Shayboniylarni “oʻgaylashtirish” zamirida qanday sabablar bor? Tarixchi tahlili


Saqlash
17:34 / 18.08.2026 6638 0

Keyingi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda Shayboniylar sulolasi (1500-1601) va Muhammad Shayboniyxon (1451-1510) shaxsi tevaragida tortishuvlar, bir-biridan farqli koʻplab koʻzqarashlar bildirilyapti. Yurtdoshlarimizning bir qismi Shayboniyxonni mintaqada “oʻzbek” atamasining keng tarqalishini boshlab bergan, tobora choʻkib borayotgan Temuriylar oʻrnida qaytadan yirik sulola boshqaruvini yoʻlga qoʻygan, yurtni Safaviylar – boshqa mazhab egalari bosqinidan saqlab qolgan qahramon oʻlaroq koʻrsa, yana bir guruh vatandoshlarimiz uni Temuriylardek buyuk sulolani yoʻq qilgan, davlatchiligimiz ildiziga bolta urgan, Boburni Hindistonga quvib yuborgan kishi deb biladi. Xoʻsh, bularning qay biri toʻgʻri, bunday koʻzqarashlarning negizida nima yotadi, bunday yondashuvlar kelib chiqishiga turtki boʻlgan omillar – oʻrta maktab va oliy oʻquv yurtlari darsliklari, oʻzbek jamiyatiga yetkazib berilayotgan maʼlumotlar qanchalik ilmiy va ishonchli? Bu kabi savollarga toʻliqroq toʻxtalishdan oldin yurtdoshlarimiz orasida tortishuvlarni keltirib chiqargan ayrim masalalar bilan qisqacha tanishib chiqsak. 

 

“Chor Rossiyasini, sovetlarni, yalpi olganda, miloddan oldingi VI–V yuzyilliklarda Erondan kelib mintaqani bosib olgan Ahamoniylarni, IV yuzyilliklikda Yunon yurtidan bostirib kelgan makedoniyalik Aleksandrni, milodiy VII–VIII yuzyilliklarda Yaqin Sharqdan kelgan arablarni, XIII yuzyillik boshlarida Janubiy Sibirdan, aniqrogʻi, Baykalboʻyidan yoʻlga chiqqan moʻgʻullarni ham bosqinchi deymiz. Shunga oʻxshab Muhammad Shayboniyxon boshchiligidagi “oʻzbeklar”ni ham bosqinchi deyishimiz kerak, chunki ular ham yurtimizga boshqa yerdan – Dashti Qipchoq – Volgaboʻyi va Sirdaryo qirgʻoqlaridan kirib kelgan, degan qarashlar ham eldoshlarimiz orasida uchrab turadi. Ularning bu qarashi negizida quyidagicha “haqiqatlar” yotadi:

 

- bugungi oʻzbeklar yashaydigan hududlar Amudaryo – Sirdaryo oraligʻiga toʻgʻri keladi, shuning uchun bu daryolardan chetdagi yerlar biz uchun “yot, chet, begona”;

- mustaqilligimizning ilk yillarida keng tarqalgan qarash – “bizning ota-bobolarimiz tagli-tugli, oʻtroq boʻlgan, Yevrosiyo kengliklarida – Oltoydan – Qora dengiz boʻylarigacha choʻzilgan yerlardagi koʻchmanchi saltanatlar, ayniqsa, Yevropani titratgan xunlar va ular yoʻlboshchisi bizdan emas, biz unday bosqinchilarning avlodi emasmiz” va hak.

 

Bu kabi yondashuvlardan kelib chiqadigan, yaʼni oʻzbek elining chegaralarini faqatgina Amudaryo – Sirdaryo oraligʻi bilan cheklaydigan boʻlsak, unda quyidagicha qarama-qarshiliklar kelib chiqadi: 1) oʻzbeklarning buyuklari deb qaraladigan Alisher Navoiy Hirotda – bugungi kundagi afgʻon yerlarida tugʻilgan boʻlib, uni qanday qilib oʻzimizniki deya olamiz; 2) Kushonlar, Eftaliylar, Turk xoqonligi, Qoraxoniylar, Gʻaznaviylar, Saljuqiylarni – cheklanib oʻrganishimiz kerak boʻlgan Amudaryo – Sirdaryo oraligʻidan tashqarida shakllanib, keyinchalik ushbu daryolar oraligʻiga kirib kelgan va bu yerni boshqaruv markazlariga aylantirgan sulolalarni ham “bosqinchi”, “kelgindi” deyishimiz kerak boʻladi. Va shu mantiqqa koʻra, ushbu sulolalarning koʻpchiligi boshqaruv markazlarini ikki daryo oraligʻi va unga qoʻshni yerlardagi Baqtriya (Balx, Termiz, Naxshab), Choch, Fargʻona, Samarqand va Buxoroda qurgan boʻlsayam, ularga “chetdan kirib kelgan” deb yondashaveramizmi?!

 

Koʻpincha oʻtmishdagi milliy oʻzliklaridan biri boʻlmish “turklik”, “turkiylik” bilan bogʻliq tarix tushunchasi doirasida qaralib kelgan Turon – Turkiston el-uluslarining ajralmas bir boʻlagi boʻlgan bugungi Oʻzbekiston oʻtmishi yoritilarkan, u xoh sobiq Shoʻrolar chogʻida boʻlsin, xoh mustaqilligimiz qoʻlga kiritilgan 1990-yillarning boshidan bugungacha boʻlsin, oʻzbek xalqi oʻtmishi, kelib chiqishi, etnik shakllanish bosqichlari boʻlsin, urgʻu koʻproq turkiylikka berib kelinadi. Tarixiy qahramonlar shu doirada tanlanadi, til tomondan qardoshlar turkiylar ekani aytiladi, Oʻrxun – Enasoy bitiktoshlari ilk yozuvda berilgan eng eski soʻzlarimiz ekani, “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli” dostonlari turkiy oʻrtam – muhitdagi ogʻzaki asarlar ekani urgʻulanadi. Bunday yondashuvning ilk ildizlari yarim afsonaviy boʻlsa-da, Qoraxoniylardan boshlab oʻzbek xonliklarining soʻnggi yillarigacha yozilgan tarixiy asarlarda oʻz koʻrinishini topgan: ildizlarimiz Yofas oʻgʻli Turk va uning izdoshlaridan boshlanish oladi.

 

XX yuzyillik boshlarigacha yozilib kelingan tarix asarlarida Amudaryo – Sirdaryo oraligʻi turgʻunlari – bugungi oʻzbeklarning etnik shakllanishida tayanch boʻlgan hudud aholisining kelib chiqishi va etnomadaniyati oʻzgacha ekani-yu, milliy tarixga boʻlgan munosabati, oʻzlik tushunchasining qardosh oʻlkalardan boshqacha ekani, oʻzgalar koʻchmanchi, oʻzbeklar oʻtroq, degan yondashuvga urgʻu berilganiga koʻzimiz tushmaydi. Ilk bor milliy tarixni ilmiy va yangi yoʻriqlarda yozish ehtiyoji tugʻilgan XX yuzyillik boshlarida jadidlar ham tarixga yondashar ekan, boshida shunday yoʻl tutib, Oltoy va Sibirni, Volga-Uralboʻyi oʻzbeklar uchun ham beshiklik qilganini yashirmadi, Chingizxonni bosqinchi, Temurni qahramon deb bilmadi, ularni bir-biriga qarama-qarshi qoʻymadi. Shoʻrolarning quv, ayyorlik bilan yuritgan “qardoshlarni boʻlib tashla va ular ustidan hukmronlik qil” siyosatini yaxshi anglamagan ayrim yerli oydinlarning “oʻzbek xalqi oʻtroq, mintaqadagi barcha shaharlarni ularning ota-bobolari qurgan”, deb urgʻu berilgan ayrim ishlarni aytmaganda, bunday yangicha yondashuv keng yoyilmadi, oʻz qoʻllab-quvvatlovchisini topmadi. Bu bir tuzoq ekanini tushungan ilgʻor jadidlarning koʻpchiligi bu yoʻldan bormadi va turkiylarni tarixan ikkiga – oʻtroq va koʻchmanchi oʻzaro yovga aylantiradigan bu qutquga uchmadilar. Biroq mustaqillikning ilk yillarida qoʻshni oʻlkalarning har biri oʻz ota-bobolarini “ulugʻlab”, boshqalariga tosh ota boshlagan, kim tub aholi, kim kelgindi, kim madaniyatli, kim qoloqligiga urgʻu berilib, shu yoʻsinda oʻzini dunyoga tanitishga, milliy davlatchiligini mustahkamlashga urinilgan kezlarda yurtimizda ham bu borada boshqacha yondashuvlar boʻldi. Qoʻshnilardan kimdir Oʻgʻuzxon-u Sulton Sanjarni “mening otam” desa, yana kimdir uzoq Misrdagi Sulton Baybarsni ulugʻlay boshlab, “koʻchmanchilar madaniyati mengagina tegishli” deb jar soldi. “Amir Temur meniki, mintaqadagi eng buyuk saltanatni mening ota-bobom qurgan, bir vaqtlar men senlarni boshqarganman” deb, oʻzbeklarning ajdodlari oʻtroq boʻlganiga, ular doimo koʻchmanchilarga qarshi kurashib kelganiga urgʻu bergan tarixchilarimiz ham topildi.

 

"Shayboniyxon". Mato / moybo‘yoq, 80 x 70 cm. 2021-yil Rassom: Mas’ud Xolov

 

Bu esa Turon – Turkiston ellari orasida mintaqaviy oʻzlikning unutilishiga, milliy oʻzlikni boshqalariga qarama-qarshi qoʻyish, biri ikkinchisini kamsitish, kim tub yerli (avtoxton), kim kelgindi ekanini aytish orqali ajratishga intilishlar kuchaydi. Shunday chigalliklar, qarama-qarshi yondashuvlar ogʻushida qolgan ayrim oydinlar buni hukumat koʻlamiga olib chiqib, “Temuriylar oʻtroq, tub yerli, shaharlik”, “Shayboniylar koʻchmanchi, kelgindi” degan koʻzqarashlarni yurtdoshlarimizning turli qatlamlariga kirib borishiga erishdi. Birgina Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” tarixiy romanining oʻziyoq ularning oʻchogʻiga moy sepdi. Ayrim yozuvchilar orasida esa “koʻchmanchi oʻzbeklar kelmaganda bu yer har tomonlama tugal, toʻla-toʻkis boʻlardi, oʻrta asrlarda qoloq boʻlib qolishimizga Shayboniyxon va u bilan kelganlar sababchi” degan soʻzlarni ochiq suhbatlarda, ijtimoiy tarmoqlarda ayta boshladi. Bunday qarash tarixiy romanlarga singdirildi, ularni oʻqigan yurtdoshlarimiz orasida Shayboniyxonga qarshi yotsirash kayfiyati uygʻondi...

 

Aslida qayta-qayta aytilaveradigan bunday fikrning negizida quyidagi munosabat yotadi: 2000-yillar boshida markaziy telekanallarning birida birinchi rahbar “Amir Temur va Temuriylar bizning davlatchiligimizni choʻqqiga olib chiqdi, yurtimizdan yetuk olimlar yetishib chiqdi, madaniyat yuksalib, ilm-fan, bunyodkorlik ishlari rivojlandi. Undan keyin nima boʻldi? Qayerdandir Shayboniyxon kelib, shunday saltanatni yoʻq qildi, Temuriylarning barchasini qirib tashladi, rivojlanish, taraqqiyot toʻxtadi, boshboshdoqlik, parokandalik boshlandi. Shayboniylardan bugungi kunga nima qoldi, hech nima qolmadi, hech qanday rivojlanish boʻlmadi, qurilish, bunyodkorlik ishlari zavol topdi, XVI – XVIII asrlarda, hattoki XIX asrning yarmi qorongʻi boʻldi, birorta oʻzgarish boʻlmadi. Bu davrlarda biror narsa boʻlganini koʻrsatadigan nima bor, nima boʻlganini koʻrsatadigan maʼlumotlar ham oz-ku!” deydi. Shundan soʻng Temuriylar davrida yuksalish boʻlib, undan keyingi 3-4 asrda goʻyoki buning butunlay teskarisi boʻlganiga urgʻu berilib, matbuotda chiqishlar qilinadi, kitoblar, darsliklar, maqolalar yoziladi.

 

Biroq oydinlarimiz, ayniqsa, tarixchilarimiz, agar yozma manba oʻqigan boʻlsa, albatta, ichidan qandaydir bir qirindi oʻtgan, “ha, bu gaplar ham oʻtkinchi, aslida bunday emas, biz ham vaziyat taqozosidan kelib chiqib “xoʻp” deb turibmiz-da” degan boʻlsalar ajab emas! Chunki yozma manbalar va keyinchalik amalga oshirilgan koʻplab ilmiy izlanishlar shuni koʻrsatgan ediki, Shayboniyxon kelganda Temuriylar Amir Temur davridagidek buyuk emas, Eron-u Kichik Osiyodagi, Kavkaz, Volgaboʻyidagi chegaralar u yoqda tursin, yonginamizdagi Toshkent, Turkiston, Xorazm qoʻldan ketgan, bu yerlarda Chingiziylar va ularning yondosh sulolalari boshqaruvi palak yozgan, Andijon va Samarqand temuriy shahzodalar bir-biri bilan yer talashadigan ayri-ayri davlat, Buxorodagi tarxonlar Temuriylar boshqaruvini tan olmay qoʻygan, Hisorda butunlay boshqa urugʻ vakillari oʻz erkida, Hirot markazi Xurosonda Husayn Bayqaro va uning oʻnlab oʻgʻillari bir-biri bilan kelishmay qolgan bir pallada vaziyatni koʻrib-bilib turgan har qanday yangi siyosiy kuch bu yerlarni bir hamlada egallashini tasavvur qilish qiyin emas edi.

 

Demak, “Shayboniyxon kelib, buyuk davlatni, buyuk madaniyatni yoʻqotib yubordi” deb yondashmasdan, “Shayboniyxon Amir Temur bilan emas, oʻzaro qirpichoq boʻlib yotgan Temuriylar bilan urushdi, urushgandayam bir butun, gullab-yashnab yotgan saltanat bilan emas, viloyatlar darajasidagi davlatchalar bilan urushdi” deb tushunish, tushuntirish kerak boʻladi, bizningcha. Shu oʻrinda, modomiki, “biz oʻzbeklar shakllanish chegaralarimiz kunchiqarda Janubiy Sibir, Oltoy, Sharqiy Turkistonda boʻlgan, kunbotarimiz esa Volgaboʻyi, Qora dengiz qirgʻoqlarida boʻlgan” deb yozib, barcha turkiy xalqlar kabi “Turk xoqonligi-yu, Qoraxoniylar bizniki” deb yondashar ekanmiz, Shayboniylar qaylardandir emas, yaqinimizda, bir vaqtlar boʻlganidek, bugungi kunda ham oʻzbeklarning qaynar buloqlaridan biri boʻlgan Sirdaryo qirgʻoqlari – Yassi (Turkiston)da shakllangan sulola boʻlganini unutmasligimiz kerak. Axir bu yerlar biz oʻzbeklar oʻzagini tashkil etadigan Amudaryo – Sirdaryo oraligʻining ajralmas bir boʻlagi emasmi?!

 

"Ubaydullaxon". Mato / moybo‘yoq, 80 x 70 cm. Rassom: Mas’ud Xolov

 

“Shayboniyxondan boshlab XIX yuzyillikning oʻrtalarigacha yurtimizda biror qurilish ishlari boʻlmadi, ilm-fan tushkunlikka yuz tutdi, ulardan biror narsa qolmadi” deb aytadigan boʻlsak, Shayboniylar va Ashtarxoniylar chogʻida yozilgan yuzlab kitoblarga tushirilgan maʼlumotlar-u, hozirgi kungacha yetib kelgan meʼmoriy yodgorliklarni “yoʻq” sanashimiz kerak boʻladi. Amudaryo – Sirdaryo oraligʻi va unga qoʻshni yerlar Shayboniyxon qoʻl ostida qaytadan birlashtirilib, Ubaydullaxon va uning yondoshlari boshchiligida Hirot-u Kandahorgacha yetib borgan chegaralar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga qanday qilib koʻz yumamiz, bu davrda Buxoro-yu, Balxda, Fargʻona-yu Xorazmda yozilgan tarixiy asarlarga, yozma maʼlumotlarga qanday qilib teskari burilib olamiz? Abdullaxon II boshqaruvi chogʻida oʻzbeklar tomonidan Sibirning qayta egallanishi, Ulugʻtogʻ (Markaziy Qozogʻiston)da Amir Temur bitiktosh yozdirgan qoyatosh yaqinida oʻz bitiklarini yozib qoldirgan hukmdorning amalga oshirgan quruvchilik – bunyodkorlik ishlari: suv toʻgʻonlari, koʻpriklar, madrasa-yu masjidlarni “boʻlmagan” deymizmi? Suv inshootlarining bugungi kunda ham xalq orasida “Abdullaxon bandi”, “Abdullaxon koʻprigi” deb atalishini shunchaki “bular hech narsa emas” deb koʻzga ilmaslik yana qachongacha oʻzini oqlaydi...

 

Toʻgʻri, tan olish kerak, soʻnggi oʻrta asrlarda Turon – Turkistonda Qoraxoniylar davridagidek, Amir Temur va uning ayrim izdoshlari davridagidek yuksalish boʻlmagandir. Biroq bunda aybni Shayboniyxon-u uning izdoshlaridan qidirmaslik kerak. Bugungi kunda butun dunyo jamoatchiligi yaxshi biladi, XVI yuzyillikda Yevropada dengiz tijoriy yoʻllarining ochilishi natijasida oʻsha kezlarda jahon iqtisodiyotining qon tomiri boʻlgan Buyuk ipak yoʻlidagi savdo-sotiq ishlari kasodga uchrab, Yaqin Sharqdan Turon orqali Chin oʻlkasiga yoʻl olgan tuya karvonlari bu yoʻldan onda-sonda oʻtadigan, mahalliy bozorlar huvullab qolgan bir davr boshlandi. Bu tushkunlik birgina Turon – Turkistonda emas, barcha qoʻshnilarimizda, arab va fors oʻlkalarida, Hindiston-u Xitoyda taʼsirini koʻrsatdi. Ushbu global tushkunlikning bosh aybdorlari oʻlaroq faqat Shayboniylar va ulardan keyingi oʻzbek sulolalarini koʻrsatish tarixiy chinlikka toʻgʻri keladimi? Shunday boʻlsa-da, ushbu sulola vakillarining oʻzlaridan meros qoldirgan shaharlari-yu, oʻzlari bilan yetaklab kelgan bir necha oʻnlab turkiy urugʻlar mintaqada xalqimiz nomining qanchalik keng yoyilib, deyarli barcha vohada – Xorazm, Buxoro, Nurota, Jizzax, Toshkent, Zarafshon, Qashqa va Surxon vohalarida, shuningdek, Fargʻona va Hisor vodiylarida Amudaryoning yuqori va oʻrta qirgʻoqlarida, Shimoliy Afgʻonistonda oʻrnashib, Temuriylar chogʻida “turk”, “chigʻatoy turki” deb atalgan elning yanada koʻpayib, yanada dovruqli boʻlgani, natijada mintaqaning eng koʻp sonli turkiy aholisi bora-bora “oʻzbek” atamasi tevaragida birlashib, bugungi kunda ham shu sonni, shu salmoqni saqlab qolganining oʻzi Shayboniylarning xizmati emasmi?!

 

Quyida Turon – Turkiston ellarida yangi bir bosqich boʻlgan Shayboniylarning mintaqadagi xizmatini yanada yorqinroq tushunish uchun bu masalani shu kabi boʻlimlarda – sarlavhalarda koʻrib chiqamiz.

 

Shayboniylar chogʻi koʻchmanchi oʻzbek urugʻlari va ularning mintaqadagi tarqalish geografiyasi

XIII yuzyillik ikkinchi choragidan XVI yuzyillik boshlarigacha, yaʼni 300-yillikda Markaziy Osiyo va unga qoʻshni hududlardagi siyosat sahnasiga yirik koʻchmanchi urugʻlar chiqib, mintaqada chingiziy sulolalar – Oltin Oʻrda, Chigʻatoy ulusi va Elxoniylar, qisman esa Temuriylar hukmronlik qilgani koʻzga tashlanadi. Ushbu sulolalar chogʻida yerli aholining bir boʻlagini tashkil etgan koʻchmanchi aholining koʻpchiligi turkiy, sezilarli bir qismi esa turklashgan moʻgʻul urugʻlari edi. XVI yuzyillik boshlarida Shayboniylar sulolasi Turon – Turkistonda, bugungi Markaziy Osiyoda boshqaruvini oʻrnatgach, etnomadaniy jarayonlar yanada yorqin tus olib, mintaqada yuzga yaqin urugʻ nomi keng uchray boshlaydi. Ayni oʻsha kezlardayoq mintaqaning bugungi qardosh ellari biror etnik atama tevaragida birlasha boshlagani uchun bu davrni sinchiklab oʻrganish talab etiladi.

 

Chigʻatoy ulusi, Temuriylar va Shayboniylar boshqaruvi chogʻidagi etnik atamalar Mahmud Koshgʻariy va yana bir qator Qoraxoniylar, Saljuqiylar va Xorazmshoh-Anushteginiylar davriga tegishli yozma manbalarda tilga olingan turkiy etnonimlardan ancha farq qilardi. Qizigʻi shundaki, ularning koʻpchiligi moʻgʻul yoki moʻgʻulcha til qoliplariga moslashtirilgan turkiy etnonimlar boʻlib, quyida ular orasida yetakchi boʻlgan urugʻlarni keltirib oʻtamiz:

 

1) qiyot, 2) qoʻngʻirot, 3) barlos, 4) bahrin, 5) jaloyir, 6) arlot, 7) sulduz, 8) mangʻit, 9) saljuyit, 10) qovchin, 11) qatagʻon, 12) nayman, 13) durman, 14) burqut, 15) uyshun, 16) makrit, 17) oʻymovut, 18) baday, 19) kerayit, 20) olchin va h.k. [Rashid-ad-din 1952: 64-80; Abulgʻoziy 1992: 28-43]. Shu bilan birga, oʻsha kezlarda qangʻli, qarluq, qipchoq, uz, uygʻur, ming, yuz, qirq, yobu, qishliq, turkman va yana oʻnlab tub turkcha negizdagi etnonimlar bilan ataluvchi aholi guruhlari ham siyosiy va harbiy tomondan birmuncha faol aholi guruhlari oʻlaroq bilinardi. Ushbu urugʻlarning barchasi boʻlmasa-da, sezilarli bir boʻlagi Dashti Qipchoq oʻlkasi, ayniqsa, ushbu tarixiy oʻlkaning Volga – Uralboʻyi, Gʻarbiy Sibirdan Oʻrta Sirdaryo oraligʻigacha choʻzilgan kengliklarda yashab, koʻpchiligi Muhammad Shayboniyxon boshchiligida Amudaryo – Sirdaryo oraligʻiga kelgach, bu yerdagi oʻnlab turkiy va turklashgan moʻgʻul urugʻlari bilan birlashuvchi natijasida “92 bovli (urugʻli) oʻzbek” tushunchasi keng yoyiladi [Axmedov 1965: 16; Sultanov 1977: 165-­176].

 

XVI – XVIII yuzyilliklarda Amudaryo – Sirdaryo oraligʻi va unga tutash hududlarga Dashti Qipchoqdan boʻlgan koʻchishlarni elatlar boʻyicha bosqichma-bosqich keltiradigan boʻlsak, koʻproq quyidagicha tarixiy manzara yetakchi boʻlgani koʻzga tashlanadi:

 

1-bosqich. XVI yuzyillik boshlaridan boshlab koʻchmanchi oʻzbek urugʻlarining yirik koʻchishlari. Mintaqaning koʻproq Xorazm, Zarafshon, Toshkent, Qashqa hamda Surxon vohalari va Fargʻona vodiysiga koʻchishlari yuz beradi.

2-bosqich. XVII – XIX yuzyilliklar oraligʻida qozoq urugʻlarining Toshkent vohasi, Shimoliy Xorazm va Zarafshon vohalariga koʻchishlari.

3-bosqich. XVIII yuzyillikning oʻrtalarida qoraqalpoq urugʻlarining Xorazm, Toshkent va Zarafshon vohasi hamda Fargʻona vodiysiga koʻchishlari.

 

Ushbu koʻchishlarning qanday koʻlamda kechganiga koʻz tashlaydigan boʻlsak, negizi dashti qipchoqlik elatlarga borib taqaladigan qardosh ellar – oʻzbeklarning koʻchmanchi toifasi, qozoqlar va qoraqalpoqlar orasida birmuncha salmoqli va izchil boʻlganiga koʻzimiz tushadi.

 

"Abdullaxon II". Mato / moybo‘yoq. Rassom: Mas’ud Xolov 

 

Buni oʻrta asrlarga tegishli Temuriylar, Shayboniylar va oʻzbek xonliklari chogʻida yaratilgan forscha va chigʻatoy turkchasidagi yozma manbalar bilan birga, bugungacha saqlanib qolgan yuzlab etnonim va etnotoponimlar koʻrsatib turibdi. Bugungi kunda mintaqaning boshqa oʻlkalariga qaraganda yurtimizdagi har bir viloyatda Burqut, Bahrin, Jaloyir, Ming, Qirq, Yuz, Mangʻit, Qoʻngʻirot, Kenagas, Qushchi, Xitoy, Qipchoq, Saroy va yana oʻnlab etnotoponimlarning qishloq nomi oʻlaroq saqlanib qolgani kuzatiladi [qar. Qorayev 1978; Tuychiyev 1980: 34-45; Oxunov 1994; Naselennыye punktы 2001; Turobov 2002; Begaliyev 2004; Nafasov 2009].

 

XIX yuzyillik soʻnggi oʻnyilliklari – XX yuzyillik boshlariga tegishli chet el manbalarida, ayniqsa, rus tilli mualliflar – elchilar, sayyohlar, tilchi, sharqshunos, harbiylar yozib qoldirgan etnografik bilgilar ham oʻzbeklarning koʻchmanchi urugʻlari Oʻrta Osiyoning qaysi vohalarida oʻtroqlasha boshlaganini kuzatishda qoʻl keladi. Birgina Zarafshon vohasidagi oʻzbek urugʻlari toʻgʻrisida ruscha yozma manbalarda keltirilgan bilgilarga yuzlanadigan boʻlsak, Zarafshonning qaysi oqimlarida, qaysi mikrovohalarida qanday etnonim va etnotoponimlar keng yoyilganini kuzata olamiz. 1840-yillarda Buxoro shahri va tegralarida boʻlgan N.Xanikov, 1870-yillarda Zarafshon daryosi qirgʻoqlarini kezgan A.D.Grebenkin, XIX yuzyillikning soʻnggi oʻnyilliklarida Samarqand shahri va unga yaqin tumanlarda boʻlgan turkolog V.V.Radlov, arxeolog tarixchisi V.L.Vyatkin qaydlari orqali Shayboniylar chogʻida boshlangan oʻtroqlashuv jarayonlari boʻyicha bir toʻxtamga kelish mumkin [Xanikov 1843; Grebenkin 1872; Vyatkin 1902; Radlov 1989: 532-578]. Qisqasi, oʻzbeklarning koʻchmanchi qatlami Oʻrta Osiyo va unga qoʻshni oʻlkalardagi quyidagicha vohalarda tarqalganini yuqorida aytib oʻtilgan fors, chigʻatoy turkchasi, rus va boshqa tillardagi tarixiy bilgilarga tayanib, belgilay olamiz:

 

1. Amudaryo daryosining quyi oqimi – Xorazm vohasi. Orol dengizining kungay – janub tomoni, bugungi qoraqalpoq yerlari va Shimoliy Xorazm tumanlari, Toshovuz viloyatining bir qismi (Dash-oʻgʻuz, Turkmaniston).

2. Sirdaryo daryosining oʻrta oqimidagi Yassi (Turkiston), Savron, Sigʻnoq va ulardan shimoldagi Qorachuq (Qoratov)ning narigi etaklaridagi Suzoq, Choʻloqqoʻrgʻon kabi tuman va qishloqlar.

3. Toshkent vohasining kunchiqaridagi togʻlik hududlar – Tangritogʻ (Tyanshan)ning Chotqol, Qurama kabi tizmalari, Iloq (Ohangaron) irmogʻi qirgʻoqlaridan Sirdaryo daryosigacha choʻzilgan tekisliklar.

4. Jizzax vohasi. Zomin, Baxmal, Forish kabi mikrovohalarni oʻz ichiga olgan hudud.

5. Zarafshon vohasi. Bir necha yuzlab qishloqlarni oʻz ichiga olgan bu hudud Panjikentdan Buxoro oraligʻigacha choʻzilgan boʻlib, Samarqand, Karmana, Nurota, Buxoro kabi vohalarni ham qamrab olardi.

6. Qashqadaryo vohasi. Yuqori va Quyi Qashqadaryo oʻlaroq ikki qismga boʻlinadi.

7. Surxon vohasi. Bobotogʻ, Boysun, Koʻhitang kabi togʻ etaklari, Termiz – Sherobod va yana bir necha katta-kichik mikrovohalarni oʻz ichiga olgan hudud.

8. Hisor vohasi. Amudaryo daryosining yuqori oqimida, Hisor togʻlaridan Badaxshon togʻlarigacha choʻzilgan bir qator mikrovohalarni qamrab olgan hudud.

9. Amudaryoning oʻrta oqimi. Bugungi Turkmanistonning Kelif, Kerki, Chorjoʻy, Afgʻonistonning Andxuy tumani va tegralari.

10. Shimoliy Afgʻoniston (Janubiy Turkiston). Balx, Qunduz, Badaxshonning kunbotari, Tahor, Juzjon (Javuzjon), Shibirgʻon va yana oʻnlab viloyat va tumanlarni oʻzi ichiga olgan hudud.

11. Fargʻona vodiysi. Bugungi Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlari va unga tutash hududlar, shu jumladan, Xoʻjand va Oʻratepa.

 

Bu kabi Oʻrta Osiyoning 10 dan ortiq vohalarida, har biri tarixan ayri-ayri tarixiy-madaniy viloyat boʻlgan hududlarda koʻchmanchi oʻzbek urugʻlarining keng yoyilishi oʻz davrining siyosiy va etnik jarayonlari bilan bogʻliq boʻlib, bu jarayon mintaqadagi bugungi siyosiy xaritalarning qoliplashuvini chizib bergan tarixiy voqelikdir. Toʻgʻri, mintaqa oʻtmishida yuz bergan har bir voqelik, ayniqsa, yirik sulolalarning oʻrtaga chiqishi, turli elat va urugʻlarning koʻchishlari tarixda oʻz oʻrnini qoldirgan, hatto bugungi etnomadaniy holatning yuzaga kelishida oʻz ulushini qoʻshgan, biroq Shayboniylar chogʻi oʻzining keng koʻlamliligi va izchilligi bilan bu masalada koʻpchilik sulolalardan ajralib turadi. Buni quyidagicha oʻziga xosliklarda kuzata olamiz:

 

1) Xoh Temuriylar, xoh undan oldingi Chigʻatoy ulusi chogʻida boʻlsin, har ikkalasidan farqli oʻlaroq Shayboniylar boshqargan kezlarda Turon – Oʻrta Osiyoda, ayniqsa, Amudaryo – Sirdaryo oraligʻi va unga tutash yerlarda bitta etnik oʻzlik (“92 bovli oʻzbek”) tevaragida yuzlab urugʻlarning uyushuvi va koʻpincha birgalikda harakat qilib, mintaqaning oʻnlab vohalariga borib oʻrnashuvi keng koʻlamli boʻlgan edi.

Bilamizki, Qoraxoniylar chogʻida Oʻrta Osiyoning koʻproq kunchiqar tomonlari – Sharqiy Turkiston, Fargʻona va Yettisuv oʻlkalarida bir-biriga yaqin urugʻlar tarqalgan edi – chigil, qarluq, yagʻmo, tuxsi, uygʻur va b. Xorazmshoh – Anushteginiylar chogʻida Amudaryoning quyi oqimi – Quyi Sirdaryoda koʻproq oʻgʻuz va qipchoqlar yoyilgan edi. Chigʻatoylar va Temuriylar chogʻida bir necha oʻnlab turk-moʻgʻul urugʻlari Oʻrta Osiyo va unga qoʻshni oʻlkalarda – Dashti Qipchoq, tarixiy Ozarbayjon, Xurosonda ancha keng yoyilgan edi, biroq ularning etnik oʻzligi ushbu oʻlkalarning etnomadaniy oʻziga xosliklariga birmuncha moslashgan boʻlib, yalpi turkiy oʻzlik birmuncha tarqoq koʻrinish olgandi. Birgina “chigʻatoylar”, “chigʻatoy turki” degan oʻzlik Oʻrta Osiyoning, ayniqsa, Amudaryo – Sirdaryo oraligʻining barcha vohalariga keng yoyilib ulgurmagani buning yorqin oʻrnagidir. Oʻsha kezlarda “barlos”, “arlot”, “sulduz”, “qovchin” kabi urugʻlar Amudaryo – Sirdaryo oraligʻida yirik urugʻlar oʻlaroq bilinar, biroq ular bilan bogʻliq aholi maskanlari – qishloq va ovullar soni unchalik koʻp emas, tarqalish koʻlami ham cheklangan edi.

 

2) Shayboniylar chogʻida mintaqaning yirik shaharlari va tuman koʻlamidagi maʼmuriy birliklarining markazlari – qoʻrgʻon va shaharchalar tegrasida oʻnlab yangi aholi maskanlari, qishloq va ovullar yuzaga keldi. Bu soʻnggi oʻrta asrlardagi yozma manbalardagi bilgilar, XX yuzyillik boshlaridagi statistik maʼlumotlar, etnik va elshunoslik bilan bogʻliq xaritalarda oʻz koʻrinishini topgan. Hatto bugun ham Oʻzbekiston va unga qoʻshni ayrim hududlardagi viloyat va tuman markazlari tegrasidagi qishloqlarning nomlanishiga koʻz tashlaydigan boʻlsak, koʻproq Shayboniylar chogʻiga tegishli urugʻlar roʻyxati – shajaralarda keltirilgan etnonimlar bilan atalishini koʻramiz. Viloyat va tumanlar kesimida etnotoponimlar birmuncha farqlanishi, oʻzaro ajralib turishi kuzatilsa-da, Qiyot, Qipchoq, Durman, Qoʻngʻirot, Nayman, Saroy, Mangʻit, Ming, Kenagas, Jaloyir, Uyshun va yana oʻnlab etnonimlar yuqorida sanab oʻtilgan voha, mikrovoha va vodiylarning deyarli barchasida bugungacha saqlanib qolgani koʻzga tashlanadi.

 

3) “92 oʻzbek urugʻi” tushunchasi ostida uyushgan urugʻlar oʻnlab vohalarda tarqalib, oʻz qishloqlariga asos solish jarayoni barcha vohalarda birday kechmagani, ayrim vohalarda, masalan, Xorazm va Zarafshon vohalarida ancha ertaroq yuz bergani, oʻtroqlashuv joylarga qarab qisqa yoki uzoq muddatda boʻlib oʻtgani, qadimdan aholisi zich, dehqonchilikka qulay yerlardan koʻra koʻproq nisbatan oz qoʻllanilgan, yaylovlarga ega, kam oʻzlashtirilgan yerlar urugʻlar orasida oʻzaro “boʻlishtirilgani”ga duch kelinadi. Jizzax vohasining togʻlik Sangzor mikrovohasi, Zarafshon vohasining qamishzor, botqoq yerlari yoki vohaning oʻrta oqimi soʻl qirgʻogʻidagi Qarshi choʻligacha choʻzilgan dashtlik yaylov hududlar oʻnlab oʻzbek urugʻlari uchun yangi maskan boʻlgani bunga oʻrnak boʻla oladi. Bu jarayonning eng porloq oʻrnaklari Qashqadaryo vohasining shimoliy tomonlari – Chiroqchi – Koʻkdala – Koson tumanlari, Samarqand viloyatining Nurobod, Pastdargʻom, Urgut tumanlaridir. Bu yerlarda oʻnlab yirik oʻzbek urugʻi – ming, saroy, nayman, uz, qushchi, yobu kabi urugʻlar tomonidan yaqin asrlarda oʻzlashtirilgani, ayrimlari XX yuzyillikning ilk yarmida oʻtroqlashgani bilinadi. Shunga oʻxshash jarayon Toshkent vohasida ham yuz bergan boʻlib, buni Muhammad Solihning “Tarixi jadidayi Toshkand” asari (XIX yuzyillik)da keltirilgan quyidagi bilgi ham koʻrsatib turibdi: «Banokent shahridan to Ovlugʻ qishlogʻigacha boʻlgan oraliqda 92 ta qishloq bor va har bir qishloqdagi xalq 91 oʻzbek urugʻlaridan biriga mansubdir. Qishloqlar togʻ oraligʻidagi eni 4-6 farsax keladigan vodiyda joylashgan. Vodiy oʻrtasidan Ohangaron daryosi oqib borib, Sirdaryoga qoʻshiladi” [Oʻrinboyev, Boʻriyev 1983: 53].

 

Qisqasi, Shayboniylar va uning izdoshi boʻlmish Ashtarxoniylar chogʻida yuz bergan siyosiy va etnomadaniy jarayonlar keyinchalik Buxoro amirligi, Xiva va Qoʻqon xonliklari boshqaruvi chogʻida ham davom etgan boʻlib, mintaqaning oʻnlab katta-kichik voha va mikrovohalarining oʻzlashtirilishiga olib keladi. Bugungi kunda ushbu jarayonlarning izlari etnotoponimlar, oʻzbek shevalari (qipchoqcha), etnografik oʻziga xosliklar (yemaklar, turarjoy, milliy sport – “Buxorocha kurash”, hunarmandchilik, toʻqimachilik, naqshlar, onomastika va b.lar)da oʻrnagida saqlanib qolganiga duch kelamiz.

Demak, Shayboniyxon va uning izdoshlari boshchiligida amalga oshirilgan siyosiy va harbiy ishlar, koʻchish – migratsiya va oʻtroqlashuvlar bugungi oʻzbek xalqining shakllanishida oʻziga xos muhim bir bosqichga aylandi va ayrim bosqichlarga qaraganda ancha keng koʻlamli, izchil va sezilarli boʻldi.

 

- Birinchidan, aynan shu bosqichda ilgari “turk”, “chigʻatoy turki” deb yuritilgan aholi endilikda “oʻzbek” milliy oʻzligi ostida birlashdi.

- Ikkinchidan, mintaqaning oʻnlab vohalarida ushbu oʻzlikdagi kishilar yashaydigan qishloq va ovullar soni keskin oshishi yuz berdi.

- Uchinchidan, Dashti Qipchoqda kurtak yozib, boshlangʻichda turkiylarning sezilarli bir qism harbiy etnik guruhlari uchun birlashtiruvchi, tanituvchi atama boʻlgan bu nom Shayboniyxon bilan yanada keng hududlarga – Amudaryo – Sirdaryo oraligʻi va unga qoʻshni hududlarda yoyilib, tomir otdi. Natijada mintaqaning eng koʻp sonli aholisini tashkil qiluvchi yangi bir jamiyat yuzaga kelib, ming yillardir mintaqada qoʻllanilib kelayotgan turkiy tilning davomchisi – meroschisi oʻlaroq oʻzbek tili bilina boshlashiga zamin yaratildi.

 

Gʻaybulla BOBOYOR,

Tarix fanlari doktori, professor

 

Qoʻllanilgan adabiyotlar

Abulgʻoziy. Shajarayi turk. Masʼul muharrir va soʻzboshi muallifi B. Ahmedov. Nashrga tayyorlovchilar: Q. Munirov‚ Q. Mahmudov. Toshkent: Choʻlpon, 1992.

Axmedov B. Gosudarstvo kochevыx uzbekov. M.: Nauka, 1965.

Axmedov B. A. Istoriko-geograficheskaya literatura Sredney Azii XVI–XVIII vv.: pismennыye pamyatniki. Tashkent: Fan, 1985.

Begaliyev N.B. Oʻzbek etnonimlari tarixidan. Samarqand: SamDCHTI, 2004

Vyatkin V.L. Materialы k istoricheskoy geografii Samarkandskogo vilayeta // SKSO. 1912. Vыp. VII. – Samarkand, 1902.

Grebenkin A. D. Uzbeki // Sbornik. Russkiy Turkestan: Sbornik st. Vыp. II. Moskva: Universitet, 1872.

Malikov A.M. Tyurkskiye etnonimы i etnotoponimы dolinы Zerafshana (XVIII – nachalo XX v.). Tashkent, 2018.

Naselennыye punktы Buxarskogo emirata (kones XIX – nachalo XX v.) / Materialы k istoricheskoy geografii Sredney Azii. Tashkent: Universitet, 2001.

Nafasov T. Qashqadaryo qishloqnomasi. Toshkent: Muharrir, 2009.

Oxunov N. Joy nomlari taʼbiri / Muharrir: Z. Hakimov. Toshkent, 1994

Radlov V.V. Iz Sibiri. Stranisы dnevnika. M., 1989.

Rashid-ad-din. Sbornik letopisey, T. I., Kn. 1 / Per. s persidskogo L. A. Xetagurova. – M. -L.: Izd-vo AN SSSR, 1952.

Sultanov T.I. Opыt analiza traditsionnыx spiskov 92 “plemen ilatiya” // Srednyaya Aziya v drevnosti i srednevekovye. M.: Nauka, 1977. ­S. 165-­176.

Tuychiyev U. Otrajeniye etnonimov v toponimii Bulungurskogo rayona // Onomastika Sredney Azii. Frunze, 1980. Vыp. 2. S. 34-45.

Turobov A.M. Samarqand etnonim va etnooykonimlari. Samarqand: SamDCHTI, 2002.

Qorayev S. Geografik nomlar maʼnosi. Toshkent: Oʻzbekiston, 1978.

Xanыkov N. V. Opisaniye Buxarskogo xanstva. SPb. 1843

Oʻrinboyev A., Boʻriyev O. Toshkent Muhammad Solih tavsifida (XIX asr). Toshkent: Fan, 1983.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//