Darmstadt arxividagi bir qayd va qariyb yetmish yillik ayriliq tarixi
1990-yil iyunida Istanbulda yashayotgan keksa Saida Sherahmedovadan oʻzbekistonlik mehmonlar hol soʻraganida, u kutilmagan bir savolni aytadi: “Oʻzbekistondan bir siqim tuproq keltirmadingizmi?” Bu oddiy iltimos emasdi. Unda qariyb yetmish yillik ayriliq, qaytib koʻrilmagan Toshkent va umr boʻyi soʻnmagan Vatan sogʻinchi mujassam edi.
Saida XX asrning 20-yillarida Germaniyada tahsil olgan oʻzbek qizlaridan biri. Uning hayoti maʼrifatga intilish va muhojirlik, kasbiy muvaffaqiyat va ruhiy ayriliq oʻrtasida kechdi. Germaniya arxivida yaqinda aniqlangan bir qayd esa shu paytgacha asosan xotiralar orqali maʼlum boʻlgan taqdirni oʻsha davrning oʻzida tuzilgan hujjat bilan bogʻlash imkonini beradi.
Toshkentda boshlangan yoʻl
Saida Toshkentdagi maʼrifatparvar savdogar oilada voyaga yetdi. Uning oilasi farzandning zamonaviy bilim olishini shunchaki shaxsiy orzu emas, kelajak oldidagi masʼuliyat deb tushungan. Bu muhit Saidaning keyingi yoʻlini belgiladi.
U dastlab Ikrom domla maktabida, 1918-yildan keyin esa Vali hoji hovlisida ochilgan birinchi oʻzbek qizlar bilim yurtida oʻqidi. Oydin Sobirova, Xosiyat Tillaxonova va Robiya Nosirova singari keyinchalik tanilgan ayollar ham shu dargohda taʼlim olgan. Bu yerda qizlar faqat savod chiqarmadi; ularda dunyoviy bilim, mustaqil fikr va jamiyat hayotida ishtirok etish istagi shakllandi.
Saida 1922-yilda bir guruh turkistonlik va buxorolik yoshlar bilan Germaniyaga yoʻl oldi. U bilan birga oilasidan Nasriddin va Fuzail ham bordi. Mavjud maʼlumotlarga koʻra, Saida muallimalik, Nasriddin iqtisod, Fuzail esa suv xoʻjaligi boʻyicha mutaxassis boʻlishni koʻzlagan.
Arxivdagi “Taschkent”
Darmstadt shahar arxivida saqlanayotgan 1925/26-oʻquv yiliga oid muqovalangan qayd daftarining 20-qatorida “Sher-Ahmed, Saide” degan ism bor. Tugʻilgan joy grafasiga “Taschkent”, otasining kasbi qatoriga esa “Kaufmann” — savdogar deb yozilgan. Ism, shahar va otaning mashgʻuloti bir-biriga mos kelishi bu oʻquvchi Saida Sherahmedova ekanini ishonchli tasdiqlaydi.
Hujjatning rasmiy nomi — “Gebundene Zensurliste des Seminars für Volksschülehrerinnen für das Schuljahr 1925/26”. U Darmstadt shahar arxivida StadtA DA 12/14 518 shifri bilan saqlanadi. Bir qarashda bu oddiy maktab daftari: qatorlar, ustunlar, ismlar. Ammo tarixchi uchun undagi “Taschkent” soʻzi alohida ahamiyatga ega. U bundan yuz yil oldin Darmstadt sinf-xonasida Toshkentdan kelgan qiz oʻtirganining bevosita dalilidir.
Arxiv: 20-qator: “Sher-Ahmed, Saide”; tugʻilgan joy — “Taschkent”. Stadtarchiv Darmstadt, StadtA DA 12/14 518.
Saidaning Darmstadtda tahsil olgani avval uning keyingi xotiralari orqali maʼlum edi. Endi esa shaxsiy xotira mahalliy arxiv hujjati bilan tutashmoqda. Arxivning vazifasi ham shunda: u afsona yaratmaydi, balki inson xotirasida qolgan voqeaga vaqt, joy va hujjat bilan javob beradi.
Darmstadtdan Istanbulgacha
Saida oʻz xotiralarida Darmstadtda litseyda oʻqigani, nemis tili bilan birga fransuz, ingliz, rus va turk tillarini oʻrganganini aytadi. Keyinchalik u Berlinda yashab, taʼlimini davom ettirgan. Berlin oʻsha yillarda turkistonlik talabalar va muhojir ziyolilar uchrashadigan markazlardan biri edi. Saida bu yerda Ayaz Isʼhoqiy hamda Saodat Chigʻatoy kabi turkiy dunyo vakillari bilan tanishganini eslagan.
Ammo Yevropadagi hayot tobora xavfli tus ola boshladi. Bir tomonda, Vatanga qaytgan yaqinlarining taqdiri haqidagi xabarlar bor edi. Fuzail 1937-yilda hibsga olinib, keyingi yili qatl qilindi; Nasriddin ham qaytgach taʼqib va qamoqqa duch keldi. Ikkinchi tomonda, Germaniyada natsistlar hokimiyatga kelgan edi. Shunday vaziyatda Saidaning qaytmaslik qarorini Vatandan yuz oʻgirish deb baholash adolatsizlik boʻladi. Bu, avvalo, omon qolish qarori edi.
1937-yilda u Turkiyaga koʻchib, Istanbulda yashay boshladi. Germaniyada tibbiyot tahsilini olgan toshkentlik Abduvahob Isʼhoq — Oʻqtoy bilan oila qurdi. Oʻqtoy shifokor va professor, Saida esa qizlar litseyi hamda boshqa taʼlim muassasalarida muallima boʻlib ishladi. Germaniyada egallangan bilim va tillar unga yangi mamlakatda oʻz oʻrnini topishga yordam berdi.
Maktublarda yashagan Vatan
Toshkentdagi oila uzoq vaqt Saidaning taqdiridan deyarli bexabar yashadi. Faqat 1970-yillar arafasida uning Istanbulda sogʻ-salomat ekani haqida xabar yetib keldi. Qariyb yarim asrlik sukutdan keyin Saida opasi Maʼsuda va jiyani Chingiz Akbarov bilan maktub almasha boshladi.
Bu maktublarda oʻzbek qadriyatiga yoʻgʻirilgan savollar koʻp: kimning sogʻligi qanday, jiyanlarning ismi nima, oilada kim ulgʻaydi? Ammo aynan shu oddiy savollar ortidan muhojirlikning ogʻirligi seziladi. Saida imkon boʻlsa darhol samolyotga oʻtirib opasining oldiga borishini, hech boʻlmasa bir marta diydor koʻrishni istaganini yozadi.
Uning xotirasidagi Vatan xaritadagi hudud emasdi. Vatan – anhorning oqimi, Oqqoʻrgʻondagi bogʻ, mahalla bolalarining qoʻshigʻi, opasining yuzi va tanimay qolgan jiyanlari edi. U yaqinlariga Istanbulga kelishlari uchun taklifnomalar yubordi. Biroq sovet davridagi siyosiy va maʼmuriy toʻsiqlar uchrashuvga yoʻl bermadi. Har bir xatda umid uygʻondi, har safar chegara uni ortga surdi.
Bir siqim tuproq
1990-yildagi uchrashuvda Saida bolalikdagi Toshkentni batafsil esladi: ota-onasi, anhor boʻyi, Oqqoʻrgʻondagi bogʻ, bayram qoʻshiqlari... Soʻng Vatanidan bir siqim tuproq soʻradi. Tarixchi nigohida bu kichik iltimos muhojirlikda umrini oʻtkazgan, Vatan taraqqiyoti uchun taʼlim olish ilinjida Vatanini tark etgan oʻsha qizning yuragidagi otilgan vulqon edi. Inson baʼzan butun bir mamlakatni bir hovuch tuproq orqali oʻziga qaytarmoqchi boʻladi.
Saida boshqa yurtda kasb egalladi, oila qurdi, oʻquvchilar tarbiyaladi. Ammo muvaffaqiyat ayriliqni bekor qilmadi. U 1992-yilda, Oʻzbekiston mustaqillikka erishganini eshitganidan keyin Istanbulda vafot etdi. Mustaqillik xabari unga yetib bordi, lekin Vatanga qaytish orzusi amalga oshmadi.
Darmstadt daftaridagi “Saide” – shunchaki oʻquvchi ismi emas. U keyinchalik Istanbulda bolalarga saboq bergan muallimaning, Toshkentga sogʻinchli maktublar yozgan singilning va umrining oxirida Vatanidan bir siqim tuproq soʻragan ayolning oʻsmirlikdagi izidir.
Saida Sherahmedovaning nomini tarixga qaytarish – faqat unutilgan tarjimai holni toʻldirish emas. Bu ilm uchun uzoq yoʻlga chiqqan, davr zoʻravonligi tufayli yurtiga qayta olmagan, ammo Vatanini xotirasida asrab yashagan bir oʻzbek ayolining insoniy qadrini tiklashdir.
Maqolada Darmstadt shahar arxivida saqlanayotgan Viktoriaschule oʻquv jurnali (Stadtarchiv Darmstadt. “Gebundene Zensurliste des Seminars für Volksschülehrerinnen für das Schuljahr 1925/26”. Signatur: StadtA DA 12/14 518), Saida Sherahmedovaning Toshkentdagi qarindoshlariga yozgan maktublari, uning Jamol Kamol va Hamidulla Boltaboyevga bayon qilgan xotiralari hamda oʻzbek tadqiqotchilari nashr etgan biografik materiallardan foydalanildi.
Nasiba NARZULLAYEVA
OʻzMU “Oʻzbekiston tarixi”
ixtisosligi tayanch doktoranti
Til
Adabiyot
Ma’naviyat
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q