Mashhur aktyor Mel Gibsonning “Sheryurak” filmini deyarli hamma biladi, qayta-qayta tomosha qilgan. Aktyorni aynan shu film uchun san’at pogʻonasining choʻqqisiga qoʻyganlar bor. Lekin Gibson ishtirokidagi yana bir film borki, na mavqe, na ijro, na ta’sir jihatdan “Sheryurak”dan aslo qolishmaydi. Mavzu ham bir-biriga yaqin: birida Vatan, birida til. Birida jang Vatanni tuzish, yovdan qaytarib olish, ikkinchisida Vatan tarixini tuzish yoʻlida kechadi. Ikkalasi ham qiyin, ikkalasi ham jondan kechiladigan jang asli. Biri maydonda bir marta kechsa, ikkinchisi kundalik turmushda har kun kechadi.
Film nomi “Daho va Majnun” deb ataladi. U Oksford professori Jeyms Murreyning Oksford ingliz lugʻati (OED)ni tuzishdagi mashaqqatlari haqida. Ahamiyati jihatidan bu lugʻat hozirgacha dunyoda mavjud lugʻatlar ichida eng mukammali boʻlib qolmoqda. Uning Murrey va jamoasi tuzgan 12 jilddan iborat birinchi nashri 1928-yilda nashr etildi va 400 ming soʻz hamda 1,8 million illyustrativ iqtibosni oʻz ichiga oldi. OED shunchaki lugʻat emas, tarixiy tamoyillarga asoslangan, ya’ni ingliz tilidagi har bir soʻzning paydo boʻlishidan boshlab mavjud davrgacha qay tarzda yetib kelgani haqidagi akademik manba edi. Bu degani u nafaqat til, balki mamlakat tarixi haqida ham ilmiy asosga aylandi.
Albatta, berilgan juda qisqa muddat ichida 2-3 ta yordamchi bilan Murreyning oʻzi bunday keng koʻlamdagi ishni uddalolmasdi. Qolaversa, mablagʻ juda oz edi. Murrey 10 yil davomida kuniga 14–18 soatlab ishladi, 11 farzandini ham bunga jalb qildi. Biroq buning oʻzi ham yetarli emasdi, u oʻz xalqiga tayanish orqali bu “jang”ni yutib chiqdi. Qanday yutganiga keyinroq qaytamiz.
Mazkur filmni koʻrar ekanman, eng avvalo koʻz oldimga oʻzimizning lugʻat keldi. Darrov internetdan OED ning ayni paytdagi lugʻat boyligini koʻrdim: 600 mingdan ortiq soʻz bor ekan. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ning (2022-yilgi nashri) 80.000 soʻz va ularga 3 millionga yaqin matbuot havolalaridan (misol-kartochkalar) iborat ekanligini koʻrdim. Oʻylab qoldim, Navoiy va Shekspirni deyarli bir davrda yashagan va teng darajali ijodkorlar deb bilamiz. Manbalarga koʻra, Navoiy oʻz ijodida 26.000–30.000 gacha soʻzlarni, Shekspir esa 28.000–30.000 gacha soʻzlarni qoʻllagan. Demak, har ikki daho ijodi til koʻlami, leksik boylik boʻyicha deyarli bir sathda yotadi.
Ammo bugun oʻzbek tilining rasmiy izohli lugʻati va ingliz tili lugʻatidagi soʻzlar miqdori oʻrtasida nega bunchalik olamshumul farq mavjud? Yo Navoiy davridan keyin ingliz mamlakati shu qadar yuksalib ketgani va bizning orqada qolib ketganimiz boisidanmi bu?! (Albatta, bu ritorik savol.) Mazkur holat tilning boyishiga oʻz ta’sirini koʻrsatdimi? Shubhasiz, dengiz savdo yoʻllarining ochilishi Angliya uchun juda katta taraqqiyot davrini boshlab bergan. Bizda esa ayni shuning ta’sirida Buyuk Ipak yoʻlining oʻrni susayib, tariximiz oʻzining qora pallalariga kirayotgan bir davr edi. Ammo tarixni yaxshilab elakdan oʻtkazsak, tilimiz boyligiga ta’sir oʻtkazadigan voqealar shungacha ham, shundan keyin ham boʻlmadi deyish qiyin.
Keling, bir boshdan eslaymiz. Turk xoqonligi tili, keyin arablar, keyin chingiziylar, qisman shayboniylar va ruslar kelishi ta’sirida tilimiz doimiy yangilanishni boshidan kechirib borgan. Bu tashqi ta’sir boʻlsa, mahalliy jarayonlar – jumladan, dunyoga integratsiya qilishni istagan jadidlar harakati ham tilimizga koʻp tushuncha va soʻzlarni qoʻshgan. Yanada muhim fakt: biz oʻzida turkiylarning uch katta dialekti – qarluq, qipchoq va oʻgʻuzni birday qamragan xalqmiz. Uning ustiga, tilimizda arabiy-forsiy soʻzlar qoʻshni qirgʻizlar yoki qozoqlarga qaraganda koʻp miqdorda saqlanganini til bilgichlari e’tirof etadi. (Nazarimda, bu narsa ham bizning foydamizga ishlashi kerak, tilda soʻzlar qancha koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi.)
Ammo shunday sharoitda ham bizning izohli lugʻat boyligimiz atigi 80.000 soʻz va soʻz birikmalaridan iborat boʻlsa, qoʻshni Qozogʻistonning “Tushuntirma soʻzligi” 150.156 leksik birlikni oʻz ichiga oladi. Bugungi kunda dunyo tiliga aylanib boʻlgan 600.000 soʻzlik ingliz tilini qoʻya turaylik, lekin nahotki tarixi ham, oʻzligi ham, tili ham oʻta yaqin qoʻshnimizdan tilimiz deyarli bir barobar kambagʻal boʻlsa?! Axir biz Oʻrta Osiyoda markazlashgan davlat qurgan, uch yirik tamaddun shahri ham oʻlkamizda boʻlgan ajdodlar avlodi sifatida faxrlanmaymizmi? Markazlashgan davlat va tamaddun shaharlari til boyligini yanada koʻpaytirish uchun bir asos emasmidi?!
Yuqorida Oksford ingliz lugʻatini faqat til boʻyicha emas, tarixiy akademik manba deb ham aytdim. Ya’ni yurt tarixi ham oʻsha lugʻatda aks etgan. Ammo bizning tariximiz til lugʻatimizga toʻligʻicha kirmagan koʻrinadi. Yoki siz rostdan ham tilimizning qoʻshni qozoqlardan ham bir barobar kambagʻal ekaniga ishonasizmi? Men ishonmayman. Bu boy tarix, bu merosxoʻrlik bilan, qolaversa, hozirgi integratsiyalashuv sharoitida oʻzlashgan soʻzlarni hisobga olsak, mening chamamda, tilimiz 200.000 dan 300.000 gacha boʻlgan soʻzlarni qamraydi! Ingliz tiliday boymiz, 600.000 ta soʻzni topsa boʻladi, deb lof urish fikridan mutlaqo yiroqman. Ammo haqiqatni ham yuzaga chiqarish kerak.
Keling, endi haqiqat bilan yuzlashib koʻramiz. Haqiqat oʻzi nimada? Haqiqat tilimizning qashshoqligidami yo uni yetarli yuzaga chiqarib bera olmayotganimizdami? Shubhasiz, ikkinchisi ekanini bilasiz. Ammo yuzaga chiqara olmasligimizga sabab nima? Axir lugʻat tuzuvchilarining birdan-bir maqsadi ham aslida tilimizning keng, boy qamrovini koʻrsatish boʻlmaydimi? Shundayligi ham ayni haqiqat. Bu yerda gap lugʻat tuzuvchilarida emas, jarayonning oʻzida. Oʻzbek tilining yangilangan izohli lugʻati tuzilayotgan davrda (2020–2021) men ham oʻsha Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining (lugʻat shu institut tilchilari tomonidan nashrga tayyorlangan) doktoranti boʻlganman. Va ozmi-koʻpmi, qatnashuvchisi boʻlmasam-da, jarayonlardan xabarim bor. Lugʻat tuzishda eng asosiy omil – oʻsha soʻzga manba koʻrsatish. Mazkur soʻz yozma nutqda shu paytgacha ishlatilganligining manbasi boʻlishi lozim. Ehtimol, u asar, matbuot, gazeta, jurnal yoki boshqa narsa boʻlar. Oʻsha izoh-havola boʻlmasa, uni lugʻatga qabul qilib boʻlmaydi. Koʻpchilik lugʻat tuzuvchilar ayni shu yerda muammoga yoʻliqadi (manbalar esa son-mingta, Oʻzbek tilining izohli lugʻati 3 millionta (!) misol-kartochkaga ega ekanini yozgandim, bu degani 3 millionta manba koʻrib, oʻqib chiqilgan). Jumladan, oʻzbek lugʻat tuzuvchi olimlari ham.
Soʻzimiz avvalidagi Oksford olimi Jeyms Murrey ham ayni shu joyda muammoga uchradi va u masalani hal qilishning yoʻlini topdi. Til jonli narsa, shunday ekan u bir kishiga tegishli emas, butun xalqqa oiddir. Bunday lugʻatni olim butun xalq bilan tuzish keragini anglab yetdi va ularga murojaat yoʻlladi. “Ingliz tilida soʻzlashuvchi va oʻquvchi xalqqa murojaat” deb nomlanadi tarixda bu chiqish. Murojaatda odamlar oʻzlari bilgan soʻzni manbasi, manba muallifi, chiqqan sanasi, beti bilan birgalikda yozib yuborishi kerak edi. Murojaat faqat Angliyada emas, AQSh, Avstraliya kabi inglizzabon yurtlarda ham katta rezonans berdi. (Bir oʻylab koʻring, Izohli lugʻatni tuzish jarayoniga qoʻshni Afgʻoniston yoki Tojikistondagi oʻzbeklarni ham jalb qilsak, nimalarga erishamiz?!) Odamlar bitta soʻz bahonasida tarixga kirish umidida tinimsiz maktub yuboraverishdi. Yuborilayotgan xatlar shunchalik koʻpligidan Britaniya Qirollik pochtasi Murreyning uyi oldiga alohida shaxsiy pochta qutisini oʻrnatib berishga majbur boʻldi. Xatlarni saqlash va saralash uchun maxsus katta qutidan iborat joy qurildi. Jami 3,5 millionta xat olingan ekan. Bularni saralash ham Murrey va jamoasiga yengil bo‘lmagan, albatta. Ammo tarixdagi eng ulkan leksik manba shu tariqa vujudga kelib qoldi.
Oʻzbek tilining izohli lugʻati ham mana shunday keng koʻlamdagi ishtirokka muhtoj. Ehtimol, biz buni qandaydir fleshmoblar (faqat 21-oktyabr arafasida emas, butun yil davomida oʻtkaziladigan) orqali qila olarmiz. Lekin bir narsa aniqki, 5 yo 10 kishidan iborat jamoa mavjud 100.000–200.000 lik soʻzni lugʻatga olib kirolmaydi. Bunga juda uzoq vaqt kerak. Odamlarni, xalqni jalb etish esa bu yoʻlda yaxshi yechimdir. Ikkinchidan, bu har bir odamning oʻz tiliga va tarixga tegishlilik, muhimlik tuygʻusini oshiradi.
Tilimizda shunday soʻzlar bor, beixtiyor ularning izohli lugʻatda yo adabiy, ilmiy-falsafiy tilda yoʻqligiga oʻkinasan. Shunday soʻzlardan biri “yagʻdey” soʻzi. Mazkur soʻz ham qipchoq, ham oʻgʻuz lahjasida uchraydi. Bu degani Oʻzbekistonning qariyb 70 foiz hududida uchrash ehtimoli bor. Juda keng ma’nolarga ega. Qirgʻiz, turkman tili izohli lugʻatlariga kiritilgan. Turkman tilining turkmancha-ruscha soʻzlashgichida 20 ga yaqin ma’nolari sanaladi. Qirgʻiz tilidan rus tiliga esa “samochustvie” boʻlib tarjima qilingan. Biz “oʻzini his qilmoq” deb kalka tarjima bilan ishlatamiz bu soʻzni, aslida esa bir soʻz bilan “yagʻdeyim yomon, yagʻdeyim yaxshi” deb bemalol qoʻllash mumkin. Men tugʻilgan joyda doimiy shu tarzda qoʻllanadi. Turkmancha izohida bu soʻz borliq, atmosfera ma’nosida ham qoʻllanilishi aytilgan. Demak, shunday katta, muhtasham, ham siyosiy, ham falsafiy, ruhiy va maishiy ma’nolarga ega turkiy soʻzimiz izohli lugʻatga kirolmay qolgan. (Mening izohli lugʻatga doir savollarim ham ayni shu soʻzning lugʻatda nega yoʻqligi boisidan boshlangan.)
Yana bir qirrador soʻzimiz bor: “ittik”. Mening shevamda (Buxoro), keyinchalik bilishimcha, Qashqadaryoda ham faol qoʻllanadi. Bu soʻzni bir gal uygʻur shoirining she’rida ham uchratgandim. Oʻzim ham ogʻzaki va yozma nutqimda faol ishlataman. Lekin izohli lugʻatda yoʻq ekan. Abdunabi Boyqoʻziyev uni oʻzi tuzgan “Oʻzbek tili Qizil Kitobi”ga kiritib, beshta ma’nosini sanab oʻtadi (ғолиб, ўткир, пеш, йирик, равон). Nega aynan bu soʻzlarni keltiryapman – sababi, yuqorida aytganimdek, oʻzbek xalqi turkiylarning uch lahjasini ham qamrab olgan, afsuski, bu izohli lugʻatda toʻliq ifodasini topmagan. Tilimizda faol qoʻllanadigan, muhtasham ma’nolarga ega asl turkiy (!) soʻzlar ham undan tushib qolgan.
Yana bir soʻz bor: orqayin. Fikrimcha, toʻliq turkiy soʻz. Juda faol qoʻllanadi tilimizda. Shu nomli podkastlar bor. Adabiy asarlarda oʻnlab, yigirmalab marta qoʻllanilgandir. Lekin uning oʻrniga “xotirjam, bamaylixotir, bemalol” kabi arabiy-forsiy soʻzlarimiz bor-u, bu ham bosh lugʻatimizda yoʻq, afsuski.
Bularni yozishimdan maqsad nima: avvalo, til, lugʻat masalasi bir kishining ishi emasligini, ma’lum bir olimlar, tuzuvchilar jamoasining yelkasiga hamma ishni ortib boʻlmasligini, xalq bunda ishtirok etishi lozimligini urgʻulash. Agar xalq ishtirok etsa, shevalardagi deyarli hamma soʻzlar lugʻatga kirib boradi. Ikkinchidan, katta qamrovga ega boʻlgan tilimiz bugun qardosh xalqlar akademik manbasi oldida kiftini qisib qolgandek. Aslida esa pahlavondek qad kerib turishi uchun juda katta asos bor. Shuningdek, til – bu tarix. Tilimizdagi soʻzlar toʻliq qamrab olinmas ekan, tariximiz toʻliq holda mavjud deb boʻlmaydi. Demak, izohli lugʻat tuzishni qayta boshdan boshlashimiz va uni mukammal bir shaklga keltirishimiz kerak.
Oxirgi, eng asosiy sabab – mavzu dolzarbligini kun tartibidan tushirmaslik. Toki tilimizdagi soʻzlarni yigʻish, jamlash, lugʻat qilish umummilliy harakatga aylanib, oʻsha 200.000–300.000 lik qamrovga erishilmas ekan, bu yoʻldagi harakatlarni toʻxtatish yoki “yaqindagina yangiladik, shu yetarli” deb sustlashish yaramaydi. Bunga albatta davlat bosh homiy boʻlishi kerak. Turkiyada til departamentiga banklarni biriktirib qoʻyish tajribasi bor. Bu yoʻlni ham qoʻllab koʻrish lozim. Ikkinchi bir tajriba esa izohli lugʻatni onlayn boyitib borish. Masalan, OED doimiy ravishda yangilanib boradigan “tirik” manba, uning onlayn versiyasiga har chorakda (yiliga 4 marta) oʻrtacha 700 dan 1000 tagacha yangi soʻz, ibora va birikmalar qoʻshib boriladi. Xuddi shunday tajribalarni oʻzimizda ham amalga oshirish payti yetdi. Tilimiz hozirning oʻzidayoq bunga muhtoj.
Tillaniso ESHBOYEVA
Tarix
Din
San’at
Ta’lim-tarbiya
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q