Atamashunoslikdagi xaos
Bugun jamiyatimizda ona tilining taqdiri muhokama qilinsa, jamoatchilik bahslarining markazida ko‘pincha bitta dolzarb masala – globallashuv va raqamlashtirish davrida chetdan shiddat bilan kirib kelayotgan tushunchalarni qanday qabul qilish masalasi turadi. Raqamli integratsiya sharoitida o‘zbek tili har kuni yuzlab ijtimoiy-texnologik atamalar bilan to‘qnash kelmoqda. Biroq aniq ilmiy mezonlarning yetishmasligi milliy atamashunoslikda lisoniy xaosni yuzaga keltirmoqda. Chuqur lingvistik ekspertizasiz, vaziyat taqozosi bilan qabul qilinayotgan stixiyali qarorlar til maydonini o‘zaro murosasiz ikki qutbga bo‘lib yubordi.
Birinchi qutbda chetdan kirgan har qanday yangi so‘zga yovqarash bilan qarab, xalqaro miqyosda o‘rnashgan ilmiy-texnik tushunchalarni ham zo‘rma-zo‘raki o‘zbeklashtirishga urinuvchi radikal purizm (soxta soflik) xavfi turibdi. Bunday sun’iy va g‘aliz yasama birliklar muloqotni qiyinlashtiribgina qolmay, ilmiy va ommabop matnlarni o‘quvchiga tushunarsiz qiladi.
Ikkinchi qutbda esa o‘zbek tilida tayyor, boy va aniq muqobillari bo‘la turib, nutqqa o‘rinsiz ajnabiy so‘zlarni tiqishtirayotgan varvarizm (yuzaki ajnabiyparastlik) ildiz otmoqda. Reklama lavhalaridan tortib rasmiy idoralargacha fikr-mulohaza o‘rniga fidbek, oxirgi muddat o‘rniga dedlayn, foydalanuvchi hisobi o‘rniga akkaunt kabi so‘zlarning o‘rinli-o‘rinsiz qo‘llanilishi shuning yaqqol misolidir.
Chalkashliklarning bosh sababi – qat’iy xalqaro invariant hisoblangan termin bilan ijtimoiy-amaliy nom sanalgan atama chegarasining qorishib ketishidir. Fan va texnologiyaning fundamental invariantlarini o‘rinsiz tarjima qilish xalqaro ilmiy hamjamiyat bilan axborot almashinuvini murakkablashtiradi. Aniq va tabiiy fanlar, tibbiyot formulalari yoki global dasturlash kodlaridagi tushunchalarni mexanik tarzda o‘zgartirish amaliy samara bermaydi, aksincha, integratsiyaga to‘siq bo‘ladi.
Biroq ommaviy muloqot, maishiy hayot, ma’muriy hujjat va davlat xizmatlari sohalaridagi birliklarni o‘z holicha chet tilida qoldirish milliy tilning ichki taraqqiyoti hamda ifoda qudratini zaiflashtiradi. Foydalanuvchi interfeyslari va kundalik ish yuritish tili milliy mezon asosida ravon bo‘lmas ekan, ona tilimiz jamiyatda ikkinchi darajali vositaga aylanib qolish xavfi tug‘iladi.
Ona tilimizning taqdiri shaxsiy his-tuyg‘u yoki quruq shov-shuv bilan emas, chuqur lingvistik tahlil, kognitiv-semantik asoslar va ko‘p bosqichli filtrlash tizimi yordamida hal etilishi shart. Tilimizni zamon bilan hamnafas etish uchun xalqaro andoza va milliy lisoniy imkoniyat orasidagi “oltin o‘rtaliq”ni topishimiz shart.
Milliylashtirish shart bo‘lgan atamalar toifasi
Har qanday tilning amaliy nufuzi va yashovchanligi oddiy inson hayotida qay darajada qulay, tushunarli va funksional ekani bilan o‘lchanadi. Bugungi raqamli muhit, davlat xizmatlari, elektron tijorat va bank sektori millionlab kishilarning har kundagi asosiy muloqot maydoniga aylandi. Aynan shu nuqtada atamalarni o‘zbeklashtirish kechiktirib bo‘lmaydigan ijtimoiy ehtiyoj sifatida kun tartibiga chiqadi.
Birinchi toifa – ommaviy muloqot, ma’muriy ish yuritish va foydalanuvchi interfeyslari qatlamidagi birliklar. Raqamli xizmatlardan jamiyatning barcha qatlamlari – talaba ham, nafaqaxo‘r ham birdek foydalanadi. Agar dasturiy ta’minot yoki davlat portali foydalanuvchiga tushunarsiz ajnabiy iboralarni taqdim etsa, bu kishilarni raqamli muhitdan lisoniy jihatdan chetlatishga olib keladi. Jumladan, smartfon yoki elektron xizmatlar tilida:
autentifikatsiya emas, shaxsni tasdiqlash;
notifikatsiya emas, bildirishnoma;
avtorizatsiya emas, vakolat berish;
log-in emas, tizimga kirish;
verifikatsiya emas, haqqoniylikni tekshirish;
podpiska emas, obuna bo‘lish;
otmenit emas, bekor qilish.
Ikkinchi qator birliklar o‘zbek tilida aniq, tushunarli va bir ma’noli shaklga ega.
Ikkinchi toifa – ichki shakli, ya’ni ma’no asosi o‘zbek tilining boy leksik-semantik va morfologik imkoniyatlari orqali to‘liq ochiladigan tushunchalar. Nega tilimizda so‘z birikmasi yoki yasama so‘z vositasida mazmunni to‘liq ifodalash imkoni bo‘la turib, inglizcha qoliplarga ko‘r-ko‘rona ergashishimiz kerak?
fidbek o‘rniga fikr-mulohaza yoki qayta aloqa;
dedlayn o‘rniga oxirgi muddat yoki yakuniy muddat;
keshbek o‘rniga qaytarma to‘lov;
vorkshop o‘rniga amaliy mashg‘ulot yoki mahorat darsi;
keys o‘rniga amaliy holat yoki voqelik tahlili;
treking o‘rniga – kuzatib borish.
Uchinchi toifa – tilimizning lug‘at fondida azaldan yashab kelayotgan, ammo “moda” va sun’iy nufuz ilinjida chetga surilayotgan varvarizmlarni tozalash vazifasi kiradi. Marketing va biznes muhitida tez-tez uchraydigan skidka o‘rniga chegirma, dostavka o‘rniga yetkazib berish, lokatsiya o‘rniga manzil yoki joylashuv, rasprodaja o‘rniga arzongarov birliklarini qo‘llamaslik tilga nisbatan beparvolikdan boshqa narsa emas. Bu kabi sun’iy o‘zlashmalar tilning tabiiy “to‘qima”sini yemiradi.
Milliylashtirish harakati lisoniy qulaylik va aniq tushuncha hosil qilishga xizmat qilishi zarur. O‘zbek tilining ichki derivatsion (so‘z yasash) salohiyati zamonaviy ma’nolarni ifodalashga to‘liq qodir. Asosiy masala – tilimiz imkoniyatlariga ishonish va jamiyatning barcha sohasida izchil qo‘llashda qat’iyat ko‘rsatish.
Tilga asossiz aralashuvdan tiyilish
Har qanday til tirik organizm kabi himoya qobig‘iga ega. Ammo bu qobiq tashqi olamdan foydali unsurlarni qabul qilib, asl mohiyatni asrashni anglatadi. Atamashunoslikdagi eng katta xatolardan biri – xalqaro ilmiy-texnik va iqtisodiy maydonda o‘z o‘rnini topgan tayyor tushunchalarni asossiz ravishda o‘zbeklashtirishga urinish. Bunday sun’iy aralashuv tilni boyitmaydi, aksincha, uning amaliy qulayligiga putur yetkazadi va muloqotda lisoniy to‘siq paydo qiladi.
Birinchi jiddiy xato – bitta so‘zdan iborat ixcham xalqaro terminni 2–4 so‘zli noqulay sintaktik tavsifga (deskripsiyaga) aylantirib qo‘yishdir. Terminning asosiy vazifasi – tushunchani eng qisqa va aniq shaklda ifodalash. Masalan:
brifing – rasmiy vakilning OAV uchun qisqa axborot berish uchrashuvi. Uni “qisqa axborot berish yig‘ilishi” deb o‘zgartirish matnni og‘irlashtiradi;
vebinar – internet orqali o‘tkaziladigan interaktiv seminar. Uni “onlayn masofaviy o‘quv seminari” deyish amaliyotda noqulaylik tug‘diradi;
xakaton – dasturchi va mutaxassislarning qisqa muddatda muammoga dasturiy yechim topish musobaqasi. Buni “dasturiy yechimlar yaratish bo‘yicha jamoaviy bellashuv” deb atash terminning lakonizm qonuniyatiga zid keladi.
Ikkinchi toifa – G‘arb madaniyatining metaforik tafakkuriga tayangan tushunchalar. Bunday birliklarni so‘zma-so‘z tarjima qilish g‘aliz va kulgili holatlarni yuzaga keltiradi. Masalan, moliyaviy texnologiyalardagi kroudfanding (crowdfunding) birligini so‘zma-so‘z “olomon tomonidan moliyalashtirish” deb tarjima qilish investitsiyaviy mohiyatini ochib bermaydi, noto‘g‘ri maishiy bo‘yoq beradi. Xuddi shuningdek, reklama va kadrlar sohasidagi hedhanting (headhunting) tushunchasini “bosh ovlash” deb o‘girish sof kulgidan boshqa narsa emas. Bu kabi birliklar global tizimda yaxlit tushuncha sifatida shakllangan va ularni xalqaro invariant tarzida qoldirish eng to‘g‘ri lisoniy yo‘ldir.
Uchinchi toifa – global tizim bilan uzviy bog‘liq iqtisodiy va texnologik qat’iy terminlar:
startap – oddiy yangi qadam emas, innovatsion g‘oya asosida tez o‘sishga mo‘ljallangan yuqori riskli loyiha. Uni oddiy “boshlang‘ich qadam” deyish iqtisodiy noaniqlik tug‘diradi;
demping – bozorni egallash maqsadida tovarlarni tannarxidan past narxda sun’iy ravishda arzon sotish strategiyasi. Uni “narxni pasaytirish” deb soddalashtirish huquqiy va iqtisodiy salbiy mohiyatini yo‘qotadi;
brend – oddiy belgi yoki tamg‘a emas, iste’molchi ongida shakllangan obro‘, qadriyat va huquqiy himoyalangan nom majmuyi.
Tilni himoya qilish uni dunyodan uzib qo‘yish degani emas. Qat’iy xalqaro terminlarni o‘z holicha qabul qilish o‘zbek tilida so‘zlashuvchilarning jahon ilmiy-texnik taraqqiyotiga tez va to‘siqlarsiz integratsiyalashuviga xizmat qiladi.
Atamalarni saralash “elag”i
Har bir yangi atama til eshigini taqillatganda, unga hissiyot bilan emas, qat’iy mezonlar asosida yondashish kerak. Dunyodagi nufuzli til markazlari yangi so‘zlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilmaydi yoki birdaniga tarjima qilib tashlamaydi. Maxsus lingvistik filtrlardan foydalanadi. O‘zbek tilining boy ichki salohiyatini saqlab qolish va xalqaro muloqotdan uzilmaslik uchun besh bosqichli ko‘p qatlamli filtrlash mexanizmi zarur.
Kognitiv-semantik filtr. Bu filtr yangi taklif etilayotgan milliy muqobil atamaning tub mohiyatini aynan ifoda etishini, unga ortiqcha maishiy yoki noto‘g‘ri konnotatsiya yuklanmasligini tekshiradi. Masalan, lokatsiya so‘ziga “joylashuv” muqobili semantik jihatdan to‘liq mos keladi. Ammo kroudfandingni xalqona pul yig‘ish deb o‘girish zamonaviy investitsiyaviy mohiyatini xiralashtirib, maishiy tus beradi.
Lakonizm va derivatsion (so‘z yasash) filtr. Termin ixcham bo‘lishi (ko‘pi bilan 1–2 so‘z) va undan o‘zbek tili qo‘shimchalari orqali yangi so‘zlar yasash oson bo‘lishi lozim. Masalan, investitsiya – sarmoya, investor – sarmoyador, investitsiyalash – sarmoyalash. Bu yerda derivatsion salohiyat to‘liq ishlaydi. Aksincha, brifing o‘rniga “qisqa axborot berish uchrashuvi” birikmasini qo‘llasak, so’z yasash amalda imkonsiz bo‘lib qoladi.
Fonetik-ortoepik qulaylik filtr. Yangi birlik o‘zbek tilining talaffuz me’yorlari va ohangdorligiga mos tushishi lozim. Talaffuzi og‘ir va sun’iy yasalmalar nutqda yashab qolmaydi. Masalan, internet tarmog‘i uchun vaqtida taklif qilingan “o‘rgimchak to‘ri” birikmasi o‘rniga ixcham tarmoq yoki internet so‘zining o‘zi tabiiy qabul qilindi.
Madaniy-konseptual filtr. Atama milliy tafakkur tarzi va qadriyatlarga zid kelmasligi lozim. G‘arb metaforasi asosidagi hedhanting (headhunting) birligini so‘zma-so‘z “bosh ovlash” deb tarjima qilish milliy nutq odobiga ham, mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi. Uni “malakali kadrlar tanlash” (yoki “ovlash” o‘rniga “mutaxassis jalb etish”) tarzida o‘girish yoki xalqaro sohada atamaning o‘zini qo‘llash maqsadga muvofiqdir.
Sotsiopragmatik filtr. Yangilikning so‘nggi hakamlari – soha mutaxassislari va jamoatchilik. Agar taklif etilgan milliy birlik darslik, OAV va amaliyotda 3–6 oyda tabiiy qo‘llay boshlansa, sinovdan o‘tgan hisoblanadi. Masalan, samolyot o‘rniga tayyora, kompyuter o‘rniga hisoblagich kabi yasamalarni iste’molchi qabul qilmadi, ammo onlayn o‘rniga masofaviy, sayt o‘rniga sahifa/portal so‘zlari tabiiy singib ketdi.
Bu besh bosqichli “elak” tasodifiy, pala-partish qarorlarga chek qo‘yadi. Tilimizni zamonaviy fan va texnologiya tiliga aylantirish uchun har bir yangi atamaga xuddi mana shunday lisoniy laboratoriya mezonlari asosida yondashishimiz shart.
Tajriba saboqlari
Til – tirik va nihoyatda sezgir ijtimoiy tizim. Unga ma’muriy buyruq bilan biror so‘zni majburlab kiritib bo‘lmaydi. Atamashunoslik tariximizga nazar tashlasak, amaliyotga tabiiy singib ketgan yutuqlar bilan birga, jamiyat va mutaxassislar tomonidan keskin rad etilgan yuzlab muvaffaqiyatsiz tajribani ham ko‘ramiz. Xo‘sh, nega ayrim yangi atamalar bir zumda o‘zlashib ketadi-yu, boshqalari lisoniy iste’moldan surib chiqariladi?
So‘nggi o‘n yilliklarda o‘zbek tilining lug‘at xazinasiga muvaffaqiyatli kirib borgan va bugun o‘zimizniki bo‘lib ketgan o‘nlab yangi birliklar mavjud. Masalan:
reyting o‘rniga – nufuz yoki baholash ko‘rsatkichi;
onlayn xizmat o‘rniga – masofaviy xizmat;
personal o‘rniga – xodimlar;
sayt o‘rniga – sahifa yoki portal;
diler o‘rniga – savdo vakili.
Bu birliklarning qabul qilinish siri shundaki, ular tushunchaning ichki mantig‘ini to‘liq ochib berdi, ortiqcha yuklama hosil qilmadi va, eng muhimi, xalqning jonli nutq intonatsiyasiga yot bo‘lmadi. Mavhum emas, aniq tasavvur uyg‘otgani uchun ham o‘zbekona tafakkurga tez va og‘riqsiz singib ketdi.
Aksincha, tilimiz tarixida sof milliy so‘z yasash ilinjida o‘ta arxaik (eskirgan) qatlamga yopishib olish yoki rus va ingliz tilidagi iboralarni ko‘r-ko‘rona (kalka qilib) ko‘chirish oqibatida kulgili holatlar ham ko‘p uchradi. Masalan, o‘tgan asrning 90-yillarida:
samolyot o‘rniga kiritilmoqchi bo‘lgan tayyora so‘zi badiiy uslubda qisman saqlangani bilan, rasmiy va texnik muloqotda o‘rnashmadi;
kompyuter o‘rniga taklif qilingan hisoblagich birligi apparatning universal mohiyatini toraytirib qo‘ygani uchun iste’moldan chiqdi;
rayon o‘rniga taklif qilingan “nohiya” sun’iy atama o‘laroq qog‘ozda qolib ketdi.
Bunday yasamalarning “mag‘lubiyat”iga sabab sun’iyligi, talaffuzdagi og‘irligi va soha mutaxassislari ehtiyojini hisobga olmagan holda kabinetlarda o‘tirib o‘ylab topilganidir.
Bugun yangi atamalarning taqdirini darsliklardan ko‘ra ko‘proq raqamli muhit – mobil ilova, yangiliklar saytlari, ijtimoiy tarmoq va ommaviy axborot vositalari hal qilmoqda. Foydalanuvchi har kuni smartfon ekranida skachat o‘rniga yuklab olish, otpravit o‘rniga yuborish, nastroyka o‘rniga sozlamalar tugmasini ko‘rar ekan, bu birliklar uning ongida tabiiy me’yorga aylanadi. Demak, zamonaviy tahririyatlar, jurnalist va dasturchilar shunchaki axborot yetkazuvchi emas, milliy atamalarni ommalashtiruvchi asosiy lisoniy maydondir.
Lisoniy mas’uliyat va istiqbol
Tilning taraqqiyoti va davlat tili sifatidagi nufuzi amaliy hayot – ta’lim, ish yuritish, raqamli texnologiya va fan sohasida qay darajada aniq hamda qulay ishlayotgani bilan o‘lchanadi. Atamashunoslikdagi pala-partishliklarga barham berish, bir tomondan, keskin purizm, ikkinchi tomondan, o‘rinsiz ajnabiyparastlikka chek qo‘yish uchun tizimli ilmiy filtrlarga tayanish vaqti keldi.
Yangi atamalarni qabul qilish va milliylashtirish jarayoni turli sohada tarqoq holda kechmoqda. Bir vazirlik qo‘llagan atamani boshqa tashkilot inkor etyapti, darsliklardagi terminlar bilan ommaviy axborot vositalaridagi til o‘rtasida jiddiy tafovutlar ko‘zga tashlanyapti. Bu muammoni bartaraf etish uchun mamlakatimizda “Idoralararo terminologik ekspertiza kengashi”ni doimiy asosda yo‘lga qo‘yish zarur. Bunday kengash tarkibiga nafaqat tilshunos olimlar, bevosita soha mutaxassislari – axborot texnologiyalari muhandislari, bank-moliya sohasi tahlilchilari, huquqshunoslar, jurnalist va tarjimonlar jalb etilishi lozim. Shunda yangi taklif etilayotgan har bir birlik real soha ehtiyoji va lingvistik mezonlar asosida har tomonlama muhokama qilinadi.
Tarixiy tajriba ko‘rsatadiki, til siyosatida ma’muriy buyruqbozlik va quruq taqiqlar hech qachon kutilgan natijani bermaydi. Inson o‘zi uchun tushunarli, ixcham va ifodali bo‘lgan so‘zni tabiiy ravishda tanlaydi. Agar chetdan kirib kelayotgan tushunchaga o‘zbek tilining boy imkoniyatlari asosida qulay, ohangdor va lo‘nda muqobil taklif eta olmasak, odamlar baribir ajnabiy so‘zni ishlatishda davom etaveradi. Shu sababli davlat tili siyosati sun’iy to‘siqlar qo‘yishga emas, foydalanuvchi, dasturchi, o‘qituvchi va ish yurituvchilar uchun qulay, ochiq va doimiy yangilanib turadigan raqamli terminologik bazalarni yaratishga qaratilishi shart.
Tavsiya etilayotgan besh bosqichli ilmiy filtr tizimi o‘zbek tilining lug‘at boyligini tizimli ravishda oshirishga, ta’limdagi tushunarsiz formulalarni soddalashtirish va davlat idoralarida ish yuritish sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi:
ta’limda: o‘quvchi va talabalar murakkab, chalkash tarjima tufayli fanni o‘rganishdan bezmaydi, aksincha, bilimlarni ona tilida oson o‘zlashtiradi;
hujjat yuritishda: ma’muriy matnlar ortiqcha so‘zamollikdan xalos bo‘lib, ixcham, aniq va bir ma’noli shaklga keladi;
raqamli maydonda: milliy interfeyslar foydalanuvchiga yaqinlashadi, axborot texnologiyalari tili o‘zbekcha jaranglay boshlaydi.
Ona tilimiz ko‘p asrlik boy merosi va cheksiz so‘z yasash salohiyati bilan zamonaviy fan va taraqqiyot talablariga to‘liq javob berishga qodir. Asosiy vazifa – unga befarq qaramaslik, har bir yangi so‘zga mas’uliyatli lisoniy elak bilan yondashish. Bugun biz tanlayotgan, sayqallayotgan va qonuniylashtirayotgan har bir atama kelajak avlodning ilmiy tafakkuri va dunyoqarashini shakllantiradi. Ona tilimizni jahon ilm-fani bilan erkin tillasha oladigan baquvvat muloqot quroliga aylantirish har birimizning fuqarolik va insoniy burchimizdir.
Baxtiyor MENGLIYEV,
TAFU tadqiqotchi-professori
Tarix
Din
San’at
Ta’lim-tarbiya
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q