

Shu bois bugun “qaysi harf chiroyliroq?” degan savol emas, “qaysi alifbo o‘zbek tilining bugungi va ertangi ehtiyojlariga ko‘proq javob beradi?” degan savol va uning javobi biz uchun muhim bo‘lishi lozim. Alifbo hissiyot yoki shaxsiy did bilan emas, balki tilning fonetik tamoyillari, grafika, axborot texnologiyalari asosida baholanadigan ilmiy tizimdir.

 

Alifboning ichki tizimi

 

Amaldagi alifbo haqida so‘z ketganda, savol “Bugungi o‘zbek alifbosi zamonaviy til, ta’lim va raqamli texnologiyalar talablariga to‘liq javob bera olyaptimi?” tarzida qo‘yilishi lozim.

 

Agar savolga ijobiy javob bera olganimizda, alifboni takomillashtirish haqida o‘n yillab bahslar bo‘lmas edi. Agar mavjud yozuv tizimi barcha sohalarda muammosiz ishlaganida, tilshunoslar, dasturchilar, pedagoglar va boshqa mutaxassislar bu masala ustida yillar davomida bosh qotirmagan bo‘lar edilar.

 

Demak, bugungi muhokamaning markazida muayyan harf emas, balki alifboning ichki tizimi turibdi.

 

Dunyoda turli qonuniyat asosida tuzilgan alifbolar mavjud. Lekin eng ideal alifbo, eng avvalo, bir muhim qonuniyatga tayanadi: bir tovush – bir harf. Bu tamoyil shunchaki nazariy qoida emas. U yozuv tizimining soddaligi, izchilligi va barqarorligini ta’minlaydi. Bola savod chiqarayotganda ham, tilshunos lug‘at tuzayotganda ham, dasturchi matnni qayta ishlayotganda ham aynan shu tamoyil yengillik yaratadi.

 

Amaldagi o‘zbek alifbosida esa mazkur tamoyil to‘liq ta’minlanmagan: ayrim harflar ikki belgi orqali ifodalanadi. Qo‘sh belgili bu harflarni to‘g‘ri yozish esa muammo ekanligi bor haqiqat. Bu holat inson uchun ham, kompyuter uchun ham turli qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Shuning uchun taklif etilayotgan o‘zgarishlarning bosh maqsadi ayrim harflarni “chiroyliroq” qilish emas, balki alifboni yaxlit va mantiqiy tizimga aylantirishdir.

 

Nega Oʻ va Gʻ o‘rniga Ö va Ğ taklif qilinmoqda?

 

Bugungi kunda eng ko‘p muhokama qilinayotgan, ta’bir joiz bo‘lsa, alifbo islohotiga asosiy sabab bo‘lgan bosh muammo ham – Oʻ va Gʻ harflaridir. Bir qarashda ular oddiy, kichik ko‘rinadi. Lekin masala ham aynan ana shunda – kichik belgi katta muammolarga sabab bo‘lmoqda.

 

Amalda Oʻ va Gʻ harflarida qo‘llaniladigan belgi yagona emas. Bir odam to‘g‘ri apostrofdan foydalanadi, boshqasi teskari belgini qo‘yadi, yana biri qiya belgini ishlatadi. Tashqi ko‘rinishi yaqin bo‘lgan bu belgilar kompyuter uchun mutlaqo boshqa-boshqa kodlar hisoblanadi.

 

Natijada bir xil so‘z turli ko‘rinishda yozilib ketadi, elektron qidiruv tizimi ayrim matnlarni topmaydi. Davlat axborot tizimlarida bir fuqaroning familiyasi bir nechta ko‘rinishda qayd etilishi mumkin. Elektron hujjatlar, ma’lumotlar bazalari, avtomatik saralash va raqamli xizmatlarda turli nomuvofiqliklar yuzaga keladi.

 

E’tiborli jihati shunda-ki, bu muammo imlo qoidasini o‘zgartirish bilan hal bo‘lmaydi, chunki muammo tilda emas, belgining texnik tabiatida. Kompyuter inson ko‘zi kabi ko‘rmaydi, u har bir belgini alohida kod sifatida qabul qiladi.

 

Alifbo loyihasiga kiritilgan Ö va Ğ esa mustaqil harflardir. Ular yagona Yunikod kodiga ega, barcha zamonaviy operatsion tizimlar, veb-platformalar va dasturiy muhitlar tomonidan bir xil qabul qilinadi. Bu esa yillar davomida yig‘ilib kelgan texnik muammolarni ildizidan bartaraf etadi. Yana bir muhim jihat shu-ki, taklif qilinayotgan harflar biz uchun begona emas, bu harflar jadid bobolarimiz tomonidan ishlab chiqilgan, 1929 – 1940-yillarda amalda bo‘lgan, shu bilan birga, 1993-yilda qabul qilingan alifbolarda ham mavjud. Demak, bu o‘rinda tarixiy tajriba ham inobatga olingan.  

 

Nega Sh va Ch ham o‘zgarmoqda?

 

Ayrimlar “Faqat Oʻ va Gʻni o‘zgartirish kifoya, Sh hamda Ch ni esa qoldirish mumkin”, degan fikrni bildirmoqda. Bir qarashda bu taklif imlo islohotini yengil o‘tkazishga xizmat qiladigan yechim kabi ko‘rinadi. Ammo ilmiy-amaliy nuqtai nazardan bu to‘g‘ri bo‘lmaydi: aynan shu chala tuzatish yana qachondir alifboni takomillashtirish masalasini kun tartibiga olib chiqishi mumkin.

 

Zero, bugungi kunda Sh hamda Ch harflari faqat nazariy emas, amaliy muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Masalan, lug‘atlarda so‘zlarni alifbo tartibida joylashtirish, avtomatik saralash, morfologik tahlil, matnni raqamli qayta ishlash, qisqartmalar yasash kabi jarayonlarda Sh va Ch alohida emas, ikkita mustaqil harf sifatida qabul qilinadi. Bu esa, kompyuter dasturlari uchun qo‘shimcha algoritmlar talab qiladi. Isʼhoq, asʼhob kabi so‘zlarda esa yo‘q joydan istisno qoidalarini joriy etib, vazifasiga zid ravishda tutuq belgisini qo‘llashimizga to‘g‘ri kelmoqda. Jadid namoyandalaridan Ibrohim Tohiriy imlo qoidalarida istisnolarning bo‘lishi uning to‘g‘riligini shubha ostiga qo‘yadi, degan edi.

 

Taklif etilayotgan Ş va Ç harflari qo‘llanilganda esa mazkur tovushlar mustaqil harf sifatida ifodalanadi. Natijada inson uchun ham, kompyuter uchun ham yagona va izchil tizim vujudga keladi.

 

Nega aynan Ö, Ğ, Ş va Ç tanlandi?

 

“Nima uchun boshqa belgi emas, aynan shu harflar?” degan savol ham tabiiy.

 

Bu yerda tanlov tashqi ko‘rinishga emas, ilmiy va amaliy mezonlarga asoslangan.

Birinchidan, mazkur harflarning har biri bitta mustaqil grafemadan iborat. Demak, ular “bir tovush – bir harf” tamoyiliga to‘liq mos keladi.

 

Ikkinchidan, bu harflar xalqaro raqamli standartlarda mustahkam o‘rin egallagan. Ular shakldoshlari orasida keng tarqalgan bo‘lib, alohida Yunikod kodlari mavjud va barcha zamonaviy axborot tizimlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

 

Uchinchidan, mazkur grafemalar turkiy tillar yozuvida keng qo‘llanib kelayotgani  hamda avval ham ikki marta alifbomiz tarkibidan o‘rin olgani bois ular o‘zbek yozuvi uchun ham mutlaqo tabiiy hisoblanadi.

 

Shuning uchun bu tanlov tasodifiy emas, balki tilshunoslik, axborot texnologiyalari va xalqaro tajribaning kesishgan nuqtasida qabul qilingan yechimdir.

 

Nega ng alifbo tarkibidan chiqarildi?

 

Muhokamalarda eng ko‘p uchrayotgan savollardan yana biri – ng haqida. Avvalo, ng o‘zbek tilida cheklangan fonetik muhitda uchraydi. U hech qachon so‘z boshida kelmaydi. Qolaversa, u ming yil davomida arab alifbosida ham, keyin kirill alifbosida ham va nihoyat, amaldagi lotin alifbosida ham n va g harflari orqali ifodalangan. Ya’ni bu tovushning ikki harf bilan ifodalanishida azaliy ko‘nikma mavjud. Eng muhim jihat shu-ki, boshqa harfiy birikmalardan farqli ng birikmasi amaliyotda hech qanday muammoga sabab bo‘lmayapti, aksincha uni yaxlit harfga aylantirish amaliyotda yangi muammolarni yuzaga keltiradi. Jumladan, son-sanoqsiz adabiyotlarni yangilangan alifboga o‘girishda elektron dasturlar ko‘ngil, singil, dengiz so‘zlaridagi ng tovushi bilan birga menga, shakllangan, shtanga kabi so‘zlardagi bir-biriga aloqasiz n v g harflarini ham yaxlit harfga aylantirib yuboradi. Shuningdek, juda ko‘p so‘zlarni yozishda ikkilanish paydo bo‘lib, savodxonlikka ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

 

Nega tutuq belgisi to‘liq bekor qilinmadi?

 

Tutuq belgisiga nisbatan ham turli fikrlar bildirilmoqda. Lekin u o‘zbek tilida muayyan vazifani bajaradi. Ayrim hollarda tovushlarni ajratish, talaffuzni aniqlash va ma’noni farqlashda uning ahamiyati saqlanib qolmoqda.

 

Shuning uchun ilmiy yondashuv uni butunlay yo‘qotish emas, balki qo‘llanish doirasini aniq belgilashdan iboratdir. Bu, bir tomondan, yozuvni soddalashtirsa, ikkinchi tomondan, tilning tabiiy xususiyatlarini ham asrab qoladi. Shu ma’noda tutuq belgisining qo‘llanish doirasini takomillashtiriladigan imlo qoidalarida alohida ko‘rib chiqish mumkin bo‘ladi.

 

Muhokamalarda bildirilayotgan takliflardan biri – unlilar sonini 9taga yetkazish masalasi. Bu hozirgi holatda amalga oshishi qiyin bo‘lgan masala, chunki bu taklif qabul qilinsa, alifboda jiddiy inqilobiy o‘zgarish yuz beradi. Unlilarning qattiq-yumshoqlik bo‘yicha juftlanishi o‘tgan asrlarda bo‘lgan bo‘lsa-da, buni bugun hatto ayrim filologlar ham ajrata olmaydi. Hozirgi alifbo islohoti esa, muammolar yaratishga emas, ularni hal etishga qaratilgan.

 

Alifbo islohoti haqida fikr yuritar ekanmiz, bunday jiddiy va ilmiy masalaga hissiyot, odat yoki shaxsiy did nuqtai nazaridan emas, balki ilm-fan, milliy manfaat va kelajak ehtiyojlari nuqtai nazaridan yondashish zarur.

 

Maqsad – barqaror yozuvga erishish

 

Taklif etilayotgan alifbo loyihasini mukammallikning so‘nggi nuqtasi, deb aytish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Zero, dunyoda mutlaqo mukammal alifboning o‘zi yo‘q, ammo har qanday islohotning qadri uning mavjud muammolarni qay darajada hal qila olishi bilan o‘lchanadi. Ana shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur loyiha amaldagi alifboda yillar davomida kuzatib kelingan bir qator lingvistik, imloviy va texnik muammolarga izchil yechim taklif etadi.

 

Bugungi kunda o‘zbek tili oldida yangi vazifalar turibdi. U nafaqat kundalik muloqot va badiiy adabiyot tili, balki zamonaviy ilm-fan, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, elektron davlat boshqaruvi va xalqaro axborot almashinuvining ham to‘laqonli vositasiga aylanishi kerak. Bu maqsadga erishish uchun tilning ichki qonuniyatlariga tayangan, izchil va texnologik jihatdan barqaror yozuv tizimi zarur. Takomillashtirilayotgan alifbo aynan shu ehtiyojlarga javob beradi.

 

Shubhasiz, har qanday yangilik dastlab savollar va turli munosabatlarni keltirib chiqaradi. Bu tabiiy jarayon, biroq tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadi-ki, ilmiy asoslangan qarorlarning haqiqiy qiymati vaqt o‘tishi bilan yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Kecha bahsli tuyulgan ko‘plab yangiliklar bugun hayotimizning ajralmas qismiga aylangani kabi, bu islohotning ijobiy samarasi ham yillar davomida o‘zini namoyon etadi.

 

Shu bois bizning vazifamiz har qanday islohotni, jumladan, milliy alifboga kiritilayotgan tuzatishlarni ehtiros bilan emas, dalil bilan, taxmin bilan emas, ilm bilan baholashdan iborat. Chunki tilning kelajagi haqida qabul qilingan har bir oqilona qaror, avvalo, millatning kelajagiga qo‘yilgan sarmoyadir.

 

 

Inomjon AZIMOV, 

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti
huzuridagi
Davlat tilida ish yuritish asoslarini
o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori,

filologiya fanlari doktori, professor.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ta’lim-tarbiya

18:09 / 30.09.2026 0 224
Muallimga jo‘natilmagan maktub





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//