Oyina.uz respublikamizdagi o‘ziga xos tarixga ega maskanlar haqida maxsus maqolalar turkumini berib boradi. Birinchi manzilimiz – Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ldi.
Xoʻjayli tumanining gʻarbiy chekkasi. Koʻz oʻngimizda qadimiy Mizdakxon shahri yastanib yotibdi. Bir qarashda yemirilib borayotgan nuroniy tepaliklar, koʻhna devorlar tuproq bagʻriga singib ketgan xarobalardek koʻrinadi. Miloddan avvalgi IV–III asrlarda paydo boʻlgan ushbu shahar xarobalari bugungi kunda turli nomlar bilan ataladi: “Xoʻjayli Govur qalʼasi”, xalq tilida “Bevafolar qalʼasi”, yana bir manbada esa “Kofir qalʼa”.
Qalʼaning bunday nomlanishining sabablari haqida bir qancha qarashlar bor. Ilmiy izlanishlarda “Govur qalʼa” miloddan avvalgi I ming yillikning oʻrtalaridayoq paydo boʻlgani va milodiy XI asrga qadar Mizdakxon deb atalgani qayd etiladi. Zardushtiylik dinining bosh xudosi Axura Mazda nomi qalʼaning shunday atalishiga asos boʻlgan boʻlishi mumkin.
Biroq tilshunoslik nuqtai nazaridan qaraganda, “Mizdakxon” toponimiga Axura Mazdadan koʻra Mazdak ismining asos boʻlgani ehtimoli yuqoriroqdek koʻrinadi. Mazdak ibn Hamdodon (milodiy 470–529-yillarda yashagan) dastlab otashparastlarning diniy maskanlaridan birida, keyinchalik esa Erondagi bosh kohin (diniy rahbar) lavozimida faoliyat yuritgan. U asos solgan taʼlimot keyinchalik mazdakiylik nomi bilan tarixga kirdi.
Xullas, qarshimizda Mizdakxon nomi bilan ataluvchi qadimiy qabriston va arxeologik inshootlar majmuasi: ikki yuz gektar maydonni egallagan ushbu qadamjodagi koʻhna qabrlarning ayrimlari 2400 yillik tarixga ega. Biz haqli ravishda Mizdakxon turbatini Markaziy Osiyodagi eng qadimiy va yirik qabristonlardan biri deyishimiz mumkin. Majmuadagi soʻnggi dafnlar XIV asrga toʻgʻri keladi.
Mizdakxon tarixini mazdakiylik taʼlimoti bilan bogʻlovchi maʼlumotlar ham diqqatga sazovor. Kitoblarda mazdakiylikning Xorazmda keng tarqalgani, hatto arablar kelganidan keyingi bir necha asr davomida ham mahalliy aholi Mazdak taʼlimoti taʼsirida yashagani haqida maʼlumotlar uchraydi. Arablarga qarshi koʻtarilgan bir necha qoʻzgʻolonlarga ham mazdakiylik sabab boʻlgani qayd etiladi.
Demak, biz turgan joy – qabrlar va xarobalar orasi shunchaki bir arxeologik majmua emas, balki bir vaqtlar diniy, siyosiy va madaniy hayotning muhim markazlaridan biri boʻlgan ulkan tarixiy obidadir.
Antakiyaning ilmiy asoslari
Antakiya, keyinchalik Mizdakxon deb atalgan bu manzil oʻrta asrlarda Xorazm mamlakatining eng yirik qalʼalaridan biri boʻlgan. 709-yilda Xorazmshoh Chagʻonning inisi Xurozod bir qancha oʻziga sodiq kishilari bilan Mizdakxon qalʼasini makon tutib, shu yerda yashagani va podsholikka daʼvo qilgani haqida maʼlumotlar bor. (Manba: “История Хорезма с древнейших времен до наших дней” kitobi).
Mizdakxon haqidagi maʼlumotlar arab sayyohlari va tarixchilarining asarlarida ham uchraydi. X asr tarixchisi Al-Istaxriy “Mizdakxon qalʼasi Urganchdan ikki farsax yerda joylashgan”, deb yozadi. Bir farsax 6–7 kilometrga teng boʻlganini hisobga olsak, bu maʼlumot qalʼaning oʻsha davrdagi geografik oʻrnini tasavvur qilishga yordam beradi.
Arab olimi Maqdisiy esa X asrning ikkinchi yarmida Mizdakxon qalʼasi atrofida 12 ming qoʻrgʻon boʻlgani haqida maʼlumot qoldirgan. Bu raqamning oʻziyoq Mizdakxon atrofida bir vaqtlar qanday ulkan va zich aholi manzilgohlari tizimi mavjud boʻlganini tasavvur qilishga majbur etadi.
1981-yili “Oʻzbekiston” nashriyotida chop etilgan “Sayyoh olimlar” kitobida Beruniy asarlariga tayangan holda, X asrlarda Amudaryodan Sariqamish tomon oqqan daryoning “Mazduvast” deb atalgani haqida maʼlumot keltiriladi.
Olim G.Xoʻjaniyozov va boshqalarning yozishicha, 1349-yili, yaʼni Oltin Oʻrda davrida tuzilgan bir xabarnomada ham Mizdakxon qalʼasi tilga olingan. Biroq Mizdakxon tarixining keyingi qariyb uch asri haqida yozma manbalarda maʼlumot uchramaydi. Qalʼa goʻyo tarix sahnasidan bir muddat gʻoyib boʻladi.
Faqat XVII asr oʻrtalariga kelib, Xorazm podshosi Abulgʻozi Bahodirxon oʻzining “Shajarai turk” asarida Mazdakxon haqida yana bir muhim maʼlumot qoldiradi:
“Mazdaqxondan Boqirgongacha tutash Qoʻshin degan yergacha bugʻdoy ekiladigan edi... Otliq odam oʻn kunda bugʻdoyning sirtidan aylanib kela olmasdi”.
Bu soʻzlar esa bizga bugungi xarobalar oʻrnida bir vaqtlar ulkan hayot qaynaganini tasavvur qilish imkonini beradi. Bugun biz boqib turgan vayrona qumtepaliklar, qabrlar oʻrnida bir vaqtlar qalʼalar, qoʻrgʻonlar, ekinzorlar va odamlar yashagan ulkan turarjoylar boʻlgani haqiqatga ancha yaqin.
Govur qalʼa – Antioxiya xarobalarining uchinchi nomi
Govur qalʼa asrlar davomida nomini bir necha bor oʻzgartirgan qadimiy Antioxiya xarobalarining soʻnggi – uchinchi nomi. Qalʼa miloddan avvalgi III asrlarda Antiox tomonidan chegara posti sifatida qurilgan va Antioxiya deb atalgan. Keyinchalik, milodiy VI–VII asrlarda mazdakiylar taʼlimoti taʼsirida Mizdakxon nomini olgan. Nihoyat, keyingi davrlarda bu hududda muqim yashagan turkiy xalqlar unga Govur qalʼa nomini bergan.
Xoʻsh, “Govur qalʼa” nomi qanday paydo boʻlgan?
Maʼlumki, arablar zardushtiylik diniga sigʻinuvchilarni, umuman, islom diniga ishonmaganlarni “kofir” deb atagan. Keyinchalik bu atama islom dinini qabul qilgan boshqa xalqlar tilida ham qoʻllana boshlagan.
Shuning uchun Mizdakxon xarobalari “burungi qalmoqlarning qalʼasi”, “oʻtga sigʻinuvchilar qalʼasi” boʻlgani haqidagi afsonalar aynan shu davrlarda xalq orasida shakllangani, “Govur qalʼa” atamasi ham shu muhitda paydo boʻlgani haqiqatga yaqinroqdek koʻrinadi.