“Samarqand” – O‘zbekistonda uch tilda chop etilgan birinchi gazeta


Saqlash
18:21 / 25.08.2026 501 0

“Samarqand” gazetasi xalqning ko‘zini ochishga bois bo‘ldi”. Mazkur fikrni ulug‘ ma’rifatparvar Abdulla Avloniy “Samarqand” gazetasining o‘z davridagi ahamiyati haqida yozgandi. Mahmudxo‘ja Behbudiy noshirligi va muharrirligida chop etilgan mazkur nashr, haqiqatan ham, milliy matbuotimiz tarixida muhim o‘rin egallaydi.

 

Mahmudxo‘ja Behbudiy gazeta ochish yo‘lida Chor hukumatining norizoligi-yu qog‘ozbozligi ortidan besh yil sarsongarchilikka duchor bo‘ladi. Bu haqda Sadriddin Ayniy shunday xotirlagan: “1908 nchi yildan o‘z idorasinda biron gazeta chiqarmoq fikrig‘a tushub, 1913 nchi yil aprel oyinda bu maqsadig‘a yetishub, “Samarqand” gazetasining bir necha raqamini chiqarishga muvaffaq bo‘lg‘on”[1]. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida saqlangan ma’lumotlar ham buni tasdiqlaydi [2].

 

Abdulla Avloniyning fikriga kelsak, darhaqiqat, “Samarqand” o‘zidan avval chiqqan nashrlardan farq qiladi. Bunda Behbudiyning matbuot sohasida to‘plagan tajribasi qo‘l kelgan. Gazetaning o‘zgachaligiga birinchi dalil shuki, bizda ungacha hech bir nashr uch tilda chop etilmagan. Muharrir gazetani faqatgina o‘zbek tilida chiqarib, forscha so‘zlashadigan aholini e’tibordan chetda qoldira olmasdi. Uning o‘zi bu haqda shunday degan: “Samarqand” jaridasi o‘zbekiy, forsiy va rusiy tillarinda va Turkistonning o‘rta shevasinda ta’sis etilib edi. Mundan maqsad shul ediki, g‘arbdagi bahri Xazardan boshlab sharqdagi G‘ulja va Koshg‘arg‘acha, shimoldagi Qozog‘istondan boshlab janubdagi Afg‘oniston fosili Amu nahri o‘rtasindagi vose’ arozig‘a sokin turk va tojik birodarlarimizg‘a baqadri toqat xizmat etmak... Maktab bo‘lsun, madrasa bo‘lsun, ishko‘l bo‘lsun – isloh va taraqqiysig‘a yordam uchun xalqni da’vat qilmoq edi. Fosid urf va botil rasmlarni, yomon odatlarni shar’an islohig‘a ko‘shish etmoq edi” [3].

 

Muharrir istilohi Navoiy asarlari lug‘atida “yozuvchi, tahrir qiluvchi” ma’nosini berishi ta’kidlanadi. Biroq XX asr boshiga kelib muharrir faqat yozib, tahrir qiladigan emas, balki tahrirdan o‘tgan xabar va maqolalarning gazetada berilishini boshqaradigan, muallif jalb etadigan, yana bir qancha vazifalarni bajaradigan mas’ul shaxs darajasiga chiqqandi. Mahmudxo‘ja Behbudiy esa Sharq-u G‘arb tushunchasidagi muharrirning vazifasini bemalol bajara olgan. Ayniqsa, o‘zining qalamiga mansub maqolalarni muharrir nuqtayi nazari bilan qarab, qisqa va lo‘nda tarzda yozganini ko‘ramiz. “Tahsil oyi”, “Millatlar qanday taraqqiy etarlar?”, “Ehtiyoji millat” kabi ko‘pgina maqolalari fikrimizga dalildir.

 

 

Nashr nimasi bilan va qaysi yo‘nalishlarda xalqning ko‘zini ochdi?

 

Gazetada mustamlaka iskanjasida turib bo‘lsa-da, millat bolalarini o‘qitib, o‘zligini tanitib, ma’rifat vositasi-la ozodlikka erishish g‘oyasi targ‘ib etildi. Bu yo‘lda tahririyat jamoasi barcha janrdagi – axboriy, tahliliy, badiiy, hajviy materiallardan unumli foydalandi. “Mahalliy xabarlar”, “Ibratlik xabarlar”, “Musulmon olami xabarlari” doimiy bosilgan. Muayyan yangiliklarni “Ibratlik xabarlar” deb nomlashning o‘zi ham muharrirlarning maqsadini anglatadi (keyinroq “Doxiliy xabarlar” va “Xorijiy xabarlar” tarzida o‘zgartirilgan).

 

Millat uchun biror ibrat bo‘larli voqea haqida yozilsa, undan saboq olish lozimligi alohida ta’kidlab ketilgan. Jumladan, Ummon mamlakati musulmonlari “Jam’iyat ul-ittifoq” degan tashkilot tuzishgani, shu tariqa yoshlarni o‘qitish uchun pul to‘plashga qaror berilgani haqida aytilib, xabar oxirida “Turkiston va Buxoro uchun ibrat” degan qayd qistirib o‘tilgan (bu o‘rinda yurtimiz hududi ikkiga ajratib tilga olingani boisi, o‘sha davrda xalqimiz ikki idoraviy-boshqaruv ostida – general-gubernatorlik va amirlik tarkibida yashardi).

 

Yangilik janriga G‘arb jurnalistika nazariyasi tomonidan berilgan o‘ziga xos ta’rif mavjud: “When a dog bites a man, that is not news. But when a man bites a dog, that is news” (Agar it odamni tishlasa, bu yangilik emas. Biroq odam itni tishlasa, bu yangilikdir) [4]. Bunday mazmundagi yangiliklar “Samarqand” gazetasida ham berib borilgan. “Ajab voqea” sarlavhali material fikrimizga dalil bo‘la oladi:

 

“Xo‘jandda Abdulrofe’ mahallasida Fayziya degan eri o‘lgan bir xotun ila oning 14 yoshlik bir qizi bor ekan. Mazkur xotun yoshlik chog‘ida ersiz qolganidan oning hamsoyasida bo‘lgan Zarifqori ismlik bir odam oning ahvolidan xabardor bo‘lub, daf’i ehtiyoji xususida ba’zan yordam berib turganini mazkur mahalla aholisi aytadurlar.

 

 

Kunlardan bir kun 65 yoshg‘a yetgan Zarifqori o‘shal xotunning qiziga muhabbat qo‘yub, olmoq fikrida yurganida taqriban 60 yoshlik Fayziya xotun Zarifqorining 16 yoshlik Ziyovuddin degan o‘g‘lig‘a oshiq bo‘lur.

 

 

Bir kun betoqatlig‘idin Zarifqori qizig‘a oshiq bo‘lganini Fayziyag‘a bildurganida, bu xotun ham oning o‘g‘lig‘a oshiqligini izhor etibdur. Hamda agar shuning chorasi topilsa, unga-da bir chorasi topilmog‘i mumkinligini bayon qilibdur.

 

Bu so‘zni eshitib jon-u dilidan Zarifqori rozi bo‘lub, balatoxir Fayziya kampirni yosh o‘g‘li Ziyovudding‘a va uning 14 yoshlik qizini o‘zig‘a aqd va to‘y qilibdur” [5].

 

G‘arbona misolda itning odamni tishlagani odatiy, odamning itni tishlashi noodatiy holdir. Jadid matbuotidan olingan yangilikda ham mana shunday g‘ayrioddiy voqea bayon qilingan. Keksa ayolning bo‘z yigitga uzatilishi mahalliy xalq nazdida chini bilan “Ajab voqea” bo‘lgan. Muharrir esa gazetxonlar ikki oila boshliqlarining nafs qutqusida aql bovar qilmas darajada til biriktirishidan tegishli xulosa chiqarishini ko‘zlagan.

 

G‘arb jurnalistikasida axborotda munosabat bo‘lmasligi, ya’ni muxbirning voqea-hodisaga betarafligi bilinib turishi kerakligi uqtiriladi. “Samarqand” gazetasida ham shunday manzaraning guvohi bo‘ldik. Masalan, quyidagi yangilikka e’tibor qiling. “Piterburg. Usmonli elchixonasi rasmiy e’lon aytadur: Sharkuyda (Marmara dengizi bo‘yida) bulg‘orlar musulmon imoratlarining hamasini xarob etibdur. Shaharda faqat 5–10 imorat buzilmay qolibdur” [6]. Lekin shu jihati ham borki, muharrir gazetaga bosish uchun qanday xabarni tanlashida gap ko‘p. Masalan, yuqoridagi ikki enlik axborotda Behbudiyning dunyoqarashi yalt etib turibdi.

“Samarqand” gazetasida yana shunday xabarlar uchraydiki, voqea-hodisaga tahririyatning munosabati ochiq bildiriladi: “5-avgustda Yangi Chorsu mahallasidaki choyxonada Abdulfattoh boybachchani noma’lum kishilar tafangcha ila otub qochubdurlar. Maqtul otasidan qolgan ko‘b mollarni safohat yo‘lida sarf qilub, yomon odamlar ila qo‘shulushub yurgan ekanki, yomon rafiqlari bukun o‘zining boshig‘a balo bo‘libdi.

 

Idora:

 

“Agarda otasi o‘qutsa edi, bolasi balo bo‘lmas edi” [7].

 

Matnda muxbirning munosabati yaqqol sezilib turibdi. Shu bilan ham qanoat qilmasdan, tahririyat yana xulosa qo‘shadi: “Agarda otasi o‘qutsa edi, bolasi balo bo‘lmas edi”. Bu fikrda faqat bir boy bolasining emas, balki butun Turkiston xalqlari tanazzulining bosh sababi ko‘rsatilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” pyesasida ham ayni shu illat qalamga olingan.

 

Jadidlar go‘yoki betarafdek ko‘ringan xabarlar zamirida g‘oyaviy kurash mavjudligini yaxshi anglagan. Noto‘g‘ri talqin qilingan, atay buzilgan, g‘ayri maqsadga yo‘naltirilgan axborotni ajrata bilganlar, shunga ko‘ra ish tutganlar, ayrim paytda tarafkashlikka ham yo‘l qo‘yganlar. Quyidagi misolga diqqatingizni qaratamiz:

 

“Istanbul. Adrina viloyatiga puplardan Patriyorxg‘a kelgan xabarga ko‘ra, turk askari onda 22 xristiyon qishlog‘ini yondurubdurlar. Va ko‘b odamni kalisog‘a qamab, otash berubdurlar. Bir qishloqda 600 kishidan ikki nafari eson qolibdur. Go‘yo “Ittihod va taraqqiy” firqasi munda xristiyonlarni qirib, o‘rinlarig‘a musulmonlarni qoldirmakchidurlar.

 

“Samarqand”:

 

Puplarning bu xabari ko‘p mubolag‘ali va “Ittihod va taraqqiy” firqasig‘a dushmanlik uchun bo‘lsa kerak. Bul xabar durust bo‘lgan taqdirda ham bulg‘orlarning gunohsiz musulmonlar haqinda qilgan jabr va zulmlarining muqobilida yuzga birdur” [6].

 

Mazkur axborot urush davrida dushman davlat tomonidan tarqatilgani inobatga olinsa, munosabatning qay tomonga yo‘naltirilganini anglash qiyin emas. Axborot kurashi birinchi jahon urushi arafasida avj olgani shu kabi misollardan anglashiladi.

 

“Samarqand” gazetasida chiqqan “Musulmon sinematografiyasi”, “Yangi maktablar”, “Muslimalar uchun maktab”, “42 xonali maktab haqida”, “Kafkaz musulmonlarida ruscha tahsil” singari yuzlab materiallar mustamlakada ezilgan avomni ma’rifatli xalqqa aylantirish, shu yo‘l bilan ozodlikka erishish maqsadini ko‘zlagan.

 

Jadid matbuotida sobiq sho‘ro davridagidek umumiy gaplarga chirmab mavhum yozilmagan, balki G‘arbning ilg‘or jurnalistikasidagi kabi demokratik tamoyillarga tayanilgan, ayni paytda milliy manfaatlar ham unutilmagan. Mahmudxo‘ja Behbudiyning o‘zbek milliy matbuoti tamalini qo‘ygan jonkuyar muharrir sifatidagi ish tutumlari bugungi jurnalistikamiz uchun ham ibrat maktabidir.

 

Halim SAIDOV,

O‘zJOKU professori, filologiya fanlari doktori

 

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Sadriddin Ayniy. Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlarining qisqacha tarjimayi holi  // “Mehnatkashlar tovushi” gazetasi, 1920-yil 8-aprel.

2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, 18-fond, 1-ro‘yxat, 8752-ish.

3. Mahmudxo‘ja Behbudiy. Na uchun iltifot etmaydurlar // “Samarqand” gazetasi, 1913-yil 16-avgust.

4. Conrad C.Fink. Introduction to professional newswriting. – USA: Longman Publishers, 1998. – P. 15.

5. Muhammad Sa’d. Ajab voqea // “Samarqand” gazetasi, 1913-yil 16-iyul.

6. Doxiliya xabarlari // “Samarqand” gazetasi, 1913-yil 26-iyul.

7. Xo‘jandda // “Samarqand” gazetasi, 1913-yil 16-avgust.

 

“Til va adabiyot ta’limi” jurnali, 2025-yil, 1-son.

“Samarqand” gazetasi xalqning ko‘zini ochishga bois bo‘ldi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//