Maqdisiy asarida turkiy xalqlar haqida nimalar yozilgan?


Saqlash
17:23 / 03.09.2026 518 0

Turkiy xalqlar jahon tarixida Uzoq Sharqdan Yevropa va Shimoliy Afrikagacha bo‘lgan hududlarda yirik davlatlar barpo etib, geosiyosiy jarayonlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Ular o‘z davrida barqaror boshqaruv va mustahkam davlatchilik an’analarini shakllantirgan. Shu bois, turli xalqlar vakillari, ayniqsa arab mualliflari tomonidan turkiylar tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan ko‘plab asarlar yaratilgan.

 

Turkiy xalqlar haqida asar yozgan olimlardan biri Abu Homid Maqdisiydir. Abu Homid Maqdisiy XV asrda yashagan shofi’iy faqih, muhaddis va tarixchi olim. U Quddusda ilmiy muhitda voyaga yetib, dastlabki ta’limni otasidan olgan. Maqdisiyning ilmiy yuksalishida o‘z davrining zabardast ulamolaridan Ibn Hajar Asqaloniy, Taqiyuddin Maqriziy, Ibn Qozi Shaba kabi zotlarning hissasi katta bo‘lgan. Ta’kidlash joiz, Abu Homid Maqdisiy tarixnavislikda Ibn Xaldun maktabining davomchisi hisoblanadi. Boisi, u Ibn Xaldunning shogirdi bo‘lmish Taqiyuddin Maqriziydan ta’lim olgan va o‘z asarlarida mazkur ikki ulamoning ilmiy qarashlarini mujassam etgan.  Bu holat olimning asarlarida, xususan, “Turkiy xalqlarning Misr diyorlariga keltirilishidagi Allohning yashirin hikmatlari” nomli tarixiy asarida yaqqol namoyon bo‘ladi. Muallif ushbu asarida ko‘p o‘rinlarda Maqriziy ma’lumotlaridan keng foydalangan va uning tarixiy xulosalarini yoqlagan.

 

Endi bevosita asarning mazmuni va maqsadiga to‘xtalsak. Mazkur asarning yaratilishidan maqsad inqiroz sharoitida hukmron doiralarga davlat boshqaruvining samarali usullarini ko‘rsatib berishdan iborat edi. Bu borada muallif o‘ziga xos tarixiy-tahliliy uslubni qo‘llaydi. Uning bu yondashuvi ma’lum ma’noda tarixchi Ibn Arabshoh tomonidan Amir Temur shaxsini tadqiq etishda qo‘llangan uslubni eslatadi. Ma’lumki, Ibn Arabshoh Amir Temurga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lishiga qaramay, uning davlat boshqaruvidagi mahorati, adolatparvarligi va harbiy iste’dodini o‘z davri hukmdorlari uchun ibrat sifatida tasvirlagan edi. Shu tariqa u raqib tomon vakilining ijobiy jihatlarini ko‘rsatish orqali zamondoshlarini islohotlarga undashni maqsad qilgan.

 

Abu Homid Maqdisiy ham xuddi shunday uslubdan foydalanib, o‘tmishdagi muvaffaqiyatli siyosiy tajribalarni o‘z davridagi boshqaruv tizimining kamchiliklarini bartaraf etish uchun mezon sifatida taqdim etadi. Muallifning fikricha, tarix faqat o‘tmish voqealarining bayoni emas, balki davlat va jamiyat hayotini takomillashtirishga xizmat qiluvchi amaliy tajriba maktabidir.

 

Asarning yozilishiga turtki bo‘lgan muhim tarixiy omillardan yana biri 1382-yildan boshlab Mamluk Saltanatida siyosiy hokimiyatning turkiy mamluklar qo‘lidan cherkas amirlar qo‘liga o‘tishi va buning natijasida XV asr o‘rtalariga kelib davlatning chuqur tanazzulga yuz tutganidir. Muallif turkiy mamluklar hukmronligi davridagi siyosiy barqarorlik, qat’iy tartib-intizom va samarali boshqaruv tajribasini cherkas hukmdorlari uchun namunaviy model sifatida tasvirlaydi. Shu orqali u hukmron tabaqaga tarixiy tajribadan saboq chiqarish zarurligini eslatib, mamlakatni inqirozdan olib chiqish yo‘llarini ko‘rsatishga harakat qiladi.

 

“Islomning ulug‘vor va go‘zal davlatlari hamda turkiy xalqlarning Misr diyorlariga keltirilishidagi Allohning yashirin hikmatlari borasidagi mushohadalarim” asari turkiy xalqlar, xususan, o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixini o‘rganishda juda qimmatli manba bo‘la oladi.

 

Asarda turkiylarning ruhiy va axloqiy sifatlari

 

Maqdisiyga ko‘ra, turkiylardagi yuksak axloq ularning qon-qoniga singib ketgan Alloh bergan tabiiy fitratdir. Turkiylarning ko‘pchiligida ichki soflik va qalb salomatligi ustuvorlik qiladi. Ular makkorlik, hiyla, aldov va pastkashlik kabi illatlardan yiroq. Ayniqsa, asarda Misr diyoriga yaqin orada kelgan turklarning nihoyatda sofdil va beg‘ubor ekanligi alohida qayd etib o‘tiladi.

 

Turkiylarning axloqiy fazilatlaridan biri ular orasida hasad va ko‘ra olmaslik kabi illatlar deyarli yo‘qligidir. Agar ulardan birortasining mansabi va martabasi ko‘tarilsa yoki boyib ketsa, qolganlari: “u bunga loyiqdir, buni unga Alloh berdi”, deb aytishadi. Muallif bu holat arab faqihlarida umuman uchramasligini bildiradi. Shuningdek, u qasam ichib aytadi-ki, hasad arablarning ko‘ksini butunlay to‘ldirib yuborgandir.

 

Muallif turkiylarning qoni qaynoq, fe’l-atvori shiddatli va qiziqqon bo‘lishiga qaramay, masalaning asl mohiyati tushuntirilgan zahoti g‘azablari darhol so‘nishini ta’kidlaydi. Ayniqsa, boy hayotiy tajribaga ega keksa kishilar orasida bu vazminlik yaqqol ko‘zga tashlanadi. Turkiylar xato qilib qo‘ysalar, tezda pushaymonlik his etishlariga va Allohga tavba aytishlariga ko‘p bor guvoh bo‘lganini aytadi. Shu o‘rinda arablarni turklar bilan solishtirib, turkiy xalqlardagi bunday yuksak axloqiy sifatlar arablarda yo‘qligini, bordi-yu topilganda ham, minglab arablar orasidan faqat bir kishidagina uchrashi mumkinligini aytib o‘tgan.

 

Turkiy xalqlarning tabiati qanchalik qiziqqon va tezda g‘azablanishga moyil bo‘lmasin, ular oddiy insonlarga nisbatan g‘oyat rahm-shafqatli, zaif va kambag‘allarga nisbatan esa ko‘ngli ochiq edi. Turkiy xalqlarda xotimaning, yani, umrning yakuni qanday bo‘lishidan xavfsirash tuyg‘usi juda kuchli. Ularning haqqiga: “Umringiz uzoq, rizqingiz barakali bo‘lsin”, deya duo qilinsa, ular: “Yo‘q, yaxshisi, xotimamiz xayrli bo‘lishini so‘rang”, deb javob qaytaradilar. Muallif bu holat o‘z millatdoshlari bo‘lgan arablar tabiatiga butunlay zid ekanini ta’kidlar ekan, o‘sha davrda arablar orasida fitna va buzg‘unchiliklar avj olganini qayd etadi. Shuningdek, u agar arablar Shom va Misr o‘lkalarida turklar o‘rniga hukmronlikni qo‘lga kiritgan taqdirda, bu hududlarda zulm va adolatsizlik yanada ortib ketishini ham qo‘shimcha qiladi.

 

Maqdisiy turkiylarni yana bir fazilati – jasorat va yuragi baquvvat ekanini keltirib o‘tadi. Ular o‘limga duch kelishsa, aslo hayiqmasliklarini aytib, bu holat mo‘g‘ullar va yevropalik salbchilar bilan bo‘lgan janglarda yaqqol isbotini topganligini qayd etadi.

 

Muallif turkiy xalqlarning o‘ziga xos fazilatlaridan biri sifatida ularning xiyonatdan yiroq ekanini alohida ta’kidlaydi. Agar turkiylar biror vaqf mulkiga yoki davlat ahamiyatiga molik ishga mas’ul etib tayinlansalar, unga xiyonat qilishlari yoki uni nohaq o‘zlashtirishlari o‘ta kam uchraydigan holatdir. Shuningdek, ular biror yetimning molini boshqarishga yoki vasiyatni ijro etishga mas’ul bo‘lsalar, bu vazifaning mas’uliyatni his qiladilar va omonatni qat’iy asraydilar. Turkiy xalqlarning bunday omonatdor bo‘lishlarining uchta asosiy omili bor. Birinchidan, ular hukmdorlar huzurida qat’iy javobgarlikka tortilishdan hayiqishgan. Ikkinchidan, Alloh ularga rizqni keng qilib qo‘ygani bois, moddiy jihatdan birovning moliga ehtiyoji bo‘lmagan va tabiatan to‘qlikka o‘rganishgan. Uchinchidan esa, Yaratganning oxiratdagi azobidan qo‘rqqani va qiyomatdagi hisob-kitobni doimo yodda tutganidir.

 

Turklarning yana bir yuksak fazilati, ya’ni tavozega boy va kamtarligi alohida e’tirofga ega. Muallifning qayd etishicha, ular ayniqsa ulamolar, faqihlar va solih insonlarga nisbatan beqiyos ehtirom ko‘rsatadilar. Bunday zotlarni majlislarning to‘riga o‘tqazib, muloqot va savol-javobda nihoyatda muloyim bo‘ladilar. Ulamolarni o‘zlaridan yuqori qo‘yishni aslo or yoki kibr deb bilmaydilar. Zero, turk xalqining kattasi-yu kichigi ana shunday yuksak axloqiy tartib-qoidalar asosida tarbiya topgan. Shuningdek, ularning o‘z tengqurlari, hatto yoshi yoki martabasi kichik bo‘lganlar bilan munosabatida ham yuksak odob va kamtarlik ustuvordir. Majlislarda bir-birlariga izzat-ikrom ko‘rsatib, yuqori o‘rinlarga taklif etishlari doimiy holat bo‘lib, bu ularga aslo malol kelmaydi. Maqdisiy ushbu xislatlar arablarning fe’l-atvoriga butunlay zid ekanligini alohida ta’kidlab o‘tadi.

 

Olim turkiy xalqlarning yana bir fazilati sifatida ularning do‘stlik ahdiga nihoyatda vafodor ekanini qayd etadi. Agar do‘stlaridan birining boshiga musibat tushsa, lavozimidan chetlatilsa, surgun qilinsa yoki betob bo‘lib qolsa ham, u birodarlarining e’tiboridan aslo chetda qolmaydi. Martabasi pasaygani sababli undan yuz o‘girmaydilar; aksincha, unga bo‘lgan mehr-muhabbatlari, xizmat va ehsonlari yanada ziyoda bo‘ladi. Unga otlar, mol-mulk, sarpovlar va boshqa zaruriy ashyolarni jo‘natib turadilar. Hatto do‘stlari olis o‘lkalarda bo‘lsa-da, ularga sovg‘a-salom va tuhfalar yuborishdan to‘xtamaydilar.

 

Olim turkiy xalqlarning yana bir fazilati sifatida ularning tezda nasihatni qabul qilishlarini keltiradi. Ular o‘zlariga nasihat qilgan har bir kishidan, u xoh haq bo‘lsin, xoh nohaq, yaxshilikni o‘rganishga intiladilar. Bu holat ularning qalbi naqadar sof va beg‘ubor ekanligidan dalolat beradi. Ayniqsa, nasihatgo‘y kishi solih va taqvodor bo‘lib ko‘rinsa, unga butunlay ishonadilar. Hattoki ularning ongidagi idrok shakli shunday-ki, agar biror kishi birinchilardan bo‘lib kelib menga zulm qilindi deb arz qilsa, o‘sha kishining so‘zini hech bir shubhasiz haqiqat deb qabul qiladilar, hattoki o‘sha kishi nohaq bo‘lsa ham. Shundan so‘ng uning raqibi kelib, ochiq-oydin dalillar va yuzlab isbotlar keltirsa ham, uning gapini qabul qilishlari qiyin kechadi. Shuning uchun ham biz, da’vo kim haq bo‘lganniki emas, balki birinchi bo‘lib kelgannikidir, deb aytamiz.

 

Turkiylarning aholi xavfsizligi va huquqni ta’minlashdagi hissasi

 

Maqdisiy o‘z asarida turkiy xalqlarning Misr va Shomdagi boshqaruvi davrida aholi xavfsizligi to‘la kafolatlangani, jamiyatda qat’iy tartib va qonun ustuvorligi o‘rnatilganini ta’kidlaydi. Olimning e’tirof etishicha, Turkiylarning tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlari butun musulmon olami uchun eng ulkan xizmatdir. Shu sababli, u turkiylar davlat xazinasidan beriladigan boyliklar va ulkan yer-mulklarga ega bo‘lishga mutlaqo haqli, deb hisoblaydi. Ayniqsa, turkiylarning ham ichki, ham tashqi xavfsizlikni ta’minlashdagi rolini yuqori baholab, ularning mo‘g‘ullar bosqini, salibchilar yurishlari va tartibni buzuvchi, qaroqchi arablarga qarshi olib borgan mislsiz kurashlarini alohida qayd etadi.

 

Tarixdan ma’lum-ki, mo‘g‘ullarning Shom va Misr o‘lkalariga, shuningdek, islom olamining muqaddas markazlari hisoblangan Makka va Madina shaharlariga qiladigan tajovuzlarini aynan turkiy xalqlar to‘xtatib qolgan. Ular Falastinning Ayn Jolut maydonida mo‘g‘ul hukmdori Xulaguxon qo‘shinini tor-mor keltirib, islom olamini buyuk falokatdan asrab qolishgan. Mazkur jangda musulmon Turkiy qo‘shinlariga Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdining jiyani Sulton Sayfuddin Qutuz qo‘mondonlik qilgan. Mazkur to‘qnashuvda mo‘g‘ullarga qo‘mondonlik qilgan Kitbug‘a ismli sarkardasi ham o‘ldirilgan.

 

Shu bilan birga, Misr, Shom va Falastin hududlari muntazam ravishda yevropalik salbchilarning tajovuzkorona yurishlariga nishon bo‘lgan. Mazkur bosqinlar oqibatida tinch aholi behisob talafotlar ko‘rgan hamda mintaqaning moddiy va madaniy boyliklari ayovsiz talon-toroj qilingan. Muallif turkiy xalqlarning mintaqada hokimiyat tepasiga kelishi salbchilarning tajovuzlariga chek qo‘yganini hamda ularga berilgan qaqshatqich zarbalar tufayli aholining osoyishtaligi va xavfsizligi qayta tiklanganini alohida e’tirof etadi.

 

Muallif bu davrda aholi osoyishtaligiga rahna solgan yana bir toifa sifatida ko‘chmanchi, qaroqchi arablar ekanligini alohida ta’kidlaydi. Buning asosiy sababi sifatida badaviylarning shariat odoblaridan bexabar ekanliklari va islomiy tarbiya doirasida shakllanmaganliklarini ko‘rsatadi. Cho‘ldagi hayot hamda doimiy chorva ketidan yurish natijasida ularning idroki to‘porilashgan, tabiatlari qo‘pol va qalblari qattiqlashgan bo‘lib, bunday toifaning to‘g‘ri va adolatli yo‘lni topishi o‘ta mushkuldir. Bu fikrlarni Maqdisiydan oldin yashagan tarixchilar ham ta’kidlab o‘tgan. Shulardan eng ko‘zga ko‘ringanlaridan biri jamiyatshunoslik fanining asoschisi Ibn Xaldundir. Uning qayd qilishicha, arablar o‘zlaridagi vahshiylik tabiati taqazosiga ko‘ra bosqinchi va talonchidirlar. Ular jamiyat uchun faqat zarar va ziyon yetkazadilar. Ibn Xaldun, aslida, bu arablar uchun tabiiy holat ekanligini qayd qilib, arablar ko‘chmanchi bir xalq ekanligini aytadi. Ko‘chmanchilikdagi vahshiylik arablarning suyak-suyagigacha singib ketgan. Shu tariqa vahshiylik ularning xulqi va tabiatiga aylanganligini aytadi.

 

Arablarning nazarida vahshiylik zavqli narsa, chunki unda qonunlar bo‘yinturug‘idan chiqish va biror siyosiy yetakchiga bo‘ysunmasdan erkin va ozod yashash imkoni bor. Biroq bu holat madaniyat va tamaddunga zid, teskaridir. Arablar toshga faqat qozonlariga o‘choq toshi yasash uchun ehtiyoj sezdilar. Bu toshlarni tayyor bino va imoratlarni buzib tashib keltiradilar. Tosh topish maqsadida binolarni vayron qiladilar.

 

Maqdisiyning ta’kidlashicha, arablar hokimiyat jilovini qo‘lga olsalar, xalq ustidan og‘ir zulm o‘tkazishlari muqarrardir. Bu borada Ibn Xaldun ham o‘zining atroflicha mulohazalarini bayon qilgan. Unga ko‘ra, arablar qonunlar ijrosini ta’minlash, xalqni zarar va ziyondan himoya qilish hamda insonlarning bir-biriga tajovuz qilishining oldini olish masalalariga yetarli darajada ahamiyat bermaydilar. Ularning asosiy intilishlari talon-toroj va og‘ir soliqlar orqali xalqning mol-mulkini qo‘lga kiritishdan iborat. Shu sabab, ularning hukmronligi ostida aholi biror-bir hukm va qonunlarga bo‘ysunmagan holda, davomli tartibsizlik ichida qoladi. Bunday tartibsizlik esa insoniy qadriyatlarni mahv etadi va tamaddun asoslarini yemiradi.

 

Maqdisiy o‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy muhitni tavsiflar ekan, xalq orasida “Turkning zulmi – arabning adolatidan afzal” degan ibora ota so‘zi darajasiga chiqqanini aytib o‘tadi. Bu jumla aslida juda chuqur falsafiy ma’noga ega. Mazkur iborani atroflicha tahlil qiladigan bo‘lsak, turkiy xalqlarning Misr va Shomda boshqaruvni qo‘lga olishi mintaqada qat’iy tartib-intizom va huquqiy barqarorlikni ta’minlaganini ko‘rishimiz mumkin. Asarda keltirilgan “Turklarning zulmi” tushunchasi, hatto zulm ham muayyan tizim va huquqiy doira ichida amalga oshirilganini ko‘rsatadi. Ya’ni, qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda hatto qattiqqo‘llik ham oldindan taxmin qilsa bo‘ladigan xarakterga ega bo‘ladi; bunday tizimda shaxs o‘z huquqlarini himoya qilish yo‘llarini yoki ko‘riladigan choralarni oldindan bilish imkoniga ega bo‘ladi. Aksincha, badaviy “arablarning adolati” muayyan huquqiy tizimga emas, balki tartibsizlik va noaniqlikka tayangan.

 

Bunday sharoitda jazolash va mukofotlash tizimi mantiqiy asosga ega bo‘lmay, mutlaqo tasodifiy xarakter kasb etgan. Jamiyat mavhumlik va bosh-boshdoqlik ichida qolar ekan, u yerdagi adolat ham, zulm ham kutilmagan hodisaga aylanadi. Insonlar o‘z harakatlarining natijasini oldindan bilmaganlari bois, bunday “adolat” ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlay olmaydi. Shu sababli, turkiy boshqaruvdagi qat’iy nizom va huquqiy aniqlik ko‘chmanchi qabilalarning tartibsiz hamda o‘zgaruvchan boshqaruvidan ko‘ra aholi uchun manfaatliroq va xavfsizroq hisoblangan.

 

Maqdisiy o‘sha davrdagi Misr va Shom mintaqasidagi ijtimoiy barqarorlikni tasvirlar ekan, oddiy xalq orasida qurol ko‘tarib yurish ehtiyoji yo‘qolganini alohida qayd etadi. Uning yozishicha, aholi nafaqat qurolga, balki himoya vositasi sifatida biror tayoqqa ham ehtiyoj sezmaydi; hattoki qurol sotib olish haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi. Buning asosiy sababi esa xalqning o‘z joni, mol-mulki va oilasi xavfsizligidan ko‘ngli butunlay to‘q ekanligidir. Muallif ushbu osoyishtalikni turkiylar tomonidan o‘rnatilgan qat’iy tartib-intizomning natijasi deb biladi.

 

Maqdisiy shu davrni turkiylar hokimiyatga kelishidan oldingi bosqich bilan qiyoslaydi. Avvalgi sulolalar davrida, hatto poytaxt Bog‘dod kabi shaharlarda xalifa va hukmdorlar bo‘lishiga qaramay, qaroqchilar tunda mash’alalar va hayqiriqlar bilan xonadonlarga ochiqchasiga bostirib kirishgani, bunday buzg‘unchiliklar, ayniqsa Abbosiylar xalifaligining so‘nggi davrlarida avj olganini ta’kidlaydi. Shu bois, Maqdisiy Misr va boshqa hududlar xalqini turkiylar ta’minlab bergan ushbu tinchlik va xavfsizlik ne’mati uchun Allohga shukrona aytishga undaydi.

 

Muallif mintaqada turkiylar tomonidan o‘rnatilgan tartib va adolatning naqadar kuchli ekanligini isbotlash uchun yana bir hayotiy misol keltiradi. Uning qayd etishicha, bozor va ko‘chalarda qattiq janjallashib, shovqin-suron ko‘targan odamlar, agar eng quyi martabadagi turk jangchisi qo‘lida tayoq bilan kelib qolsa, darhol tarqalib ketadilar. Vaholanki, agar o‘sha nizo ustidan nufuzli qozilar o‘tib qolsa-da, janjallashayotganlar ularga e’tibor ham bermay, nizolarini davom ettiraveradilar. Aynan shu sababli, o‘sha davr xalqi orasida turkiylarning jamiyat hayotidagi ahamiyatini ifodalovchi:  “Turk – Misrning tuzidir”, degan go‘zal bir ibora shakllangan. Ushbu iboraning mohiyatini quyidagicha izohlash mumkin: mazkur mintaqada turklarning soni aholining qolgan qismiga nisbatan kam bo‘lsa-da, ularning mavjudligi jamiyat omonligi va tartib-intizomi uchun xuddi taomdagi tuz kabi zaruriy ehtiyoj hisoblangan.

 

Mazkur o‘xshatishni yana bir jihatdan tahlil qilsak, tuz ovqatga qo‘shilgandan so‘ng uning barcha qismlariga bir xil tarzda tarqaladi va umumiy maza beradi. Ya’ni, taomning bir tomoni sho‘r, ikkinchi tomoni esa tuzsiz bo‘lib qolmaydi. Bu holat turkiylarning ham jamiyatda ijtimoiy tabaqalanishga yo‘l qo‘ymay, xalqning barcha qatlamlariga nisbatan teng va bir xil adolatli muomalada bo‘lganliklarini anglatadi. Shunday ekan, turklar o‘rnatgan tartib va adolat mezonlari jamiyatning barcha bo‘g‘inlariga birdek daxldor bo‘lgan.

 

Turkiylarning harbiy mahorati

 

Maqdisiy turklarning harbiy san’atdagi mahoratiga yuqori baho berib, ularning harbiy ilmni chuqur egallaganliklarini alohida ta’kidlaydi. Muallifning qayd etishicha, turk jangchilari qurol-yarog‘ bilan muomalada yuksak salohiyatga ega bo‘lish barobarida, ot choptirish, nayzabozlik va qilichbozlikda ham tengsiz mahorat namoyish etganlar. Aynan shu xislatlar ularni jang maydonining mard va yengilmas qahramonlariga aylantirgan.

 

Turklarning jangovarlik mahorati haqida nafaqat Maqdisiy, balki deyarli barcha davr mualliflari ma’lumot bergan. Xususan, mashhur arab adibi Johiz ushbu harbiy mahoratni biroz mubolag‘a bilan shunday ta’riflaydi: “Xorijiy bitta o‘q uzguncha, turk o‘nta o‘qni nishonga uradi”. Johizning yozishicha, turklar nafaqat turg‘un nishonlarni, balki yovvoyi hayvonlar va hatto shiddat bilan sho‘ng‘iyotgan qushlarni ham bexato urishgan. Ularning hayratlanarli mahorati shundaki, yuqori tezlikda ot choptirib borayotgan holda barcha yo‘nalishlarga – oldinga va ortga, o‘ng-u so‘lga, yuqori va pastga qarata birdek aniqlikda o‘q uzishga qodir bo‘lishgan.

 

Turkiy xalqlarda elshunoslik

 

Maqdisiy turkiy xalqlarning tashqi ko‘rinishi va jismoniy holatiga alohida to‘xtalib, ularning tana a’zolari, ayniqsa, bosh va ko‘zlari nihoyatda sog‘lom ekanini ta’kidlaydi. Turkiy xalqlarning keksalari ham baquvvat bo‘lib, tana va ko‘z sog‘lomligi saqlanib qoladi. Ular orasida majruh, ko‘zi xira, ko‘r, moxov yoki shunga o‘xshash og‘ir xastaliklarga chalinganlarni deyarli uchratmaysiz.

 

Turkiylarning tashqi qiyofasi nurli, jozibali va kishini lol qoldiradigan darajada go‘zaldir. Xoh yosh, xoh qariya bo‘lsin, ularning jismoniy ko‘rkamligi hayratlanarli bo‘lib, yuzi xunuk yoki ko‘rinishi vahimali kishilar deyarli yo‘q.

 

Maqdisiy bunday tashqi go‘zallik shariatda ham maqtalgan sifat ekanini ta’kidlaydi. Zero, tashqi ko‘rinishning go‘zalligi shariatda maqbul va talab qilingan narsadir. Shu boisdan ham, shariat qoidalariga ko‘ra, namozda imomlikka o‘tishda, agar boshqa sifatlari teng bo‘lgan taqdirda yuzi go‘zal kishi xunuk kishidan ustun qo‘yiladi. Chunki inson nafsi go‘zallikdan lazzat oladi.

 

Maqdisiy turkiy xalqlarning insoniy xususiyatlarini o‘rganar ekan, turkiy ayollarning jamiyatdagi o‘rni va ularning nafosatiga alohida e’tibor qaratadi. Muallifning ta’kidlashicha, ayol kishidagi tashqi go‘zallik nikohning tub maqsadi – nasl davomiyligini ta’minlash va oilaviy barqarorlikni qaror toptirishda hal qiluvchi omillardan biri hisoblanadi.

 

Maqdisiy turkiy ayollarni go‘zallik borasida namuna sifatida ko‘rsatib, ularning tashqi jozibasi erkaklarinikidan ham ustun ekanini qayd etadi. Muallif keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, turkiy ayollar orasida husni eng yuksak cho‘qqiga chiqqanlari tarixan o‘ta yuqori ijtimoiy va moddiy qiymatga ega bo‘lganlar.

 

Shuningdek, asarda turkiy ayollar bilan kechadigan oilaviy hayot va turmush munosabatlari shaharlik ayollarga nisbatan ruhiy halovat hamda ma’naviy pokizalik jihatidan ustun ekani tajribalar asosida bayon qilinadi. Muallifning xulosasiga ko‘ra, agar turkiy ayollardagi tashqi go‘zallik iffat va odob kabi ma’naviy kamolot sifatlari bilan uyg‘unlashsa, bu oilaviy totuvlik va hayotiy mamnuniyatning eng oliy darajasini ta’minlaydi.

 

Maqdisiy turkiy xalqlarning moddiy madaniyati, xususan, kiyinish odobi va tashqi qiyofasining ulug‘vorligiga yuqori baho beradi. Muallifning qayd etishicha, turkiylarning liboslari o‘zining nafisligi, o‘ziga xos uslubi va kishida haybat uyg‘otuvchi ko‘rinishi bilan ajralib turadi. Garchi kiyim shakllaridagi ayrim o‘zgarishlar keyingi davr mahsuli bo‘lsa-da, ulardagi milliy o‘ziga xoslik hayratlanarlidir.

 

Muallif turkiy xalqlarning taomlanish madaniyatiga alohida e’tibor qaratadi. Unga ko‘ra, turkiylarning taomlanishdagi o‘ziga xos jihati, taom va ichimliklarning nafisligi hamda saralanganligidir. Turkiy xalqlar iste’molda har bir narsaning eng go‘zal, foydali va pokizasini tanlashga intiladilar. Ularda dabdabali dasturxon tuzashga va nafis shirinliklarga nisbatan kuchli moyillik seziladi.

 

Iste’mol qiladigan mahsulotlari ro‘yxatidan maxsus parvarishlangan qo‘y go‘shti, sariyog‘ va murch bilan tayyorlangan palovlar, semirtirilgan tovuq, g‘oz va boshqa turli parrandalarning go‘shti o‘rin olgan bo‘lib, ular asosan qovurish va bug‘lash usullarida tayyorlanadi. Shuningdek, kunning tonggi va kechki qismida turli sifatli sharbatlarni sof yoki aralashtirilgan holda ichish odat tusiga kirgan.

 

Muallif turkiy xalqlarning turmush tarzi va ijtimoiy farovonligini ularning yana bir muhim fazilati sifatida tavsiflaydi. Xususan, xonadonlardagi to‘kin-sochinlik, oilaviy hayotning barqarorligi hamda har bir shaxsning o‘z ijtimoiy mavqeiga mos ravishda xizmatkorlar, chorva va moddiyat bilan ta’minlangani alohida qayd etiladi.

 

Turkiy xalqlarning me’morchilik madaniyati o‘z davrining yuksak cho‘qqisiga chiqqan bo‘lib, amir va aslzodalarning naqshinkor qasrlari, tilla suvi yugurtirilgan muhtasham saroylari hashamat bobida turkiylar Misr va Shomda saltanat qurishdan oldingi hukmdorlar maskanlaridan ustun turadi.

 

Ulkan hududlarda davlatchilik madaniyatini shakllantirgan turkiy xalqlar ijtimoiy adolatga asoslangan nizam yaratishni o‘zlarining bosh maqsadi deb bildilar. Garchi tarixiy jarayonlarda chekinishlar bo‘lgan bo‘lsa-da, ular o‘rnatgan boshqaruv tizimi ko‘p jihatdan xalqchil va adolatli ekani bilan ajralib turdi. Shu jihatdan turkiy xalqlarda davlatchilik tizimini o‘rganishda Abu Homid Maqdisiyning “Islomning ulug‘vor davlatlari va turkiy xalqlarning Misr diyoriga kelishidagi ilohiy hikmatlar” nomli asari beqiyos ahamiyatga ega manbadir. Muallifning shaxsiy hayotida arab ulamolari tomonidan duch kelgan adolatsizliklar va fitnalar uning tarixiy jarayonlarga xolis nazar tashlashiga, turkiy xalqlarning fazilatlarini arablar bilan qiyosiy tahlil qilishiga turtki bo‘lgan.

 

Maqola va manba tahlilidan kelib chiqib, quyidagi muhim xulosalarni ilgari surish mumkin:

 

Birinchidan, asarda Maqdisiy turkiy xalqlarni yuksak ma’naviyat va sof fitrat sohiblari sifatida tasvirlaydi. Ularning qalb pokligi, hasaddan yiroqligi, omonatga xiyonat qilmasliklari va ayniqsa, mas’uliyat hissi bilan yashashi jamiyatdagi ijtimoiy adolatning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilgan. Bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan ushbu axloqiy mezonlar turkiy xalqlarning davlat boshqaruvidagi muvaffaqiyatlarining bosh omili sifatida ko‘rsatiladi.

 

Ikkinchidan, turkiylarning mintaqadagi boshqaruvi “Misrning tuzi” deb ta’riflanishi bejiz emas. Ular nafaqat tashqi xavf – mo‘g‘ullar bosqini va salbchilar yurishidan islom olamini himoya qildi, balki ichki tartibsizliklarga, qaroqchilik va boshboshdoqlikka chek qo‘ydi. Xalq orasida “Turkning zulmi arabning adolatidan afzal” degan iboraning paydo bo‘lishi, turkiylar o‘rnatgan qat’iy nizom va huquqiy aniqlik ko‘chmanchi qabilaviy boshqaruvdan ko‘ra inson huquqlari va xavfsizligini kafolatlashda samaraliroq bo‘lganini ko‘rsatadi.

 

Uchinchidan, asarda turkiy xalqlarning madaniy va jismoniy qiyofasiga berilgan ta’riflar ularning nafaqat ma’naviy, balki moddiy tamaddun sohasida ham peshqadam bo‘lganini ko‘rsatadi. Me’morchilik, pazandalik va kiyinish madaniyatidagi nafislik, ayollarga bo‘lgan yuksak ehtirom va ilm ahliga ko‘rsatilgan kamtarlik turkiylarning o‘ziga xos yuksak madaniyatini ifodalaydi.

 

Abu Homid Maqdisiyning ushbu asari bizga o‘zligimizni anglashda yangi fikrlarni beradi. Turkiy xalqlarning tarix sahnasidagi vazifasi faqat qilich bilan emas, balki adolat, omonatdorlik va ilmga bo‘lgan cheksiz hurmat bilan yo‘g‘rilgani mazkur asarning bosh g‘oyasidir. Ushbu tarixiy haqiqatlarni o‘rganish va jamiyatga taqdim etish, bugungi kun kishilari uchun o‘z ajdodlarining boshqaruv mahorati va axloqiy qiyofasidan ibrat olishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

 

Elyorbek TURDIMIRZAYEV,

O‘zR FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi

 

      Foydalanilgan manba va adabiyotlar

 

1.     Cahız. Türklerin faziletleri. İstanbul. 2017.

2.     Cüneyt Kanat. Tarihin medya ile imtihanı. İstanbul. 2021.

3.     Ibn Haldun. Mukaddime. İstanbul. 2022.

4.     Ibn Kasir. Al-Bidoya van-Nihoya. Al-juz’us-sobe’ ashar. Giza.

5.     Ismoil Posho al-Bag‘dodiy. Hadiyyatul-orifin asmo‘ul-muallifin osorul-musannifin. Al-mujalladus-soniy. Istambul. 1900.

6.     J. Azimqulov. Turklarni fazilatlari harb ishiga oid manba o‘laroq // “O‘zbekiston tarixi” jurnali. Toshkent. 2025 yil 3 soni.

7.     Muhibiddin Abu Homid al-Maqdisiy. Bazl an-nasoih ash-shar’iyya fima ‘ala as-sulton va vulot al-umur va sair ar-ra’iyya. Ar-Riyod. 1996.

8.     Muhibiddin Abu Homid al-Maqdisiy. Duvalul-islomiyish-sharifatul-bahiyya va zikru ma zohara li min hikamillahil-xafiyya fi jalbi toifatul-atrok ila ad-diyaril-misriyya. Bayrut. 1997.

9.     R. Şeşen. İbn Hassûl’ün Tafdîl el-Etrâk alâ Sâir el-Ecnâd Adlı Risalesinin Tercümesi // İslâm Tetkikleri Enstitüsü Dergisi. İstanbul. 1975. Cilt VI. Sayı 1-2. S. 121.

10.  Ramazan Şeşen. Türk memlüklerin faziletleri. İstanbul. Yeditepe. 2019.

11.  Shamsuddin as-Saxoviy. Ad-Dav’ al-lome’ li-ahlil-qarnit-tose’. Al-juz’us-sobe’. Bayrut. 1992.

12.  Şihabeddin b. Fazlullah Yel-Ömeri. Mesalikü’l Yebsar. İstanbul. 2014. S. 11.

13. U. Haarmann. Rather the injustice of the Turks than the righteousness of the Arabs // Studia Islamica. Paris. 1988. № 68. 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ta’lim-tarbiya

18:09 / 30.09.2026 0 224
Muallimga jo‘natilmagan maktub





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//