Tarix charxpalagi asrlar davomida millatlarni bir-biriga bog‘lagan. Ammo bu bog‘lanishlar faqat urushlar yoki savdo karvonlari orqali bo‘lmagan. Insoniyat ma’naviyatining yuksak cho‘qqisi bo‘lmish islom tasavvuf maktablari Turon-u Turkistondan chiqib, butun dunyoga nur taratgan. Bugun biz “Yaqin Sharqdagi o‘zbek obidalari” deganda, shunchaki qadimiy binolarni emas, balki uzoq asrlar davomida vatandoshlarimizning imon-e’tiqodi, saxovati va milliy o‘zligini saqlab qolgan “ma’naviy elchixonalar”ni tushunamiz.
Ushbu maqolada biz Quddusi Sharifdagi (Iyerusalim) “Zoviya al-O‘zbekiya” (“O‘zbek zoviyasi”) misolida Turkiya, Misr va Falastin tuproqlarida barpo etilgan o‘zbek maskanlarining mohiyatini ochib berishga harakat qilamiz.
Maqolamizning mag‘zini tushunish uchun avvalo bu atamalarning mohiyatiga to‘xtalish lozim. Ko‘pchilik bularni shunchaki “masjid” deb o‘ylaydi, aslida esa ularning vazifasi ancha keng bo‘lgan.
Zoviya (arabcha – “burchak”): Dastlab masjidning bir burchagida ibodat va zikr uchun ajratilgan joyni anglatgan. Keyinchalik bu tushuncha kengayib, muayyan bir tariqat (masalan, Naqshbandiya) vakillari yig‘iladigan kichik maskanlarga nisbatan ishlatila boshlagan. Zoviya – bu ma’naviy xilvatxonadir.
Takka (forscha – “suyanchiq”, “tirgak”): Turkiy xalqlar, ayniqsa Usmoniylar davrida keng tarqalgan. Bu atama “suyanish joyi”, ya’ni musofirlar va zohidlar boshpana topadigan makon ma’nosini anglatadi. Takkalar zoviyalardan ko‘ra kattaroq bo‘lib, u yerda nafaqat ibodat qilingan, balki yotoqxona, oshxona va kutubxonalar ham bo‘lgan.
Xonaqoh: Bu ham forscha atama bo‘lib, asosan Turon-Turkiston va Eronda qo‘llanilgan. Bu so‘fiylarning jamoaviy yashash va zikr tushish joyidir.
Bu maskanlarning tashkil etilishi ortida uchta asosiy maqsad yotgan:
Ijtimoiy himoya: Uzoq Turkistondan piyoda yoki tuyalarda hajga ketayotgan ziyoratchilar uchun bepul mehmonxona vazifasini o‘tash. O‘sha davrlarda Buxorodan Makkaga borish 4 – 6 oy vaqt olgan. Yo‘lda kasallangan yoki mablag‘i tugagan vatandoshlarimiz mana shu takkalardan panoh topganlar.
Ma’naviy tarbiya: Naqshbandiya, Qadariya yoki Yassaviya tariqatining ta’limotlarini keng yoyish. Bu yerlar ilm-fan va adabiyot markazlari bo‘lgan.
Milliy birdamlik: Begona yurtlarda o‘z tilida gaplashadigan, o‘z taomini yeydigan va o‘z an’analarini sog‘ingan insonlarni birlashtirish.
Quddusi Sharifdagi “Zoviya al-O‘zbekiya” tarixi
Quddusning eng muqaddas ko‘chalaridan biri – Via Dolorozada joylashgan bu maskan o‘zbeklar uchun atab qurilgan zoviyalardan sanaladi.
Zoviyaning tarixi XVII asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Uning asoschisi istanbullik so‘fiy, asl kelib chiqishi turk bo‘lgan Usmon og‘a (Usmon So‘fiy) edi. U Masjid ul-Aqsoning “Bob al-G‘avanima” darvozasi yaqinida masjid va to‘rtta hujra qurib, uni Naqshbandiya tariqatiga vaqf qiladi.
E’tiborli jihati, dastlabki vaqfnomalarda zoviya aholisi uchun qat’iy ma’naviy talablar qo‘yilgan: soqol olmaslik, tamaki chekmaslik va nafsga oid illatlardan pok bo‘lish. Agar naqshbandiylar topilmasa, u yerda boshqa turkiy darvishlar yashashiga ruxsat berilgan.
Maskanning haqiqiy “O‘zbek zoviyasi”ga aylanishi XVIII asrning birinchi yarmida yashagan Shayx Muhammad Solih al-O‘zbakiy nomi bilan bog‘liq. Uning vafotidan so‘ng (1731-yili) Quddus hokimi Og‘o Parvonazoda shayxning qabri ustiga mahobatli gumbaz tiklaydi. Aynan shu davrdan boshlab, zoviya Turkistondan keluvchi “Buxoriylar”ning bosh markaziga aylanadi.
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida zoviyani boshqargan Shayx Rashid al-Buxoriy davri gullab-yashnash davri hisoblanadi. U nafaqat diniy rahnamo, balki katta siyosiy arbob ham bo‘lgan. Shayx Rashid Turkistondagi mustamlakachilik siyosatiga chiday olmay, Quddusga kelib qo‘nim topgan edi.
Uning davrida zoviyada Ahmad Yassaviy va Alisher Navoiy asarlari ko‘chirilgan, mutolaa qilingan.
Britaniya konsuli Jeyms Finn o‘z xotiralarida: “Bu yerdagi shayxlar Buxorodan kelgan, ular juda yuksak madaniyatli va bir necha tillarni biladigan zotlardir”, deb yozadi.
Bu mavzuni faqat Quddus bilan cheklab bo‘lmaydi. O‘zbek zoviyalari tizimi Yaqin Sharqning boshqa muhim nuqtalarida ham mavjud bo‘lgan.
Ana shunday zoviyalar qatoriga Turkiyadagi eng mashhur o‘zbeklar takkasi bo‘lib, u 1750-yillari O‘zbek davlatini Buxoro xonligi doirasida boshqargan Ashtarxoniylar sulolasi elchilari va ziyoratchilari uchun qurilgan edi. Bu takka shunchaki diniy maskan emas, balki Turkiya mustaqillik urushining (1920 – 1923) eng muhim markazlaridan biri bo‘lgan. Istanbul ishg‘ol ostida bo‘lganda, milliy ozodlik harakatining qurol-yarog‘lari va mujohidlari mana shu o‘zbek takkasi orqali Anado‘luga yashirincha o‘tkazilgan. Bu yerda tayyorlangan o‘zbek palovi esa ozodlik kurashchilariga kuch-quvvat bergan.
Misr poytaxtida ham o‘zbeklarning o‘z mahallasi va takkalari bo‘lgan. Qohiradagi “Havsh al-O‘zbek” shunday takkalar sirasiga kiradi. Asosan mo‘g‘ul bosqinidan qochib G‘arbiy o‘lkalarga qochib ketgandilar. Jumladan turkiy Mamluklar davridan boshlab turonlik askarlar va olimalar Qohirada katta obro‘ga ega bo‘lishgan.
O‘zbek zoviyalarini boshqa millatlarning maskanlaridan ajratib turadigan bir muhim jihati bor edi – bu mehmonnavozlik va taom madaniyati.
Quddusdagi zoviyada har payshanba kuni ulkan qozonlarda palov damlangan. Bu an’ana shu qadar kuchli bo‘lgan-ki, mahalliy arablar o‘zbeklarni “eng saxiy kishilar” deb bilishgan. Palov pishirish jarayonining o‘zi bir marosim bo‘lib, unda faqat erkaklar qatnashgan. Bu taom nafaqat qorin to‘yg‘azgan, balki vatandan uzoqdagi odamlarni bir dasturxon atrofida jipslashtirgan.
Naqshbandiya tariqatiga xos “zikri xufiya” (ovoz chiqarmasdan qilingan zikr) o‘ziga xos toshlar (tasbeh o‘rnida ishlatiladigan kichik toshlar) yordamida amalga oshirilgan. Bu marosimlar zoviyaning ma’naviy quvvatini belgilab bergan.
XX asr boshlari o‘zbek zoviyalari uchun og‘ir keldi. Sababi Birinchi jahon urushi hamda chegaralarning yopilishi yuz berdi. 1917-yili “oqposhsho” hokimiyati ag‘darilib, hokimiyat tepasiga “qizillar” kelgandan so‘ng SSSR chegaralarini yopdi. Turkistondan Hajga keluvchilar oqimi to‘xtab qoldi. Bu zoviyalarning iqtisodiy va ma’naviy ta’minotiga katta zarba bo‘ldi.
Quddusdagi o‘zbek zoviyasining qo‘shnisi afg‘on zoviyasi bo‘lib, 1919-yilgi o‘zaro yer nizosi tufayli afg‘on zoviyasining mutavallisi Shayx Rashidning fojiali o‘limi jamoat boshini aylantirib qo‘ydi.
Isroil va Arab davlatlari o‘rtasidagi urushdan so‘ng, zoviyadagi darvishlarning aksariyati Iordaniyaga ko‘chib o‘tdi. 1983-yili esa Isroil hokimiyati tomonidan zoviyaning bir qismi buzib tashlandi.
Bugun Quddusdagi “Zoviya al-O‘zbekiya”ni Shayx Ya’qubning nabiralari saqlab kelmoqda. Endi u yerda avvalgidek yuzlab darvishlar yashamasa-da, lekin masjid va kutubxona faoliyat yuritmoqda. Kutubxonada saqlanayotgan 179 dan ortiq nodir qo‘lyozmalar turkistonliklarning Iyerusalimda naqadar yuksak madaniyat egasi bo‘lganidan dalolat beradi.
Xulosa qilib aytganda, Yaqin Sharqdagi o‘zbek takka va zoviyalari shunchaki me’moriy obidalar emas, ular o‘z Vatanidan minglab chaqirim uzoqda bo‘lsa-da, o‘z tili va madaniyatini yo‘qotmagan ajdodlarimizning matonati, o‘zbek xalqining islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan beqiyos hissasi, eng muhimi esa, insoniylik, saxovat va ma’naviy poklik ramzidir.
Zafar SHAMSIDDINOV,
tadqiqotchi
Foydalanilgan manbalar:
1. “Тюркский Атлас” Telegram kanali.
2. Yusuf Natsheh. Al-Zawiya al-Naqshbandiyya (1033/1623-4) // Ottoman Jerusalem: The Living City 1517 – 1917. PP. 904–912.
Tarix
Din
San’at
Ta’lim-tarbiya
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q