Temuriylar davri hukmdorlarining ilm-fan va madaniyatga homiyligi o‘nlab qimmatli tarixiy asarlarning yaratilishiga asos bo‘ldi. Xoja Tojiddin as-Salmoniy, Hofizi Abru, Fasih Havofiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Xondamir va Mirzo Haydar kabi mualliflar qoldirgan meros shular jumlasidandir.
Mazkur manbalarda Amir Temur davri voqealari kabi harbiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar bilan bir qatorda muhim etnik ma’lumotlar ham uchraydi. Xususan, asosiy etnik qatlamlar amir, sarkardalar va qabila yetakchilarining nomlari orqali yoritilgan.
O‘sha davrda Movarounnahr aholisining asosini turk va tojiklar tashkil etgan. Shuningdek, o‘troq aholi bilan bir qatorda dug‘lot, olchin, jaloyir, arlot, barlos, mang‘it, markit, qang‘li, qipchoq, arg‘in, qavchin va nayman kabi o‘nlab ko‘chmanchi hamda yarim o‘troq qabilalar istiqomat qilgan.
Bu etnogenetik jarayonlar birlamchi manbalarda quyidagicha aks etgan:
Fasih Havofiyda: apardiy, arab, arlot, jaloyir, qo‘ng‘irot, mang‘it, mo‘g‘ul, o‘yrot (oyrat), sulduz, tojik, tatar, turk, turkman va o‘zbek;
Abdurazzoq Samarqandiyda: qavchin, barlos, jaloyir, qurchi, o‘zbek, turkman, sulduz, arg‘un, tatar, arlot, nayman, xalaj, mang‘it, makrit, axtachi;
Zahiriddin Muhammad Boburda: barlos, dug‘lot, arlot, sulduz, keroyit, tog‘chi, chag‘roq, makrit, qavchin, jaloyir, turkman;
Mirzo Haydarda: bekchik, bulg‘achi, barin, qirg‘iz, qoraxitoy, kerayit, qang‘li, dug‘lot, qavchin, arlot, qipchoq, jaloyir, kurlakut.
Movarounnahrning ijtimoiy-siyosiy hayotida arlot, jaloyir, barlos, sulduz, nayman, mo‘g‘ul, qavchin, qipchoq, arg‘un va dug‘lot kabi etnoslar yetakchi mavqeni egallagan. Shuning bilan birga, mintaqada o‘yrot, yasuriy, nukuz, toyjiyut, chinoz, makrit, buruldoy, turkman, do‘ldoy, tag‘oyi va qo‘ng‘irot kabi nisbatan kam sonli urug‘-qabilalar ham yashagan.
Temuriylar davri forsiy manbalarida tilga olingan yirik etnoslardan biri arlotlar bo‘lib, ular bu davrda asosan Murg‘ob daryosining o‘rta havzasida istiqomat qilgan. Amir Temur vafotidan so‘ng arlotlarning mavqei yanada kuchayib, ayrim vakillari markaziy hokimiyat uchun kechgan kurashlarga faol aralashgan. Xususan, Eronning Shaki viloyati dorug‘asi Sayyid Ali arlot Mironshoh Mirzoga muxoliflik qilib, hokimiyatni qo‘lga kiritishga intilgan.
Temuriylar davrida arlotlarning yana bir guruhi Xurosonda yashagan. XIV asr o‘rtalarida apardiylar bilan birga Malik Husayndan (Kurtlar sulolasidan Malik G‘iyosiddinning o‘g‘li) qochib, amir Qazag‘an xizmatiga o‘tgan bu guruh keyinchalik Xuroson, Maymana va Faryob hududlarida o‘rnashgan.
Temuriy hukmdor Alouddavla arlotlar sardori, avvallari Shohruxga xizmat qilgan amir Yodgorshoh arlotning qiziga uylangan. Amir Yodgorshoh va uning o‘g‘li Sulton Mahmud boshliq arlotlar Alouddavla hokimiyatini qo‘llab-quvvatlagan asosiy kuch bo‘lgan. Mazkur guruh keyinchalik Husayn Boyqaroning taxtga chiqishiga ham ko‘maklashgan. Bu davrda arlotlarga Yodgorshohning farzandlari – Pir Muhammad, Ja’far va Zaynulobidinlar boshchilik qilgan.
XIV–XV asrlarda arlotlarning yana bir tarmog‘i Mo‘g‘ulistonda yashagan. Mo‘g‘ul xoni Yunusxon (Boburning ona tomondan bobosi) davrida ularning obro‘si ancha baland bo‘lgan, biroq keyinchalik Sulton Ahmadxon arlot amirlarini davlat ishlaridan chetlatgan.
Arg‘unlar ham davrning yirik etnoslaridan biri bo‘lib, Farg‘ona vodiysi, Zarafshon vohasi, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazmda istiqomat qilgan. Ular Amir Temur e’tirof etgan qirqta o‘zbek qavmidan biri hisoblangan va Temuriylar davrida yirik yer egalari – tarxon maqomiga ega bo‘lgan.
Ulug‘bek qo‘shinida arg‘unlar salmoqli qismni tashkil etgan bo‘lsa-da, Ulug‘bekning Abdullatifga qarshi kurashida unga xiyonat qilganlar. Shundan so‘ng arg‘unlarning bu guruhi Abu Said Mirzo tomoniga o‘tib, uning hokimiyatini qo‘llab-quvvatlagan. Abu Said davrida arg‘un amirlari (O‘rus arg‘un, Nur Sa’id, Sulton Arg‘uniy va Sayyid Asil Arg‘uniy) har qachongidan ham nufuzli bo‘lgan. Sulton Arg‘uniy va Nur Sa’id keyinchalik Mirzo Muhammad Jo‘kiyga ham xizmat qilgan.
XV asrda arg‘unlarning bir qismi Qobul va Qandahorni boshqargan. Ularning yetakchilari Zunnun arg‘un va uning o‘g‘illari – Shoh Shujo‘ (Shohbek) hamda Muqim arg‘unlar edi. Arg‘unlarning bu guruhi Husayn Boyqaro markaziy hokimiyatni egallagach, uning umrining oxirigacha sadoqat bilan xizmat qilgan.
909/1503–1504-yillarda Zahiriddin Muhammad Bobur aka-uka Shoh Shujo‘ va Muqim arg‘unlar bilan kurashib, Qobulni qo‘lga kiritgan. “Boburnoma”ga ko‘ra, o‘sha paytda arg‘unlarning qo‘shini 6–7 ming kishidan iborat bo‘lgan.
Arg‘unlarning boshqa bir guruhi bevosita Boburga xizmat qilgan. “Boburnoma”da qayd etilishicha, uning qo‘shinida arg‘unlarning alohida harbiy bo‘linmalari bo‘lgan. Boburga xizmat qilgan arg‘un yetakchilari davlat boshqaruvida ham faol qatnashgan; jumladan, amir Sulton Husayn arg‘un ma’lum muddat Qorako‘lni boshqargan. Arg‘unlarning keyingi avlodlari Movarounnahrda qolib, vaqt o‘tishi bilan mahalliy aholi bilan aralashib ketgan.
Barloslar Temuriylar davridagi eng nufuzli va forsiy manbalarda eng ko‘p tilga olingan qabilalardan biridir. Temuriy shahzodalarning aksariyat sarkarda va mulozimlari barloslar vakillaridan chiqqan. Jumladan:
Shohruxning amirlari: To‘kal barlos, amir Nushirvon barlos, Pir Luqmon barlos, Sultonshoh barlos, Sulton Boyazid barlos (keyinchalik Abdullatif xizmatiga o‘tganlar);
Pirmuhammad ibn Jahongir Mirzoning amiri: Bahlul Muhammad barlos (Darvesh barlosning o‘g‘li);
Ulug‘bekning amiri: Pirmuhammad barlos;
Pir Muhammad ibn Umarshayxning amiri: Cho‘lponshoh barlos;
Abu Bakr Mirzoning amirlari: Poyanda Sulton barlos, Husayn barlos;
Halil Sultonning amiri: Poyanda Sulton barlos;
Rustam ibn Umarshayxning amiri: Sa’id barlos;
Iskandar Mirzoning amirlari: Tog‘ay Bug‘a barlos, Nurak barlos, Dovud Malik barlos, Jalbonshoh barlos;
Abu Said Mirzoning amirlari: G‘iyosiddin Ali Forsiy barlos (Tus yurishiga boshchilik qilgan), Nizomiddin Ahmad To‘kal barlos (Qandahor hokimi);
Abulqosim Boburning amiri: Pir Sulton barlos;
Husayn Boyqaroning amirlari: Muhammad Burunduq barlos (avval Shohrux Mirzoning amiri bo‘lgan), Muzaffar barlos, Ahmad Tavakkul barlos, Jahongir barlos, Islim barlos, Sulton Junayd barlos;
Sulton Mahmud ibn Abu Saidning amirlari: Shayx Abdullo barlos, Mahmud barlos va boshqalar.
Barloslar va temuriy hukmdorlar o‘rtasidagi munosabatlar har doim ham bir xil darajada iliq bo‘lmagan. Taxt uchun kurashlar natijasida ayrim barlos amirlari boshqa o‘lkalarga ko‘chib ketishga majbur bo‘lganlar. Jumladan, Temuriy Alouddavla va uning o‘g‘li Sulton Ibrohimdan yuz o‘girgan bir guruh barlos amirlari o‘z yaqinlari bilan Movarounnahrdan Jurjon va Mozandaronga – Husayn Boyqaro huzuriga bosh olib ketgan.
Temuriylar davrida barloslarning yana bir guruhi Xo‘jandda yashab, shaharni idora qilgan. Bu guruh Shayboniyxonga qarshi ayovsiz kurash olib borgan va shahar bosib olingandan keyin ham ko‘chmanchi o‘zbeklarga taslim bo‘lmagan. Bu haqda Muhammad Solih shunday yozadi:
Olti mingcha kishi g‘avg‘o aylab,
Ikki barlosni mirzo aylab.
Barloslar Mo‘g‘ulistonda ham yetakchi harbiy va siyosiy kuch hisoblangan. XV asr oxiri – XVI asr boshlarida bu yerdagi barloslarga amir Mirak Mirzo boshchilik qilgan. Bo‘lajak mo‘g‘ul xonlarining otabegi (tarbiyachisi) faqat barloslar vakillaridan tayinlangan; masalan, Mir G‘o‘ri barlos Abdurashidxonning otabegi bo‘lgan. Bu holat barloslarning mo‘g‘ul xonlari saroyida yuqori mavqega ega bo‘lganini ko‘rsatadi.
Barloslar Tug‘luq Temurdan tortib Abdurashidxongacha bo‘lgan davrda mo‘g‘ul xonlari tarixida muhim o‘rin tutgan bo‘lsa-da, keyinchalik Abdukarimxon bilan munosabatlar keskinlashgan. Natijada Abdukarimxon amirlar – Mirzo Muhammad va Mirzo Ahmad boshchiligidagi 3 ming aholini mamlakatdan surgun qilgan.
Davrning faol etnoslaridan biri bahrin (borin)lar bo‘lib, ularning bir qismi Movarounnahrda, boshqa bir qismi esa Mo‘g‘ulistonda istiqomat qilgan. So‘nggi temuriylar davrida bahrinlar mamlakatdagi yetakchi etnik guruhlardan biri sifatida faoliyat yuritgan.
Ularning aksariyati mo‘g‘ullar bilan ittifoqda bo‘lib, Boburning mo‘g‘ul xonlari bilan qarindoshlik aloqalari tufayli u bilan ham yaxshi munosabatda bo‘lgan. “Boburnoma”da qayd etilishicha, To‘lun xoja borin Boburning mo‘g‘ullar orasidagi eng ishonchli kishisi bo‘lgan. Bahrinlar Boburning qator janglarida, jumladan, Shayboniyxonga qarshi Saripul jangida 400–500 kishilik harbiy guruh bilan qatnashgan. Shuningdek, Boburning Ahmad Tanbalga qarshi kurashida Jon Hasan boshliq borinlar ham yaqindan ko‘maklashgan.
Sharqiy Chig‘atoy ulusi kuchayib-zaiflashuvi jarayonida bahrinlar o‘z mavqeini mustahkamlab olgan. Mo‘g‘ul xoni Uvaysxon vafotidan so‘ng ular kuchayib, hattoki mo‘g‘ul xonlariga ham xavf sola boshlagan. “Boburnoma”da Erzan borin va Mirak turkman yosh mo‘g‘ul xoni Yunusxonni asir olib, 30 ming uylik mo‘g‘ullar bilan birga Samarqandga kelgani aytiladi. Mirzo Ulug‘bek qabila boshliqlarini jazolab, qolganlarini Movarounnahrga joylashtirgan, Yunusxonni esa asirlarning beshdan bir qismi bilan otasi Shohrux Mirzo huzuriga jo‘natgan. Bahrinlar keyinchalik Toshkent, Zarafshon vohalari va Farg‘ona vodiysida o‘rnashib qolgan.
XV asrda Movarounnahrda yashagan yirik etnoslardan yana biri dug‘lotlar edi. Ularning Farg‘ona, Samarqand, Qorategin va Hisorda tarqoq holda yashagani “Boburnoma”da eslatilgan. Manbaga ko‘ra, Hisor dug‘lotlari Boburga beg‘araz xizmat qilgan.
Dug‘lotlar Temuriylar davrida ham asosiy harbiy kuchlardan biri bo‘lgan. Bobur ular bilan yaqin munosabatda bo‘lib, xususan, Ahmad Tanbalga qarshi kurashda Muhammad Hisoriy va Sulton Husayn boshliqdagi dug‘lotlar bo‘linmasidan yordam olgan. Dug‘lotlarning aksariyati Sharqiy Chig‘atoy ulusida (Mo‘g‘ulistonda) yashab, mo‘g‘ul xonlariga xizmat qilgan va bu iliq munosabatlar Sulton Saidxonning o‘g‘li Abdurashidxon davriga qadar davom etgan.
Jaloyirlar ham Temuriylar davridagi yirik etnoslardan biri bo‘lgan. Biroq Amir Temurga nisbatan sadoqatsizlik qilgani uchun ularning ayrim guruhlari tarqatib yuborilgan va shu bois Temuriylar davri manbalarida ular boshqa qabilalarga qaraganda kamroq tilga olingan. Jaloyirlar keyinchalik temuriy hukmdorlarga ham itoatsizlik ko‘rsatgan; jumladan, Abu Said Mirzo amir Halil boshchiligidagi jaloyirlarning xiyonatidan so‘ng bu elga nisbatan qattiq choralar ko‘rgan.
Temuriy Husayn Boyqaroning saroyida Husayn Ali (Hasan Ali) jaloyir degan amir bo‘lib, u Tufayliy taxallusi bilan qasidalar bitgan. Movarounnahrdagi jaloyirlar keyinchalik o‘zbek, qozoq, qirg‘iz va qoraqalpoq xalqlari tarkibiga singib ketgan.
Forsiy manbalarda tez-tez tilga olingan etnoslardan yana biri sulduzlar edi. Bu davrda sulduzlarning bir qismi Seistonda yashab, ularga Pir Ali Sulduz boshchilik qilgan. XV asr o‘rtalarida sulduzlarning yana bir guruhi Andijonda bo‘lib, ularni Jaloliddin Buzurk Sulduz boshqargan. Sulduzlarning ushbu guruhi keyinchalik Bobur xizmatiga o‘tib, uning harbiy yurishlarida ishtirok etgan.
Temuriylar davri manbalaridan ko‘rinib turibdiki, aksariyat temuriy hukmdorlarning qo‘shinida sulduz guruhlari mavjud bo‘lgan. Bunga Amir Temur davridanoq sulduzlarning nufuzi tuman darajasida bo‘lgani va temuriy shahzodalarga suyurg‘ol qilingan hududlarga yuborilgan qo‘shinlar tarkibida sulduzlar ko‘pchilikni tashkil etgani sabab bo‘lgan. Temuriylar sulolasining tanazzulidan so‘ng sulduzlar Shayboniyxon xizmatiga o‘tgan. XVI–XVII asrlarda Movarounnahrdagi sulduzlar batamom o‘troqlashib, mahalliy aholi tarkibiga singib ketgan.
Mazkur davrdagi faol qabilalardan biri qipchoqlar bo‘lib, ular Farg‘ona vodiysi, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazmda istiqomat qilgan. Ular Amir Temur davridayoq yetakchi harbiy kuchga aylangan edi. Hukmdor vafotidan so‘ng qipchoqlar yanada kuchayib, temuriy hukmdorlarga tahdid sola boshlagan.
Xususan, Abu Said Mirzoning o‘g‘li Sulton Mahmudning Hisravshoh qipchoq degan amiri cheksiz vakolatlarga ega bo‘lgan. Hisravshoh boshchiligidagi qipchoqlar Sulton Mahmud vafotidan keyin markaziy hokimiyatni tan olmay, mustaqil siyosat yuritgan va hatto Temuriylarga qarshi bosh ko‘targan. Jumladan, Hisravshoh Sulton Mahmudning o‘g‘li Boysunqur Mirzoni o‘ldirgan, boshqa o‘g‘li Sulton Mas’udning esa ko‘ziga mil tortgan.
Qavchinlar Movarounnahrdagi yirik qabila bo‘lib, yetakchi harbiy kuch maqomiga ega edi. Ular Farg‘ona vodiysi, Qashqadaryo va Buxoro hududlarida o‘rnashgan bo‘lib, Temuriylarning barcha janglarida qatnashgan va hukmdorning shaxsiy gvardiyasi sanalgan.
Qavchinlar o‘zlarining sadoqati bilan boshqa etnoslardan ajralib turgan, shuning uchun ham aksariyat temuriylar yonida qavchin amirlari bo‘lgani manbalarda qayd etilgan. Jumladan:
Shohruxning amirlari: To‘ploq qavchin, Kepakchi qavchin, Jahonmulk qavchin (Shohruxning bolalikdagi mulozimi, amir Milkotning o‘g‘li, amir Xoriyning amakivachchasi bo‘lib, Amir Temur vafotidan keyin Shohruxga qarshi isyon ko‘targan);
Ulug‘bekning amirlari: Xizr qavchin, Shoh Vali qavchin, Uvays qavchin (ular 1425-yilgi Mo‘g‘ulistonga qarshi yurishda qatnashgan), Ali qavchin, Mironshoh qavchin (1449-yil sentyabrda Ulug‘bek o‘g‘li Abdullatifdan yengilib, Samarqanddan panoh topmoqchi bo‘lganda uni shaharga kiritmagan);
Mirzo Iskandarning amirlari: Xurqujoq qavchin, Bayon qavchin;
Abdullatifning amiri: Saodat qavchin (Domg‘on dorug‘asi bo‘lib, Abdullatifga qarshi chiqqan, biroq Abdullatif uni omon qoldirgan);
Abu Said va uning o‘g‘illari Ahmad hamda Mahmud Mirzolarning amirlari: Pirdarvish qavchin, Qulmuhammad Bug‘do qavchin, Bug‘o qavchin;
Umarshayx va Boburning amirlari: Mir Qanbarali qavchin, Ali Mazidbek qavchin, Qosimbek qavchin (O‘sh hokimi bo‘lib, Bobur uni o‘z otasidek ardoqlagan);
Husayn Boyqaroning amiri: Husayn Ali qavchin (Hamadon va Darguzin noibi).
Bu davrda qavchinlarning yana bir qismi Qoshg‘arda istiqomat qilgan.
Hazoralar Movarounnahr va Xurosondagi etnoslardan biri bo‘lgan. Bu haqda Abdurazzoq Samarqandiy shunday yozadi: “Hazorayi Oqo deb mashhur bo‘lgan hazora qavmi ko‘p el va ulusdan iborat bo‘lib, son-sanoqsiz chorva mollariga egadirlar. Shohrux davrida o‘lpon to‘lab turgan. Shohruxdan keyin mustaqil bo‘lib olib, mol-mulki ko‘p bo‘lsa ham yo‘lto‘sarlik qilib, musulmonlarni qatl eta boshlagan”.
Hazora va nikudariylarning keyingi vakillari XV asr oxiri – XVI asr boshlarida ham shimoliy Afg‘onistonda yashagan. Shayboniyxon 1510-yilda hazoralar ustiga yurish qilsa-da, ularni topa olmagan. Bu davrda G‘azni, Karnud va G‘ur tog‘larida hazora va nikudariylar yashaganini Bobur ham tasdiqlaydi.
Temuriylar davri manbalarida tilga olingan etnoslardan yana biri chag‘raq (chig‘raq, chakrak)lardir. Bu davrda chag‘raklarning bir qismi Farg‘ona bilan Qoshg‘ar orasidagi tog‘li hududlarda yashab, chorvachilik bilan shug‘ullangan. “Boburnoma”da bu haqda shunday deyiladi: “Andijon viloyatining sahronishinlaridan bir chag‘rak eldir, qalin eldur. Besh-olti ming uyli el bordur. Farg‘ona bilan Qashg‘ar orasidagi tog‘da bo‘lurlar. Otlari ko‘p va qo‘ylari qalindur”. Shunga o‘xshash ma’lumot Mirzo Haydarning asarida ham uchraydi. Unga ko‘ra, Qoshg‘ar hokimi Abubakr dug‘lot chag‘raklarni O‘zgan aholisi bilan birga qirib yuborgan.
Movarounnahrda yashagan qabilalardan yana biri tog‘chi (tag‘ochi)lardir. “Tog‘chi” so‘zi “tog‘lik” degan ma’noni anglatadi. Hozirgacha saqlanib kelinayotgan Zomin va Chiroqchi tumanlaridagi Toqchi, Jizzax tumani hamda Kitob shahridagi Toqchilik, Sherobod tumanidagi Toqchiguzar toponimlari aynan tog‘chi etnonimi asosida vujudga kelgan. Tog‘chilar ba’zan o‘zlarini Dashti Qipchoq o‘zbek-qatag‘onlariga mansub deb bilishadi. Biroq tog‘chilarning ajdodlari janubiy O‘zbekiston hududida Dashti Qipchoq o‘zbeklari kelishidan ancha oldin ham istiqomat qilgan.
“Boburnoma”da tilga olingan, Umarshayx Mirzoning amirlaridan bo‘lgan Vays Log‘ariy Samarqandning to‘qchi elatidan chiqqan. Manbada qayd etilgan to‘qchi etnonimi tog‘chi yoki tag‘ochining keyinchalik o‘zgargan shakli bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Bu esa o‘sha davrda Samarqandda ham tog‘chilarning alohida guruhi yashaganidan dalolat beradi.
Temuriylar davrida Movarounnahrda istiqomat qilgan yana bir etnos qarluqlar edi. Qoraxoniyshunos K.Shoniyozovning yozishicha, qarluqlar XIV–XV asrlarda ikki etnik qatlamdan iborat bo‘lgan. Birinchi qatlam Farg‘ona vodiysi, Toshkent vohasi va Toxaristonda milodiy VI asrdan buyon yashab kelgan. Ikkinchi qatlam esa mo‘g‘ullar hukmronligi davrida (XIII–XIV asrning 60-yillari) Ili daryosi bo‘ylari va Yettisuvdan ko‘chib kelib, Toshkent va Zarafshon vohalari hamda O‘zbekiston va Tojikistonning janubiy viloyatlarida o‘rnashgan va bu yerda avvaldan yashab kelgan qarluqlar bilan qo‘shilib ketgan.
XV asrda qarluqlarning bir qismi Dashti Qipchoq hududida ko‘chmanchi hayot kechirgan va keyinchalik Shayboniyxonning harbiy yurishlarida faol qatnashgan. Yana bir guruhi XIV asrda Taroz shahri bilan Sirdaryo oralig‘idagi yaylovlarda ko‘chib yurgan. Farg‘ona vodiysida ham qarluqlarning jamoalari istiqomat qilgan bo‘lib, “Boburnoma”da ular ko‘p bor tilga olingan.
Shuningdek, Movarounnahrda o‘yrot, yasuriy, nukuz, toyjiyut, chinoz, makrit, buruldoy, turkman, do‘ldoy, tag‘oyi va qo‘ng‘irot kabi urug‘-qabilalar ham yashagan. Ular yirik etnoslarga nisbatan kam sonli bo‘lishiga qaramasdan, mintaqaning etno-siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etgan.
XV asrda Movarounnahrda ilk o‘rta asrlarda va undan keyingi davrlarda kelib o‘rnashgan arablar ham hayot kechirgan. Ularning soni ko‘p bo‘lmagan va asosan Buxoro vohasi, Samarqand hamda Kattaqo‘rg‘on atroflari, shuningdek, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tarqoq holda istiqomat qilgan.
Bundan tashqari, turli istilolar natijasida Amir Temur va temuriy hukmdorlar tomonidan Movarounnahrga ko‘chirib keltirilgan xalqlar ham bo‘lgan. Shu bilan birga, mahalliy aholining boshqa hududlarga majburiy olib chiqilishi holatlari ham kuzatilgan. Masalan, mo‘g‘ul xoni Esan Bug‘a (Yunusxonning akasi) Andijonni egallagach, aholining bir qismini Qoshg‘arga asir sifatida olib ketgan; “Tarixi Rashidiy”da bu aholining qisqa vaqt ichida mo‘g‘ullashib ketgani qayd etilgan. Shayboniyxon yurishlari davrida esa ham mahalliy aholi, ham yarim ko‘chmanchi etnoslar Movarounnahrning Samarqand, Hisor va Qunduz kabi hududlaridan chiqib, qo‘shni viloyatlarga, xususan, Qobulga ko‘chib borgan.
Temuriylar davriga kelib Movarounnahrning yirik shaharlaridagi demografik va etnik manzara qisman o‘zgardi. Bu davrdagi etnomadaniy jarayonlarning asosiy xususiyatlaridan biri o‘lkaga ko‘plab turk-mo‘g‘ul etnoslarining kelib joylashishi natijasida turklashish jarayonining kuchayganidir. Natijada asosan forsiyzabon aholi yashaydigan shaharlar muhitiga ham turkiy unsurlar faol kirib bordi.
Davr etnomadaniy jarayonlarining yana bir jihati hukmron doira siyosati tufayli urug‘-qabilalarning bo‘linib ketishi va turli hududlarga tarqalishida namoyon bo‘ldi (bunga barloslar va jaloyirlar misol bo‘la oladi). Bu kabi parchalanishlar urug‘larning tez fursatda mahalliy xalq bilan qorishib ketishiga sabab bo‘lgan.
Temuriylar davrida Movarounnahrning demografik manzarasi, ijtimoiy tarkibi va etnomadaniy jarayonlari kuchli markazlashgan davlatchilik tizimi hamda iqtisodiy yuksalish sharoitida yangi bosqichga ko‘tarildi. Hukmdorlarning faol shaharsozlik va urbanizatsiya siyosati, ichki hamda tashqi migratsiya omillari, hunarmandchilik va savdo-sotiqning qo‘llab-quvvatlanishi vohalarda o‘troqlashish jarayonlarini tezlashtirib, ko‘p qatlamli madaniy muhitning shakllanishiga zamin yaratdi. Mazkur davr ijtimoiy-demografik dinamikasini tizimli tahlil qilish O‘rta asrlar Markaziy Osiyo jamiyatining ichki qonuniyatlarini va bugungi milliy-etnik jarayonlarning tarixiy ildizlarini chuqurroq anglashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sevinch ULASHOVA,
Afrasiab University dotsenti, tarix fanlari doktori
Tarix
Din
San’at
Ta’lim-tarbiya
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q