Turon va Turkiston tushunchalari ortidagi tarixiy haqiqatlar


Saqlash
12:29 / 08.09.2026 482 0

Markaziy Osiyo: Atamalar tarixi va etnik qatlamlar

 

Bugungi kunda “Markaziy Osiyo” va “O‘rta Osiyo”, qadimda esa Turon hamda Turkiston nomlari bilan tanilgan mintaqamiz o‘tmishi ko‘plab yozma manbalarda o‘z aksini topgan. Ularga ko‘ra, eng qadimgi atamalardan biri bo‘lgan Turon miloddan avvalgi so‘nggi mingyillikning o‘rtalaridayoq qo‘shni ellarga tanila boshlagan. Uning bir bo‘lagi uchun keyinchalik qo‘llanila boshlagan Turkiston atamasi esa ilk o‘rta asrlarga (VI–VIII asrlar) borib taqaladi. Ushbu atamalar yaqin asrlargacha chig‘atoy turkchasi, forscha va boshqa tildagi manbalarda bir-birini to‘ldirgan holda qo‘llanib kelgan.

 

Mintaqa bilan bog‘liq boshqa atamalar ham mavjud. Jumladan:

 

Transoksiana (“Oksning nariyog‘i” / Amudaryoorti) – miloddan avvalgi davrlardan;

 

Varorud (“Daryoning narigi tomoni”) va Movarounnahr – qariyb ming-yarim ming yil oldingi manbalarda uchraydi.

 

Biroq bu atamalar Turon va Turkiston kabi keng qamrovli bo‘lmaganidek, hech birida biror el yoki etnik tegishlilikni ko‘rsatuvchi belgi mavjud emas edi.

 

Etnik rang-baranglik va mintaqa ko‘lami

 

Mintaqa tarixi bilan qiziquvchilar orasida uning ilk nomi va tub yoki “kelgindi” elatlar haqidagi bahslar tinmaydi. Biroq ushbu o‘lka uzoq o‘tmishdan beri ko‘plab elatlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, uning turli burchaklarida faqat bitta tilda so‘zlashuvchi xalqlar yashagan deyish noto‘g‘ri.

 

Bugungi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonni qamrab olgan Markaziy Osiyo maydoni 4 million kvadrat kilometrdan ortiqdir. Aslida bu hudud kengroq bo‘lib, Volga-Uralbo‘yi, Oltoy, Mo‘g‘uliston, Sharqiy Turkiston (Shinjon) va Afg‘onistonni ham o‘z ichiga oladi.

 

Mintaqa xalqlarining joylashuvi va siljishi

 

O‘tmishda Turonning shimol va sharqida turk elatlari, janub va g‘arbida esa eroniy tilli elatlar yashagan. Ularning tutashgan markaziy qismi Amudaryo va Sirdaryo havzalariga to‘g‘ri kelgan.

 

Zamonlar o‘tishi bilan elatlarning yashash areallari o‘zgarib bordi:

 

Turk elatlari (asosan o‘g‘uz va qarluqlar) Yettisuv va Sirdaryo bo‘ylaridan Amudaryo orqali Xuroson hamda Shimoliy Hindiston tomonga tinch yo‘l bilan kengaydi.

 

Sug‘dlar esa Zarafshon qirg‘oqlaridan Sirdaryoning o‘rta oqimlari va Yettisuv o‘lkasiga qarab siljiganlar.

 

Demak, Markaziy Osiyo doimo turli sivilizatsiyalar va til guruhlari o‘zaro uyg‘un va aralash yashagan bepoyon makon bo‘lib kelgan.

 

Turk va tojik: Mintaqaviy o‘zlik va asriy uyg‘unlik

 

Turon – Turkiston mintaqasida turli til oilasiga mansub elatlarning ming yillar davomida tinch-totuv yashashi ular o‘rtasida o‘zaro birdamlik va mustahkam madaniy aloqalarni shakllantirdi. Bu jarayon iqtisodiy hamkorlik bilan cheklanmasdan, quda-andachilik, urf-odat va dunyoqarashlarni hurmat qilish, mushtarak inonch tizimini yaratdi.

 

VIII asr boshlaridayoq Bilga xoqon va Kul tegin bitiktoshlarida turklar “O‘n O‘q eli”, sharqiy eron tilli aholi esa “tot” atamasi bilan yuritilib, ularning birligi yurt tayanchi sifatida e’tirof etilgan. Oradan to‘rt asr o‘tib, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asaridagi “Boshsiz bo‘rk bo‘lmas. Totsiz turk bo‘lmas” maqoli Turon ellarining taqdiri chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatadi.

 

Ilk va so‘nggi o‘rta asrlardagi etnomadaniy simbiozi

 

Turk xoqonligi davrida boshlangan turk-sug‘d etnomadaniy yaqinlashuvi keyingi davrlarda ham izchil davom etdi. Somoniylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Chig‘atoy ulusi, Temuriylar, shuningdek, Shayboniylar va Ashtarxoniylar sulolalari hukmronligi chog‘ida bu tutum “turku tojik” iborasi ostida yanada mustahkamlandi.

 

Xanliklar davrida boshqaruvchi sulolalar turli urug‘larga mansub bo‘lishiga qaramay, “turk” atamasi umumiy birlashtiruvchi tushuncha sifatida saqlanib qoldi:

 

Xiva xonligi: Abulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarayi turk” asarida yuzlab etnik nomlar qatori ularning barchasi yagona “turk” so‘zi ostida umumlashtirilgan.

 

Qo‘qon xonligi: Adabiy muhitda o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq kabi etnonimlar bilan birga ular uchun umumiy “turk” atamasi faol qo‘llanilgan.

 

Buxoro amirligi: Abu Tohirxoja Samarqandiyning “Samariya” asarida “turk” va “o‘zbek” tushunchalari sinonim tarzida ishlatilib, mahalliy xalq hayotida ular bir-birini to‘ldirib kelgani qayd etilgan.

 

Zarafshon vohasi misolida etnik manzara

 

Zarafshon daryosining quyi va yuqori oqimida (jumladan, Urgut va Shovdor atroflarida) qadimdan sug‘d va turk elatlari aralash yashab kelgan. Vaqt o‘tishi bilan sug‘d tili o‘rnini eron tillari guruhiga mansub fors-tojik tili egalladi va sug‘d etnonimi o‘rnida “tojik” atamasi qaror topdi.

 

Shu bilan birga, tog‘li hududlarda eski turkcha va qarluq lahjasida so‘zlashuvchi aholi o‘z tilini saqlab qolgan bo‘lsa, tekisliklarda ming, nayman, bahrin, yuz, qirq kabi urug‘lar ko‘paydi. Ularning bir qismi “o‘zbek”, boshqa qismi esa “turk” yoki “barlos” deb ataldi. Biroq bu turfalik mintaqada o‘zlikning yo‘qolishiga emas, aksincha, boyishiga xizmat qildi.

 

Tarixiy izchillik

 

XVI–XIX asrlarga kelib Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idagi aholi ko‘proq “o‘zbek va tojik” tarzida tilga olina boshladi. Bu holat ilk o‘rta asrlardagi “turk va tot” hamda rivojlangan o‘rta asrlardagi “turk-u tojik” iboralarining mantiqiy davomi bo‘lib, mintaqada turkiy va forsiy o‘zliklarning qariyb bir yarim ming yil davomida bir-biriga xalaqit bermasdan, o‘zaro inoqlikda yashab kelganini ko‘rsatadi.

 

Samarqand adabiy muhiti va “turk” o‘zligining tarixiy barqarorligi

 

So‘nggi o‘rta asrlarda Samarqand viloyatida chig‘atoy turkchasi (o‘zbekcha) va fors-tojik tillarida ijod qilgan ko‘plab tarixchi, shoir hamda davlat arboblari yetishib chiqqan. Ular orasida Xumuliy Urgutiy va Xudoyquli shayxlarning faoliyati alohida e’tiborga loyiq.

 

Xumuliy Urgutiy va “Tarixi Xumuliy”

 

Taxallusi Xumuliy bo‘lgan Jumaquli ibn So‘fiy Tag‘oyi turk Urgutiy Samarqandiy Buxoro amiri Nasrullo davrida (1827–1860) Urgutda qozilik qilgan. Uning “Tarixi Xumuliy”, “Manzumoti tarixiy”, “Shoh va gado”, “Devoni Xumuliy” kabi asarlari bizgacha yetib kelgan.

 

Ismidagi “turk” atamasi ikki xil ma’noni anglatadi:

 

1.                Muallifning etnik jihatdan o‘zbeklarning “turk” urug‘iga mansubligini;

 

2.                Turonlik oydinlarning ismiga qo‘shib ishlatiladigan qadimiy an’anani.

 

Bu holat Turk xoqonligi davridan boshlangan turkiy o‘zlikni ifodalovchi mazkur tushunchaning o‘zbek xonliklari davrida ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini ko‘rsatadi.

 

Tim qishlog‘i va Xudoyquli shayx manoqibi

 

Zarafshon vohasi, xususan, Samarqand etnomadaniy muhitida turkiy o‘zlik saqlanib qolganini tasdiqlovchi yana bir manba – Buxoro amirligi davriga oid diniy manoqibdir. Unda Ziyaddin va Kattaqo‘rg‘on oralig‘idagi qadimiy Totkent tumaniga qarashli Tim qishlog‘ida yashagan yetuk shayx Xudoyquli haqida aytiladi.

 

Manoqibda Xoja Bahouddinning Totkent tarafdagi bir “turk” shayx (Xudoyquli shayx)ni ziyorat qilishga oshiqqani hikoya qilinadi. Tim qishlog‘i va uning atroflarida ko‘chmanchi chorvador o‘zbek urug‘lari yashagani hisobga olinsa, bu ma’lumot so‘nggi o‘rta asrlarda ham mahalliy aholining “turk” etnik atamasi ostida yuritilganini va turkiy o‘zlik barqaror bo‘lganini yaqqol ko‘rsatadi.

 

 

Turon – Turkiston el-uluslarining milliy identiklik tuyg‘usi ming yillik ildizlarga ega. Ilk o‘rta asrlar bitiktoshlaridan tortib, yaqin asrlarda yaratilgan manbalargacha bo‘lgan davr Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida “turk” atamasi aholining muhim qismi uchun milliy o‘zlik vazifasini bajarganini ko‘rsatadi.

 

Shu bilan birga, mintaqada “turk va tot”, “turk-u tojik” hamda “o‘zbek va tojik” kabi iboralarning qo‘llanishi turli tilda so‘zlashuvchi xalqlarning asrlar davomida bir-biriga xalaqit bermay, tinch-totuv va o‘zaro inoq yashab kelganidan dalolat beradi.

 

G‘aybulla BOBOYOR,

tarix fanlari doktori, professor

 

Qo‘llanilgan adabiyotlar:

1. Abu Tohirxoja Samarqandiy. Samariya. Fors tilidan Abdulmo‘min Sattoriy tarjimasi. Nashrga tayyorlovchilar: Bo‘riboy Ahmedov va A.Juvonmardiyev. Toshkent: “Kamalak” nashriyoti, 1991.

2. Abulg‘oziy. Shajarayi turk. Nashrga tayyorlovchilar: Q.Munirov‚ Q.Mahmudov. Toshkent, 1992.

3. Ibratul xavoqin / Niyoz Muhammad Xukandiy; (Ta’rixi Shaxruxiy): Xudoyorxon ajdodlari tarixi / Shohruxbek Umarov. – Toshkent: Turon zamin ziyo, 2014.

4. Mahmud Koshg‘ariy. Turkiy so‘zlar devoni (Devonu-lug‘at it-turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.M.Mutallibov. 1‑tom. – Toshkent, 1960.

5. Karimiy G‘. Payg‘ambarning xirqasi: esse // Sharq yulduzi. – 2010. – № 4. – B. 131–137.

6. Mullā Jum'a-Qulī Khumūlī. Tārīkh-i Khumūlī. Nashrga tayyorlovchilar: G‘ulom Karimiy va Iroda Qayumova. Bosh muharrir: Haydar Yuldoshxo‘jayev.
Samarqand–Toshkent: IICAS (EFFIAK), 2013.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ta’lim-tarbiya

18:09 / 30.09.2026 0 224
Muallimga jo‘natilmagan maktub





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//