O‘zbek adabiyotida transformatsiyaga uchragan obraz – qaynona qanday tasvirlangan? Sanobar To‘laganova tahlil qiladi


Saqlash
17:23 / 26.08.2026 672 0

Adabiyot azaldan insonni oliy qadriyat sifatida talqin va tadqiq qilib kelgan. Koinot gultoji bo‘lmish odamzodni tugal o‘rganish va u haqida qat’iy xulosaga kelish mushkul ish. Adabiyotshunoslikning markaziy obyekti sanalgan inson shaxsi turli darajada o‘rganib kelinmoqda. Inson mohiyatini o‘rganish va ochib berish adabiyotning abadiy muammo ekani sir emas. Badiiylik mezonlariga ko‘ra, asar maydonida ishtirok etuvchi har bir personajning harakat trayektoriyasi va badiiy yuki bo‘lishi lozim. Har bir obraz o‘zida g‘oya va mazmun tashiydi. Har bir epizod muallif konsepsiyasini namoyon etuvchi qism sanalib, yaxlitlikni ta’minlashga xizmat qilgan. O‘zbek adabiyotidagi ana shunday personajlardan biri – qaynona obraziga e’tibor qaratmoqchimiz. Sababi qaynona obrazi jamiyat hayotidagi ijtimoiy ongning mahsuli sifatida milliy, tarixiy, diniy va axloqiy qadriyatlarni o‘zida aks ettiradi.

 

Ustoz adabiyotshunos olimlar I.Sulton va M.Qo‘shjonov bilan ozgina fursat birga ishlash nasib etdi. Ustozlar suhbatini tinglash, ularning bahs-munozaralariga guvohlik har qanday nazariy kitobdan olingan bilimdan foydali bo‘lardi. Ayniqsa, Izzat Sulton juda hushyor va mavzuning mohiyatini tez anglab yetardi. Qo‘shjonov domla esa muammoga kengroq va erkinroq yondashardi. Bir safar zamon dramalari haqida gap ketganda Izzat Sulton: “Adabiyotning abadiy o‘zgarmas mavzulari bor. Ular orasida ayrimlari borki, ko‘pchilik buni tan olgisi kelmaydi, masalan qaynona va kelin mavzusi tuganmas muammo, ammo tadqiqot qilinmaydi, maishiyligi uchundir balki…” dedilar. Xo‘sh, qaynona obrazi adabiyotda qanday aks etdi va asar kompozitsiyasidagi o‘rni qanday, obrazning adabiy-estetik qiymati bormi?

 

Qayinlik va onalik maqomi

 

Avvalo, so‘zning mazmuniga e’tibro beraylik. Lug‘atga ko‘ra, kaynona erning onasi; nikoh orqali hosil bo‘lgan qarindoshlik tizimida kelinning er tomonidan bo‘lgan onasi hisoblanadi[1]. Qaynona ikki taraflama aloqadorlik doirasida qo‘llaniladi. Ya’ni “erning onasi” yoki “xotinning onasi” shaklida bo‘lishi mumkin. So‘zning etimologik jihati: “ikki komponentdan tashkil topgan – turkiy qayin (nikoh orqali paydo bo‘lgan qarindoshlikni bildiruvchi o‘zak) + ona. “Qayin” o‘zagi asosida shakllangan terminologik uyaga qaynota, qaynog‘a, qaynisi, qaynsingil so‘zlari ham kiradi”. Ba’zi turkologik tadqiqotlarda “qayin” o‘zagi qadimgi turkiy “qayish, qovushish” (birlashmoq) fe’li bilan bog‘lanadi, deb taxmin qilinadi[2].

 

Turkologik manbalarda keltirilishicha, qayin urug‘i – bu er yoki xotinning qarindoshlari bo‘lib, bu so‘zning etimologiyasi qayin daraxti nomi bilan bog‘liqligi aytilgan. Turkiy xalqlarda daraxt obrazi (ildiz, shox-shabba, novda) urug‘-aymoq tuzilishini ifodalash uchun keng qo‘llanilgan ramziy tizim sifatida qabul qilingan. Rus turkologi va etnografi N.P.Direnkova turkiy va oltoy xalqlar qarindoshlik tizimlari bo‘yicha tadqiqotlarida  bu masalaga diqqat qaratadi. “Suyak – ota urug‘i (qon-qarindoshlik, ota tomondan); Tog‘ay – ona tomondan qarindoshlar; Qayin – xotin yoki er orqali bog‘langan quda-qarindoshlar – nikoh orqali hosil bo‘lgan, qondosh bo‘lmagan qarindoshlik turi”[3] sifatida qayd etiladi. Olima qaynonani qarindoshlik tizmasidagi muhim shaxs sifatida o‘rganadi.

 

G‘arb adabiyotida “qaynona” sharq xalqlari singari ma’no urg‘usiga ega bo‘lmaydi va uni deyarli arxetip shaklida uchratish qiyin. Ayrim manbalarga ko‘ra qaynona o‘rnini o‘gay ona motivi egallaydi. Rus ertaklarini tizimli ravishda o‘rgangan olim V.Propp qaynonani “soxta qahramon”, “ziyonkor” yoki sinovchi funksiyasini bajaradi – u qahramon (kelin)ning yo‘liga to‘siq qo‘yadi” deb ta’kidlaydi.[4]. E’tiborlisi, ko‘p holatda qaynona ijtimoiy ideal darajasiga ko‘tarilmaydi yoki markaziy qahramon sifatida gavdalanmaydi. U ikkinchi darajali qahramon sifatida voqelikka qo‘shimcha ma’no berish va ziddiyatni kuchaytirishga xizmat qiladi.

 

O‘zbek maqol va matallarida qaynona-kelin munosabatiga aloqadorlari ko‘p uchraydi. “Qaynonali kelin qarqara, qaynonasiz kelin masxara”,  “Qaynona – qirq yillik dushman”, “Yaxshi qaynona – kelinning ikkinchi onasi”,  “Kelin bilan qaynona – bir qozonda qaynasa ham dardi birmas” kabi maqollar mazmuniga ko‘ra qaynona ikki qirrali ma’noni izohlaydi:

 

1.Tajribali va ustoz maqomidagi ona.

2.Munozarali va yangilikka qarshi chiquvchi ayol sifatida namoyon bo‘ladi.

 

An’analar qo‘riqchisi

 

An’anaviy o‘zbek oilasida  qaynona – oila ichki hayotining amaliy boshlig‘i, nazorat qiluvchisi, ish boshqaruvchisi kabi vazifaga o‘zini ma’sul sanaydi. Qaynona oiladagi ayollar orasida yuqori maqomga ega, uy yumushlarini taqsimlash, kelinning ota-onasinikiga borishi, o‘g‘ilga munosabat, bola tarbiyasi kabi ishlarda boshqaruvchilik qiladi.  Teranroq nazar solinsa, qaynona oila qo‘rg‘onining himoyachisi, ana’nalar qo‘riqchisi tarzida jonlanadi. Kelin yangi oilaga kelar ekan mana shu xonadon qadriyatlarini, talablarini hisobga olishi odatga aylangan. Odatga ko‘ra qaynona xoslanadi, kelin moslanadi.

 

Ko‘p muammolar ham mana shu ikki ayol, qaynona va kelin orasida yuz beradi. Ijodkorlar aynan mana shu ziddiyatdan asarda harakatga keltiruvchi motiv sifatida foydalanishadi. Keyingi paytda qaynonani ko‘proq kelin bilan o‘zaro raqib sifatida talqin qilish holati ko‘zga tashlanmoqda. Odatda qaynona va kelin orasidagi munozaralar yangilik va eskilik orasidagi munosabatlar shaklida taqdim etiladi. Kelin a’nanalarning davomchisi emas, balki yangi ana’nalarni joriy etuvchi persona sifatida bo‘y ko‘rsatadi. Muammoning ildiziga nazar solinsa, o‘gay ona – qaynona – kundosh tarzida berish, uning salbiy jihatlarini bo‘rttirib tasvirlash yetakchi shaklga aylandi deyish mumkin.

 

O‘zbek adabiyotida qaynona obrazi ko‘p holatda ijtimoiy muammolarni ochib beruvchi adabiy tip sifatida ifoda qilinmoqda. Qaynona milliy xarakter va ijtimoiy ongni belgilovchi o‘ziga xos qahramon qiyofasida tasvirlanadi. O‘tgan asr avvalida bunyod etilgan yangi o‘zbek adabiyotida qaynona obrazi jamiyatdagi eskicha fikrning timsoli sifatida ifoda qilindi. Jadidlar oilani isloh qilish orqali millat tafakkurini yangilashni maqsad qildi. Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon singari oydinlarimiz millat oilasining yangi modelini shakllantirish umidida ta’lim va tarbiyaga diqqat qaratishdi. Jadidlar ayolni millatning tarbiyachisi va davomchisi sifatida qabul qilishdi, uni ma’rifatli qilish markaziy muammo tarzida taqdim etildi.

  

O‘zbek oyim – yangilik va eskilik o‘rtasidagi ayol

      

Dastlabki milliy romanlar muallifi A.Qodiriy ijodida ayollar obrazi talqini o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. O‘zbek oyim “O‘tkan kunlar” roman badiiyatini ta’minlagan, muallifning xarakter yaratishdagi mahoratini ko‘rsatgan jozibali obraz sifatida o‘zida bir qancha ma’nolarni tashiydi.

 

Romanning birinchi bo‘limida Turkiston xonlari va millat hayotiga, turmush tarziga chuqurroq qaraladi. Ya’ni biz yuqorida aytgan tashqi munosabatlar masalasi yoritib beriladi. Romanning ikkinchi bo‘limidagi “Ota-ona orzusi” nomli faslida oilaga, o‘zbek oliasining ichkarisiga nazar solinadi. Ziddiyatlarni kuchaytiruvchi sabablar ochiqlanadi. Mazkur bo‘lim romandagi jiddiy ko‘tarilish va burilishlarga boy sahnalardan tashkil topgan. O‘zbek oyim asarda evrilishlar yuzaga kelishida katalizator vazifasini bajaradi. Obraz zamirida millat dunyoqarashi, saviyasi va xarakteri, qadriyatga munosabat, tafakkurdagi yangilanish kabi mazmun joylangan. O‘zbek oyim ma’rifiy islohotchilik g‘oyasiga qarshi turuvchi va eski ana’nalarni mahkam tutuvchi ijtimoiy tip sifatida tasvirlanadi.

 

 

Yozuvchining badiiy mahorati tufayli O‘zbek oyimni qoralash ham, oqlash ham oson emas. Uning qiyofasida o‘z davri tutumlari va axloqiy qadriyatlari ichida harakat qiluvchi, psixologik jihatdan ishonarli tirik obraz jonlanadi. Shu sabab O‘zbek oyim haqida juda ko‘p maqolalar yozilgan. Ustoz U.Jo‘raqulovning “O‘zbek oyim nega og‘ma?” degan ajib maqolasida obraz mohiyatiga chuqur kiriladi, ishonchli asos berilganligi bilan e’tiborga loyiq. O‘zbek oyim obrazi milliy realistik asarda ayol xarakterini chuqur yoritib berishning go‘zal namunasidir. O‘zbek oyim qaynona bo‘lishni orzulagan ayolmi? Uni nima majbur qildi kundoshni xonadoniga olib kirishga? O‘zbek oyim o‘g‘lini undan “ayirgan” joduchi “andi”dan qasos olishni niyat qiladi, alam alamzadalarni bunyod qiladi. Shu bois xonadonida kundoshlik chirog‘ini yoqadi. Ayni shu jihat O‘zbek oyimning romandagi o‘rnini ta’minlagan.

 

Adib salkam bir faslni O‘zbek oyimni tanishtirishga qaratadi. Uning tabiatini, jamiyatdagi mavqeini va ruhiy holatini chuqur asoslaydi. “O‘zbek oyim ellik besh yoshlar chamaliq, chala-dumbul tabi’atlik bir xotin bo‘lsa ham, ammo eriga o‘tkirligi bilan mashhur edi”[5]. O‘zbek oyimning o‘tkirligi “yolg‘iz erigagina emas, Toshkand xotinlarig‘a” ham havas edi. Nufuzli xonadonlarning to‘yi va uylarining “to‘rini O‘zbek oyimg‘a” atalgan bo‘ladi. O‘zbek oyim so‘zini o‘tkazgan va “o‘tkirligi erlar tomonidan ham tasdiq” etilganligi sharhlanadi. Izohlar nima uchun kerakligini keyinroq anglab yetamiz.

 

Romanda kundoshlik motiviga homiylik qilish O‘zbek oyim zimmasiga yuklanadi. Ammo bu “homiy”lik muqim bo‘lmaydi. Adib bu holni shunchaki qayd etib o‘tmaydi, balki asoslaydi, mantiq tizginini tutadi. O‘zbek oyimni tushunish uchun muammoga u tomondan kelib yondashaylik-chi... U haqlimidi o‘g‘lining hayotiga daxl qilishga? Zaynabning baxtsizligiga kim mas’ul edi?

 

Otabek – yolg‘iz o‘g‘il. Onasi “ellik besh yoshlar”da, o‘g‘ilni uylantiraman, havaslarimni qondiraman deb turganda yagona umidi so‘roqsiz uylandi. Onaning yoshini hisobga olsak, Otabek kechroq ko‘rilgan va kutilgan farzand. O‘zbek oyim tengi ayollar allaqachon nevarali bo‘lishi mentalitetimiz uchun tabiiy hol. Keyingi voqealar vaziyatni yanayam taranglashtiradi. Hasanalidan o‘g‘lining uylanish xabarini eshitib “Oq sutimni oqqa, ko‘k sutimni ko‘kka sog‘dim... Endi Toshkandga kelmasin ul o‘zboshimcha betiyuq!” deb umidlari kesilib hasrati ortadi.

 

Oradan o‘n besh kun o‘tib o‘g‘li Marg‘ilondan keldi. “Uch oylab ko‘rmagan o‘g‘lini quchog‘ig‘a” olish o‘rniga undan arazlaydi, “salomiga alik ham olmadi”. O‘g‘il bunday kutuvga ruhan tayyor bo‘lganligi uchun ortiqcha ta’sirlanmaydi. “Bir-ikki qayta uzr aytib ko‘rgandan so‘ng O‘zbek oyimning epaqag‘a kelishiga ishonmay qoldi va shuning uchun ul ham go‘yo bilmagan, tushunmagan kishidek yuriy berdi”. Borgan joyida siylov ko‘rgan, kalondimog‘ O‘zbek oyim bu holdan rozi bo‘lmasligi bor gap.  O‘g‘lining bu ishi uning nafsiga ozor beradi. Ona uchun kutilmagan va ko‘rilmagan hol. Otabek onasini rozi qilish uchun harakat qildimi, ko‘nglini ko‘tarishga urindimi... ammo nima uchundir asarda bu haqida aytilmaydi.

 

Yozuvchining asl maqsadi ham shunda asli! Oilada kundoshlikka vaziyatning pishib yetilishiga zamin hozirlash, qahramonning ruhiy holatini ochib berish. Mantiqan fikr yuritilsa, onaning dilini og‘ritgan farzand xatosini yuvish uchun ko‘ngil olishi, yupatishi lozim edi. Ammo o‘g‘ilning ko‘ngli Marg‘ilonda, umid ko‘zlari yiroqqa qadalgan. O‘zbek oyim Otabekdan bundan ortig‘ini kutadi, ammo o‘g‘il yana Marg‘ilonga shoshadi. E’tibor berayapsizmi, muallif kundoshlikka tagzamin bo‘lgan vaziyatning maromida yetilishiga, voqelikning taranglashishiga imkon yaratyapti. O‘zbek oyimning ruhiyatidagi ziddiyatlar juda noziklik bilan ochib beriladi.

 

O‘g‘il Toshkentda bir muddat qolib, “otasig‘a allaqanday bahona” qilib “onasig‘a bildirmayoq” ketadi. Endi onaning ahvolini tasavvur qilib ko‘ring! Bu holni muallif “O‘lganni ustiga chiqib tepish” deb sharhlaydi. O‘g‘ilning so‘zsiz ketishi tufayli araz g‘azabga aylanadi. O‘zbek oyim “nochor o‘ttuz kunlab” o‘g‘lini kutadi, vaqtni “marg‘ilonliqni qarg‘ash” bilan o‘tkazadi.

 

Otabek keldi. Ona kutgan izzat-hurmat, tavba qilish o‘rniga o‘g‘il o‘zini befarqday tutadi. Otabek sovuqqonlik bilan “endi araz bitkandir” degan o‘ylovidan tashqariga chiqmaydi. G‘azabga gina-adovat aralashadi. “O‘g‘lim, menga salom berib nima qilasan, marg‘ilonliq onangning duosini ol!” deydi. Otabek onasining kinoyasiga kulib qo‘yishdan boshqa chora topmaydi, “eskicha araz” saqlanib qolaveradi. Adib ko‘proq Otabek sog‘inchiga urg‘u beradi, onaning sog‘inchi, ko‘ngli keyingi darajaga o‘tkaziladi. “Otabek yana o‘n besh kunni o‘tkazib, tag‘in bir nozik sababni o‘rtag‘a tashlab onasining ruxsatisiz Marg‘ilong‘a jo‘nab soladir”. Matnga e’tibor qaratsak, Otabek Marg‘ilonda “bir yarim oy”, Toshkentda “o‘n besh” kun turadi. O‘zbek oyimning kundosh xulosasiga kelishida rol o‘ynagan omillarni yozuvchi izchillik bilan yoritib bergan.

 

O‘zbek oyim “meni o‘g‘limdan ajratsa, o‘zi ham suyganidan ajrasin” degan qarg‘ish bilan o‘zini ovutadi. Yuqorida aytganimizdek, ona o‘g‘lidan emas, “andi”dan o‘ch olish uchun ham Zaynabni xonadonga olib keladi. Alamzada ayol hali ko‘rmagan kelinidan o‘g‘lini qizg‘anadi, unga nisbatan nafrat tuyadi. Ayol Otabekni aybdor deb topmaydi, balki “kalvak” o‘g‘lini aldagan marg‘ilonlik jodugarni qarg‘aydi. O‘g‘lini Toshkentga bog‘lash yo‘llarini qidiradi, talabiga mos qiz ham topiladi. Nihoyat, Yusufbek hojini ham “yumshatadi”. Hoji ko‘nganday bo‘ladi-yu: “Yaxshi. Va’da ham berayin, ammo san unashmay tur”, deb shart qo‘yadi. O‘zbek oyim tilagini shu joyigacha pishitib kelganiga suyunib “Unashmayman, lekin o‘g‘lingizga unashdiq, deb eshitdirarmiz... Tuzikmi?” deb erini yo‘rig‘iga soladi. Demak, unashtirdik, deb o‘g‘lini aldaydi.

 

Vaziyatni oydinlashtirish Yusufbek hojiga yuklatiladi. “Bu kun onang saning oldingg‘a tiz cho‘kib va onang ko‘ngli uchun men ham orag‘a tushib sandan so‘raymiz”. Ota-ona tiz cho‘kishga rozi holda izn so‘raydi. O‘zi emas, “onang” uchun deya yalinadi. Otabek hayotida burilish yasagan ta’sirli sahna: ona va otaning farzandi oldida egilishi, yalinishi. “Shu bilan birga saning sababi vujuding bo‘lg‘an bir kishi o‘z hayoti ichida bolasi orqaliq bir orzu-havas kechirmakchi... Uning bu orzusig‘a haq berasanmi, yo‘qmi – yana ixtiyor o‘zingda...”. Faslning nomlanishidagi orzu so‘zining ma’nosi ochiladi. So‘z qo‘llashda “andisha”ni ma’qul bilgan muallifning orzu so‘zini mana shu qismda o‘n to‘rt marta qo‘llashi bejiz emas.

 

Ota-onaning orzusi

 

Muallif oilani barbod qilishga xizmat qilgan odat – kundoshlikni qoralashda O‘zbek oyim obrazidan unumli foydalanadi. Musulmon oilasida tarbiyalangan Otabek uchun boshqa imkon qoldirilmaydi. Yusufbek hoji “turmushning rukn va asosini bir daraja aytib o‘tkan, Otabek esa buni shu muhitning bir o‘g‘li bo‘lib eshitkan edi”. Shu o‘rinda muallif jadid g‘oyasini bir qadar ochiqchasiga aytadi.

 

Otabek Zaynabni ota-ona orzusi so‘zi bilan sinonim tarzda qo‘llaydi. Otabek bir necha o‘rinda “orzu va rizoliq” so‘zini teng qo‘llashi bejiz emas. “Otabek ota-ona orzusig‘a o‘z ta’biricha jonsiz haykal bo‘lib rizoliq berdi”. Yozuvchi ota-ona orzusi va uning fojiasini ochishga biroz shoshganday, nazarimizda. Otabek uylanish xabarini aytishni o‘z zimmasiga olib Marg‘ilonga otlanadi. Shu sahnada uning ruhiy holati qaldirg‘och vositasida ochib beriladi. “Baxtlik qaldirg‘och: olg‘an sovg‘asi ham qo‘rqunch emasdir, ota-onasining ham orzu-havaslari yo‘qdir. Ularning turmush qonunlari juda yengil, ikav-ikav, suygan-suyganni oladirlar-da tog‘larda, yerlarda, ko‘klarda uchib yuruyberadirlar”.

 

Muallif qiyos orqali turmushning qora burchaklariga ishora qiladi. Tasvirning davomida dehqonning ashulasi beriladi. “Ikki yorni ajratuvchi bu falakning gardishi!”  Qo‘shiq uning kelajagidan rom ochganday. Otabekning xulosasi: “Ikki yorni ajratquchi bu falakning gardishi emas, ota-onaning orzusi!”  Muallif keragidan ortiq darajada “orzu” so‘ziga qadalganiga guvoh bo‘lamiz. Kundosh balosi, Kumush vafoti, Zaynabning aqldan ozishi –  orzuning badali. “To‘langan tovon” tufayli asarning adabiy-estetik qiymati, ta’sir qamrovi ortadi. Bularning boshida O‘zbek oyim turadi.

 

O‘zbek oyim romandagi eski tuzum va yangi dunyoqarash o‘rtasidagi to‘qnashuvni ochib berishga xizmat qilgan. U asardagi ikkinchi darajali qahramonlarning yorqin namunasi sifatida baholanadi. O‘zbek oyim ko‘p qirrali obraz. Oila obro‘sini ustun qo‘yishi, eski urf-odatga sodiqlik, manmanlik, ona tasavvuridagi “to‘g‘ri yo‘l”ni o‘g‘liga majburan o‘tkazishga intilishi xarakter mantig‘ini dalilaydi.

 

Qodiriy asarlarida qaynona obrazining bir necha tipini ko‘rish mumkin. Oftob oyim O‘zbek oyimning ziddi sifatida talqin qilinadi. U o‘zbekona andisha, iffat va ahloqning go‘zal timsoli. Kuyovi Otabekka cheksiz hurmat bilan qaraydi, uning hurmatini joyiga qo‘yadi. Qizi kuyoviga erkalik qilganda, uni tartibga chaqiradi, to‘g‘ri yo‘lga soladi. Oftob oyim o‘zbek adabiyotidagi eng go‘zal ona va qaynona tipiga mansubdir. “Mehrobdan chayon” romanida Nigor oyim erining injiqliklariga sabr bilan itaot qilgan oqila ayol timsoli. Anvarni o‘z farzandidek ko‘radi, uning yetimligiga hamdardlik qiladi, qayishadi. Muallif obrazni asardagi g‘oyaviy maqsadidan kelib chiqib talqin qilgan.

 

Tasvirda ifodaning yangilanishi

 

Qodiriydan keyin yaratilgan asarlarda realizmning satira bilan qorishiqligini ko‘rish mumkin. Cho‘lpon nasrida ayol talqini butunlay o‘zgacha ifoda topgan. Yozuvchi ayolga ezilgan, haqqi toptalgan, uni tushunishga uringan, hamdard sifatida yondashadi. “Kecha” romanida qaynona funksiyasini kundoshlar bajaradi. Cho‘lpon Qodiriydan farqli ravishda ayol qadriga diqqat qaratadi, uni ijtimoiy muammmo sifatida talqin qiladi.

 

G‘afur G‘ulomning “Yodgor” qissasida o‘zbek qaynonaning halol va pok qiyofasi yaratilgan. U Saodatga nisbatan chin onalik mehr-muravvati bilan qaraydi. Andisha va qanoat sifati obrazni to‘ldiradi, yanayam ta’sirni orttirishga xizmat qiladi. G‘.G‘ulom obrazni xalqona ruh va milliy bo‘yoqlarda chizadi. Yozuvchi ona va qaynona qiyofasini mehr-muravvatning timsoli sifatida tasvirlaydi. Qaynona obrazi mazmunan yangilanganiga guvoh bo‘lamiz.

 

 

Qaynona eski an’analar davomchisi sifatida tasvirlanishi S.Ahmadning “Kelinlar qo‘zg‘oloni” komediyasida o‘z aksini topdi. Asarda qaynana markaziy qahramon darajasida tasvirlanadi. Albatta, bunday munosabat davr vaziyatining talabi edi. Farmonbibi – katta bir oilani (ramziy ma’noda jamiyatni ham) qattiqqo‘llik va adolat bilan boshqaradi. Muallif uni ikki yoqlama tasvirlaydi. Farmonbibi tartib intizomni, halollikni himoya qiladi, adolatni yoqlaydi, oila manfaati va kelinlarining sha’ni uchun qayg‘uradi. S.Ahmad uning xarakterini komizim orqali yoritib beradi. Farmonbibining xatosi – eskirgan boshqaruv usulini mahkam tutishi hamda yangi avlod erkinligiga qarshi turishidir. 

 

O‘.Hoshimov ijodida qaynona obrazining mazmun mundarijasi yanayam kengayadi, insoniyligi jihatidan yangi bosqichga ko‘tariladi. Yozuvchi qaynona obrazi ifodasida milliy axloqiy qadriyatlarga alohida urg‘u beradi.  Tasvirda qora bo‘yoqlar o‘rniga, mavjud stereotiplar yangilanadi, yorqin ranglardagi insoniy sifatlari bilan ulug‘lanadi. Yozuvchining “Ikki eshik orasi” romanida bir qancha ayollar obrazi harakatlangan. Ular orasida asar badiiy butunligini ta’minlashga hamda asarning adabiy-estetik salmog‘ini oshirishga xizmat qilgan personajlar talaygina.

 

Qora amma – urush davri fojialarining alam-iztirobidan yuksalgan ayol. Qiyofasida o‘zbek ayolining go‘zal xulqini, sabr-qanoatini jamlagan obraz. O‘g‘li Kimsan urushdan qaytmaydi, kelini bo‘lishi lozim bo‘lgan Robiyani o‘zi uzatadi. Robiyaga eng yaqin do‘st va “homiy” sifatida gavdalanadi. U qaynona tipining nodir namunasi. Xalq donishmandligi va oqilligi Qora amma siymosida aks etadi. U qaynonadan onaga evriladi. Yangi ma’naviy bosqichga ko‘tariladi. Asarni millat qadriyatlari qomusi deyish mumkin. Sababi asarni tutib turuvchi asos xalq, qahramoni ham xalq! Qora amma qismati esa mana shu ulkan fenomenal hodisaning bir sahnasidir. Asardagi Orif oqsoqolning xotini Xolposh xola qaynona sifatida tasvirlangan. U Fotima va Zuhro kelinlariga qaynonalik pozitsiyasidan kelib chiqib munosabatda bo‘ladi. Yozuvchining “Dunyoning ishlari” avtobiografik asarida Poshsho oyim qaynona tipajining o‘zgacha ko‘rinishi sifatida taassurot qoldiradi. Poshsho oyim qaynona+ona shaklida namoyon bo‘ladi. Yozuvchi milliy-diniy qadriyatlardan ulgu olgan ayol qiyofasini yaratadi.

 

 

Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romanidagi Bolxin momo obrazi qaynonaning yangi tipi deyish mumkin. Bolxin momo – umrini qora mehnatga sarflagan, mustamlakachilik azobini totgan, xo‘rlangan, ichidagi olov taftida yonib yashagan matonatli o‘zbek ayolining jamlangan timsolidir. Uning tabiatida og‘ir turmush va nohaqlikdan orttirilgan alamzadalik hamda qattiqqo‘llik bo‘rtib ko‘rinadi. Kelinining mehnatiga, xazon bo‘lgan umriga kuyadi, ich-ichidan achinadi. Momo obrazida qadri oyoqosti qilingan, tuyg‘ulari toptalgan, orzularini boy bergan baxtsiz onaning iztiroblari aks etgan. Bir maqola doirasida nasrni to‘liq qamrab olish imkonsiz.

 

O‘zbek nasrida qaynona obrazning tadrijiy yo‘li milliy tafakkur hamda ijtimoiy ongning darajasini ko‘rsatadi. Adabiyotda bu obraz dastlab etnik ana’nalar qo‘riqchisi, keyinchalik ijtimoiy maishiy muammo (Qodiriy), xurofot va johillik (Cho‘lpon), jamiyat hayotida tartibni himoya qiluvchi (S.Ahmad), ulug‘lik va oliyjanoblik (O‘.Hoshimov), hayot zarbalaridan diydasi qotgan (T.Murod) ayol timsolida jonlandi. Kuzatishlarimizga ko‘ra obraz tadrijida mazmun jihatdan transformatsiyaga uchraganini ko‘rish mumkin. Bunday kuzatuvlar adabiyotshunoslikda talqin va tahlil imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

 

Sanobar TO‘LAGANOVA,

filologiya fanlari doktori, professor



[1] O‘zbek tilining izohli lug‘ati. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2006–2008 (A. Madvaliyev tahriri ostida).

2. Rahmatullayev Sh. O‘zbek tilining etimologik lug‘ati (turkiy so‘zlar). – Toshkent: Universitet, 2000–2009 (bir necha jildli nashr). – [“qayin” o‘zagi va unga aloqador terminlar].

[3] Н.П.Дыренкова. “Род, классификационная система родства и брачные нормы у алтайцев и телеут” // Материалы по свадьбе и семейно-родовому строю народов СССР / Под ред. В.Г. Богораза и Л.Я. Штернберга. – Л.: Издание Комиссии по устройству студенческих этнографических экскурсий, 1926. – Вып. I. – С. 247–259.

[4] Пропп В. Я. Морфология волшебной сказки. Научная редакция, текстологический комментарий И. В. Пешкова. – М.: Издательство «Лабиринт», 2001. – 192 с.

[5] A.Qodiriy. O‘tkan kunlar. Mehrobdan chayon. G‘.G‘ulomtnomidagi Nashriyot-matbaa birlashmasi, T., 1993. B. 105.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

17:11 / 06.11.2026 0 655
Arib Barmakiyya – turonlik ilk şaxmatçi ayol





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//