SI texnologiyalarining ilmiy tadqiqot jarayoniga kirib kelishi adabiyotshunoslik sohasida ham muhim muammoni yuzaga chiqardi: ilmiy maqola, dissertatsiya va boshqa akademik matnlarni tayyorlashda SIdan foydalanishning maqbul chegarasi qayerda? Tadqiqotchining mustaqil ilmiy hissasi qanday belgilanadi? SI ishtirokini aniqlashga qaratilgan texnik vositalar ham har doim qat’iy xulosa berish imkoniga ega emasligi bu savollarni yanada murakkablashtiradi. Shu bois ilmiy mualliflik, originallik, akademik halollik va natija uchun shaxsiy javobgarlik masalalari yangi texnologik sharoitda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Endilikda masala SI adabiyotshunosga yordam bera oladimi yoki yo‘qmi, degan savol bilangina cheklanmaydi. Balki “SI ishtirokidagi tadqiqotda inson-olimning o‘rni qaerda, uning mustaqil fikri va talqin qilish vakolati qanday saqlanib qoladi?” degan muhim savol o‘rtaga chiqadi. Muammo SIning ilmga kirib kelayotganida emas, undan foydalanishning aniq ilmiy mezonlari va metodologiyasi yetarlicha shakllanmaganidadir. Bunday metodologiya, aksincha, mavjud muammolarni tartibga solishga xizmat qiladi.
Adabiyotshunoslikda texnologiyalardan foydalanish yaqinda paydo bo‘lgan emas. Badiiy matnni raqamli texnologiyalar yordamida o‘rganish an’anasi Digital Humanities (raqamli gumanitar fanlar) va Computational Literary Studies (kompyuter adabiyotshunosligi) doirasida ancha avval shakllangan. Katta matn korpuslarini statistik tahlil qilish, stilometriya, mualliflik atributsiyasi, tematik modellashtirish kabi usullar an’anaviy close reading – matnni sinchiklab o‘qish va talqin qilish bilan bir qatorda adabiy jarayonni keng miqyosda o‘rganish imkonini berdi.
Bu borada Franko Morettining distant reading (masofaviy o‘qish) konsepsiyasi alohida ahamiyatga ega. Olim alohida asarlarni batafsil tahlil qilish bilan cheklanmasdan, adabiy jarayonni janrlar, adabiy shakllar va tarixiy tendensiyalar doirasida kengroq o‘rganish zaruratini ilgari surdi. Moretti bu yondashuv mohiyatini “Distant reading: where distance ... is a condition of knowledge” – “masofaviy o‘qishda masofa bilishning shartidir”, degan fikr bilan ifodalaydi (Moretti, 2013, p. 48). Bu yerda “masofa” badiiy matndan butunlay voz kechishni emas, balki alohida asar doirasidan chiqib, janr, shakl va adabiy tizimlarni kengroq miqyosda ko‘rish imkoniyatini anglatadi. Bu yondashuv adabiyotni katta miqyosda tahlil qilishga asoslangan yangi va ayni paytda bahsli yo‘nalishning rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatdi.
Biroq bugungi generativ sun’iy intellekt avvalgi raqamli vositalardan jiddiy farq qiladi. Ilgari kompyuter, asosan, katta hajmdagi matnni qayta ishlash, statistik qonuniyatlarni aniqlash va materiallarni tasniflashga yordam bergan bo‘lsa, bugun SI matnni umumlashtirmoqda, asarlarni qiyoslamoqda, tahlil yo‘nalishlarini taklif qilmoqda va hatto akademik uslubda matn yaratmoqda. Demak, u tadqiqotchining faqat texnik mehnatiga emas, fikrlash va matn yaratish jarayoniga ham yaqinlashmoqda.
So‘nggi xalqaro tadqiqotlar bu imkoniyatlar ko‘lami kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Katta til modellari adabiy matnni tahlil qilish, qahramonlar munosabatini aniqlash, uslub va mualliflik xususiyatlarini farqlash, metafora va ritorik vositalarni talqin qilish, umumlashtirish va tarjima kabi vazifalarda sinovdan o‘tkazilmoqda. 2026-yilda N.Mozaffari, B.Mehrangmarani va A.Khorramrouz tomonidan amalga oshirilgan keng qamrovli tadqiqotda dastlab beshta yirik ilmiy bazadan 1075 ta material aniqlangan. Shundan 325 ta takroriy material chiqarib tashlanib, 750 ta manba dastlabki saralashdan o‘tkazilgan, 180 ta maqola to‘liq matn asosida ko‘rib chiqilgan va yakunda 48 ta tadqiqot tahlil uchun tanlab olingan (Mozaffari et al., 2026, p. 5). Mualliflar tahlil natijalarini umumlashtirib, “LLMs have been applied to eight major literary tasks” – katta til modellari adabiyotshunoslikning sakkiz asosiy vazifasida qo‘llanilganini qayd etadilar (Mozaffari et al., 2026, p. 1). Ular kompleks adabiy tahlil va interpretatsiya, personajlar munosabati va xususiyatlarini aniqlash, uslub va mualliflik atributsiyasi, metafora va ritorik vositalarni talqin qilish, adabiy matnni baholash va generatsiya qilish, personaj replikalarini aniqlash, matnni umumlashtirish hamda adabiy tarjimani qamrab oladi.
Bu natijalar SIning adabiyotshunoslikdagi ishtiroki endi faqat nazariy ehtimol emas, balki turli yo‘nalishlarda sinovdan o‘tkazilayotgan real ilmiy amaliyotga aylanganini ko‘rsatadi.
Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: agar SI qisqa vaqt ichida o‘nlab manbalarni umumlashtirsa, nazariy qarashlarni qiyoslasa, badiiy matn yuzasidan talqinlarni taklif qilsa va bularni ravon ilmiy matnga aylantira olsa, adabiyotshunos olimning vazifasi nimadan iborat bo‘lib qoladi?
SI katta hajmdagi ma’lumot bilan insondan tezroq ishlashi mumkin. Ammo tez ishlash chuqur bilishni anglatmaydi. Badiiy asarni o‘qish matndagi so‘z va jumlalar ma’nosini tushunishdangina iborat emas. Adabiyotshunos asar ortidagi davrni, ijtimoiy va madaniy muhitni, yozuvchining badiiy niyatini, obrazlar ruhiyatini, ramz, kinoya va ishoralarni, ba’zan ochiq aytilmagan ma’nolarni ham anglashga harakat qiladi. Eng muhimi, u asar haqida mustaqil ilmiy pozitsiya shakllantiradi.
Zamonaviy tadqiqotlar ham aynan shu nuqtada SIning jiddiy cheklovlari saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Mozaffari va hammualliflar tahlil qilgan 48 tadqiqotdan atigi ikkitasi bevosita adabiy metaforalarni interpretatsiya qilishga bag‘ishlangan. Mualliflarning xulosasiga ko‘ra, LLMlar nisbatan odatiy va strukturalashgan metaforalarni tahlil qila olsa-da, ijodiy, ko‘p qatlamli va murakkab metaforalarni anglashda “significant limitations” – jiddiy cheklovlarga duch keladi (Mozaffari et al., 2026, p. 12). Tadqiqotda katta til modellari matn osti ma’nolari, emotsiyalar va murakkab munosabatlarni aniqlash, ko‘p bosqichli mantiqiy tahlil, uzun matnlarni yaxlit tushunish hamda implitsit va metaforik aloqalarni anglashda ham qiyinchiliklarga duch kelayotgani qayd etiladi (Mozaffari et al., 2026, p. 10).
SI ishonchli va ravon ko‘rinadigan talqinni taklif qilishi mumkin. Ammo ravon yozilgan har qanday tahlil asoslangan ilmiy talqin bo‘la olmaydi. Bu holat 2025-yilda ACL doirasida amalga oshirilgan KRISTEVA tadqiqotida yanada aniq raqamlar bilan namoyon bo‘ldi. Tadqiqotda SIning close reading – matnni sinchiklab o‘qish va dalillarga asoslangan interpretatsiya qilish qobiliyati real universitet mashg‘ulotlari materiallari asosida tuzilgan 1331 ta savol orqali sinovdan o‘tkazildi. Natijada zamonaviy til modellari 49,7 foizdan 69,7 foizgacha aniqlik ko‘rsatgan. Eng muhimi, ular 11 ta vazifaning 10 tasida tajribali inson ekspertlaridan ortda qolgan (Sui et al., 2025, p. 32829).
Demak, bugungi SI badiiy matn haqida talqin yaratish qobiliyatiga ega bo‘lsa-da, bu talqinning o‘zi uni adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan chuqur va ishonchli qila olmaydi. SI va inson o‘rtasidagi asosiy farq ma’lumotni qayta ishlash tezligida emas, balki ma’noni kontekstda anglash, dalillarni o‘zaro bog‘lash va ular asosida mustaqil ilmiy pozitsiya shakllantirishda namoyon bo‘ladi. Shuning uchun SI davrida ilmiy matn yaratish bilan ilmiy fikr yaratish o‘rtasidagi farq yanada muhimlashadi.
SI davrida ilmiy mualliflikni faqat “matnni kim yozdi?” degan savol bilan belgilash yetarli bo‘lmay qolmoqda. Undanda muhimroq savollar yuzaga kelmoqda: Muammoni kim ko‘rdi? Savolni kim qo‘ydi? Ilmiy qarorni kim qabul qildi? Natija uchun kim javob beradi?
Ana shu savollar adabiyotshunosning mustaqil ilmiy pozitsiyasini belgilaydi. Bu holatni “adabiyotshunosning ilmiy subyektligi” tushunchasi orqali ifodalash mumkin. Ilmiy subyektlik tadqiqotchining tayyor fikr ortidan ergashmasdan, badiiy matn bilan mustaqil munosabatga kirishishi, muammoni o‘zi ko‘rishi, savol va gipotezani shakllantirishi, dalillarni baholashi hamda yakuniy ilmiy qarorni o‘zi qabul qilishi demakdir.
SI turli talqinlarni taklif qilishi mumkin, ammo ulardan qay biri matnga yaqin, qay biri nazariy jihatdan asosli yoki bahsli ekanini tadqiqotchi hal qiladi. Bundan tashqari, SI noto‘g‘ri manba ko‘rsatishi, mavjud bo‘lmagan iqtibos keltirishi yoki ishonchli ko‘ringan, ammo matn bilan tasdiqlanmaydigan xulosa taklif qilishi mumkin. Ilmiy ishda esa “bu ma’lumotni SI bergan edi” degan izoh muallifni javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Shu ma’noda SI va olimning munosabatini shartli ravishda “asimmetrik intellektual hamkorlik” deb atash mumkin. Chunki ularning vakolati teng emas: SI qiyoslaydi, variantlar taklif qiladi va ma’lumot bilan ishlashni tezlashtiradi; tadqiqotchi esa ilmiy maqsadni belgilaydi, natijani baholaydi va yakuniy qaror uchun javob beradi.
Masalani “SIdan foydalanish mumkinmi yoki mumkin emasmi?” degan tanlovga bog‘lash bugungi vaziyatni to‘liq ifodalamaydi. Muhimi, undan qayerda, qanday maqsadda va qaysi chegaragacha foydalanish mumkin? Bizningcha, SI ishtirokidagi adabiyotshunoslik tadqiqotini shartli ravishda besh bosqichda tashkil etish mumkin.
SIdan to‘g‘ri foydalanish o‘zbek adabiyotshunosligining xalqaro ilmiy maydon bilan muloqotini sezilarli darajada kengaytirishi mumkin. Jahon adabiyotshunosligidagi ko‘plab zamonaviy nazariy tadqiqotlar ingliz va boshqa xorijiy tillarda e’lon qilinmoqda. SI ilmiy maqolaning dastlabki tarjimasini olish, asosiy tushunchalarni aniqlash, turli nazariyalarni qiyoslash va tadqiqotchiga zarur manbalar doirasini belgilashda katta ko‘mak berishi mumkin. Bu zamonaviy narratologiya, kognitiv poetika, retseptiv estetika, intermediallik, raqamli gumanitar fanlar va kompyuter adabiyotshunosligi kabi yo‘nalishlarni milliy adabiyotshunoslik bilan faolroq muloqotga kiritish imkonini beradi.
Biroq bu yerda yana bir muhim jihatga e’tibor qaratish kerak. Ya’ni, xorijiy nazariyani tarjima qilish uni o‘zlashtirish degani emas. Masalan, Focalization, narrator, discourse, mimesis, defamiliarization kabi tushunchalarning tarjimasini olish mumkin, lekin ularning nazariy mazmunini anglash va milliy adabiy materialga qay darajada tatbiq etish mumkinligini belgilash tadqiqotchining vazifasidir. Aks holda xorijiy nazariyani tez topish uni milliy adabiyotga mexanik tatbiq qilish xavfini tug‘diradi. Holbuki, nazariya asarni tushunishga xizmat qilishi, asar esa nazariyani tasdiqlash uchun tanlangan misolga aylanmasligi lozim.
SI akademik uslubda matn yaratish, reja tuzish, ma’lumotlarni umumlashtirish va nazariy qarashlarni bir-biriga bog‘lash imkoniga ega bo‘lgan sharoitda ilmiy ishning tashqi mukammalligi uning haqiqiy qiymatini belgilash uchun yetarli bo‘lmay qolmoqda. Maqola ravon yozilgan, dissertatsiya zamonaviy atamalarga boy, manbalar ro‘yxati katta bo‘lishi mumkin. Ammo ilmiy ekspertiza uchun asosiy savol boshqa: Tadqiqotchi qanday yangilik qildi? U qanday muammoni ko‘rdi? Qanday yangi savol qo‘ydi? Uning mustaqil gipotezasi nimadan iborat? Qaysi natija bevosita badiiy matn tahlilidan kelib chiqdi? Mavjud adabiyotshunoslikka qanday yangi fikr qo‘shildi? Shu ma’noda SI ilmiy matn yozishni osonlashtirgani sari muallifning mustaqil ilmiy hissasini aniqlash muhimlashib boradi. Bu, ayniqsa, yosh tadqiqotchilarni tayyorlashda e’tiborga olinishi kerak. Ularga faqat SIga yaxshi prompt yozishni emas, SI javobiga shubha qilish, asl manbani topish, muqobil qarashlarni qiyoslash va mashina taklif qilgan xulosani rad eta olishni ham o‘rgatish lozim. Chunki SIga yaxshi savol berish texnologik ko‘nikmani, hali boshqalar qo‘ymagan ilmiy muammoni yechish esa tadqiqotchilik mahoratini bildiradi.
Yana bir masala o‘rtaga chiqadi: ilmiy shaffoflik. Agar SI faqat imloviy yoki oddiy texnik vazifalarda ishlatilgan bo‘lsa, masala bir qadar sodda. Ammo u xorijiy manbalarni izlash, tarjima, nazariy qarashlarni qiyoslash, gipotezani sinovdan o‘tkazish yoki jiddiy tahrir jarayonida ishtirok etgan bo‘lsa, uning tadqiqotdagi vazifasini ko‘rsatish maqsadga muvofiq. Bu SIni “hammuallif” deb tan olish degani emas. Aksincha, tadqiqotchi texnologiyadan qayerda va nima maqsadda foydalanganini ochiq ko‘rsatadi. Kelajakda ilmiy maqolalarda “qaysi SI vositasi qanday vazifada qo‘llanildi va natija qanday tekshirildi” degan qisqa metodologik izohning berilishi ilmiy shaffoflikning bir qismiga aylanishi mumkin.
Sun’iy intellektning adabiyotshunoslikka kirib kelishi kelajakka oid taxmin emas, u bugungi ilmiy jarayonning bir qismiga aylanib ulgurdi. Shu sabab asosiy masala texnologiyani qabul qilish yoki rad etishda emas, uning ilmiy tadqiqotdagi o‘rni va chegarasini to‘g‘ri belgilashdadir. SI ma’lumotni tez topadi, katta hajmdagi materialni qiyoslaydi, tarjima qiladi va ehtimoliy talqinlarni taklif etadi. Bu esa tadqiqotchi uchun vaqtni tejash imkoniyatini beradi. Ammo ilmiy muammoni ko‘rish, original savol qo‘yish, gipoteza shakllantirish, dalillarni baholash va yakuniy xulosa uchun javob berish adabiyotshunosning vazifasi bo‘lib qoladi. Shu sababli inson va SI munosabatining samaradorligi ularni tenglashtirishda emas, vazifalarni to‘g‘ri taqsimlashda namoyon bo‘ladi. Buni quyidagi formula bilan qisqacha ifodalash mumkin: SI imkoniyatlar maydonini kengaytiradi – adabiyotshunos ma’noni tanlaydi, asoslaydi va u uchun javob beradi.
O‘zbek adabiyotshunosligi uchun ham bu yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. SI xalqaro nazariy maydon bilan muloqotni tezlashtirishi, til to‘sig‘ini qisqartirishi va tadqiqotchining izlanish doirasini kengaytirishi mumkin. Biroq bu jarayon mustaqil ilmiy tafakkur hisobiga kechmasligi lozim. Shu bois kelajak adabiyotshunosi SIdan foydalanmaydigan olim emas, balki undan foydalana turib ham mustaqil o‘qiydigan, yangi savol qo‘yadigan, shubha qiladigan, tekshiradigan va o‘z ilmiy pozitsiyasi uchun javob beradigan tadqiqotchi bo‘lishi kerak. Masalaning mohiyati ham shunda, ya’ni sun’iy intellekt adabiyotshunosning o‘rnini egallamaydi; u adabiyotshunos bo‘lish uchun zarur intellektual mezonlarni o‘zgartiradi.
Yuqoridagilardan shunday umumiy xulosa kelib chiqadi:
SIdan nazoratsiz foydalanish – xavf.
SIdan butunlay voz kechish – imkoniyatni boy berish.
SIdan aniq metodologiya asosida foydalanish – ilm taraqqiyotining yangi imkoniyati.
Obidjon SHOFIYEV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent
1. Moretti, F. (2013). Distant Reading. London: Verso.
2. Mozaffari, N., Mehrangmarani, B., & Khorramrouz, A. (2026). Applications, Performance, and Research Gaps of Large Language Models in Literary Studies: A Scoping Review. Human Behavior and Emerging Technologies, 2026, Article 8695447. DOI: 10.1155/hbe2/8695447.
3. Sui, P., Rodriguez, J. D., Laban, P., Murphy, J. D., Dexter, J. P., So, R. J., Baker, S., & Chaudhuri, P. (2025). KRISTEVA: Close Reading as a Novel Task for Benchmarking Interpretive Reasoning. Proceedings of the 63rd Annual Meeting of the Association for Computational Linguistics, 32829–32849. DOI: 10.18653/v1/2025.acl-long.1577.
Tarix
Tarix
Adabiyot
Jarayon
Jarayon
San’at
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q