Tilshunos olim Eldor Asanov “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi


Saqlash
15:20 / 13.08.2026 5487 0

Oyina.uz portali oʻzbekning 100 ziyolisidan “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiyasini berishda davom etadi. Loyihaning 92-ishtirokchisi taniqli etnograf, tarixchi, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Eldor Asanov.

 

Avvalo, qandaydir universal top-10 kitob yoʻqligini aytib oʻtish kerak. Odamning feʼl-atvori, qiziqishi, qadriyatlari va hayot yoʻliga qarab bunday roʻyxatlar farq qiladi. Shuning uchun quyidagi roʻyxatni mening tajribam deb qabul qilishingizni soʻrayman. Aslida mening oʻzim ham alohida oʻnta kitobni ajratib koʻrsata olmayman, hatto bu topdan soʻng fikrim oʻzgarib qolib, keyingi safar boshqa kitoblarni tilga olishim ham mumkin. Chunki har bir nomni tanlash payti boshqa variantlarni ham oʻyladim.

 

Bu yerda nomi qayd etiladigan kitoblar shaxsiy yoʻlimni qisman aks ettiradi va ayni paytda maʼlum balansni koʻrsatishga xizmat qiladi, chunki men odamlar uch registrda kitob oʻqib borishi kerak deb oʻylayman:

 

1. Oʻz yoʻnalishi, sohasi boʻyicha professional adabiyot – kasbiy oʻsish uchun;

2. Turli yoʻnalishlarda intellektual va madaniy adabiyot – tarixni, bugunni, insoniyatni yaxshiroq tushunish uchun;

3. Badiiy adabiyot – insonni, hayotni, hissiyotlarni va jamiyatni chuqurroq anglash, shuningdek, fikrlash va fikrni ifodalash uchun zarur boʻlgan til, tasavvur va tavsiflash vositalarini boyitish uchun.

 

Ammo top-10 ning boshiga baribir badiiy adabiyotni qoʻygan boʻlardim. Chunki inson kasbiy adabiyotdan ham avval badiiy adabiyot orqali tilni, hissiyotni, odamni va hayotni tushunishni oʻrgana boshlaydi.

 

1. Lev Tolstoy, “Urush va tinchlik”(Voyna i mir) yoki uning boshqa romanlari va unga yaqin davrda yashagan boshqa klassiklarning asarlari. XIX asrda ommaviy savodxonlik kengaydi, kitob sanoati rivojlandi, natijada oldinlari koʻproq siyosiy va intellektual elitaga xizmat qilgan badiiy adabiyot kengroq qatlamlarning dunyoqarashiga kuchli taʼsir oʻtkazadigan vositaga aylandi. Bu omillar taʼsirida shu davrda ijod qilgan romannavislarning asarlari keng ommaga yetib borib, ham ularga shuhrat keltirdi, ham jamiyatga katta taʼsir oʻtkazdi. Xuddi shu davr adabiyotida realizm hukm surgani – qaysidir maʼnoda bugun dunyoni realistik koʻrishimiz, tushunishimiz va tavsiflashimizga sabab boʻldi. Tolstoy, Dostoyevskiy, Chexov kabilar bu maktabning bizning avlodga tanishroq, yaqinroq vakillari. Bulardan tashqari, Balzak, Jorj Eliot, Flober, Zolya, Dikkens va boshqalarni ham aytish mumkin. Har kim oʻziga maʼqulini tanlaydi.

 

2. Orxan Pamuk, “Qora kitob”(Kara kitap) asari – shaxsan menga juda kuchli taʼsir qilgan roman. Bu endi realizm emas, balki Gʻarb modernizmini Sharq simvolizmi bilan uygʻunlashtirgan postmodernistik matndir. Atrofga yangicha qarashga majbur qiladigan roman.

 

3. Oʻzbek xalq dostonlari – badiiy adabiyotning mutlaqo boshqa, xalqona yoʻnalishi. Ayniqsa, “Kuntugʻmish” kutilmagan darajada mukammalligi, voqealar rivoji, dramatizmi, qahramonlarning hissiyotlari nihoyatda jonli koʻrsatib berilgani bilan meni hayron qoldirgan.

 

4. Jaloliddin Rumiy, “Masnaviyi maʼnaviy” – fors adabiyotining goʻzalligini, Sharq anʼanasining teranligini oʻzida jamlagan buyuk asar. Roʻyxat cheklanmaganida, uning qatorida tilga olinadigan yana bir necha fors, turk va arab mutafakkiri bor edi.

 

5. Devid Kristianning kitoblari. Bugun fanda Big History – “Katta tarix” konsepsiyasi ommalashmoqda. Bu yoʻnalishning asoschilaridan biri boʻlgan amerikalik tarixchi Devid Kristian Katta portlashdan bugungi kungacha boʻlgan tarixni sabab va oqibatlar ketma-ketligi sifatida oʻrganishni taklif qiladi. Uning ikki kitobi bor: ommabop tilda yozilgan "Ibtido hikoyasi: hamma narsaning katta tarixi”(Origin Story: A Big History of Everything) va ilmiy uslubdagi  “Vaqt xaritalari: Katta tarixga kirish”(Maps of Time: An Introduction to Big History). Bu kitoblar qaysidir maʼnoda Lorens Krauss, Stiven Xoking, Robert Hazen, Richard Dokinz va Yuval Hararilarning oʻrnini bosadi – ularning mavzularini oʻzida birlashtiradi.

 

6. Jared Daymond, "Qurol, mikrob va poʻlat: inson jamiyatlarining taqdirlari"(Guns, Germs, and Steel: The Fates of Human Societies) – insoniyat tarixi va tarix ilmining ishlashi haqida tasavvurimni oʻzgartirib yuborgan kitob. Uning ahamiyati – faktlarni talqin qilishni oʻrgatadi va ayni paytda tarixga keng koʻlamda qarash, kishilik tarixini umumiy kontekstda, umumiy qonuniyatlar negizida tushunish kerakligini uqtiradi.

 

7. Devid Greber, Devid Uengrou, "Hamma narsaning tongi"(The Dawn of Everything) – yuqoridagiga oʻxshash, lekin yanada bahsliroq kitob. Inson jamiyatlarining ilk tarixi haqida juda boy maʼlumot beradi va ayni paytda fanda hukm surgan qarashlarni shubha ostiga oladi. Kitobning bosh gʻoyasi – qadimgi odamlar biz oʻylagandan koʻra aqlliroq boʻlgan, nihoyatda murakkab madaniyatlar yaratgan, murakkab jamiyatlar qurgan, shu bois tarixni faqat qoloqlikdan rivojlanish tomon yoʻl deb tushunmasligimiz kerak.

 

8. Fernan Brodel, "Moddiy tamaddun, iqtisod va kapitalizm, XV–XVIII asrlar"(Civilisation matérielle, économie et capitalisme, XVe–XVIIIe siècle). Brodelning bu kitobi tarixchilarning qarashlarini oʻzgartirib yuborgan, uning uslubini va gʻoyalarini aks ettirgan fundamental asardir. U tarixni urushlar, siyosat, podsholar orqali emas, oziq-ovqat, kiyim-kechak, savdo, shahar hayoti, bozorlar orqali tavsiflaydi, tarixiy jarayonlarni sekin oʻzgaradigan tuzilmalar orqali tushunishni oʻrgatadi.

 

9. Derek Bikerton, Adamʻs Tongue, "Odamning tili: inson tilni, til insonni qanday yaratdi?"(How Humans Made Language, How Language Made Humans?). Amerikalik tilshunos Derek Bikerton bu kitobida eng qadimgi til boʻyicha oʻz fikrlarini beradi, til tufayli inson bugungi qiyofaga ega boʻlganini ilgari suradi.

 

10. Vasiliy Bartold, Markaziy Osiyo turkiy xalqlari tarixi boʻyicha oʻn ikki maʼruza(Dvenadsat leksiy ob istorii tureskix narodov Sredney Azii). Turkiy xalqlar tarixini sodda va ayni paytda ilmiy yoʻsinda tushuntirib beradigan kitob. Kitob ancha eskirib qolgan, fandagi yangiliklarni aks ettirmaydi, lekin afsuski, turkiy xalqlar tarixi boʻyicha bundan yaxshiroq sintez hozircha vujudga kelmadi.

 

Eldor Asanov 1988-yil Samarqand viloyati Urgut tumanida tugʻilgan. Turli yillarda Oʻzbekiston Milliy universitetida Jurnalistika va Oʻzbek filologiyasi fakultetlarida taʼlim olgan. 2023-yilda filologiya boʻyicha falsafa doktori dissertatsiyasini himoya qilgan. 2020-yildan buyon OʻzR FA Milliy arxeologiya markazida (hozir Antropologiya institutida) turli lavozimlarda ishlab keladi. Bugungi kunda shu institutda Ijtimoiy-madaniy antropologiya boʻlimi boshligʻi.

 

Ilmiy qiziqishlari va tadqiqotlari turkiy va eroniy tillar, etnogenez, oʻzliklar, intellektual tarix, til antropologiyasi, Markaziy Osiyo tadqiqotlari va boshqa yoʻnalishlarda.

 

Loyihaning soʻnggi uch soni bilan tegishli havolalar orqali tanishishingiz mumkin:

- Akademik Shavkat Ayupov tavsiyasi

- General-mayor Azizbek Ikromov tavsiyasi

- Xalqaro moliya boshqaruvchisi Ashrafbek Olimov tavsiyasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//