Qo‘qon xonligiga bormasdan “ishlagan” Britaniya josusi


Saqlash
16:14 / 03.09.2026 8651 3

XIX asrning birinchi yarmida Markaziy Osiyo dunyo siyosatining e’tibor markaziga aylana boshladi. Bu hududga nafaqat savdogarlar va sayyohlar, balki diplomatlar, harbiylar hamda turli maqsadlarda ma’lumot to‘plovchi shaxslar kirib kelardi. Xususan, Britaniya uchun mintaqa Hindiston xavfsizligi, savdo yo‘llari va Rossiyaning kirib kelish ehtimoli nuqtai nazaridan katta qiziqish uyg‘otgan. Shu sababli yo‘llar, shaharlar, daryolar, tog‘ dovonlari, hukmdorlar va mahalliy siyosiy kuchlar haqidagi har qanday ma’lumot muhim ahamiyat kasb etgan.

 

Ana shunday murakkab davrda Markaziy Osiyoga kelgan britanlar orasida Aleksandr Byorns alohida o‘rin tutadi. U tarixda ko‘proq sayohatchi va tadqiqotchi sifatida tanilgan bo‘lsa-da, faoliyati bu doiradan ancha keng edi. Britaniya hukumati va Ost-Indiya kompaniyasi xizmatida bo‘lgan Byorns safarlari davomida geografik, siyosiy hamda strategik ma’lumotlar to‘pladi: xaritalar tuzdi, yo‘llarni o‘rgandi, turli hujjatlarni yig‘di va mintaqadagi siyosiy vaziyatni jamladi.

 

Aleksandr Byornsning Qo‘qon xonligiga oid ma’lumotlari o‘zbek tarixshunosligida mutlaqo noma’lum emas. M.Mirmaqsudov tomonidan uning 1838-yil 1-fevralda Qobuldan Hindiston general-gubernatori kotibiga yo‘llagan hisoboti o‘zbek tiliga tarjima qilingan va Sh.Qo‘ldoshev tadqiqotida ilova sifatida keltirilgan. Biroq Byornsning Qo‘qon xonligi haqida yetarlicha batafsil ma’lumot to‘plagani, ularning manbalari hamda sayohatchi, diplomat va razvedkachilik faoliyati o‘rtasidagi bog‘liqlikni tadqiq etish dolzarbdir.

 

Bunda e’tiborga molik bir jihat bor: Byorns Qo‘qonga bormagan edi. Shunga qaramay, u Xonlikning siyosiy, iqtisodiy, geografik va ijtimoiy sohaga oid muhim ma’lumotlarini Britaniya hukumatiga yetkazib turgan.

 

Xo‘sh, Qo‘qonga qadam qo‘ymagan Byorns bu ma’lumotlarni qayerdan olgan? U oddiy sayyoh bo‘lganmi yoki Markaziy Osiyoda Britaniya manfaatlari uchun ma’lumot to‘plagan josus? Balki uning faoliyatida bu ikki tushuncha bir-biridan unchalik uzoq emasdir. Bu savollarga javob izlash uning Qo‘qon haqida qoldirgan qisqa, ammo nihoyatda qiziqarli ma’lumotlariga boshqacha nigoh bilan qarash imkonini beradi.

 

Byorns haqidagi hikoyani uning xaritalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki oddiy sayyoh yoki savdogar ko‘rgan shaharlari, tabiati va odamlari haqida xotiralar yozib qoldirishi mumkin. Ammo yo‘llarni o‘lchash, masofalarni belgilash, hududlarni xaritaga tushirish, tog‘lar va daryolarni qayd etib, bu materiallarni professional kartografga topshirish oddiy sayohatchining ishidan keskin farq qiladi.

 

Byorns Yevropaga qaytgach, Osiyoning turli hududlarida to‘qqiz yil davomida olib borgan tadqiqotlari natijasida tayyorlagan qo‘lyozma xaritalari, kuzatuvlari va hujjatlarini Jon Errousmitga topshirganini yozadi. Errousmit esa ana shu materiallar asosida Markaziy Osiyo va Ind daryosi hududlarini qamrab olgan yirik xaritani tayyorlagan.

 

Bu yerda xarita shunchaki geografik tasvir emasligi namoyon bo‘ladi. Unda qaysi yo‘l qayerdan o‘tishi, manzillargacha bo‘lgan masofalar, tog‘lar va dovonlarning joylashuvi, daryolar hamda vodiylarning xususiyatlari aks etgan. XIX asrda bunday ma’lumotlar savdogar, diplomat va harbiylar uchun birdek qimmatli edi. Ayniqsa, Yevropa davlatlari uchun hali to‘liq o‘rganilmagan Markaziy Osiyo kabi mintaqada aniq xarita katta strategik ahamiyatga ega bo‘lgan.

 

Britaniyaning Markaziy Osiyoga qiziqishi Rossiyaning mintaqaga kirib borishi tufayli Hindiston xavfsizligini ta’minlash maqsadida kuchaygan edi. Shu sababli geografik, siyosiy va strategik ma’lumotlar o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lib, Aleksandr Byornsning safarlari oddiy qiziqish emas, balki tizimli ma’lumot to‘plashga qaratilgan murakkab maqsadlarga xizmat qilgan.

 

Byornsning 1834-yilda Londonda nashr etilgan uch jildlik “Buxoro sayohatnomasi” asarida Qo‘qon xonligiga bag‘ishlangan “Qo‘qon haqida eslatma” qismi mavjud. U Qo‘qonni bevosita ko‘rmagan bo‘lsa-da, uning savdo va aloqa yo‘llari kontekstida, xususan, Yarkand va Turkiston o‘rtasidagi muhim yo‘l sifatida tilga oladi. Byorns Qo‘qonni Boburning otalik saltanati deb atab, uni Yuz urug‘i boshqarganini, hukmdor Bobur avlodidan ekanini da’vo qilganini, hududi Buxorodan kichik va siyosiy qudrati pasayib borayotganini yozadi. Shuningdek, xonlikning asosiy mahsuloti ipak ekanini qayd etadi.

 

Shaharlar borasida Byorns Qo‘qonni poytaxt, “ochiq shahar” hamda Buxoro bilan tenglashtiriladigan eng yirik markazlardan biri sifatida tavsiflaydi. Marg‘ilon qadimgi poytaxt, Andijon esa ahamiyatli shaharlardan biri deb ko‘rsatiladi. Uning yozishicha, Qo‘qon xoni Rossiya va Konstantinopol bilan aloqalarni saqlagan, biroq Yarkand hukmdorlariga nisbatan do‘stona munosabatda bo‘lmagan.

 

Byorns bu ma’lumotlarni tasodifan to‘plamagan. U 16 yoshidan Ost-Indiya kompaniyasida xizmat qilib, fors va hind tillarini o‘rgangan hamda 1822-yildan tarjimonlik qilgan. 1829-yilda Bombey hukumatiga Hind daryosi bo‘ylab tadqiqot va razvedka safarini taklif qilgan. 1831-yilda Lohorga ot yetkazib berish vazifasi orqali Hind daryosi vodiysini o‘rganib, Afg‘oniston va Hindukush orqali Buxoroga borgan. Bu safarlar uning 1834-yilgi asariga asos bo‘lgan.

 

Ikkinchi bosqichda, ya’ni 1836–1838-yillarda Byorns Afg‘onistonga maxsus missiya elchisi sifatida qaytib, siyosiy jarayonlar, Rossiya harakatlari va Qo‘qon xonligi haqida hisobotlar yuborgan (masalan, 1838-yil 1-fevraldagi Qobul hisoboti). U 1841-yilda Kobuldagi qo‘zg‘olon vaqtida halok bo‘lgan.

 

O‘sha davrda Buxoro turli hududlardan kelgan savdogarlar va karvonlar orqali ulkan axborot almashinuv markazi edi. Byorns Buxoroda mahalliy savdogarlar va suhbatdoshlar orqali Qo‘qon haqida ma’lumot to‘plagan. Uning faoliyatida josuslik elementlari yaqqol ko‘rinadi, zero u 1838-yilgi hisobotida ma’lumotlarni “ishonchli shaxslardan” olganini yozib, ularni tahlil qilgan hamda Britaniya hukumatiga Rossiyaning Qo‘qonga kirishi, xonlikning qarshiligi va mintaqaning strategik ahamiyati yuzasidan tavsiyalar bergan.

 

Qo‘qonning Rossiya va Konstantinopol hamda Yarkand hukmdorlari bilan munosabatlari haqidagi ma’lumotlar oddiy sayyoh qiziqishidan kengroq ahamiyatga ega bo‘lib, mintaqadagi siyosiy kuchlar nisbatini tushunish uchun muhim edi. Josuslik faoliyatida Byorns uchun yo‘lning o‘zi ham axborot manbasi edi: karvon yo‘nalishi, hokimiyatdagi hukmdorlar, xavfsiz yo‘llar va bozordagi mahsulotlar uning uchun qimmatli edi. Chunki josusning asosiy quroli axborot hisoblanib, Byorns Markaziy Osiyoda aynan shu maqsadda ish olib borgan.

 

Byorns “Buxoro sayohatnomasi”ning kirish qismida shunday yozadi: Yevropaga qaytgach, to‘qqiz yillik tadqiqotlari natijasida tayyorlagan qo‘lyozma xaritalari, uzunlamasiga kesim chizmalari, kuzatuvlari va boshqa asl hujjatlarini Jon Errousmitga topshirgan. Ushbu materiallar asosida tayyorlangan katta va mukammal xaritaga eng so‘nggi hamda ishonchli geografik ma’lumotlar jamlangan bo‘lib, u dunyoning mazkur qismi geografiyasini o‘rganishda yangi ilmiy tasavvurlarni yuzaga chiqaradi. Janob Errousmit ham mazkur xaritani o‘z mablag‘i, tavakkali va mas’uliyati ostida gravyura usulida nashr etganini ta’kidlagan.

 

Byornsning kirish so‘zidagi “to‘plagan boshqa asl hujjatlarimni” degan iborasi uning faqat ko‘rganlarini yozib qoldirmay, maqsadli ravishda ma’lumot va hujjatlar yig‘ganini ko‘rsatadi. U Qo‘qon xonligi hududiga bormagan bo‘lsa-da, kitobiga u haqda ma’lumotlar kiritgan. Biroq bu Qo‘qonga bag‘ishlangan mustaqil tadqiqot yoki bevosita sayohat taassuroti emas, balki muallifning Yarkand va Markaziy Osiyo yo‘llari haqidagi mulohazalari orasida bergan qisqa eslatmasidir. Asl matndan tayyorlangan tarjimasi quyidagicha:  “Ushbu yo‘llarning birinchisi qadimgi Farg‘ona bo‘lgan Qo‘qon orqali o‘tadi va qor erishi natijasida suv toshadigan uch yoz oyidan tashqari vaqtlarda doimo o‘tish uchun yaroqlidir. Bu yo‘lda sayohatchi nafas olishda qiyinchilik sezadigan ikki joy bor. Surgun qilingan Xo‘ja va Qo‘qon o‘zbeklari bilan yuz bergan notinchliklar so‘nggi yillarda bu yo‘lni karvonlar uchun yopib qo‘ygan. Biroq u Yarkand va Turkiston o‘rtasidagi eng yaxshi aloqa yo‘li hisoblanadi. Pomir tekisligi va Oks vodiysi orqali, Badaxshon va Balxdan o‘tuvchi yo‘l esa ancha aylanma bo‘lib, shuningdek, undan foydalanish qiyinroq.

 

Men Buxoro savdosi haqida so‘z yuritganimda ushbu ikki yo‘nalishni ham tasvirlab berganman. Shuning uchun bu yerda Boburning otalik saltanati bo‘lgan Qo‘qon haqida qisqacha to‘xtalib o‘tish kifoya. Uni Yuz urug‘idan bo‘lgan o‘zbek xoni boshqaradi va u Boburdan avlod ekanini da’vo qiladi. Bu Buxoroga nisbatan ancha kichik hudud bo‘lib, hozir uning qudrati pasayib bormoqda. Qo‘qon ipagi bilan mashhur.

 

Mamlakat poytaxti Qo‘qon bo‘lib, u Sir daryosi bo‘yida joylashgan ochiq shahardir. U Buxoroning taxminan yarmicha kattalikda bo‘lib, mazkur atrofdagi eng yirik shahar hisoblanadi. Qadimgi poytaxt Marg‘ilon bo‘lgan. Biroq Andijon ham ancha mashhur shahar hisoblanadi. Yarkand xitoyliklari g‘arbdan kelgan barcha mahalliy aholini “indijoniylar” deb ataydilar.

 

Qo‘qon aholisi salla o‘rniga bosh kiyimlar kiyishadi. Qo‘qon xoni Rossiya va Konstantinopol bilan aloqalarni saqlab turadi, biroq Yarkand hukmdorlariga nisbatan do‘stona munosabat mavjud emas”[1.236-237-b.].

 

Byorns oddiy sayyoh kabi faqat ko‘rgan shaharlari yoki tabiat manzaralarini tasvirlash bilan cheklanmaydi. U Qo‘qonga olib boruvchi yo‘llarning qaysi faslda ochiqligi, qayerlarda qor erishi tufayli suv toshishi, karvonlar harakatiga nima to‘sqinlik qilishi va Yarkand bilan Turkiston o‘rtasida qaysi yo‘l eng qulay ekanini qayd etadi. Shundan so‘ng Qo‘qonning hududi, qudrati, poytaxti, Marg‘ilon va Andijon kabi shaharlari, ipagi hamda Rossiya va Konstantinopol bilan aloqalari haqida ma’lumot beradi. Bularning barchasi oddiy sayohat xotiralaridan ko‘ra ancha jiddiyroq axborot bo‘lib, yo‘llar, masofalar, shaharlar, siyosiy kuchlar va tashqi aloqalarga oid bunday ma’lumotlar o‘sha davrda razvedka uchun juda qimmatli edi.

 

Aleksandr Byornsning 1838-yil 1-fevralda Qobuldan Hindiston general-gubernatori kotibiga yo‘llagan hisoboti hamda Qo‘qon xonligi bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plagani josusligidan dalolat beradi. Hisobotning ikkinchi bandida Byorns quyidagi ma’lumotlarni keltirgan: “Men Rossiyaning o‘zga yo‘nalishdagi, Buxoroning sharqidagi Qo‘qon xonligiga nisbatan bosqinlari yuzasidan turli ma’lumotlarni ishonchli shaxslardan yig‘ishga erishdim. Qo‘qon xonligiga nisbatan o‘z tijoratini muvaffaqiyat bilan yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Rossiyaning o‘xshash rejalari mavjud va Osiyoning ushbu uzoq qismida, bir qarashda kelib chiqadigan barcha hodisalardan ko‘ra jiddiyroq oqibatlarda Rossiya ishtirok etishi mumkin”.

 

Mazkur band Byornsning ma’lumotlarni “ishonchli shaxslardan” maqsadli ravishda yig‘ganini ta’kidlashi orqali uning razvedka faoliyatini yaqqol namoyon etadi. U bu ma’lumotlarni oddiy sayyohlik taassurotlari sifatida emas, Rossiyaning mintaqadagi harakatlarini aniqlash va Britaniyaning strategik manfaatlari yo‘lida siyosiy hisobot shaklida yetkazgan.

 

Hisobotda Rossiyaning Qo‘qon yaqinida qal’alar qurayotgani, askarlar soni, quduqlar, g‘alla zaxiralari, qozoq aholisining joylashuvi va 12 hudud atrofida ta’sir o‘rnatilgani batafsil qayd etiladi. Bular chegara va harbiy kuchni baholashga xizmat qiluvchi axborot edi. Byorns Muhammad Alixonning hokimiyatga kelishi, Buxoro bilan nisbati, Rossiya va tashqi siyosiy mavqeini ham o‘rganib, Qo‘qonni strategik nuqta sifatida ko‘rgan.

 

U Qo‘qonni Qashqar, Yorkent, Xo‘tan, Kashmir va Ladak yo‘llari bilan bog‘lab, uni Rossiya va Britaniya manfaatlari to‘qnashadigan siyosiy va savdo makoni sifatida tasvirlagan. Hisobotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Hindiston general-gubernatori kotibiga yo‘llangan bo‘lib, zamonaviy tadqiqotlar uning faoliyatida razvedka ma’lumotlarini yig‘ish vazifasi bo‘lganini ko‘rsatadi.

 

Shu bois Byornsni faqat sayyoh yoki diplomat sifatida baholab bo‘lmaydi; unda geografik tadqiqot va savdo manfaatlari bilan bir qatorda maqsadli razvedka axborotini to‘plash ham muhim o‘rin tutgan. Qo‘qonga bormagan bo‘lsa-da, uning ma’lumot to‘plab, hukumatga yetkazgani faoliyatining eng qiziq jihatlaridan biridir.

 

Zumradxon XATAMOVA,

CAMU xalqaro tibbiyot universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.                 Burnes, A. (1834). Travels into Bokhara. Vol. 2. London: John Murray.  — Qo‘qon haqidagi “Notice of Kokan”, 236–237-betlar.

2.                 Burnes, A. (1839). Reports and Papers.... Calcutta. — 1838 yilgi hisobotlar uchun asosiy manba.

3.                 Mirmaqsudov M. Aleksandr Byornsning 1838 yilgi hisobotida Qo‘qon xonligidagi ayrim jarayonlar. https://shosh.uz/aleksandr-byornsning-1838-yilgi-hisobotida-quqon-honligidagi-ayrim-jarayonlar/

4.                 Qo‘ldoshev Sh.  Qo‘qon  xonligi va Sharqiy Turkiston: siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalari. Toshkent, 2021.

 

Manba: Alexander Burnes, Travels into Bokhara, II jild, London, 1834, VI bob, “Notice of Yarkund, and its Intercourse with Pekin, Bokhara, and Tibet”, 236-237-betlar.

3 Izohlar

Mardona

13:09 / 07.09.2026

Judayam zör chiqibdi. Menı yönalishim boshqa bölsayam bu mavzu menı öziga tortdi. Agar yana shunga öxshash mavzudagi maqolalar chiqsa jon deb öqirdim

Mavlonbek

19:09 / 05.09.2026

Biz bilmagan juda qiziq ma'lumotlar ekan. Shu bilan birgalikda maqola davomida Byornsning josusligi, Qo'qon xonligi Buxoro amirligidan kichikkigi, sayohatdan tashqari josuslik ma'lumotlari yeqqanligi haqidagi gaplar keragidan ortiq qaytarilgan. Bundan tashqari agar Byorns shunchalik ko'p muhim ma'lumotlar yeg'gan bo'lsa, nega Buyuk Britaniyaning o'zi O'rta Osiyoga hujum qilmagan degan savol tug'ilgan. Ammo bunga to'liq javob olib bo'lmaydi. Byorns 9 yillik tadqiqotlarini yeg'gan vaqtda hali Rossiya imperiyasi O'rta osiyoning ikki xonligi va bir amirligini to'liq egallab bo'lmaganini hisobga olsak, nega Buyuk Britaniya urushga aralashmagani haqidagi savol meni o'ylantirib qo'ydi. Ahir bilish yarim g'alabaku. Adashmasam afg'onistondagi shartnoma 1873-yilda edi

Muhammadqodir D-1325

08:09 / 05.09.2026

Maqolada juda ham mazmunli va kerakli ma'lumotlar keltirilgan. Ayniqsa Buxoro sayohatnomasidan keltirilgan manba menda katta taassurot qoldirdi. Ushbu asarni topib ko'rib chiqishimga turtki bo'ldi. Bizga ham ustozimizning yo'lini bersin! RAHMAT

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ta’lim-tarbiya

18:09 / 30.09.2026 0 224
Muallimga jo‘natilmagan maktub





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//