Butunjahon iqtisodiy forumi (WEF) hisobotlariga koʻra, maktabda oʻzlashtirilgan bilim, formula va akademik qoidalarning 60–70%i insonga katta hayotda toʻgʻridan-toʻgʻri kerak boʻlmaydi. Xoʻsh, unda maktabga borish nimaga kerak va uning vazifalari aslida nimadan iborat? Nega xususiy maktablarga boʻlgan qiziqish ortmoqda va ular davlat maktabi bera olmayotgan qanday afzalliklarni taklif qilyapti? Maqolada mana shu savollarga atroflicha javob berishga harakat qilamiz.
Bu yil oʻgʻlim boshlangʻich sinfni tamomlab, oʻrta maktabga qadam qoʻyadi. Bitiruv kunidan boshlab, miyamda tinimsiz “endi nima qilsam ekan”, degan fikr aylanardi. Chunki katta sinflarda oʻquvchilar oʻz holiga tashlab qoʻyiladi, oʻqituvchi yetishmaydi, bolaning oʻqishga boʻlgan qiziqishi soʻnadi, degan turli gaplarni eshitib yurardim. Keyin uyimga yaqinroq boʻlgan xususiy maktablardagi narx-navo bilan qiziqa boshladim. Bir nechtasiga “ekskursiya”ga ham bordik. Lekin oxir-oqibat oʻgʻlim oʻzining sinfida qolishga qaror qildi. Men esa bu jarayonda oʻtkazgan kichik “tadqiqotim” natijalarini ota-onalar bilan boʻlishishga qaror qildim.
Oxirgi yillarda “FOMO” (fear of missing out) biror muhim voqeani oʻtkazib yuborish, nimanidir boy berish qoʻrquvi farzand tarbiyasida ham juda yorqin aks etayotganini koʻrish mumkin. Bir yoshga toʻlar-toʻlmas, bolani rivojlantirish kurslariga olib borish, birdaniga 2-3talab til oʻrgatish, kun tartibida faqat ovqatlanish uchun boʻsh vaqt qoldirish orqali ota-onalar farzandining kafolatli baxtiyor kelajagini yaratishga urinmoqda. Shuningdek, koʻp ota-onalar orasida bolani boshlangʻich sinfda davlat maktabida, yuqori sinfga oʻtgach, xususiy maktabda oʻqitish kerak, degan fikr yurar ekan. Balki, qaysidir maʼnoda ular haqdir ham. Lekin bolaning yosh va psixologik xususiyatlarini hisobga oladigan boʻlsak, 11-12 yoshida bolalar orasida ayni bulling, “oʻziniki” va “begona”ga ajratish davri boshlanadi va bu oʻquvchining yangi sinfdoshlari tomonidan yakkalab qoʻyilishi, oqibatda oʻqishdan butunlay sovib ketishiga sabab boʻlishi mumkin. Shu bois, bu masala chuqurroq yondashuv va tahlilni talab etadi.
– Bolalarda bilimga boʻlgan qiziqishning soʻnishiga tizim aybdor emas, deydi psixolog Suhrob Tillayev. – Bunga sabab bola psixologiyasi. 5-sinfdan boshlab bolalarga taʼlim olish qiziq emas, balki guruhda avtoritet hisoblangan odamlarning fikri qiziqroq boʻladi. Aynan bilimlar qadrlanadigan kuchli muhit oʻquvchi uchun kuchli motivatsiya hisoblanadi. Har bir fan oʻqituvchi orqali qabul qilinadi. Oʻqituvchi yoqsa, fan ham yoqadi, yoqmasa, fanni ham yomon koʻradi. Lekin oʻquvchi oʻzidan kuchliroq muhitga tushib qolsa bu ham uning oʻqishga boʻlgan ishtiyoqini soʻndirishi mumkin. Masalan, bola qaysidir fan boʻyicha sinfda hammadan orqada qolsa, u fanni yomon koʻrib qoladi va qiziqishi soʻnadi. U kuchli muhitda undan kutilgan natijani koʻrsata olmagani uchun shunchaki magʻlubiyatni tan oladi.
Xalqaro tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, yangi yoki yaxshi taʼmirlangan bino, qulay oʻrindiqlar va interaktiv doskalar bolaning kelajakdagi muvaffaqiyatini belgilamaydi. Muvaffaqiyatni muhit va meta-koʻnikmalar yaratadi:
PISA testlari natijalari tahlilidan maʼlum boʻlishicha, agar oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati (ota-onaning daromadi, uydagi kitoblar soni) bilan bogʻliq maʼlumotlar olib tashlansa, xususiy va davlat maktabi natijalari oʻrtasidagi farq deyarli yoʻqoladi. Xususiy maktablarning yutugʻi alohida metodikalarda emas, balki bolasining kelajagiga befarq boʻlmagan, oʻziga toʻq oilalar farzandlarini saralab olishi bilan belgilanadi.
Gallup tadqiqotlaridan koʻrinadiki, xususiy maktablar oʻquvchiga beradigan asosiy kapital bu – netvorking va Soft Skills (yumshoq koʻnikmalar). Xususiy maktab bitiruvchilari katta hayotda koʻproq oʻz ishidan mamnunlik va ruhiy barqarorlik belgilarini namoyon etishadi. Bunga sabab “yaxlit rivojlanish”da. Yaʼni xususiy maktabda oʻquvchilar xato javob bergani uchun kimdir urishishidan qoʻrqmaydi, oʻzini ancha erkin his qiladi, ularda taqdimot, emotsional intellekt, tanqidiy fikrlash koʻnikmalari yaxshiroq rivojlanadi. Eng asosiysi esa, ijtimoiy kapital boʻlib, xususiy maktab bitiruvchilari kelgusida oʻz sinfdoshlari bilan biznes-hamkor boʻlishi yoki bir sohada ishlashi ehtimoli yuqoriroq boʻladi.
– Xususiy maktabda ideal holatda taʼlim qadrlanadigan muhit yaratilishi kerak. Telefon yoki qandaqadir moddiy buyumlar “krutoy”lik darajasini belgilamasligi lozim. Yaʼni boladagi barcha bazaviy ehtiyojlar qondirilgan va yagona “krutoy”lik belgisi bu – uning bilimi, aqliy salohiyati bilan qandaydir muvaffaqiyatga erishgani boʻlishi lozim. Farzandlarimning taʼlim olishi uchun xususiy maktabni tanlaganimning birinchi sababi shu. Ikkinchisi bu – netvorking. Men amaliyotda biznesdagi muammolarni sinfdoshlar hal qilgan holatlarga koʻp duch kelganman. Yaʼni xususiy maktab kelgusida netvorking sifatida yordam berishi lozim, deydi Suhrob Tillayev.
Ammo hamma xususiy maktablarda ham ideal muhit hukmron deb boʻlmaydi. Shaxsini oshkor qilmasligimni soʻragan bir oʻqituvchining aytishicha, u ishlagan xususiy maktabda har bir bola qoʻshimcha daromad manbai sifatida koʻrilgani uchun, oʻquvchilarni urishish taqiqlangan ekan. Bir kuni ikkita bola oʻrtasida mushtlashuv sodir boʻlgan va oʻqituvchi janjalni boshlagan oʻquvchiga dashnom bergan. Yarim soat oʻtar-oʻtmas, bolaning bobosi kelib, “meni kimligimni bilasanmi?” deya butun maktabni boshiga koʻtargan. Oxir-oqibat oʻqituvchini “bolaga qoʻpol muomala qilgani uchun” ishdan boʻshatishgan. Bu jarayonda kim haq yoki nohaqligi menga qorongʻi, biroq bolada konfliktlarni birgina “qoʻngʻiroq” orqali hal qilish koʻnikmasini ragʻbatlantiruvchi hamda oʻqituvchi huquqlarini poymol qilgan maktab maʼmuriyatiga savollarim bisyor.
– Maktabda oʻqituvchisi qizimga 4 baho qoʻygan, aslida esa 5 qoʻyishi kerak boʻlgan. Faxriy yorliq esa faqat 5 baho olganlarga berilgan. Qizim oʻqituvchining oldiga borib, nega menga 4 qoʻydingiz desa, boshida oʻzing uncha yaxshi oʻqimading, shuning uchun tabelga 4 tushib, faxriy yorliq ololmading degan. Boshida biz vaziyatga aralashmasdan, qizimizga oʻzing hal qil, dedik, lekin bir necha urinishlardan keyin ham masala hal boʻlmagach, biz direktorga murojaat qilishga majbur boʻldik. Vaholanki, bolaligimda bu yoshda davlat maktabida muammolarni oʻzim hal qilardim. Yaʼni, oʻsha paytlarda tizim bolaning mustaqil harakat qilishiga yoʻl qoʻyardi. Bunaqa vaziyatlarda ota-ona janjallashmasdan, hissiyotga berilmasdan, ratsional yechim topishi va bolaga shu orqali oʻrnak boʻlishi lozim, deydi Suhrob Tillayev.
Xususiy maktablarning shinam va qulay muhiti oʻz navbatida “issiqxona sindromi” xavfini yuzaga keltiradi. “Komfort” sharoitda oʻsgan bolalar kelajakda shafqatsiz real raqobatga toʻqnash kelganda esankirab qolishlari mumkin. Bunga qarama-qarshi oʻlaroq, davlat maktablari bitiruvchilari katta sinflardagi resurs tanqisligi va yuqori raqobatdan oʻtib, psixolog Anjela Dakvort taʼriflagan Grit (iroda va hayotiy chidamlilik) koʻnikmasini egallashadi.
Demak, aytish mumkinki, davlat maktabi har bir bolaga alohida eʼtibor va “yumshoq koʻnikmalar”ni yetarlicha bera olmasligi mumkin, ammo oʻziga xos “ijtimoiy chiniqish”ni beradi. Yaʼni ijtimoiy kelib chiqishi turlicha boʻlgan 35-40 kishilik sinf aslida real hayotning kichraytirilgan modeli vazifasini oʻtaydi. Xususiy maktab esa shunchaki akademik bilimni emas, balki qulay muhit, oʻziga boʻlgan ishonch va oʻzligini namoyon qilish imkoniyatini beradi.
Xususiy maktab tarafdori boʻlgan ota-onalarning aksariyati bu yerda bola toʻliq nazorat ostida boʻlishi va uni qoʻshimcha repetitorlarga berish, dars qildirish, qornini toʻqlash kabilar haqida bosh qotirishga hojat qolmasligini aytadi. Biroq bu oʻrinda meni oʻylantiradigan boshqa jihat bor: ertalab 8-30dan kechki 17-00gacha maktabda boʻlgan bola bilan ota-ona oʻrtasida emotsional aloqa yoʻqolmaydimi? Bola katta hayotda kerak boʻladigan eng muhim koʻnikmalarni va tarbiyani ota-onasidan olishi kerak emasmi? Ekspert Suhrob Tillayevning taʼkidlashicha, hozir xoh davlat maktabi boʻlsin, xoh xususiy – asosiy vazifasi bilim berishdan koʻra bevosita ijtimoiy va tarbiyaviy funksiyalarni bajarish boʻlib qolgan.
– Maktab bolaning darslarda gaplashmay oʻtirishi, ortiqcha savol bermasligi, vazifalarni oʻz vaqtida bajarishiga qarab baholaydi. Lekin bu uning bilimini, iqtidorini belgilovchi asosiy omillar emas. Maktab intizom va boʻysunuvchanlikni ragʻbatlantiradi. Toʻgʻri, intizom bolaning muvaffaqiyatga erishishida muhim, biroq bu bolaning intellektini baholashda hal qiluvchi mezon emas. Ota-ona esa farzandini shartsiz, qanday boʻlsa shundayligicha qabul qilishi kerak. Qanday yashash, muloqotga kirishish, muammolarni hal qilish, konflikt vaziyatlardan chiqib ketish, pulga va mehnatga boʻlgan munosabatlarni maktab emas, ota-ona oʻrgatadi.
Oʻqituvchi yoki doʻstlari bilan urishib qolganida bola kelib, hammasini aytib bera oladigan, yigʻlab ichini boʻshatadigan va yoʻlida davom eta oladigan xavfsiz orolcha bu – oila boʻlishi kerak. Chunki bolaga nimanidir shunchaki oʻrgatib boʻlmaydi, faqat shaxsiy namuna orqali koʻrsatish lozim.
Shu oʻrinda Taʼlim sotsiologiyasi va karyera konsaltingi tadqiqotlari natijalarini keltirib oʻtaman:
Bolaning kasb tanlashida ota-onalar taʼsiri hal qiluvchi ahamiyatga ega (50% – 70%). Ular bolaning qay darajada katta orzular qila olishi, xavfsizlik chegaralarini belgilaydi hamda tanlovni moliyalashtiradi. Bola ota-ona yoʻlini takrorlashi yoki, aksincha, qaysidir tajribasi sabab, unga qarama-qarshi yoʻlni tanlashi mumkin.
Oʻqituvchi va mentorlarning vazifasi esa bolani ilhomlantirish va yoʻnaltirishdan iborat boʻlib, kasb tanlovida 15% – 35% taʼsirga ega. Oʻqituvchi bolada fanga boʻlgan mehrni uygʻotadi, yashirin iqtidorni payqab, intizomni shakllantiradi.
Bu yerda xulosa aniq: farzandining yaxshi bilim olishi va oldiga katta maqsad qoʻyishida maktabdan koʻra, ota-onaning roli muhimroq. Muhit esa mavjud qiziqish va intilishni rivojlantirishga koʻmaklashishi mumkin.
Xususiy maktab afzalliklari haqida gap ketganda, men suhbatlashgan ota-onalardan biri xavfsizlik masalasiga urgʻu berdi. Katta farzandim xususiy maktabda oʻqiydi va darslari tugagach, men qoʻngʻiroq qilib gaplashganimdan keyingina maktab qorovuli uni darvozadan chiqaradi. Oʻgʻlimning qayerdaligi, nima qilayotganidan koʻnglim xotirjam. Ikkinchi oʻgʻlim esa davlat maktabida oʻqiydi va koʻpincha tanaffus paytida bozorga borib, ul-bul narsalar olib kelganini aytadi. Toʻgʻrisi, men nega bolalarni hali darslar tugamay turib, maktab hududidan tashqariga chiqarilishini tushunmayman, dedi suhbatdoshim. Bu borada uning gaplarini toʻliq qoʻllab-quvvatlayman. Farzandim 4-yil davomida maktabda oʻqiyotgan boʻlsa, onalarning “zavuch” xonasida soch yulishishidan tortib, oʻquvchilarning “toʻdalashib mushtlashishi”gacha boʻlgan har xil voqealarni eshitdim. Bu masala hanuzgacha eʼtibordan chetda qolayotgani gʻalati.
Davlat maktabi va xususiy maktab oʻrtasidagi farqni tahlil qilarkanmiz, tabiiyki, narx-navo masalasini ham chetda qoldira olmaymiz. Toshkentdagi xususiy maktablar narxi oyiga oʻrtacha 6,5 million soʻmdan boshlanadi. Davlat maktabi esa bepul. Biroq ota-ona davlat maktabida oʻqiyotgan farzandi uchun xususiy maktab taklif etadigan toʻliq infratuzilma – yaʼni qoʻshimcha fanlar boʻyicha repetitorlar, sport va sanʼat toʻgaraklari, transport hamda sifatli ovqatlanishni alohida sotib olsa, oilaviy byudjetdan ketadigan xarajat kutilmaganda xususiy maktab toʻloviga juda yaqinlashadi.
Moliyaviy farq bor-yoʻgʻi 10–20 foizni tashkil qilgani holda, vaqt va asablarni tejash borasida, albatta, ustunlik xususiy maktabda. Davlat maktabi variantida oilada kimdir logist yoki haydovchi vazifasini bajarishi kerak. Bolani maktabdan olib, tushlik tayyorlash, toʻgarak va repetitorga tashish, jarayonni doim nazorat qilish va kechki payt soat 19:00 dan keyin uy vazifasini qildirish kabi vazifalar odatda, onalar zimmasiga tushadi va bunday onalar, oʻz-oʻzidan ishga toʻliq diqqat qarata olmasligi yoki butunlay ishdan voz kechishiga toʻgʻri keladi.
Xulosa oʻrnida
Biz, ota-onalar, oʻzimiz bilmagan holda “kimning farzandi koʻproq muvaffaqiyatga erishadi” degan cheksiz va holdan toʻydiruvchi poygaga kirib qolyapmiz. Zamonaviy dunyo, trendlar va ijtimoiy tarmoqlar bizga doimo “eng yaxshi maktab”, “eng qimmat toʻgarak” va “kafolatlangan porloq kelajak”ni sotishga urinadi.
Ammo bu jarayonda eng muhim narsani unutib qoʻymasligimiz kerak: bizning asosiy vazifamiz farzandimizni poyga ishtirokchisiga aylantirish emas, balki uni shunchaki sevish. Davlat maktabi boʻladimi yoki xususiy, binoning chiroyliligi yoki partalarning qulayligi – bolaning kelajagini hal qilmaydi. Eng muhimi – farzandimiz oʻziga qiziq boʻlgan soha va bilimlarni egallashi mumkin boʻlgan sogʻlom muhitni yaratib berish, uning shaxsiy tanlovini, qiziqishlarini va xatolarini hurmat qilishni oʻrganishdir.
Visola QARSHIBOYEVA,
jurnalist
Til
Adabiyot
Ma’naviyat
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q