Yurtimizdan Islom olamida mashhur bo‘lgan ko‘plab mutafakkirlar yetishib chiqqan bo‘lib, ularning ilmiy merosi bugungi kunda ham o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Xususan, Buxoro shahri fiqh ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalari bilan nom qozongan. Biroq tarixiy tadqiqotlarda Buxorodagi Mahbubiylar sulolasi, xususan, Shamsuddin Mahbubiy hayoti va ilmiy merosi yetarlicha o‘rganilmagan. Shu bois, mikrotarix yo‘nalishida Shamsuddin Mahbubiy faoliyatining o‘rganilmagan qirralarini yuzaga chiqarish tarix fani uchun dolzarb vazifadir.
XIII–XIV asrlarda Buxoroda ko‘plab faqihlar faoliyat yuritib, ular bu ilmni avlodma-avlod meros qilib qoldirganlar. Bunday sulolaviy oilalar sirasiga Oli Moza, Hasiriylar, Xayzaxaziylar va Aqiliylarni kiritish mumkin[1].
Islom huquqshunosligida o‘ziga xos o‘rin tutgan Mahbubiylar (Sadr ush-sharia) oilasining Buxoro fiqh ilmi rivojidagi hissasi salmoqlidir. Tarix fanlari doktori, professor I.Bekmirzayevning tadqiqotlariga ko‘ra, 1238-yilda Mahmud Torobiy “Sadr” unvonini Oli Moza oilasidan olib, Ahmad ibn Ubaydulloh ibn Ibrohim Mahbubiyning o‘g‘li – Shamsuddin Mahmud ibn Ahmad Mahbubiyga (vaf. 630/1232–1233-yil) bergan. Natijada Oli Moza oilasining Buxoroda diniy-siyosiy hukmronlik davri yakunlanib, Mahbubiylar sulolasi faoliyati boshlangan[2].
Mo‘g‘ullar istilosigacha bo‘lgan davrda (X–XII asrlar) Buxoroda shahar boshqaruvi “Sadr” unvoniga ega ma’lum oilalar tomonidan amalga oshirilgan. Xalq orasida yuksak nufuzga ega bo‘lgan bu sulolalar nafaqat siyosatda, balki ilm-fan sohasida ham peshqadam bo‘lganlar. Jumladan, Mahbubiylar oilasi O‘rta Osiyo hanafiy mazhabi tarixida muhim rol o‘ynagan[3].
Manbalarga ko‘ra, mazkur sulolaning nasl-nasabi sahoba Uboda ibn Somit Ansoriyga (r.a.), ona tomonidan esa hazrati Umar ibn Xattobga (r.a.) borib taqaladi. Ubodaga nisbat berilib “Ubodiy”, uning nabirasi Mahbub ibn Valid sharafiga esa “Mahbubiylar” deb atalgan[4]. Buxoroda sadr unvonini egallagan va Movarounnahrda hanafiy mazhabining ko‘zga ko‘ringan namoyandalari bo‘lgan Mahbubiylar XII asrdan boshlab nufuzli oilaga aylangan.
Markaziy Osiyoda siyosat va ilm-fan peshqadamlaridan bo‘lgan Mahbubiylar Buxoro va Kirmonda ta’lim va ta’lif ishlari bilan shug‘ullanib, hanafiy mazhabi rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar. Biroq tarixiy notinchliklar va kutubxonalarning vayron etilishi oqibatida boshqa ko‘plab O‘rta Osiyo huquqshunoslari kabi ular haqidagi ma’lumotlar ham to‘la saqlanib qolmagan.
Mahbubiylar sulolasining yirik namoyandalaridan biri – Shamsuddin Mahbubiyning to‘liq ismi Ahmad ibn Ubaydulloh ibn Ibrohim Ubodiy Mahbubiy Buxoriy bo‘lib, u “Sadr ush-sharia al-akbar” (katta Sadr ush-sharia) nomi bilan tanilgan. Mahmud ibn Sulaymon Kafaviy uning haqida shunday yozgan: “U yirik olimlardan bo‘lib, otasi huzurida fiqh ilmidan yuqori darajaga erishgan. Usul va furu’ al-fiqh bo‘yicha mukammal salohiyatga ega edi”[5].
Shamsuddin Mahbubiy dastlab fiqh ilmini otasi imom Ubaydulloh ibn Ibrohimdan (ba’zi manbalarda Mavlono Jaloliddin Ubaydulloh deb ham yuritiladi) o‘rgargan va o‘z davrining ulug‘ allomasi darajasiga yetgan. U Buxoroning Samarqand darvozasi tashqarisidagi Nov qishlog‘ida tavallud topgan. O‘z navbatida, uning o‘g‘li Mahmud ibn Ahmad Mahbubiy ham otasidan ta’lim olib, “Tanqih ul-uqul fi furuq al-manqul” asarini yozgan[6].
Shamsuddin Mahbubiy qalamiga mansub “Tahqiq ul-furuq” kitobi ham ilmiy doiralarda mashhur bo‘lgan. Alloma hijriy 635-yilda (milodiy 1237–1238-yillar) vafot etgan[7].
Shamsuddin Mahbubiyning otasi – Mavlono Ubaydulloh ibn Ibrohim ibn Ahmad Jaloliddin Mahbubiy 1146-yilda tavallud topgan. U ham Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning sahobalari Uboda ibn Somitning (r.a.) avlodlaridan hisoblanadi. Jaloliddin Ubaydulloh Mahbubiy o‘z davrining yirik olimi bo‘lib, fiqh ilmiga doir “Jome’ us-sag‘ir” va “Kitob ul-furuq” kabi asarlarni yozib qoldirgan[8].
“Tarixi Mullozoda” asarida qayd etilishicha, Shamsuddin Mahbubiyning bobosi ulug‘ Sadr Burhon al-millat vad-din Abdalaziz ibn Umar al-Moziy bo‘lgan.
Ma’lumki, 1220-yilda Chingizxon ulkan qo‘shin bilan Buxoroni bosib olib, shaharni vayron etgan va qirg‘inlar uyushtirgan. Chingiziylar zulmiga qarshi 1238-yilda Buxoroda Mahmud Torobiy boshchiligida xalq qo‘zg‘oloni ko‘tarildi. Ushbu harakatda Shamsuddin Mahbubiy ham faol ishtirok etgan. Manbalarga ko‘ra, uning el orasidagi yuksak obro‘si va ta’siri katta bo‘lgan. Shu bois Mahmud Torobiy uni o‘ziga piri komil deb bilgan va uning ko‘magi bilan xalqni mo‘g‘ul-tatar istilochilariga qarshi kurashga safarbar etgan[9].
Tarixiy manbalarda yozilishicha, Mahmud Torobiy atrofiga to‘plangan xalq Buxoroni mo‘g‘ul-tatar bosqinchilaridan ozod qilgan. Bu jangda mag‘lubiyatga uchragan mo‘g‘ullar Karmanaga qarab chekinganlar. Shundan so‘ng juma namozida o‘qilgan xutbada Mahmud Torobiyning nomi zikr etilib, Shamsuddin Mahbubiy rasman "Sadr ash-sharia" deb e’lon qilingan[10]. An’anaga ko‘ra, juma xutbasida hukmdorning nomi tilga olingan. Bu holat buxoroliklar Mahmud Torobiyni siyosiy rahbar, Shamsuddin Mahbubiyni esa diniy peshvo sifatida rasman tan olganini anglatadi.
Biroq Buxorodagi bu qo‘zg‘olonni bostirish uchun Xo‘janddan Mahmud Yalavoch katta qo‘shin bilan yetib keladi va o‘rtada shiddatli jang boshlanadi. Mazkur to‘qnashuvda Mahmud Torobiy ham, Shamsuddin Mahbubiy ham halok bo‘ladilar[11]. Shamsuddin Mahbubiyning jasadi Chashmai Ayub yaqinidagi Shar’obod mozoriga – o‘z ota-bobolari qabri yoniga dafn etilgan [12].
Xulosa qilib aytganda, Shamsuddin Mahbubiy o‘z davrining yetuk fiqh olimi va yirik din arbobi sifatida Buxoroda faoliyat yuritgan. U Mahbubiylar sulolasi vakili o‘laroq “Sadr” unvoniga sazovor bo‘lgan va shu tariqa davlat boshqaruvida ham muhim siyosiy ta’sir doirasiga ega bo‘lgan.
Mazkur tahlillar Shamsuddin Mahbubiyning ham diniy, ham siyosiy jabhalarda o‘z zamonasining tarixiy jarayonlarida markaziy o‘rin tutganini ko‘rsatadi. Xususan, uning Mahmud Torobiy boshchiligidagi mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi milliy-ozodlik harakatida ishtirok etishi yuksak vatanparvarlik namunasidir. Bu jihati bilan Shamsuddin Mahbubiyning fojiali taqdiri vatan himoyasi yo‘lida jon fido qilgan ulug‘ alloma Shayx Najmiddin Kubroning hayotiy yo‘li bilan hamohangdir.
Qalandar SAMANDAROV,
Toshkent amaliy fanlar universiteti katta o‘qituvchisi
Foydalanilgan manbalar
1. Bekmirzayev I. Burhonuddin Mahmud al-Buxoriyning “Al-Muhit” asari va uning Movarounnahr qoziligida tutgan oʻrni: t.f.n. diss. – Toshkent, 2009.
2. Mahmud ibn Sulaymon Kafaviy. Katoib aʼlomil ahyor. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 2018.
3. Meliboyev A. Mahbubiylar oilasi haqihlari // Islom tafakkuri jurnali, 1-son, 2025. 28–32-betlar.
4. “Дурдона”, 2012. Sadriddin Salim Buxoriy. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari. Maʼlumotnoma. – Buxoro: “Durdona”, 2012.
5. Tarixi jahongusho (Jahon fotihi tarixi) / Alouddin Atomalik Juvayniy: masʼul muharrirlar H. Boltaboyev, M. Mahmudov. – Toshkent: MUMTOZ SO‘Z, 2015.
[1] Мелибоев А. Маҳбубийлар оиласи фақиҳлари // Ислом тафаккури журнали, 1-сон, 2025. – 28–32-betlar.
[2] Бекмирзаев И. Бурҳонуддин Маҳмуд алБухорийнинг “Ал-Муҳит” асари ва унинг Мовароуннаҳр қозилигида тутган ўрни: т.ф.н. ... дис. – Тошкент, 2009. – B. 43.
[3] Мелибоев А. Маҳбубийлар оиласи фақиҳлари // Ислом тафаккури журнали, 1-сон, 2025. – 29 bet.
[4] Мелибоев А. Маҳбубийлар оиласи фақиҳлари // Ислом тафаккури журнали, 1-сон, 2025. – Б. 29.
[5] Маҳмуд ибн Сулаймон Кафавий. Катоиб аъломил ахёр. – Байрут: Дорул кутубил илмия, 2018. – Б. 238.
[6] Садриддин Салим Бухорий. Бухоронинг табаррук зиёратгоҳлари. Маълумотнома. – Бухоро: “Дурдона”, 2012. – Б. 104.
[7] Мелибоев А. Маҳбубийлар оиласи фақиҳлари // Ислом тафаккури журнали, 1-сон, 2025. – Б. 30.
[8] Садриддин Салим Бухорий. Бухоронинг табаррук зиёратгоҳлари. Маълумотнома. – Бухоро: “Дурдона”, 2012. – Б. 104.
[9] Тарихи жаҳонгушо (Жаҳон фотиҳи тарихи) / Алоуддин Атомалик Жувайний: масъул муҳаррирлар Ҳ. Болтабоев, М. Маҳмудов. – Тошкент: MUMTOZ SO‘Z, 2015. – Б. 154.
[10] Тарихи жаҳонгушо (Жаҳон фотиҳи тарихи) / Алоуддин Атомалик Жувайний: масъул муҳаррирлар Ҳ. Болтабоев, М. Маҳмудов. – Тошкент: MUMTOZ SO‘Z, 2015. – Б. 157.
[11] Тарихи жаҳонгушо (Жаҳон фотиҳи тарихи) / Алоуддин Атомалик Жувайний: масъул муҳаррирлар Ҳ. Болтабоев, М. Маҳмудов. – Тошкент: MUMTOZ SO‘Z, 2015. – Б. 158.
[12] Садриддин Салим Бухорий. Бухоронинг табаррук зиёратгоҳлари. Маълумотнома. – Бухоро: “Дурдона”, 2012. – Б. 105.
Til
Adabiyot
Ma’naviyat
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q