Markaziy Osiyo tarixidagi eng yirik ikki sulolaviy genofond – Boburning ona ajdodlari tarixiga nazar


Saqlash
16:29 / 07.08.2026 897 0

Tarix fani shaxsiyat fenomenini tadqiq etishda, asosan, shaxsning otasi mansub bo‘lgan sulolaviy chiziqqa e’tibor qaratadi. Biroq buyuk davlat arboblari, hukmdorlar va mutafakkirlarning genofondi, tarbiyasi hamda ijtimoiy-siyosiy legitimligi ko‘p hollarda ularning ona ajdodlari salohiyati bilan ham belgilanadi. Ana shunday shaxslardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur (1483–1530)dir. U buyuk Boburiylar saltanatining asoschisi, yirik davlat arbobi va sarkarda, jahon adabiyoti va ilm-fani xazinasini o‘zining qimmatli “Boburnoma” asari bilan boyitgan buyuk mutafakkirdir.

 

Tarixshunoslikda Boburning ota shajarasi, ya’ni Temuriylar sulolasiga mansubligi va Amir Temurning uchinchi o‘g‘li Mironshoh Mirzo avlodi ekanligi batafsil tadqiq etilgan. Biroq uning shaxsiyati, harbiy taktikasi, tadbirkorligi va insonparvar dunyoqarashining shakllanishida ona ajdodlarining – Chingizxon avlodiga mansub Chig‘atoy ulusi xonlarining roli ham muhim ahamiyatga ega.

 

Boburning ona tomondan ajdodlari Movarounnahr va Mo‘g‘ulistonning etnosiyosiy maydonida bir necha asrlar davomida hukmronlik qilgan siyosiy elita vakillari edi. Quyida Boburning ona ajdodlari shajarasi, ularning Movarounnahr va Mo‘g‘uliston tarixidagi o‘rni, ona tomondan bobosi Yunusxon va buvisi Eson Davlat begimning uning hayotidagi muhim roli, shuningdek, bu merosning Bobur shaxsiyatiga ko‘rsatgan ta’siri yozma manbalar, xususan, “Boburnoma” va Mirzo Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarlari asosida tahlil qilinadi.

 

Ma’lumki, Sharqiy va Markaziy Osiyoning siyosiy-huquqiy an’analariga ko‘ra, Chingizxon avlodidan bo‘lgan shaxslargina eng oliy siyosiy unvon – “xon” unvoniga da’vogarlik qila olgan. Temuriylar esa qanchalik qudratli bo‘lmasin, “amir” yoki “mirzo” unvonlari bilan cheklanib, o‘z hokimiyatlarini qonuniylashtirish uchun taxtga Chingiziy xonlarni, jumladan, Suyurg‘atmishxon va Mahmud Sultonxonni o‘tqazishga majbur bo‘lganlar.

 

Zahiriddin Muhammad Bobur esa onasi Qutlug‘ Nigor xonim orqali ana shu Chingiziy-Chig‘atoy sulolaviy merosiga voris bo‘lgan edi. Uning ona tomondan shajaraviy ketma-ketligi quyidagicha:

 

Chingizxon umumimperiya asoschisi, ko‘chmanchi ko‘p qabilali imperiyani birlashtirgan buyuk qoon;

Chig‘atoyxon Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li, otasidan Movarounnahr, Yettisuv va Tarim havzasini qamrab olgan ulkan hududlarni meros qilib olgan asoschi xon;

Mutekin Chig‘atoyxonning sevikli o‘g‘li bo‘lib, u Bomiyan qamalida yosh vaqtida halok bo‘lgan. Biroq uning avlodlari Chig‘atoy ulusining keyingi aksariyat xonlarini tashkil etadi;

Yesun Duva Mutekinning o‘g‘li, G‘arbiy yurishlarda faol ishtirok etgan jangovar shahzoda. 1251-yilgi Munka qoonga qarshi uyushtirilgan fitnada ko‘plab Chig‘atoy va O‘qtoy shahzodalari bilan birga ayblanib, qatl etilgan;

Baroqxon Chig‘atoy ulusining mustaqilligi va qudratini tiklagan, Xubilayxon va Elxoniylar bilan shiddatli urushlar olib borgan yirik islohotchi xon. U 1266–1271-yillarda Chig‘atoy ulusini boshqargan;

Duvaxonulus tarixidagi eng qudratli hukmdorlardan biri, davlatning ma’muriy va iqtisodiy barqarorligini ta’minlagan, Qaydu vafotidan so‘ng butun Markaziy Osiyo geosiyosatini boshqargan hukmdor (1277–1307). Uning hokimiyatining so‘nggi yillarida (1306) ulus to‘la mustaqillikka erishadi;

Emil Xo‘jaDuvaxonning mazkur davr siyosiy jarayonlarida tilga olinmagan o‘g‘li. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari va muallifi noma’lum “Muizz al-ansob”da Duvaning koʻp sonli oʻgʻillari qatorida Emil Xoja nomi eslatilib, u Tugʻluq Temurning otasi ekani aytilgan. Uning bu davr siyosiy jarayonlarida tilga olinmaginga sabab, Emil Xo‘ja otasi Duvaxon vafot etganda, juda yosh bo‘lgan;

Tug‘luq Temurxon XIV asr o‘rtalarida Chig‘atoy ulusi parchalanganda uning sharqiy qismida mustaqil Mo‘g‘uliston davlatiga asos solgan qudratli hukmdor. U Movarounnahrga ikki marta yurish qilib, yosh Amir Temurni o‘z xizmatiga qabul qilgan edi;

Xizr Xojaxon Tug‘luq Temurxonning o‘g‘li, Amir Temur bilan murakkab diplomatik aloqalar olib borgan va qizini unga turmushga bergan Mo‘g‘uliston xoni;

Muhammadxon Mo‘g‘ulistonda islom dinining yanada mustahkamlanishini, qonun ustuvorligini ta’minlagan hukmdor;

Sheralixon siyosiy nizolar davrida xonlik nufuzini saqlashga harakat qilgan shaxs;

Vaysxon (Sulton Vaysxon) Sirdaryo va Yettisuv bo‘ylarida ko‘chmanchi qabilalarni birlashtirish yo‘lida halok boʻlgan xon;

Yunusxon Boburning ona tomondan bobosi, Sheroz shahrida 12 yil tahsil olgan, o‘z davrining eng ma’rifatli va madaniyatli Chingiziylari yetakchisi;

Qutlug‘ Nigor xonim Yunusxonning o‘rtancha qizi, yuksak ma’rifatli, o‘qimishli malika, Umarshayx mirzoning vafodor ayoli va Boburning onasi.

 

Boburning ona ajdodlari shajaraviy silsilasini batafsil yoritish uchun ular hukmronlik qilgan Chig‘atoy ulusi va keyinchalik undan ajralib chiqqan Mo‘g‘uliston davlatining etnosiyosiy tarixini tahlil qilish lozim. Chingizxon imperiyani o‘g‘illari o‘rtasida taqsimlaganda, Chig‘atoy ulusiga markaziy daryolar oralig‘i Movarounnahr va unga tutash dashtlar beriladi. Dastlabki o‘n yilliklarda bu ulus oliy qoonlik – Qoraqurum nazorati ostida bo‘lgan bo‘lsa, Baroqxonning o‘g‘li Duvaxon hokimiyatining so‘nggi yillariga kelib, u to‘la mustaqil davlatga aylanadi. Duvaxon Movarounnahr shaharlari, xususan, Buxoro, Samarqand, Andijonda pul va iqtisodiy islohotlarni o‘tkazadi, ko‘chmanchi tabaqalarning shahar aholisini talashini taqiqlaydi. Uning davrida Chig‘atoy mo‘g‘ullari mahalliy turkiy aholi va o‘troq musulmon madaniyati bilan birinchi marta uyg‘unlashuv bosqichiga qadam qo‘yadi.

 

XIV asrning 40-yillarida Chig‘atoy ulusi ichki ijtimoiy-xo‘jalik qarama-qarshiliklari sababli ikki qismga bo‘linib ketadi. Bular, g‘arbiy qism – Movarounnahr va sharqiy qism Yettisuv va Qoshg‘ar. Movarounnahrda o‘troq hayot, islom va shahar madaniyati ustun bo‘lib, keyinchalik bu zaminda qudratli Amir Temur saltanati tashkil topdi. Sharqiy qism tarixiy manbalarda Mo‘g‘uliston deb ataladi. Mo‘g‘uliston aholisi o‘zlarining qabilaviy-chorvachilik qadriyatlarini qat’iy saqlab qolgan, jangovar xalq edi. Boburning ona tomondan bobosi bo‘lgan Tug‘luq Temurxon (1329–1363) Mo‘g‘uliston taxtiga o‘tirgach, butun sharqiy Chig‘atoy ulusi qabilalarini yagona bayroq ostida birlashtiradi. U davlat dini sifatida islomni rasman qabul qiladi, bu esa dasht ko‘chmanchilarining ma’naviy-psixologik qiyofasini tubdan o‘zgartirib yuboradi. Tug‘luq Temurxon Movarounnahrda boshlangan o‘zaro ichki nizolardan unumli foydalanib, 1360 va 1361-yillarda bu yerga muvaffaqiyatli harbiy yurishlar uyushtiradi. Yosh Temurbek aynan mana shu Tug‘luq Temurxonning huzuriga kelib, uning ishonchini qozongan va Kesh viloyati dorug‘aligini qonuniy qo‘lga kiritgan edi.

 

Boburning shaxsiyatida sarkardalik, adiblik, shoirlik va olimlik salohiyatining yuksakligi uning ona tomondan bobosi Mo‘g‘uliston xoni Yunusxon (1416–1487) shaxsiyati bilan bevosita bog‘liq. Yunusxon yoshlik yillarida Mo‘g‘ulistonda taxt uchun boshlangan o‘zaro qonli urushlar va fitnalar sababli Movarounnahrga, ulug‘ temuriy olim Mirzo Ulug‘bek yoniga qochib keladi. Mirzo Ulug‘bek yosh Chingiziy shahzodadagi o‘tkir zehn va salohiyatni ko‘rib, uni otasi, buyuk hukmdor Shohruh mirzo saroyi Xurosonga yuboradi. Shohruh mirzo uni o‘sha davr islom olamining eng yirik ilmiy va madaniy markazi hisoblangan Sheroz shahriga o‘qish va tarbiya olish uchun jo‘natadi. Yunusxon Sherozda uzluksiz 12 yil davomida o‘z davrining eng buyuk mutafakkiri, allomasi, mashhur “Zafarnoma” asarining muallifi Sharafiddin Ali Yazdiy qo‘lida tahsil oladi. Bu uzoq yillik ilmiy tayyorgarlik jarayonida arab va fors tillarini ilmiy-badiiy darajada mukammal o‘rganadi; islom falsafasi, kalom ilmi, mantiq, tibbiyot va astronomiyani chuqur o‘zlashtiradi; sharq musiqashunosligi, maqomlar va turli cholg‘u asboblari, xususan, tanbur, chang chalish sirlarini mukammal egalladi; nafis nasta’liq xatida benazir ijod qiluvchi miriy xattot darajasiga ko‘tarildi.

 

1456-yilda temuriy hukmdor Abu Said mirzo (Boburning ota tomondan bobosi) Mo‘g‘ulistondagi ichki vaziyatni nazorat qilish va o‘z chegaralari xavfsizligini ta’minlash maqsadida Yunusxonni chaqirtirib, unga qo‘shin beradi va Mo‘g‘uliston taxtiga xon qilib jo‘natadi. Biroq uzoq yillar shahar madaniyatida, ipak kiyimlar va ilmiy suhbatlarda voyaga yetgan “Shahriy” xonni Mo‘g‘ulistonning qum va dasht bag‘ridagi ko‘chmanchi, jangovar qabilalari dastlab qabul qilishni xohlamadilar. Ular Yunusxonni kamsitib, unga nisbatan “u bizning an’anaviy dasht qonunlarimizni (“Yasa”ni) unutgan, shahar madaniyatiga singib ketgan olim” degan ayblovlarni qo‘yadilar. Yunusxonning yuksak diplomatik iqtidori, sabr-toqati va harbiy strategiyasi bilan barcha isyonkor qabilalarni bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘ldi. U dasht ahli o‘rtasida madaniyatni, kitobxonlikni, islomiy halollikni targ‘ib qiladi. U o‘z qarorgohini dasht o‘rtasida qurmay, Sirdaryo bo‘yidagi Xo‘jand va Toshkent vohalariga yaqinlashtirib, an’anaviy Mo‘g‘uliston poydevorini o‘troqlashuvga buradi va 74 yil umr ko‘rib, 1487-yilda kasallikdan vafot etadi. Keyinchalik, uning o‘g‘li Sulton Ahmadxon (Olachaxon) otasi sharafiga Toshkentda Yunusxon maqbarasini barpo qiladi.

 

Muallif “Boburnoma”da bobosi Yunusxonning madaniy qiyofasini g‘urur va ehtirom bilan shunday tasvirlaydi: Yunusxonki, mening ona tomondan bobom bo‘lur, Chig‘atoyxon naslidandir... Ul asr xonlari ichida uningdek ma’rifatli va madaniyatli kishi yo‘q edi. Forsiy she’r aytur edi, musiqashunoslikda benazir erdi, nasta’liq xatini xush yozur edi... Ko‘chmanchi millat ichida uningdek shahriy (shahar madaniyatiga ega) inson kam topilur erdi”. Yunusxon o‘zining qizlarini nufuzli temuriy shahzodalarga (jumladan, Farg‘ona hukmdori Umarshayx mirzoga) turmushga berish orqali Temuriylarning o‘troq salohiyati bilan Chig‘atoy xonlarining harbiy-legitim nufuzini uzviy bog‘laydi. Qutlug‘ Nigor xonimning opasi, Boburning xolasi Mehr Nigor xonim ham Temuriy shahzodalardan Sulton Mahmud mirzoga uzatilgan bo‘lib, u o‘zining boy tajribasi va qarindoshlik aloqalari bilan Boburning jipslashuv yillarida katta diplomatik yordam ko‘rsatgan malika hisoblanadi. Boburning kichik xolasi, Xub Nigor xonim Mo‘g‘ulistondagi yirik qabila – dug‘lotlarning mashhur amirlaridan Muhammad Husayn dug‘lotga turmushga berilgan bo‘lib, bu nikohdan “Tarixi Rashidiy” asari mualifi Mirzo Muhammad Haydar tug‘ilgan edi.

 

Bobur 12 yoshida Farg‘ona taxtiga o‘tirgan eng og‘ir, murakkab, xiyonat va saroy fitnalariga to‘la davrda uning yonida tog‘dek mustahkam turib, unga davlatchilik sirlarini o‘rgatgan buyuk siymo – uning ona tomondan buvisi, Yunusxonning oqila va jasoratli ayoli Eson Davlat begim (vafoti 1505-yil) edi. Eson Davlat begim dashtlik mo‘g‘ul qabilalarining eng qudratli va nufuzli qabilalaridan biri bo‘lgan kunchi (kunji) amirlari oilasidan chiqqan edi. U tabiatan juda irodali, siyosiy nayranlarni oldindan ko‘ra biladigan, o‘z qarorlarida qat’iy va qattiqqo‘l tadbirkor bo‘lgan. Uning uzoqni ko‘ruvchi tadbirlari ortidan Bobur bir necha bor muqarrar halokatlardan qutulib qoladi. Jumladan, Hasan Yoqub bilan bog‘liq fitnadan. Ma’lumki, 1494-yilda Boburning otasi Umarshayx mirzo Axsida kabutarxonadan qulab kutilmaganda fojiali vafot etgach, Andijon taxti va 12 yoshli valiahd xavf ostida qoldi. Saroyning eng yirik va nufuzli amirlaridan biri – Hasan Yoqub yosh Boburni qo‘g‘irchoq hukmdor qilib, amalda hokimiyatni o‘z qo‘liga olmoqchi, keyinchalik esa uni taxtdan ag‘darib, o‘rniga ukasi Jahongir mirzoni o‘tqazmoqchi bo‘ladi. Eson Davlat begim o‘zining shaxsiy ayg‘oqchilar to‘plagan axboroti orqali mazkur fitnani fosh etadi. U yosh Boburni vahimaga tushishdan asrab, saroydagi sadoqatli beklar va barlos navkarlarini maxfiy safarbar qiladi. Bir kechaning ichida Hasan Yoqub va uning tarafdorlari Andijon arki ichida qurshovga olinib, zararsizlantiriladi va mamlakatdan badarg‘a qilinadi. Bu yosh Boburning taxtda qolishini ta’minlagan birinchi yirik g‘alaba edi.

 

Bobur “Boburnoma” asarida buvisining aql-zakovati, irodasi va uning taqdirdagi roli haqida to‘xtalib, unga jahon tarixshunosligidagi eng oliy ayol siymosi sifatida shunday baho beradi: Mening dastlabki hukmdorlik yillarimda Eson Davlat begimning xizmati beqiyosdir. Kamol aql va tadbir egasi edi. Ko‘p ishlarni uning maslahati bilan qilur edim. Uning tadbiri va jasorati tufayli ko‘p balolardan omon qoldim, taxtimni saqlab qoldim”. Eson Davlat begim Boburning eng og‘ir mag‘lubiyatlari davrida – Samarqand va Andijon qo‘ldan ketib, Bobur kam sonli navkarlar bilan tog‘larda, sovuqda sargardon bo‘lib yurgan paytlarda ham uning yonida bo‘ladi. U mo‘g‘ul qabilalarining eng ishonchli otliq bo‘linmalarini Boburga yordamga jalb etib, uning qo‘shinini muntazam qayta tiklab turadi.

 

Onasi Qutlug‘ Nigor xonim va tog‘alari Mahmud Sulton va Ahmad Sulton Boburning Markaziy Osiyodagi etnosiyosiy kurashlar qurshovidan chiqib, xalqaro miqyosdagi hukmdor darajasiga ko‘tarilishida ma’lum rol o‘ynaydilar. Xususan, Qutlug‘ Nigor xonim otasi Yunusxondan o‘tgan yuksak ilmiy-adabiy fazilatlarga ega edi. U adabiyotni, she’riyatni chuqur tushunar, davlat boshqaruvi va diplomatiya qonuniyatlaridan xabardor edi. Oila boshiga tushgan eng og‘ir yillarda ham u farzandining tarbiyasini, uning adabiy savodxonligini to‘xtatmasdan davom ettiradi. Boburning turkiy (chig‘atoy) til va grammatikasini mukammal bilishi, nafis she’riy uslubini shakllantirishida onasining o‘rni beqiyosdir. Shuningdek, Qutlug‘ Nigor xonim Bobur bilan birga tog‘-toshlardagi qiyinchiliklarni, ochlik va sargardonliklarni birga bosib o‘tadi va 1505-yilda Qobul shahrida vafot etadi.

 

Yunusxon vafot etgach, Mo‘g‘uliston taxti va Sirdaryo bo‘yi viloyatlari Boburning ikki tog‘asi o‘rtasida taqsimlanadi. Sulton Mahmudxon (Kichik xon)ga Toshkent, Sirdaryo va Shohruxiya viloyatlari berilib, u mazkur hududlarning hukmdoriga aylanadi. Ulug‘ xon deb yuritiluvchi Sulton Ahmadxon (Olachaxon) esa Yettisuv va Sharqiy Mo‘g‘uliston dashtlari yetakchisi bo‘lib qoladi. Bobur Farg‘ona va Samarqand uchun kurashlarda mag‘lub bo‘lib, chorasiz qolgan yillarida (1501–1502 yillar) Toshkentga, tog‘asi Sulton Mahmudxon huzuriga panoh izlab keladi. “Boburnoma”da Boburning Toshkentdagi kambag‘allik, chorasizlik va ruhiy tushkunlik davrlari juda hayotiy tasvirlangan.

 

Tog‘alari yosh jiyanining harbiy salohiyatidan o‘zlarining Dashti Qipchoqdan kelayotgan qudratli dushman – Muhammad Shayboniyxonga qarshi kurashda foydalanishga harakat qiladilar. Biroq 1503-yilda sodir bo‘lgan mashhur Axsikent jangida Shayboniyxon o‘zining to‘lg‘ama harbiy taktikasi bilan birlashgan Temuriy-Chingiziy (Bobur va uning mo‘g‘ul tog‘alari) qo‘shinini tor-mor etadi. Boburning har ikki tog‘asi Shayboniyxon tomonidan asir olinib, keyinroq qatl etiladi. Mazkur fojiali mag‘lubiyat Boburning ona tomondan bo‘lgan harbiy va siyosiy bazasi – Mo‘g‘uliston ko‘magini yo‘qqa chiqaradi. Ammo aynan mana shu tarixiy bosqich Bobur taqdirida buyuk burilish nuqtasi ham bo‘ladi: u Movarounnahr ichidagi samarasiz kurashdan chiqib, janubga – Qobulga, so‘ngra esa Hindistonga qarab yurish qilish strategiyasini qabul qiladi.

 

Zahiriddin Muhammad Boburning xarakteri va harbiy san’atida uning Chig‘atoy-mo‘g‘ul ajdodlariga xos bo‘lgan xususiyatlar yorqin namoyon bo‘lgan. U faoliyati davomida Temuriylarga xos bo‘lgan og‘ir, mudofaa istehkomlariga tayanuvchi urush uslubi bilangina cheklanmaydi. U o‘z onasi va tog‘alari muhitidan Chig‘atoy ko‘chmanchilarining eng ilg‘or harbiy xususiyatlarini ham o‘rganadi. Jumladan, qo‘shinni qisqa fursatda uzoq masofalarga charchatmay koʻchirish sirlari, ot ustida ketayotganda ham dushmanga aniq kamon o‘q uzish mahorati, Chingizxon davridan buyon qo‘llanilib kelinayotgan, dushmanni aldab orqaga chekinish va pistirmada qamrash kabilar. Aynan mana shu Chig‘atoycha dasht harbiy taktikalarini Temuriylarning ma’rifatli intizomi va Hindistonda birinchi marta qo‘llanilgan o‘tsochar qurollar (tup-to‘fang) hamda arabcha “Araba” taktikasi bilan birlashtirganligi sababli Bobur 1526-yilda Panipat jangida va 1527-yilda Xanva jangida o‘zidan bir necha barobar ko‘p bo‘lgan qo‘shinni tor-mor etadi va Buyuk Boburiylar saltanatini barpo etadi.

 

Onasi tomondan Chingiziy qoniga mansubligi Boburga har qanday og‘ir sharoitda ham tushkunlikka tushmay, o‘zini Yevrosiyoning taxtlariga qonuniy haqli bo‘lgan qudratli hukmdor deb hisoblashiga ruhiy jihatdan zamin yaratadi. Shu bilan birga, bobosi Yunusxon ko‘rgan Sheroz madaniy muhitidagi tarbiya uning tabiatiga yuksak insonparvarlik, bag‘rikenglik, san’at va tabiat go‘zalliklaridan zavqlanish xislatlarini singdiradi. U o‘zi bosib olgan o‘lkalardagi rang-barang xalqlar, tillar va dinlar vakillariga nisbatan hech qachon shafqatsiz yondashmaydi, aksincha ularning madaniyatlarini birlashtiruvchi vosita vazifasini bajaradi.

 

Xullas, Zahiriddin Muhammad Boburning ota ajdodlari kabi ona ajdodlari shajarasi va ularning tarixiy sulolaviy tarmog‘ini tadqiq etish muhim ahamiyatga ega. Manbalar tili bilan aytganda, Bobur “Karim ut-tarafayn” – har ikki tomonlama oliynasab shaxs bo‘lib, Markaziy Osiyo tarixidagi eng yirik ikki sulolaviy genofond – Temuriylarning o‘troq, mukammal, ma’muriy-madaniy salohiyati bilan Chingiziylarning shiddatli, legitim, harbiy-strategik qudratining oliy va betakror uyg‘unligi edi. U bobosi Yunusxon orqali buyuk alloma Sharafiddin Ali Yazdiy va Sheroz ilmiy maktabining ma’rifiy merosxo‘riga aylandi.

 

Sevinch ULASHOVA,

tarix fanlari doktori, dotsent

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//