Qoliplarsiz chizadigan rassom – Elnur Egamov bilan soha muammolari va sanʼat falsafasi haqida suhbat


Saqlash
09:45 / 12.08.2026 532 0

Oyina.uz bugungi oʻzbek zamonaviy sanʼati qanday yaratilayotganini ijodkorlarning oʻzi va ularning ish jarayonlari orqali koʻrsatishni maqsad qilgan “Ichkaridan” nomli maxsus suhbatlar loyihasini davom ettiradi.

 

Loyihaning navbatdagi qahramoni – “Paradoks”, “Nostalgiya”, “Mif” kabi noodatiy koʻrgazmalari orqali jamiyatning ogʻriqli nuqtalariga oyna tutib kelayotgan rassom Elnur Egamov. U suhbatda zamonaviy oʻzbek tasviriy sanʼatining bugungi holati, tizimdagi muammolar haqida soʻzlab berdi.

Rassomni izlab

Rassom bilan suhbatlashish uchun shahar markazidan biroz uzoqlashib, Qoʻyliqqa – “Turon” kutubxonasi filialida joylashgan ustaxonasiga yoʻl oldik. Kutubxonaning ikkinchi qavatidagi nimqorongʻi zal oralab kichik xonaga kiramiz. Ish qurollari sochilib yotar, devorlardagi kartinalarni esa rassom qutilarga joylardi. Elnur Egamov biroz horgʻin, shu bilan birga koʻzlarida nimadandir umid bor.

 

Foto: Xolida MUSULMON

 

Buning sababi koʻp oʻtmay ayon boʻldi — rassom oʻzining eng muhim asarlari yaratilgan ustaxonasi bilan xayrlashmoqda, keyingi manzil esa hozircha nomaʼlum. Ana shunday pallada Elnur Egamovdan zamonaviy tasviriy sanʼat, ijodiy izlanishlar va bugungi oʻzbek rassomining hayoti haqida eshitamiz.

Ustaxona bilan xayrlashuv

 

Iyul oyida toʻrt yildan beri ijod qilayotgan ustaxonamdan chiqishimni aytishdi. Bino Madaniyat vazirligi tasarrufiga oʻtayotgan ekan. Ijaraga joy izladim, lekin narxlar kutubxonaga toʻlayotganimdan bir necha barobar yuqori. Ijod biznes yoki ishlab chiqarish emaski, “foydasi tez qaytadi” deb yuqori ijara puli bilan tavakkal qilolsam.

 

Foto: Xolida MUSULMON

 

32 yoshimgacha alohida ustaxonam boʻlmagan. Chilonzordagi ikki xonali uyimizda balkonga koʻchirilgan oshxonaning oʻrnida ijod qilardim. Lekin uyda oila, farzandlar yoningizda boʻlganda soatlab kartina qarshisida oʻtirolmaysiz, oʻzingizni ijodga toʻla bagʻishlolmaysiz.

 

Bu yerni ijaraga olganimdan olti oy oʻtib, ilk shaxsiy koʻrgazmamni oʻtkazdim. Yurakda ijod yigʻilib yotgan edi-da. Undan keyin ham tez-tez koʻrgazmalar qildim. Ustaxonasi, ishonadigan makoni boʻlish rassom uchun qay darajada muhimligini shundan ham bilish mumkin.

 

Eski oʻlchovlar asosidagi ish tizimi

 

Ustaxona – bugungi oʻzbek rassomi duch kelayotgan muammolarning faqat bittasi, xolos. Bizdagi Rassomlar uyushmasi va Badiiy akademiya tashqaridan qaraganda ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlaydigandek koʻrinadi. Lekin islohotlarning taʼsiri faqat “tepada aylanmay” oddiy ijodkorgacha yetib borishi kerak. Byudjetdan ajratilayotgan mablagʻlar tizimli, samarali va adolatli taqsimlanishi muhim.

 

Chetdan delegatsiya kelsa ham faqat “katta boʻri”larning ishlari koʻrsatiladi. Natijada piramidaning tepasidagi oʻn-oʻn besh rassom yaxshi yashaydi, qolganlari esa ijodidan emas, qoʻshimcha ishlardan kun koʻradi. Yoki eski davrlardan haligacha saqlanib kelayotgan “otkat” tizimi – “kartinangni 50 mingga sotib beraman, yigirmasi seniki, oʻttizi meniki”, qabilida ish yuritiladi.

 

Balki “davlat nimadir qilib bersin”, deyishim xatodir. Lekin Oʻzbekistondan dunyoga taniladigan rassomlar chiqishini istasak, avvalo ularni qoʻllab-quvvatlash kerak. Tasviriy sanʼat orqali keladigan foyda ishlab chiqarishdan ham yuqori boʻlishi mumkin. Dunyoda shunday davlatlar bor – odamlar u yerga nafaqat tabiatini, balki muzeylari, galereyalari va koʻrgazmalarini koʻrish uchun ham boradi. Bundan esa nafaqat sanʼat, balki turizm va boshqa xizmat koʻrsatish sohalari ham yutadi.

 

“Optimusaxon” – Tesla roboti Oʻzbekistonga kelganda uning texnologik imkoniyatlari qolib, milliy libosda raqsga tushirilganidan taʼsirlanib yaratilgan asar

Foto: Xolida MUSULMON

 

Men ham qirqqa yaqinlashyapman. Tabiiyki, bu yoshga kelgan rassomning oilasi, roʻzgʻori, ustaxona ijarasi, boʻyoq va boshqa xarajatlari boʻladi. Avvaliga katta umid bilan ishlaydi, yillar davomida muammolarga ham chidab yuradi. Lekin na kutgan daromad, na kutilgan homiy chiqmasa, ichidagi olov ham asta-sekin soʻna boshlaydi.

 

Mana, shoirlarda ancha avlod almashinuvi boʻldi. Yoshlar yangi qon boʻlib kirib keldi, ularning oʻz uslubi, soʻzi bor. Tasviriy sanʼatda esa hali katta avlod almashmadi. Sal boshqacharoq ish qilsangiz, “yoʻq, bunaqasi boʻlmaydi”, deb eski oʻlchovlarga mahkam yopishib olishadi. Yosh isteʼdodlar goʻyo toʻgʻonda tiqilib qolgandek. Toʻgʻon ochilsa, ana oʻshanda yangiliklarni koʻrasiz.

 

Taʼlimdagi muammolar

 

Muammolar haqida gapirganda taʼlim, ayniqsa, oliy taʼlim masalasiga toʻxtalish juda muhim. Keling, oʻzim misolimda aytib bersam. Qashqadaryoning Kitob tumanida tugʻilganman. Tasviriy sanʼatga qiziqishim rahmatli amakim Hoshim Egamovdan oʻtgan. Beshinchi sinfdan bitirgunimcha tumandagi tasviriy sanʼat maktab-internatida oʻqidim. Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomchilik va dizayn institutida avval bakalavr, keyin magistr bosqichini tamomladim. Ammo sohadagi bilimimning 90 foizini tumanimdagi oʻsha litseyda olganman. U yerda erkinroq edik, koʻproq “eksperiment” qilardik. Institutdagi qolipli tizim oʻrta taʼlimdagi bilimni boyitish oʻrniga cheklab qoʻydi. Muomalaga qarab baholash, oʻzinikini haq deb bilish, ijod va mehnatni yetarlicha qadrlamaslik talabani sindiradi.

 

Keyinchalik institutning oʻzida dars ham berdim. Pedagoglar ilmiy-uslubiy qoʻllanmalarni yangilamas, oʻzidan oldingi va hatto, sovet davridagi qoʻllanmalarning muallifi va yilini oʻzgartirib, dars oʻtardi. Oʻshalar ham asosan nazariyaga tayanilgan bo‘lardi.

 

Bizdagi tasviriy sanʼat taʼlimida turfa yondashuvlar yetishmaydi. Masalan, Ozarboyjonda akademizm (Akademizm — XVII–XIX asrlarda Yevropa badiiy akademiyalarida shakllangan, qadimiy antik davr va Uygʻonish davri sanʼati qoidalariga qatʼiy amal qilishga asoslangan sanʼat yoʻnalishi) boʻyicha alohida, zamonaviy sanʼat boʻyicha alohida taʼlim beradigan muassasalar bor ekan. Iqtidor mana shunday xilma-xillikda ochiladi. Kimdir akademizmni tanlab, keyin boshqa yoʻnalishga oʻtishni istar, boshqasi zamonaviy sanʼatdan ketib, keyin akademizmga ehtiyoj sezar. Muhimi, tanlov koʻp boʻlishi kerak.

 

Avvallari akvarelda ijod qilardim. Uzoq yillar shaxsiy koʻrgazma qilishga jurʼatim yetmay, umumiy koʻrgazmalarga qoʻshilib yurganman. Internet orqali chet ellik rassomlarning ishlarini muntazam kuzatish esa nafaqat ilhom, balki oʻzimga ishonch ham berdi. Birinchi shaxsiy koʻrgazmamda oʻsha paytda hali Oʻzbekistonda deyarli qoʻllanmagan installyatsiyalardan foydalandim.

 

Shu joyda agar zamonaviy bilimni internetdan izlab topsak, yangi yoʻnalishlarni ijodkorning oʻzi yillar davomida mustaqil oʻrgansa, oliy taʼlimning vazifasi qayerda qolyapti, degan savol ham oʻrtaga chiqadi...

 

Yetishmayotgan tasviriy sanʼat tanqid va tahlili

 

Aslida koʻplab muammolarni kuchli tanqid va tahlil bilan allaqachon bartaraf etsa boʻlardi. Afsuski, bizda aynan shu boʻgʻin deyarli ishlamaydi.

 

Tasviriy sanʼatni tanqid qiladigan odam modernizmni ham, abstraksionizmni ham, realizmni ham, xullas, soha dunyosidagi jamiki “-izm”larni tushunishi, shu paytgacha yashab oʻtgan rassomlarning ijodi va yoʻnalishlarini yaxshi bilishi kerak. Ana undan keyingina tanqid qilishga haqli boʻladi.